Uning ahamiyati faqat qabul qilingan murojaatlar yoki bildirilgan takliflar soni bilan belgilanmaydi. Asosiy natija soliqqa tortish, kreditlash, yer va infratuzilmadan foydalanish, eksportni qoʻllab-quvvatlash, xizmatlarni raqamlashtirish va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish sohalarida alohida toʻsiqlarni bartaraf etishdan biznes yuritish qoidalarini tizimli ravishda oʻzgartirishga oʻtilganida namoyon boʻldi.

Oʻtkazilgan beshta ochiq muloqotning mantiqiy izchilligi ularning dinamikasida yaqqol koʻrinadi. 2021 yildagi birinchi muloqot koronavirus pandemiyasidan keyingi eng dolzarb cheklovlarni bartaraf etish va davlat bilan xususiy sektor oʻrtasidagi ishonchni tiklashga qaratildi.

Ikkinchi muloqotda biznes va hududlarni toifalarga ajratgan holda qoʻllab-quvvatlash yondashuvi joriy etildi.

Uchinchi muloqotda kompaniyalarning oʻsishi, yaʼni mikrobiznesdan kichik biznesga, kichik biznesdan oʻrta va yirik biznesga oʻtishi uchun sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.

Toʻrtinchi muloqot kapital, yer, energiya resurslari va bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.

Beshinchi muloqotda tadbirkorlik faoliyatini legallashtirish, raqamli moliyaviy xizmatlar, soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, startaplarni rivojlantirish va investitsiyalarni himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirkorlik sohasidagi koʻrsatkichlar faqat har yilgi ochiq muloqotlar emas, balki iqtisodiy islohotlarning umumiy natijasi ekanini hisobga olish muhim. Shu bilan birga, aynan ochiq muloqotlar biznesga oid muammolar aniq qarorlarga aylantiriladigan, keyingi uchrashuvda esa ularning amaldagi ijrosi baholanadigan maydonga aylandi.

2026 yil avgustda oʻtkazilishi kutilayotgan oltinchi ochiq muloqot arafasida mamlakatimizdagi biznes muhiti ushbu jarayon boshlangan davrga nisbatan tubdan oʻzgargan.

2021 yil: birinchi ochiq muloqot

Birinchi ochiq muloqot 2021 yil 20 avgust kuni boʻlib oʻtgandi. Bu vaqtga kelib, tadbirkorlik pandemiyaning murakkab davridan chiqayotgan edi. Biznes uchun moliyaviy resurs­lardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, soliq tizimini barqarorlashtirish, eksport jarayonlarini soddalashtirish, mulk huquqini himoya qilish va maʼmuriy bosimni kamaytirish dolzarb vazifalardan edi.

Uchrashuvga qadar 15 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi, ularning qariyb yarmi joyida hal etildi. Muhokamalar yakunida Prezidentimiz yettita asosiy yoʻnalishni belgilab berdi va ochiq muloqotni har yili oʻtkazishni taklif qildi. 20-avgust Tadbirkorlar kuni etib belgilandi.

Asosiy masalalardan biri kredit resurslaridan foydalanish imkoniyati boʻldi. Banklarning resurs bazasini mustahkamlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi orqali 600 million dollar ajratish va milliy valyutada 5 trillion soʻmlik yevrobondlar joylashtirish nazarda tutildi. Qariyb 6000 tadbirkorning umumiy hajmi 1 milliard dollarga yaqin valyuta krediti milliy valyutaga oʻtkazildi. Bu qarz oluvchilar uchun valyuta tavakkalchiligini kamaytirdi va soʻmda uzoq muddatli kreditlash imkoniyat­larini kengaytirdi.

Mikromoliya tashkilotlari faoliyati uchun shartlar soddalashtirildi, soliq sohasida esa yuklamani kamaytirish va maʼmurchilikni yengillashtirish davom ettirildi. Eksportchilar uchun qoʻshimcha tekshiruvlarsiz QQSning 80 foizini 60 kun oʻrniga 7 kunda qaytarish mexanizmi joriy etildi.

Eksport va logistika sohasida ham sezilarli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlarni eksport qiluvchi korxonalarga yaqin xorij mamlakatlariga yetkazib berishda transport xarajatlarining 50 foizigacha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga esa 70 foizigacha qismini qoplash imkoniyati berildi. Sifat nazorati tizimi rivojlangan mamlakatlarda sertifikatlangan ayrim uskunalar, butlovchi qismlar va xomashyo uchun takroriy milliy sertifikatlash talabi bekor qilindi.

Tartibga solish sohasida 40 dan ortiq takrorlanuvchi nazorat funksiyalari bekor qilindi. Ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish kengaytirildi, subsidiya olish jarayoni esa “Yagona darcha” tizimiga oʻtkazildi.

Natijada 2022-yil avgustga kelib, eksport qiluvchi korxonalar soni 7500 taga yetdi, umumiy eksport hajmi esa 30 foiz oshdi. 2022-yilning yetti oyida eksportchilarga 170 milliard soʻmlik transport subsidiyasi ajratildi. Eksport geografiyasi yana 32 ta bozorga kengaydi. Onlayn auksionga 15,8 mingta yer uchastkasi chiqarildi, “YERELEKTRON” tizimiga esa umumiy maydoni 22 ming gektardan ortiq boʻlgan 54 mingdan ziyod boʻsh yer uchastkasi kiritildi.

2022-yil: ikkinchi ochiq muloqot

Ikkinchi ochiq muloqot 2022-yil 22-avgust kuni boʻlib oʻtdi. Uchrashuv oldidan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Tadbirkorlarni yangi loyihalarni moliya­lashtirish, aylanma mablagʻlar, infratuzilmaga ulanish, yer ajratish, soliq maʼmurchiligi va tekshiruvlar bilan bogʻliq masalalar qiziqtirdi.

Muloqotning eng muhim qarorlaridan biri biznesni toifalarga ajratish boʻldi. Korxonalar yillik aylanmasiga qarab quyi­dagicha ajratildi: 1 milliard soʻmgacha — mikrobiznes, 10 milliard soʻmgacha — kichik biznes, 100 milliard soʻmgacha — oʻrta biznes.

Bu korxonalarga ularning koʻlami, moliya­viy imkoniyatlari va rivojlanish bosqichidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan tartibga solish va qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash imkonini berdi. Natijada kichik kompaniyalarga yirik korxonalar bilan bir xil regulyator yuklama qoʻllanishiga chek qoʻyildi.

2023-yildan mikrobiznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning 4 foizli yagona stavkasi joriy etildi. Ilgari bu koʻrsatkich 4 foizdan 25 foizgacha edi. Aylanmasi oʻsib, umumiy soliq tartibiga oʻtayotgan korxonalar uchun esa foyda soligʻini bir yilda ikki baravar kamaytirish nazarda tutildi. Ushbu chora 370 ming tadbirkorning keyingi bosqichga oʻtishini yengillashtirdi.

2023-yil 1-yanvardan QQS stavkasi 12 foiz­gacha pasaytirilgani yana bir yirik qaror boʻldi. Shu bilan birga, foydalanilmayotgan bino va yer uchastkalariga oshirilgan soliq stavkalari qoʻllanishi natijasida yuzaga kelgan 2 trillion soʻmlik qarzdorlik hisobdan chiqarildi.

Shuningdek, tuman va shaharlarni biznes yuritish sharoitlariga qarab toifalarga ajratish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Hududlar beshta guruhga boʻlindi va ular uchun soliqqa tortish, subsidiyalash, foiz xarajatlarini qoplash, kafillik berish hamda infratuzilmaga ulanish boʻyicha turli rejimlar shakllantirila boshladi. Respublikadagi 60 ta tumanda maxsus soliq, kredit va moliyaviy shartlar joriy etildi.

Shu bilan birga, tadbirkorga yer yoki mol-mulk ajratish toʻgʻrisidagi qaror faqat sud orqali bekor qilinishi mumkinligi haqidagi tamoyil mustahkamlandi. Savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilindi.

2023-yil avgustga kelib, ikkinchi ochiq muloqot natijalari faqat normativ hujjatlarda emas, balki aniq koʻrsatkichlarda ham namoyon boʻldi. Davlatning qoʻllab-quvvatlov choralari kompaniya koʻlami va hudud sharoitlariga bogʻliq ravishda qoʻllana boshladi. Biznesning oʻsishi esa avtomatik ravishda regulyator yuklamasining keskin ortishiga olib kelmaydigan tizimga oʻtdi.

2023-yil: uchinchi ochiq muloqot

2023-yil 18-avgust kuni boʻlib oʻtgan uchinchi ochiq muloqotda tadbirkorlarni oʻqitish, loyihalarni tayyorlash, moliyalashtirish, yangi bozorlar va hamkorlarni izlashni qamrab oluvchi yaxlit tizim yaratilishi eʼlon qilindi.

Har bir hududda 14 tadan kichik biznes markazi tashkil etildi. Ular orqali 150 mingta kichik biznes subyek­tini oyoqqa turgʻazish, 25 mingta kompaniyani oʻrta biznes toifasiga oʻtkazish va 250 mingta doimiy ish oʻrni yaratish vazifasi belgilandi.

Kichik biznesdan oʻrta biznesga oʻtishni qoʻllab-quvvatlash uchun sanoat ipotekasi, yaʼni tadbirkorlarga tayyor ishlab chiqarish maydonlarini taqdim etish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ilgari 100 ta yetakchi eksportchini qamrab olgan “Yangi Oʻzbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi 500 ta korxonagacha kengaytirildi. Eksportni umumiy qoʻllab-quvvatlashdan yangi bozorlarni oʻzlashtirish va xalqaro standartlarni joriy etish imkoniyatiga ega korxonalar bilan manzilli ishlashga oʻtildi.

2024-yil avgustga kelib, tadbirkorlarning 700 dan ortiq masalasi, tashabbusi va yangi loyihalari qoʻllab-quvvatlandi. Qoʻshimcha 8 trillion soʻm ajratildi, yana 18 trillion soʻm sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirildi.

Bir yilda tadbirkorlar aylanmasi 25 foiz oʻsib, 986 trillion soʻmga yetdi. Aylanmasi
10 milliard soʻmdan 100 milliard soʻmgacha boʻlgan oʻrta korxonalar soni ikki baravar koʻpaydi. Aylanmasi 100 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan yirik kompaniyalar soni 2,2 mingtadan oshdi. Bu ham avvalgi yildagiga nisbatan qariyb ikki baravar koʻp.

Soliq, bank va moliya tizimlarining mahalla va mijozlar kesimidagi hamkorligi natijasida ilgari zarar bilan ishlagan 16 mingta korxona yarim yilda 6,5 trillion soʻm foyda olishga erishdi. Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” toifalaridagi korxonalar soni 91 mingtaga koʻpaydi, yana 170 mingta kompaniya eng quyi — “D” toifasidan chiqdi.

Biznes barqarorligi koʻrsatkichlari ham sezilarli oshdi. Uch yildan ortiq faoliyat yuritayotgan korxonalar ulushi 76 foizga yetdi. Bunday faol subyektlar soni esa birinchi marta 300 mingtaga yaqinlashdi.

2024-yil: toʻrtinchi ochiq muloqot

Toʻrtinchi ochiq muloqot 2024-yil 20-avgust kuni Nukusda boʻlib oʻtdi. Yil davomida hukumat, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-­ombudsman va hokimlar ­tadbirkorlarning tashabbuslari bilan doimiy asosda ishladi. Natijada qator samarali iqtisodiy choralar qabul qilindi.

Jumladan, mikrokredit miqdori uch baravar oshirilib, 300 million soʻmga yetkazildi. Kreditning 100 million soʻmgacha boʻlgan qismi uchun esa garov talabi bekor qilindi.

Qoʻshimcha 5 milliard dollarlik moliya­viy resurslar manbai sifatida baholangan islomiy moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunni tayyorlash ishlari boshlandi. Auk­sion orqali yer sotib olishda QQS hisoblash tartibi bekor qilindi. Yer uchun badalni boʻlib-boʻlib toʻlash muddati Toshkent shahri va viloyat markazlarida 3 yilgacha, boshqa hududlarda 5 yilgacha, toʻrtinchi va beshinchi toifadagi tumanlarda esa 10 yilgacha etib belgilandi.

Sanoat korxonalari uchun belgilangan limitdan ortiq elektr energiyasi va gaz isteʼmoli boʻyicha toʻlov tartibi yengillashtirildi. Uzoq muddatli buyurtmalar asosida mahalliy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun 100 million dollar ajratildi.

Natijada 2025-yil avgustga kelib, 1600 ta mikrokorxona aylanmasini 10 milliard soʻmdan oshirib, oʻrta biznes toifasiga oʻtdi. 143 ta mikrokorxona aylanmasini 100 milliard soʻmdan oshirib, yirik biznesga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona ham yirik biznes toifasiga oʻtdi.

2024-yilning oʻzida 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Hisob-kitob­larga koʻra, bu tadbirkorlarga 350 milliard soʻmni tejash imkonini berdi.

Beshinchi ochiq muloqot arafasida mamlakatimizda 600 dan ortiq startap faoliyat yuritayotgan edi. Ular 2025-yilning dastlabki yetti oyida 264 million dollar xorijiy investitsiya jalb qildi. Bu 2024-yilda jalb qilingan mablagʻga nisbatan toʻrt baravar koʻp.

2025-yil: beshinchi ochiq muloqot

2025-yil 20-avgust kuni Yangi Toshkentda boʻlib oʻtgan beshinchi ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 26 ta tarmoq vakillari boʻlgan qariyb 7000 tadbirkor bilan uchrashuv va maslahatlashuvlar oʻtkazildi. Shuningdek, koll-markazlar orqali 13 mingdan ortiq murojaat va tashabbus kelib tushdi.

Besh yillik davrning asosiy natijasi shu boʻldiki, tadbirkorlarning yuzlab tashab­buslari qonunchilikda oʻz aksini topdi.

Beshinchi uchrashuvda biznes yuritish xarajatlarini yanada kamaytirish va norasmiy sektordagi tadbirkorlik faoliyatini qonuniy maydonga olib chiqish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi.

Eng yirik oʻzgarishlar yakka tartibdagi 300 ming tadbirkor va oʻzini oʻzi band qilgan 5,5 million shaxsni qamrab oldi. Ular uchun 2030-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim joriy etildi. U roʻyxatdan oʻtishdan hisobot topshirishgacha boʻlgan raqamli xizmatlar, masofaviy biometriya, ish haqini toʻlash uchun elektron hamyonlar va toʻlovlarni qabul qilish uchun universal QR-koddan foydalanish imkoniyatlarini nazarda tutadi.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4 foizdan 1 foizga tushirildi. Natijada aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan biznes uchun soliq yuki 3-4 baravar kamaydi.

Prezidentimizning 2025-yil 14-noyabrdagi “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etildi. Unga koʻra, tadbirkor biznesni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida elektron raqamli imzo olish, bank hisobvaragʻini ochish, ijara shartnomasini rasmiylashtirish, kassani roʻyxatdan oʻtkazish va zarur xabarnomalarni yuborish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu tadbirkorlik faoliyatini boshlash jarayonini yanada soddalashtirib, oʻz biznesini ochish imkoniyatlarini kengaytiradi.

2025-yil maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda 493 mingta korxona faoliyat yuritgan. Yil davomida 82,4 mingta yangi korxona tashkil etilgan. Kichik biznesning ulushi YAIMda 52,2 foiz, eksportda 36,6 foiz, sanoat ishlab chiqarishida 28,5 foizni tashkil etdi. Qurilishda uning ulushi 75,6 foiz, savdoda 83 foiz, xizmatlar sohasida esa 47,2 foizga yetdi.

Ushbu koʻrsatkichlar tadbirkorlik Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tayanchlaridan biriga aylanganini koʻrsatadi. Xususiy sektor ishlab chiqarish, savdo, qurilish, xizmat koʻrsatish va eksportning salmoqli qismini taʼminlamoqda. Erishilgan koʻlam ishbilarmonlik faolligini yanada kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Xulosa

Beshta ochiq muloqot davlat va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi anʼanasini shakllantirdi. Uning oʻziga xos jihati izchillikda namoyon boʻldi. Ushbu davrda biznesni rivojlantirish uchun koʻp­lab samarali va amaliy qarorlar qabul qilindi. Lekin asosiy natija qabul qilingan choralar sonidan koʻra, ish oʻrinlari ochish, investitsiya kiritish, yangi texnologiyalarni joriy etish va tashqi bozorlarda raqobat­lasha oladigan barqaror tadbirkorlar qatlamining shakllanganida koʻrindi.

Oltinchi ochiq muloqot ushbu jarayonning navbatdagi bosqichi sifatida muhim ­ahamiyat kasb etadi. Biznesda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish, boshqaruv va muhandislik kadrlarini tayyorlash, energiya samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarni tatbiq etish hamda raqobatbardosh milliy brendlarni yaratishga xizmat qiladigan qarorlar ­alohida ahamiyatga ega boʻlishi kutilmoqda.

Agar ushbu kutilmalar aniq va oʻlchanadigan qarorlarga aylantirilib, avvalgi yillardagi kabi izchil amalga oshirilsa, ochiq muloqot oʻzining asosiy vazifasini bajarishda davom etadi. Tadbirkorlarning toʻplangan tajribasini butun iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan amaliy das­turga aylantiradi.

Xurshid ASADOV,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar

markazi direktori oʻrinbosari