Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha o‘zgartirish kiritilmoqda.

Amalda bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Shuningdek, ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga ko‘ra boboning ismi familiya sifatida berilishi mumkin.

Senatorlarning taʼkidlashicha, otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining qonunchilikda belgilab qo‘yilishi fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi hamda milliy va diniy anʼanalarga muvofiq ularning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qonun bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunga «Biznesga litsenziyasiz kirish» maxsus rejimi yangi huquqiy institut sifatida kiritilmoqda.

Ushbu institut orqali kelgusida ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.

Bunda tadbirkorlik subyektlari litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib, elektron tarzda vakolatli organni xabardor qilish orqali o‘z faoliyatini boshlashi mumkin bo‘ladi.

Bu ularga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt, shuningdek, o‘z faoliyatini sinov tariqasida boshlab, uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkonini beradi.

Taʼkidlanishicha, mazkur o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlashni yengillashtiradi, vaqt va xarajatlarni tejaydi hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qonun bilan «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi Qonunga arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi, nodavlat arxivlari va elektron arxivlarni tashkil etishga doir qoidalarni hamda arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlarini belgilaydigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qizg‘in muhokamalar yakunlariga ko‘ra, qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.