Sanʼatkor tavalludining 100-yilligi YUNESKO tomonidan keng nishonlanayotgani esa uning ijodiy merosini saqlash va rivojlantirishda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Joylarda mazkur sana munosabati bilan ilmiy-amaliy seminar, xalqaro koʻrik-tanlovlar, madaniy tadbirlar oʻtkazilayotgani Oʻzbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirovning oʻlmas ijodiy merosi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda oʻziga xos maktab vazifasini oʻtayotganini koʻrsatadi.

Bedazorda tugʻilgan bola

Javzo oyining oʻrtalarida yoqqan yomgʻir Xalfa adirliklaridan oqib Sultonobod qishlogʻining ekinzorlari boʻylab keladi. Gʻarbdan esayotgan mayin shabada kishiga huzur bagʻishlaydi. Uzumzorlarda chilgi endi chumak urgan, oʻrik gʻoʻralariga suv yugurgan. Bogʻlarda turfa qushlarning sayroqi ovozi tinmaydi...

Sakkiz farzandining dogʻida yurak oldirib qoʻygan ona toʻqqizinchi zurriyodini dunyoga keltirish uchun hech kimga, hatto turmush oʻrtogʻiga ham bildirmay hovli etagidagi bedazorga qarab yurib borardi. Toʻqqizinchi farzandini shu yer bagʻrida tugʻishga ahd qilgandi. Keksa momolar irimiga koʻra, farzandi turmagan ona uydan tashqarida, hech kimning nazoratisiz  yolgʻiz tugʻishi kerakligini bot-bot esga olib, toʻlgʻoq azoblariga tishini tishiga qoʻyib chidab, chaksa terga botib borardi. “Farzandimni shu yerda tugʻaman. Tavakkal, yo yerniki boʻlar, yoki meniki” xayolidan oʻtkazdi Toʻtibi. Birinchi bor qalbidan otilib chiqqan “Tavakkal” soʻzi mushfiq ona  xotirasiga muhrlanib qoldi. Tugʻilajak farzandi oʻgʻil boʻlsa, ismini Tavakkal deb qoʻyishni diliga tugdi...

Peshin namozini oʻqib, uy yumushlari bilan andarmon boʻlib yurgan Turgʻun xolaning qulogʻiga ayol kishining qichqiriq aralash ingragan ovozi eshitildi. Hamsoya­sining ogʻiroyoqligi esiga tushib, hovli tomon chopqilladi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, Toʻtibi chalqancha tushib ingrab toʻlgʻanar, bedazorda  qolgan chaqaloq ingalab olamga talpinardi.

— Voy aylanayin, qoʻshni, nega chaqirmadingiz, — deya toʻlgʻoq azobidan qutulib, koʻzlari bilan chaqalogʻini axtarayotgan ayol boshini tizzalariga oldi, egnidagi nimcha bilan chaqaloqni oʻrab, ona koʻkragiga berdi.

— Xudoyimga shukr, qarang, polvongina oʻgʻil tugʻibsiz. Ovozining jarangi yetti mahallaga yetib boradi-ya, — deya ukasi Qosimboyni mulla Qodir akaga oʻgʻilli boʻlganini aytish uchun yubordi.

— Suyunchi! Suyunchi bering, Toʻtibi opam oʻgʻil tugʻdilar...

Oʻsha kuni butun Sultonobod qishlogʻida bayram boʻldi. Sakkiz farzanddan soʻng yorugʻ olamga tirik kelgan goʻdakka Tavakkal deb ism qoʻyishdi. Barcha urf-odatlarga amal qilinib, tarozining bir pallasiga chaqaloq, ikkinchi pallasiga bugʻdoy qoʻyi­lib, doya enagadan sotib olindi. Turgʻun chevar xonadonma-xonadon yurib, qirq xil yamoq yigʻdi va shu yamoqlardan chaqaloqqa atab quroq toʻncha tikib berdi. Urf-odatlarga koʻra, farzandi turmagan onalar mana shunday udumlarga amal qilishi kerak boʻlgan.

Bolalikdagi ilk qoʻshiq tugʻyoni 

Abdujalilboyning qishloq oʻrtasidagi hovlisi qoʻrgʻoni bilan maktabga berilgan boʻlib, mulla Qodir akaning hovlisiga devor-darmiyon edi. Tavakkal maktab sari oshiqib kelayotgan bolalarga havas bilan qarardi. Qani endi tezroq ulgʻaysa-yu, mahalla bolalari qatorida maktabga borsa... Yugurik yillar koʻz yumguncha oʻtib ketdi. Zehni oʻtkir, harakatchan Tavakkal oʻrta maktabning aʼlochi oʻquvchilari qatoridan joy oldi. Qiyinchilik davrlar, hamma tirikchilik bilan ovora. Ukalari yosh boʻlgani bois, uydagi mol-qoʻylarni boqish Tavakkalning zimmasida edi. Ana shunday kunlarning birida maktabda badiiy havaskorlik toʻgaragi ochilib, uni sozanda Gʻofirjon Hoshimov boshqara boshladi.

Tavakkal kechqurunlari otasiga choyxona yumushlariga qarashardi. Bu yerda qish­loqning sozanda-xonandalari toʻplanib, turli konsert, askiya, oʻyin-kulgi kechalari oʻtkazish odatga aylangandi. Yosh Tavakkal davralarda ijro etilgan har bir kuy, qoʻshiqqa hamohang boʻlishga harakat qilardi. Qoʻshiqlarning avji pallasida qoʻlidagi choynakni ham unutib, bir dam toʻxtab, kuy, qoʻshiq sehriga choʻmardi. Sakkiz-toʻqqiz yashar bolaning sinchkov nigohlari, yonib turgan koʻzlarini koʻrgan Gʻofir aka uni imlab yoniga chaqirdi.

— Qoʻshiq aytishga qiziqasanmi? Qoʻlingda choynag-u, xayoling biz bilan. Istasang, ertaga maktabdagi havaskorlar ­toʻgaragiga bor. Soz chalish, qoʻshiq kuylashni ham oʻrganib olasan.

Shu sabab boʻlib Tavakkal maktab badiiy havaskorlar toʻgaragining faol aʼzosiga aylandi. Bu yerda musiqa asboblarini ushlash, sozlash, barmoqlari bilan qanday boshqarishni oʻrgandi. Kichik jussali bolakayning tanbur va dutorga qoʻli yetmagani sababli ustozlar unga dastlab doira chalish usullarini oʻrgatishdi. Mashgʻulotlarga hammadan oldin kirishgan Tavakkal doira usuli bilan mumtoz qoʻshiqlar ijrosiga berilib ketganidan ustozlari kelganini ham sezmay qoldi.

— Tortinmay kuyla, men skripka bilan joʻr boʻlaman, — dedi Gʻofur aka. Tavakkal Fuzuliy gʻazali bilan aytiladigan “Dugohi Husaniy” ashulasini sekin xirgoyisifat boshlab, oʻrta pardada sekin-asta avj pardaga koʻtarildi. Yosh ijrochining doʻrillabroq boshlagan ovozi oʻrta pardaga yetganda bir oz silliqlashdi, avjiga koʻtarilganda esa ingichkaroq boʻlib oʻziga xos joziba bilan jarangladi. Skripkada joʻr boʻlib, qoʻshiqni oxiriga qadar eshitgan ustoz yosh ijrochini yanada qoʻllab-quvvatladi.

— Barakalla, shunchalik yoqimli ovozing borligini bilmagan ekanman. Dugohni ham maromida ijro etding, lekin bu ashula sening yoshingga ogʻirlik qiladi. Hozircha sal yengilroq ashulalar aytishing kerak. Ustozlar kuylayotgan qoʻshiqlarni oʻrganib olaver, ammo aytishga shoshilma. Ovozni bolalik, oʻsmirlik davridan asrash kerak. Aytganlarimga amal qilib,  ovozingni asrab borsang, nafasing hech kimnikiga oʻxshamaydigan yoqimli  boʻladi.

Tavakkal shu kuni ilk bor hamqish­loqlari oldida qoʻshiq kuyladi. Qoʻshiq avvalidagi bir oz hayajon asta-sekin unutildi. U  usta xofizlardek  maromiga yetkazib qoʻshiq ijro etdi. Qoʻshiq tugaganidan soʻng atrofni  olqishlar, maqtovlar tutib ketdi. “Baraka top!”, “Otangga rahmat!” degan xitoblar yangradi.

Oʻgʻlining ijro mahorati mulla Qodir aka uchun kutilmagan yangilik edi. ­Tavakkal musiqa toʻgaragiga qatnab yurganiga unchalik roʻyxushlik bermay, Toʻtibi xolaga “Urugʻimizda nogʻorachi bormidi, nima qiladi childirma chalib. Men oʻgʻlim oʻqib, kelajakda odamlar ogʻirini yengil qiladigan kishi boʻlib oʻsishini orzu qilaman”, derdi. Bugungi davrada oʻgʻlining shirali ovozda aytgan qoʻshiqlarini ting­lab, ich-ichidan gʻururlandi.

— Mayli, boʻladigan boʻlsang chin maʼnodagi sanʼatkor boʻl, ustozlar izmidan chiqmay, hamisha el ardogʻida boʻlgin, — deya oq fotiha berdi...

Qoʻshiq, kuy ilmiga tashnalik yosh hofizni Fargʻona sanʼat bilim yurti sari yetakladi. U oʻsha davrlarda xalqimizga yaxshigina tanilib qolgandi. Shu bois, viloyat oʻzbek teatriga ishga taklif qilinib, 20 yil davomida shu jamoada samarali mehnat qildi. “Bizni tashlab”, “Fasli navbahor oʻldi”, “Shunchamidi”, “Kecha oydin”, “Gulgʻuncha”, “Jamollaringdan”, “Arzimni aytdim”, “Soʻzi shirin yorimdan”, “Oʻzbekistonim”, “Fargʻonam mening”, “Bar mulki dilam”, “Oʻrgilay” singari oʻnlab mashhur qoʻshiqlari hanuz shinavandalar qalbida.

Ustozning ijodiy koʻlami juda sermazmun boʻlib, yuzdan ortiq ijrosi respub­lika teleradiokompaniyasining oltin fondidan oʻrin olgan. Ayniqsa, 90-yillarda Abduhoshim Ismoilovning ansambli bilan yigirmadan ortiq qoʻshigʻini yangidan yozdi. Koʻp seriyali videofilm, telefilm uchun videotasmaga tushirildi. 1989-yilda sanʼatdagi ulkan xizmatlari uchun “Oʻzbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor boʻldi. Umrining oxirigacha Fargʻona davlat universiteti professori lavozimida ilmiy pedagogik faoliyat bilan shugʻullandi. 1996-yil 13-aprel kuni 70 yoshida bu dunyoni tark etdi.

Ustozning bosib oʻtgan hayot yoʻliga nazar tashlar ekanmiz, gohida muvaffaqiyat, gohida hayot tashvishlari bilan oʻtgan umr bekatlarini tasavvur qilamiz. U qayerga bormasin, halol mehnati bilan qoʻshiq shinavandalari olqishlariga, hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻlgan. Buyuk sanʼatkor hamisha hayotga, qoʻshiqqa, odamlarga tashna boʻlib yashadi. Sanʼat deb atalmish ummonning sermashaqqat toʻlqinlarini kuylab oʻtdi. Uning qoʻshiqlari kirmagan xonadon yoʻq. Hofizlik sanʼatida ­“Tavakkal akaning yoʻli” degan eʼtirofga sazovor boʻldi. Yuzlab shogirdlar bu uslubdan hanuzga qadar bahramand boʻlyapti. “Oʻzbekiston xalq artisti” yuksak unvoni berilishi va vafotidan 25 yil oʻtib, ­“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi ustozning sanʼat sohasidagi ulkan ishlariga munosib mukofot boʻldi.

Sultonali MANNOPOV,

Fargʻona davlat universiteti professori,

Oʻzbekiston xalq artisti