Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan shaxslar ushlangan.
Aniqlanishicha, ular «Telegram» messenjeridagi xorijlik kuratorlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan yetkazib berilgan «gashish moyi» va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, «gashish» giyohvandlik vositasini tayyorlashgan.
Xonadoni ko‘zdan kechirish jarayonida taxminiy og‘irligi 400 gramm bo‘lgan «gashish», 5 kilogramm yarim tayyor mahsulot, giyohvandlik vositalarini quritishga mo‘ljallangan elektr pechi, mikser, qo‘lqoplar, himoya vositalari, tarozi va elim idishlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushlangan shaxslarning bir nafari avval Rossiyaga, ikki nafari esa Vyetnam va Tailandga borib, laboratoriya sharoitida giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 276¹-moddasi 3-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.