Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor yangi dorixona filialini ochish uchun qonunchilikda belgilangan barcha talablarni bajarib, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasiga litsenziya olish uchun murojaat qilgan.

Biroq tadbirkor litsenziyalash jarayonida mazkur markaz xodimi tomonidan noqonuniy ravishda pul talab qilingani yuzasidan tegishli idoralarga murojaat qilgan.

Murojaat Biznes-ombudsman devonining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi hamda Toshkent shahar IIBB xodimlari hamkorligida o‘rganilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda markazning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi, 1984 yilda tug‘ilgan R.N. xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorga mansabdor tanishlari orqali dorixona litsenziyasini ijobiy hal qilib berishni va’da qilgani hamda buning evaziga 6 million so‘m talab qilgani aniqlangan.

U talab qilingan mablag‘ning 4 million so‘mini Olmazor tumanida olgan. Qolgan 2 million so‘mni ololmagach esa tadbirkorning litsenziya olish bo‘yicha yuborgan so‘rovnomasiga rad javobi berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan R.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 25, 211-moddalari (pora olish bilan bog‘liq jinoyatga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.