2026-yil 2-noyabrdagi ÖRQ–1185-son qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga özgartiriş va qöşimçalar kiritildi.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan özgartirişlarga muvofiq, ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boşqa taqiqlangan taşkilotlarda iştirok etiş 5 yildan 10 yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş bilan jazolanadi.
Maʼmuriy javobgarlik töğrisidagi kodeksga ham yangi normalar kiritildi. Unga köra, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik ğoyalari bilan yöğrilgan, qirğin solişga, fuqarolarni zörlik bilan köçirib yuborişga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima çiqarişga qaratilgan materiallarni tayyorlaş yoki tarqatiş maqsadida saqlaş uçun javobgarlik belgilandi.
Şuningdek, ekstremistik va terrorçilik taşkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatiş yoxud namoyiş etiş maqsadida tayyorlaş va saqlaş ham huquqbuzarlik hisoblanadi.
Bunday holatlar uçun huquqbuzarlik aşyosini musodara qilgan holda fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigaça, mansabdor şaxslarga esa 100 baravaridan 150 baravarigaça jarima soliş yoki 15 sutkagaça maʼmuriy qamoq jazosi qöllaş nazarda tutilgan.
Qonun bilan «Ekstremizmga qarşi kuraşiş töğrisida»gi qonunga ham qöşimçalar kiritildi. Unga muvofiq, Adliya vazirligi ekstremistik taşkilotlar va materiallarning elektron reyestrini yuritadi.
Mazkur reyestr vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylaştiriladi va barça uçun oçiq böladi. Unga quyidagilar kiritiladi:
- ekstremistik faoliyatga aloqadorligi sababli faoliyati töxtatib turilgan taşkilotlar;
- ekstremistik taşkilot deb topilgan taşkilotlar;
- ekstremistik material deb topilgan materiallar;
- bir yil davomida ikki va undan ortiq marta ekstremistik materiallar joylaştirilgan va tarqatilgan internet manbalari.
Material yoki elektron manbani ekstremistik deb topiş jarayoni ham belgilandi. Bunda ekstremizmga qarşi kuraşuvçi davlat organlari tegişli ekspertiza xulosasini ilova qilgan holda Boş prokuraturaga iltimosnoma kiritadi.
Boş prokuratura taqdim etilgan hujjatlarning asosliligini tekşiradi. Iltimosnoma maʼqullangan taqdirda, material yoki manbani ekstremistik deb topiş töğrisidagi ariza Boş prokuror yoki uning örinbosari tomonidan Oliy sudga kiritiladi. Yakuniy qaror sud tomonidan qabul qilinadi.
Şuningdek, qonunçilikdagi «diniy ekstremizm» atamasi «ekstremizm» sözi bilan almaştirildi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuçga kiradi.