Bu haqida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash sohasida ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis, «Soya va yorug‘lik orasidagi hayot» kitobi muallifi O‘ktam Sultonov maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegaradosh ekani mamlakat hududidan xalqaro jinoyiy guruhlar tomonidan narkotik moddalarni tranzit yoʻlak sifatida oʻtkazishga urinishlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ichki bozorda narkotik vositalarga bo‘lgan talab ham jinoyiy guruhlar faoliyatiga turtki bo‘lmoqda.
Ekspert so‘nggi yillarda sintetik narkotiklar va psixoaktiv moddalar tarqalishi jiddiy xavf tug‘dirayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday moddalar kelib chiqishi va taʼsir darajasini aniqlash qiyin bo‘lib, ular asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilmoqda.
O‘ktam Sultonov ayrim blogerlar, vaynerlar va ijodkorlarga murojaat qilib, giyohvandlik mavzusini hazil yoki kulgi vositasi sifatida talqin qilmaslikka chaqirdi.
«Narkotik modda bilan bog‘liq faoliyat kulgi mavzusi emas. Bu fojia. Bunday chiqishlar yoshlarda bu illatga nisbatan qiziqish va moyillikni shakllantirishi mumkin», — dedi u.
Ekspert, shuningdek, ota-onalarga farzandlari bilan muloqotni kuchaytirish, ularning qiziqishlari va atrofini doimiy kuzatib borishni tavsiya qildi. Uning fikricha, farzandning ota-ona bilan muloqotdan uzoqlashishi, o‘qishga qiziqishining pasayishi va xulqidagi keskin o‘zgarishlar xavfli belgilar hisoblanadi. Bunday vaziyatlarda muammoni yashirmasdan, mutaxassislarga murojaat qilish zarur.
Suhbat yakunida O‘ktam Sultonov yoshlarni narkotik moddalardan uzoq bo‘lishga chaqirib, virtual muhitdagi xavflarga nisbatan ham ogohlikni kuchaytirish lozimligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inson oldiga aniq maqsad qo‘ysa va hayotini mazmunli tashkil etsa, bunday illatlardan o‘zini asrashi osonroq bo‘ladi.