Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti olimlari Jizzax magistral elektr tarmoqlari filialining 110/10 kVli "Chilonzor" podstansiyasida tadqiqot o‘tkazib, elektr tarmog‘idagi yo‘qotishlar, transformatorning yuklanish rejimi, reaktiv quvvat balansi hamda izolyatsiya resursining eskirish ko‘rsatkichlarini tahlil qildi.
Tadqiqot "Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi O‘RQ-940-son qonun talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan.
O‘rganishlar natijasida elektr tarmog‘idagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Jumladan, reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalarni o‘rnatish orqali quvvat koeffitsiyentini me’yoriy ko‘rsatkichga yaqinlashtirish taklif etilmoqda. Shuningdek, SCADA tizimi asosida masofadan boshqarish va elektr tarmog‘ini real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlarini joriy etish tavsiya qilingan.
Bundan tashqari, yuklama grafigini optimallashtirish uchun iste’mol profilini raqamli modellashtirish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqilgan.
Qayd etilishicha, mazkur ilmiy yechimlarni amaliyotga joriy etish texnik yo‘qotishlarni kamaytirish, elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish va energetika xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.