Qurilish ishlari oddiy bino koʻtarishdangina iborat boʻlgan vaqtlar oʻtdi. Bugun bunyod etilayotgan har bir inshoot shaharsozlik talab va meʼyorlariga javob berishi kerak. Qurilish joyini tanlashdan tortib, unga mos loyiha va dizayn yaratishgacha boʻlgan ishlarning bari bir nuqtada uygʻunlashadi. Shu tariqa shaharlarning umumiy qiyofasi, arxitektura dizayni paydo boʻladi.

Yangi Oʻzbekistonda oxirgi yillardagi qurilishlar misolida buni yaqqol koʻrish mumkin. Zero, bugun yurtimizda qurilish va shaharsozlik mutlaqo yangi normalar, zamonaviy yondashuvlarga asoslanmoqda. Loyihalar har bir shaharning joylashuvi, madaniy va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanayotgani ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan, poytaxtdagi qurilishlarning aksariyati zamonaviy shahar qiyofasini aks ettirsa, Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlarda madaniy yoʻnalishdagi arxitektura talablari koʻproq inobatga olinadi. Bunday yondashuvlar urbanizatsiya, arxitektura-dizayn yoʻnalishlarini ham rivojlantiryapti.

Qurilish sohasining oʻzi esa alohida mavzu. Birgina uy-joy qurilishini olaylik. Yaqin vaqtlargacha Oʻzbekistonda bir yilda bir necha yuz xonadonli koʻp qavatli uylar qurilsa ham katta gap edi. Sohada toʻp­lanib qolgan muammolarni-ku, aytmasa ham boʻladi. Uy-joy fondini boshqarish tizimi samarasizligi bois, taʼmirlash va xizmat koʻrsatish uchun mablagʻ doimiy yetishmasdi. Boshqa tomondan, aholining arzon uy-joylarga talabi nihoyatda yuqori edi.

2017-yildan bu yoʻnalishda katta marra olindi. Yurtimiz boʻylab turar va noturar joylar qurilishi shiddatli tus oldi. Ming­lab xonadonga ega koʻp qavatli uylar qad rostlay boshladi. Avvaliga shuncha uyda kim yashaydi, bunga talab bormi oʻzi degan fikrlar ham bildirildi. Bugun esa quruvchi kompaniyalar soni va aholiga uy-joy taklifi qancha koʻp boʻlmasin, bariga talab bor. Chunki sohada nafaqat tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi, balki aholining arzon uy-joy sotib olish qobiliyatini oshirish mexanizmlari, xususan, uzoq muddatli ipoteka kreditlari va boshqa koʻplab zamonaviy takliflar berilmoqda.

Natijada keyingi toʻqqiz yilda Oʻzbekis­tonda bu soha shu qadar rivojlandiki, qurilish ishlarining hajmi 2016-yildagi 30 trillion soʻmdan oʻtgan yili 314 trillion soʻmga yetdi. Shu yillar mobaynida 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq koʻp qavatli uy-joy barpo etildi, mamlakatimizda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi ish boshladi. Asosiysi, bular shunchaki qurilish emas, balki xalqaro standartlarga asoslangan yirik loyihalardir. Ular shaharsozlikning boshqa talablari va yoʻnalishlari bilan uygʻunlashtirilib, endi quruvchilar odamlarga yashash joyi bilan birga zamonaviy infratuzilma, qulay ekologik muhit va yashil hududlarga ega maskanlarni taklif qilyapti.

Jahon tajribasida puxta oʻylangan shaharsozlik siyosati va keng koʻlamli uy-joy qurilishi uygʻunlashganda iqtisodiy yuksalish hamda hayot sifati oshishi oʻz isbotini topgan. Koʻplab davlatlarda urbanizatsiyaning muvozanatli modeli joriy etilib, unda uy-joy qurilishi bir paytning oʻzida infratuzilma, hududiy rivojlantirish va yuqori sifatli shahar muhitini shakllantirish orqali namoyon boʻlmoqda. Qolaversa, odamlarning aynan shunday zamonaviy shaharlarda yashashga boʻlgan talabi ortib boryapti.

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda yurtimiz aholisi 38 milliondan oshib, ularning 20 millioni shaharlarda yashamoqda. Bu shaharsozlikni yanada rivojlantirish, zamon talablariga moslashtirishni taqozo etadi. Keyingi yillarda ayni jihatlarga eʼtibor qaratilayotgani, istalgan loyiha avvalida bosh reja ishlab chiqilib, muhokamalarga qoʻyilayotgani boisi shunda. Hatto bu muhokamalarda aholining oʻzi taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etyapti.

Mazkur yoʻnalishda ishlar samaradorligini yanada oshirish, tezkorlik va sifatni taʼminlash, tadbirkorlarning ovoragarchiliklarini kamaytirish uchun huquqiy asoslar boʻlishi kerak. Shu maqsadda oʻtgan yillar davomida mamlakatimiz qurilish sohasida ruxsat berish bosqichlari uch karra, muddatlar toʻrt karra qisqartirilib, 420 ta shaharsozlik norma va qoidasi birlashtirildi, eskilari bekor qilinib, 140 ta yangi norma va qoida tasdiqlandi. Ammo hali sohada hal etilishi zarur boʻlgan masalalar yetarlicha.

Joriy yilning 14-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ayni yoʻnalishdagi dolzarb masalalar tahlil qilindi. Anchadan beri toʻplanib kelayotgan muammolar oʻrtaga tashlandi. Oʻtgan yillar davomida yer va kredit kabi asosiy masalalar hal etilgan boʻlsa-da, tadbirkorlar qurilishni bosh­lash bosqichida haligacha turli toʻsiqlarga duch kelayotgani, bu jarayonlar ­oylab-yillab ­choʻzilayotgani aytildi. Ularning yechimi boʻyicha takliflar berilib, urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish boʻyicha yagona yondashuv boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Davlatimiz rahbari urbanizatsiya darajasining har 1 foiz oʻsishi iqtisodiyotga kamida 1 foiz qoʻshimcha oʻsish olib kelishi, inves­titsiya oqimi, biznes va startaplar faolligi, mehnat unumdorligi shunga mutanosib ravishda ortishini taʼkidladi.

— Yigʻilishda bosh rejadan tortib, qurilishni yakunlash va uni ekspluatatsiya qilish masalalarigacha tahliliy koʻrib chiqildi, — deydi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov. — Ochigʻini aytganda, qurilish sohasida kamchiliklar yetarlicha. Oldinlari betartib qurilishlar boʻlgan, bosh reja tasdiqlanmagan, ayrim tadbirkorlar muammoli qurilishlar qilib qoʻygan va hokazo. Natijada aholi va tadbirkorlarni qiynab kelayotgan koʻplab savollar toʻplanib qolgandi. Shu bois, yigʻilishga bir necha oy davomida katta tayyorgarlik koʻrildi. Bu vaqt davomida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, fikrlari, takliflari, muammolari eshitilib, tahlil qilindi. Bevosita sohada ishlovchilarning taklif va tashabbuslari toʻplanib, davlatimiz rahbariga taqdim etildi. Tadbirda quruvchilar, arxitektorlar, tadbirkorlarning oʻzi ishtirok etib, muammolarni oʻrtaga tashladi. Davlatimiz rahbari koʻtarilgan masalalarning barchasiga aniq yechimlar berdi.

Masalan, sohadagi eng koʻp uchrayotgan muam­molardan biri qurilishga ruxsat berish tizimi bilan bogʻliq. Oʻtgan yili bosh reja yoʻqligi vaji bilan yerni xususiylashtirish boʻyicha 112 ming arizaning 14 foizi, umumiy hisobda esa qurilishga doir 2 million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgani, bu holat ortida koʻp hollarda korrupsiya va ortiqcha byurokratik gʻovlar turgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, qisqa vaqtda sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, arizalarga inson omilisiz, bir necha daqiqada onlayn javob beradigan tizimga oʻtish, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy etish vazifalari qoʻyildi.

Hozir aholi va tadbirkorlar avval loyi­halashga ruxsat olib, keyin arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish uchun alohida-alohida ariza beradi va buning uchun oylab vaqt yoʻqotmoqda. Toshkent shahrida ushbu ikki xizmatni bir bosqichda koʻrib chiqish tajribasi joriy etilgan va bu hujjatlarni kelishish muddatlarini 3-4 karra qisqartiryapti. Endilikda mazkur taj­riba shu yilning 1-iyulidan boshlab barcha hududlarda joriy etiladi.

Ochiq muloqotda ochilgan muammolar

Har bir raqam ortida real vaziyat turibdi. Muammo va takliflarni esa bevosita soha vakillari, tadbirkorlarning oʻzi oʻrtaga tashlagan. Ularning koʻpchiligi yigʻilishda ishtirok etib, davlat rahbariga oʻzlarini qiynayotgan masalalar haqida gapirdi, takliflarini bildirdi.

Yaʼni bu galgi videoselektor yigʻilishi juda katta formatda, qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tarzida oʻtkazildi. Unda joylardagi studiyalardan videoaloqa orqali 500 dan ziyod tadbirkor, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanist ishtirok etdi. Koʻpchiligi soʻzga chiqib, muloqotning faol ishtirokchisiga aylandi.

— Kompaniyamiz 2025-yilning oʻzida 100 ming kvadrat metrdan ortiq turar va noturar binolarni oʻz egalariga topshirdi. 2026-yilda 200 ming kvadrat metr uy-joy qurishni reja qilganmiz, — dedi Toshkent shahridagi “Lux city house” korxonasi rahbari Vohid Mirzayev. — Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni Oʻzbekistonga olib kelib ish bilan taʼminlash haqida koʻp gapiradi. Shundan kelib chiqib, kompaniyamiz oʻtgan yilning oʻzida xorijdan kelgan 3 ming kishini ish bilan taʼminlab, munosib sharoitlarni yaratib berdi. Joriy yilda bu koʻrsatkichni ikki barobar oshirish niyatimiz bor.

Yigʻilishda soha tadbirkorlarining muammolari tinglanib, ularga eng maqbul yechimlar berilganini koʻrib, nihoyatda ruhlanib oʻtirdik. Ruxsat olishdagi qi­yinchiliklarni bartaraf etishdan tortib, lizing tizimidagi masalalargacha hal etish topshirigʻi berildi. Oʻzim ham yigʻilishda bizni qiynayotgan asosiy masalalardan biri — xorijdan olib kelinadigan texnika uchun toʻlanadigan boj toʻlovini kamaytirishni soʻradim. Bu imtiyoz kichik va oʻrta korxonalar uchun ham qulay boʻlishi, ularda katta qurilishlar qilish imkoniyati oshishini aytdim. Qolaversa, chet eldan keladigan texnika qancha arzon boʻlsa, quriladigan obyektlar tannarxi ham shuncha tushadi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorning bu taklifi oʻrinli ekanini bildirib, qoʻllab-quvvatladi. Tegishli tashkilotlarga xorijdan olib kelinadigan texnika vositalari roʻyxatini tayyorlab, ularning boj toʻlovlarini kamaytirish boʻyicha topshiriq berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda ham Prezidentimiz topshirigʻi bilan qurilish tashkilotlariga xorijdan maxsus texnika olib kirish boʻyicha imtiyoz berilgan. Natijada oʻsha davrda sohada katta oʻsish kuzatilib, yurtimizga koʻplab zamonaviy texnika kirib keldi. Endi tadbirkorlarning taklifi bilan bu imtiyoz qayta qoʻllaniladi.

Koʻplab masalalar ana shunday ochiq muloqotlar, davlatimiz rahbarining tadbirkorlarni doimiy eshitishi, fikrlarini qoʻllab-quvvatlashi ortidan hal etilayotgani va bu xalqimiz uchun ham manfaatli boʻlayotgani ayni haqiqat. Shuning uchun yurtimizdagi har bir soha tadbirkori Prezidentimiz bilan boʻladigan shunday uchrashuvlarni intiqlik bilan kutadi. Boisi, har gal ochiq muloqotdan soʻng xalqimiz va tadbirkorlarni quvontiradigan katta tashabbuslar ilgari surilib, yangi imtiyozlar amaliyotga joriy etiladi.

Namanganlik tadbirkor Qobil Tursunov ham ochiq muloqotdan unumli foydalanib, davlatimiz rahbariga oʻz loyihalari, yangi maqsadlari haqida gapirdi. Soha vakillariga berilayotgan yangi imtiyozlardan ruhlanganini aytib, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda Namangan shahrida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurishni rejalashtirgan 4 800 ta xonadonni yil oxirigacha 10 mingta qilib topshirish niyatidaligi va buni Prezidentimizga koʻrsatish istagini hayajon bilan gapirdi. Davlatimiz rahbari esa tadbirkorning bu kabi yirik loyihalari va mehnatlarini eʼtirof etdi.

— Biz, namanganlik tadbirkorlar doim davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlovini his qilib turamiz, — deydi “Toshbuloq invest group” hamda “Orzu city” kompaniyalari rahbari Qobil Tursunov. — Bugun yurtimizning eng chekka hududlarida ham qurilishlar koʻlami, shiddati avjida. Bular oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Imkoniyat, sharoit, muhit boʻlmasa, bunday katta bunyodkorliklar boʻlishi qiyin. Yigʻilishda davlatimiz rahbari soha vakillariga berilayotgan yengilliklar haqida gapirganida yanada quvondim. Masalan, auksion orqali olinadigan yer uchastkalarini boshlangʻich 15 foiz toʻlovni amalga oshirgan holda, qolgan 85 foizini foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi. Avvallari boshlanishiga 35 foiz toʻlab, qolganiga 14 foiz ustama toʻlanar edi. Foizsiz boʻlib toʻlash mahalliy tadbirkorlar uchun ham, investorlar uchun ham katta imkoniyat. Bu ishbilarmonlarning moliyaviy yuklamasini yengillashtirib, tejab qolingan mablagʻni qurilish ishlari va oʻz faoliyatini yanada kengaytirishga sarflashiga xizmat qiladi.

Tadbirkorlardan, ayniqsa, qurilishga ruxsat olish tizimining nihoyatda murakkab­ligi va jarayondagi sansolarliklar bilan bogʻliq savollar koʻp tushgani kuzatildi. Afsuski, keyingi yillarda bu masala quruvchilar, arxitektor va loyihachilarning asosiy muammosiga aylangani yaqqol koʻrindi. Tadbirkorlarning aytishicha, qurilishni boshlash boʻyicha kiritilgan arizalar qonunchilikda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmaydi, arzimagan sabablar bilan rad etiladi. Joylarda shaharsozlik kengashiga aʼzo idoralar oʻrtasida oʻzaro muloqot va hamkorlik yoʻqligi ham sansolarlikni keltirib chiqarayotgan asosiy muammolardan biri.

Shu bois, yigʻilishda mutasaddilarga qurilishga ruxsat olishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni chuqur tahlil qilib, talablar, muddatlar va toʻlovlarni kamida ikki barobar qisqartirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Shaharsozlik kengashiga esa Toshkent shahri va viloyat hokimlarining oʻzi boshchilik qilishi, tadbirkorning masalasiga yakuniy yechim beriladigan tizim joriy etilishi belgilandi.

“Taklif va savollarimiz davlatimiz rahbariga yetib borganidan quvondik”

Ochiq muloqotni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham koʻplab tadbirkorlar qizgʻin kuzatib bordi. Nafaqat quruvchilar, balki loyihachi, arxitektor va sohaning boshqa vakillari yigʻilish boʻyicha faol munosabatini bildirdi. Hatto baʼzilari ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilib, ayni yigʻilishda tadbirkorlarni anchadan beri qiynab kelayotgan muammolar oʻrtaga tashlangani, ular bildirgan takliflarga davlatimiz rahbari tomonidan yechimlar berilganini xursandchilik bilan gapirdi. 20 yillik tajribaga ega arxitektor Mir­odil Jamolov bilan suhbatlashganimizda, hayajon va taassurotlari hali ketmagani sezildi.

Mirodil JAMOLOV,

Toshkent shahridagi “Memorial Architectural Project” (MAP) kompaniyasi rahbari:

— Davlatimiz rahbarining qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini internet tarmoqlari orqali kuzatdim va juda xursand boʻldim. Chunki yigʻilishda koʻtarilgan aksariyat masalalar oʻzimiz — biznes egalari tomonidan oʻrtaga tashlangani, bevosita davlatimiz rahbariga taqdim etilgani ikki karra quvonarli. Chunki sohaning ichida yurgan odamlar bu muammolarga koʻproq duch keladi. Shu yilning 10 aprel kuni Savdo-sanoat palatasi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan muloqotda ana shunday ogʻriqli masalalarni oʻrtaga tashlagandik. Savollarimiz Prezidentimizga yetkazilib, yigʻilishda bevosita tadbirkorlar bilan tahlil asnosida muammolar yechimi berilganidan xursand boʻldik.

Toʻgʻrisi, qurilish sohasida qiyinchilik­lar, kamchiliklar yetarlicha. Ayniqsa, qurilishga ruxsat olish jarayonlari juda koʻp vaqt oladi. Arizani  12 tadan 20 tagacha tashkilot koʻrib chiqib, ijobiy xulosa berganidan ke­yingina ruxsatnoma beriladi. Bizniki kabi kompaniyalar arxitektura loyihalarini ishlab chiqqanidan keyin uni shaharsozlik kengashi tasdiqlashi uchun ham 20 ga yaqin tashkilot koʻrib chiqishi kerak. Natijada shu jarayonning oʻziga 2-3 oy vaqt ketib qoladi. Vaholanki, qonunchilikda har bir jarayonni koʻrib chiqish muddatlari belgilangan. Biroq mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu muddat talablari buzilib, loyihalar oylab osilib yotadi. Bu tadbirkorning katta vaqt va mablagʻ yoʻqotilishiga olib keladi, ish choʻzilib ketadi.

Yana bir ogʻriqli muammo murojaatlarning koʻpincha ochiq qoldirilishi bilan bogʻliq. Toʻgʻrisi, shu paytgacha juda koʻp masalalarda mutasaddi tashkilotlarga chiqqanimizda, hech qanday yechim berilmagan. Davlatimiz rahbari tizimdagi koʻplab murojaatlar salbiy javob bilan yopilganini taʼkidlagani bejiz emas. Vaholanki, hamma qatori biz ham xalq uchun ishlaymiz va murojaatlarimiz shular bilan bogʻliq. Muammolar eʼtiborsiz qoldirilishi esa nafaqat sohadagi, balki mamlakatdagi rivojlanishlarni orqaga tortishi mumkin. Chunki qurilish sohasi yurtimiz iqtisodiyotining drayveriga aylangan. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlik va ish oʻrni yaratish imkoniyatlari, balki mamlakatning shaharsozlik qiyofasi, arxitekturasi bilan bogʻliq.

Bugun arxitektor va tadbirkor sifatida ana shu jarayonlarda bevosita ishtirok etayotganimdan quvonaman. Korxonamiz arxitektura yoʻnalishida loyihalash, binolarni texnik koʻrikdan oʻtkazish xizmatlarini koʻrsatadi. Yillik savdo aylanmasi 1 milliard soʻmdan yuqori. Bizning asosiy tamoyilimiz madaniy anʼanalarni innovatsion texnologiyalar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan. Har bir meʼmoriy yechim mahalliy qadriyatlarni chuqur anglashdan boshlanadi va bu odamlarni ilhomlantiradigan noyob meʼmoriy obidalarni yaratish imkonini beradi.

Bugunga qadar yurtimiz va xorij davlatlarida mingdan ortiq loyiha, jumladan, tijorat va turar joy obyektlari qurilishini amalga oshirdik. Yurtimiz qurilish sohasi rivoji ortidan faoliyatimiz ham kengayib boryapti. Zamonaviy standartlar esa bizdan yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Masalan, keyingi yillarda qurilishni loyihalashtirishda nafaqat estetika va tejamkorlik uygʻunligi, balki atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, ekologik jihatlar ham muhim talabga aylangan. Shaharsozlik meʼyorlarida “yashil” hududlar yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Yaʼni bugun qurilish loyihalarini shunchaki yaratib boʻlmaydi, har bir jihat aniq koʻrsatilishi kerak. Bu esa arxitekturani nafaqat sanʼat, balki qurilishlarning asosiy qismiga aylantiradi. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida koʻplab loyihachilar ishtirok etgani boisi shunda.

Yigʻilishni kuzata turib, yurtimizda koʻp­lab soha vakillarining kasb bayrami borligi, ammo arxitektorlar nishonlaydigan alohida sana mavjud emasligi xayo­limdan oʻtdi. Ochiq muloqotda ishtirok etganimda, davlatimiz rahbariga ana shu taklifni bildirgan boʻlardim. Bu shaharlar qiyofasini yaratishga hissa qoʻshayotgan arxitektorlar uchun katta sharaf va ragʻbat boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

* * *

Shunday qilib, yurtimiz qurilish sohasidagi toʻplanib qolgan koʻplab muammolar oʻrtaga tashlanib, yechimlari berildi. Ana endi soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish kerak. Har holda tadbirkorlar ogʻriqli masalalardan qutulib, yanada shiddat bilan ishlashga shaylangan. Ish jarayonida kuzatiladigan turli masalalar boʻyicha mutasaddilarga muro­jaatlar esa doimiy davom etadi. Chunki sohadagi barcha muammoni bir vaqtda uzil-kesil hal etishning imkoni yoʻq, yangi vazifalar bilan birga yangi masalalar ham oʻrtaga chiqaveradi. Shunchaki ularni hal etishning tizimli mexanizmi yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri