Bu oʻzgarishning mohiyati shundaki, XXI asrda mamlakatlarning raqobatbardoshligi yer osti boyliklari bilan emas, balki laboratoriyalarda yaratilgan gʻoyalarning qanchalik tez ishlab chiqarishga, bozorga va eksportga yetib borishi bilan baholanmoqda. Shuning uchun ham innovatsiya endi ilm-fan sohasining ichki masalasi emas, milliy iqtisodiyotning strategik masalasiga aylandi.

Oʻzbekistondagi islohotlar aynan shu mantiqqa asoslanmoqda. Prezidentimiz rahbarligida iqtisodiyot, sanoat, investitsiyalar va ilm-fan sohalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlari tahlil qilinganda bir muhim tendensiya koʻzga tashlanadi: iqtisodiy oʻsish haqidagi yondashuv oʻzgarmoqda. Agar avval asosiy eʼtibor yangi quvvatlar, investitsiyalar va ishlab chiqarish hajmiga qaratilgan boʻlsa, endi texnologiya, innovatsiya, tijoriylashtirish va yuqori qoʻshilgan qiymat iqtisodiy siyosat markaziga chiqmoqda. Bu tasodifiy qaror emas, balki mamlakat iqtisodiyoti yangi bosqichga oʻtayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarining mazmunini qiyosiy tahlil qilish yana bir muhim jihatni koʻrsatadi. Ilk bosqichda asosiy eʼtibor ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, investitsiyalar jalb qilish va sanoatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlsa, keyingi davrda innovatsiyalarga barcha tarmoqlar uchun umumiy rivojlanish vositasi sifatida qarala boshladi. Bugun sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport yoki xizmat koʻrsatish sohasi haqida soʻz ketganda ham texnologiya, raqamlashtirish va ilmiy yechimlar iqtisodiy samaradorlikning asosiy sharti sifatida belgilanmoqda. Bu innovatsiyalarga munosabat sohaviy yondashuvdan milliy iqtisodiy siyosat darajasiga koʻtarilganini anglatadi.

Eng muhimi, davlat siyosatida sifat jihatidan muhim burilish yuz bermoqda. Ilgari asosiy savol “Qancha ilmiy loyiha moliyalashtirildi?” boʻlgan boʻlsa, bugun asosiy savol boshqacha qoʻyilmoqda: “Ilmiy ishlanma iqtisodiyotga qanday qiymat qoʻshdi?”.

Aynan shu savolga javob berish uchun qabul qilingan qarorlarning oʻziga qarash yetarli emas. Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalar, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan 11 mingdan ziyod ilmiy loyiha, mamlakatda tadqiq qilingan va qilinayotgan 160 mingga yaqin doktorlik dissertatsiyasi hamda ularning iqtisodiyot bilan uygʻunligini yaxlit tizim sifatida tahlil qilish zarur. Chunki innovatsiyalarning haqiqiy qiymati laboratoriyada emas, iqtisodiyotda namoyon boʻladi.

Keyingi yillarda iqtisodiyot, sanoat, investitsiyalar va ilm-fanga doir yigʻilishlarni qiyosiy tahlil qilish bir muhim xulosaga olib keladi: davlat siyosatida innovatsiyaga endi mustaqil tarmoq sifatida emas, balki sanoatni modernizatsiya qilish, mehnat unumdorligini oshirish, import oʻrnini bosish va eksport salohiyatini kengaytirishning asosiy vositasi sifatida qaralmoqda.

Bu yondashuv ilmiy muhitda ham aks etmoqda. Respublikada shakllangan 160 mingga yaqin doktorlik dissertatsiyalari mavzusi bazasi tahlili shuni koʻrsatadiki, keyingi yillarda iqtisodiyotning yangi ehtiyojlariga javob beradigan tadqiqotlar soni ortib bormoqda. Raqamli iqtisodiyot, innovatsion boshqaruv, sunʼiy intellekt, resurs tejamkorligi, logistika, texnologiyalarni tijoratlashtirish, intellektual mulk va “yashil iqtisodiyot” kabi mavzularning ilm kun tartibiga kirib kelishi bugungi iqtisodiy siyosat bilan uygʻun tendensiya ekanini koʻrsatadi.

Tahlil yana bir muhim tendensiyani koʻrsatadi: doktorlik dissertatsiyalari mavzularining oʻzgarishi faqat ilmiy muhitdagi jarayon emas, balki iqtisodiyot transformatsiyasining intellektual inʼikosidir. Ilgarigi yillarda tadqiqotlar koʻproq sohaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan boʻlsa, bugungi mavzular iqtisodiyotning raqamlashuvi, resurslar samaradorligi, sunʼiy intellekt, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va innovatsion boshqaruv masalalariga tobora koʻproq yoʻnalmoqda. Bu davlat siyosati bilan ilm kun tartibi oʻrtasidagi muvofiqlik kuchayayotganini anglatadi. Shu bilan birga, mazkur tendensiyani muntazam tahlil qilib borish iqtisodiyot uchun kelgusi yillarda qaysi sohalarda yuqori malakali kadrlar va yangi texnologiyalarga ehtiyoj ortishini oldindan prognoz qilish imkonini yaratadi.

Biroq mazkur tahlil yana bir muhim haqiqatni ham ochib beradi. Ilmiy tadqiqotlar soni ortishi har doim ham iqtisodiy natijaning oʻsishini anglatmaydi. Masalan, iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega texnologiyalar transferi, venchur moliyalashtirish, yuqori texnologiyali eksport yoki intellektual aktivlarni boshqarish kabi yoʻnalishlarda ilmiy ishlar hali iqtisodiyot ehtiyojlariga mutanosib darajada emas. Demak, ilmiy siyosatning keyingi bosqichida faqat tadqiqotlar sonini oshirish emas, balki ularning tarkibi va iqtisodiy ahamiyatiga ham alohida eʼtibor qaratish talab etiladi.

Xuddi shunday holat davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan ilmiy loyihalar tahlilida ham kuzatiladi. 11 ming 548 ta ilmiy loyihani qiyosiy tahlil qilish davlat investitsiyalari asosan sanoat texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, energetika, kimyo, biotexnologiya va raqamli texnologiyalar kabi ustuvor tarmoqlarga yoʻnaltirilayotganini koʻrsatadi. Bu tanlov tasodifiy emas. Aynan shular iqtisodiyotda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniyatiga ega tarmoqlardir.

Bunday jarayonni aniq misollarda ham koʻrish mumkin. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan qator ishlanmalar qishloq ­xoʻjaligi mahsulotlarini sublimatsion quritish texnologiyalari, qurilish sanoati uchun mahalliy kimyoviy qoʻshimchalar, tibbiyotda zamonaviy diagnostika yechimlari va raqamli intellektual tizimlar koʻrinishida amaliyotga joriy etildi. Muhimi, ushbu ishlanmalarning bir qismi import oʻrnini bosishga, bir qismi esa eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilmoqda. Bu innovatsiyalarning iqtisodiy qiymati laboratoriyada emas, ishlab chiqarish jarayonida shakllanishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Eʼtiborli jihati shundaki, davlat endi ilmiy gʻoyaning oʻziga emas, uning iqtisodiy natijasiga sarmoya kiritmoqda. Buni Innovatsion rivojlanish agentligi faoliyati ham tasdiqlaydi. 2025-yilda davlat ilmiy dasturlari doirasida 824 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi. Shu bilan birga, tijoriylashtirilgan ishlanmalar asosida 1,3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi, byudjetga 118 milliard soʻmdan ortiq soliq tushumi taʼminlandi. Bu raqamlar ilm-fanga ajratilayotgan mablagʻlar xarajat emas, iqtisodiy investitsiyaga aylanayotganining amaliy isbotidir.

Bugun innovatsiyalarning iqtisodiy samarasini baholashda yana bir muhim yondashuv shakllanmoqda. Ilmiy loyihaning qiymati uni yaratish uchun sarflangan mablagʻ bilan emas, balki iqtisodiyotga keltirgan qoʻshimcha qiymati bilan oʻlchanishi lozim. Agar yangi texnologiya ishlab chiqarish xarajatini kamaytirsa, import oʻrnini bossa, eksportni oshirsa yoki yangi ish oʻrinlari ochsa, davlat tomonidan ilm-fanga yoʻnaltirilgan sarmoya oʻzining iqtisodiy vazifasini bajargan boʻladi. Shu maʼnoda, innovatsion siyosat samaradorligini baholash mezonlari ham bosqichma-bosqich natijaga yoʻnaltirilgan yondashuv asosida takomillashib bormoqda.

Shu bilan birga, tahlillar innovatsiyalarning iqtisodiyotga joriy etilishida ­eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar ham mavjudligini koʻrsatadi. Ilmiy natija yaratish bilan uni ishlab chiqarishga joriy etish oʻrtasidagi vaqt ayrim hollarda uzoq davom etmoqda. Bunga texnologiyalar transferi, xususiy sektor ishtirokining cheklangani va bozor talablari bilan ilmiy izlanishlar oʻrtasidagi muvofiqlashtirish mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagani taʼsir qilmoqda. Keyingi bosqichda innovatsiyalar siyosati aynan ushbu boʻgʻinlarni mustahkamlashga qaratilishi zarur.

Tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, Oʻzbekiston innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishning yangi bosqichiga kirdi. Ilmiy salohiyat shakllandi, huquqiy asoslar yaratildi, davlat tomonidan moliyalashtirish tizimi takomillashtirildi va tijoriylashtirishning dastlabki natijalari paydo boʻldi. Endi asosiy vazifa mazkur omillarni yagona innovatsion ekotizimga aylantirishdir. Buning uchun ilmiy muassasalar, universitetlar, tadbirkorlik subyektlari va investitsiya institutlari oʻrtasida barqaror kooperatsiyani taʼminlash kelgusi iqtisodiy oʻsishning hal qiluvchi shartlaridan biriga aylanadi.

Bugungi sharoitda navbatdagi vazifa ilmiy loyihalar sonini koʻpaytirish yoki grantlar hajmini oshirish emas, balki innovatsiyalarni boshqarish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dunyo tajribasiga koʻra, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishning eng qiyin bosqichi ilmiy gʻoyani yaratish emas, balki uni iqtisodiy aylanmaga kiritishdir. Aynan shu bosqichda davlat siyosati, ilm-fan, biznes va moliya institutlari yagona tizim sifatida ishlashi talab etiladi. Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda qabul qilingan qarorlar ana shu tizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Endi ushbu mexanizmlarning samaradorligi ularning qanchalik tez va keng koʻlamda iqtisodiyotning real sektoriga kirib borishi bilan belgilanadi.

Yuqoridagi tahlillar Oʻzbekistonda innovatsion iqtisodiyot uchun zarur huquqiy baza, davlat qoʻllab-quvvatlovi va ilmiy salohiyat shakllanganini koʻrsatadi. Endi asosiy eʼtibor mazkur resurslarning oʻzaro integratsiyasiga qaratilishi lozim.

Birinchidan, davlat ilmiy dasturlari iqtisodiyotning uzoq muddatli tarmoq strategiyalari bilan toʻliq uygʻunlashtirilishi kerak. Ilmiy tadqiqot mavzusi bozor ehtiyojidan emas, bozor ehtiyoji ilmiy tadqiqotdan ortda qolmasligi lozim.

Ikkinchidan, ilmiy natijalarni baholash tizimi qayta koʻrib chiqilishi zarur. Asosiy mezon maqola yoki dissertatsiyalar soni emas, balki iqtisodiyotga joriy etilgan texnologiyalar, yaratilgan mahsulotlar, eksport hajmi va davlat investitsiyalarining iqtisodiy qaytimi boʻlishi kerak.

Uchinchidan, respublikada shakllangan doktorlik dissertatsiyalari va davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy loyihalar bazasi asosida iqtisodiyotning kelgusi texnologik ehtiyojlarini prognoz qiluvchi milliy analitik platformani ishga tushirish maqsadga muvofiq. Bu davlat buyurtmalari va ilmiy siyosatni aniq maʼlumotlar asosida shakllantirish imkonini beradi.

Toʻrtinchidan, Innovatsion rivojlanish agentligi faoliyatida tijoriylashtirishning keyingi bosqichiga oʻtish, yaʼni xususiy investitsiyalar, venchur kapital va yirik sanoat korxonalarini innovatsion jarayonlarning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylantirish ustuvor vazifa boʻlishi lozim. Bu takliflarning amalga oshirilishi ilmiy gʻoyalar, davlat siyosati va iqtisodiyot oʻrtasidagi bogʻliqlikni yanada mustahkamlaydi.

Chunki raqobat kurashi endi resurslar uchun emas, bilim uchun ketmoqda. Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti ham aynan shu ustunlikdan qanday foydalana olishimizga bogʻliq.

Asror NOROV,

Innovatsion rivojlanish agentligi

direktori vazifasini bajaruvchi,

iqtisodiyot fanlari doktori