Insonning kundalik turmushi ham, jamiyat hayoti ham sarhisoblar bilan mukammallik kasb etadi. O‘tayotgan har fursatning pastu balandini tahlil qilish orqali vaziyatga baho beriladi. Ya’ni yutuqlar ko‘lami, yo‘l qo‘yilgan xatolar, mavjud kamchiliklar tahlili, qilinajak ishlarning chamasi ana shu jarayonda kundek ravshanlashadi. Demak, aynan shu rakursdan turib fikr yuritishimiz maqsadga muvofiq. Zero, erishilgan natijalar kelgusidagi vazifalar yanada murakkab va mas’uliyatli bo‘lishini, ular yangi marralarni zabt etishga yaratilgan imkoniyat ekanini ko‘rsatmoqda.
21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda iqtisodiy o‘sishning dastlabki bosqichida asosiy e’tibor bozor munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lsa, endi ustuvor vazifa ushbu o‘sish sifatini oshirish, barqarorligini ta’minlash va har bir fuqaro hayotida amaliy natijaga aylantirishdan iborat ekani urg‘ulangani ham fikrimizga dalildir.
Yig‘ilish davomida e’lon qilingan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar iqtisodiyotimizning tashqi bosimlarga qaramay, barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotganini tasdiqlaydi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 8,5 foiz o‘sdi. Sanoat ishlab chiqarishi, xizmatlar sohasi, qurilish va qishloq xo‘jaligida yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. Investitsiya hajmi 28 milliard dollarga, eksport esa 14,4 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari mamlakat aholisi 40 milliondan oshadigan sharoitda iqtisodiyot kamida 9-10 foiz o‘sishi zarurligini qayd etgani strategik iqtisodiy vazifadir. Bu, eng avvalo, demografik o‘sish sur’atlari, mehnat bozoriga har yili kirib kelayotgan yuz minglab yoshlar, shaharlashuv jarayonlari va aholining sifatli ta’lim, tibbiyot, uy-joy hamda munosib ish o‘rinlariga ehtiyojidan kelib chiqadi.
Yig‘ilishda mavjud imkoniyatlarni aniqlash, muammolar ildizini ochish va hal qilishning aniq mexanizmlarini belgilash, “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimizga vazirlar, tarmoq rahbar¬lari va hokimlarning hisobotlari, belgilangan topshiriqlar ijrosini joylarda tashkil etish bo‘yicha rejalari taqdim qilindi.
Mazkur yig‘ilishda keltirilgan raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, izchil islohotlar, xususan, davlatimiz rahbarining hududlarga tashrif va xorijga safarlari, turli mavzu, yo‘nalish va sohalar rivoji hamda tahliliga bag‘ishlangan takliflar, loyihalar taqdimoti, videoselektor yig‘ilishlari bitta asosiy maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, har bir sohada o‘sish, barqarorlik va rivojlanishga erishish orqali odamlar turmush sharoitini yaxshilash, xalqimiz farovonligini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, inson manfaatlari ustuvor jamiyat barpo etishdan iborat.
Birgalikda yangi hayot va kelajak yaratamiz
Mamlakatimiz yetakchisining hududlarga har bir tashrifi ko‘lami, ahamiyati va mohiyati bilan ushbu ezgu g‘oyani amalga oshirish yo‘lida muhim bosqich vazifasini o‘tayapti. Bu safar Prezidentimizning hududlarga navbatdagi tashrifi 4 iyul kuni Sergeli tumani Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida bajarilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Mazkur ko‘chadagi 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari aholiga qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari ochishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 18,7 ¬milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chaning 2,1 kilometr qismi infratuzilmasi to‘liq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kunu tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi. Aholi dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani qurildi.
Davlatimiz rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qildi, amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi.
Prezidentimiz “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot -markazi faoliyati bilan tanishib, muassasa xodimlari bilan gaplashdi, jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
— Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak, — dedi davlatimiz rahbari.
Shu kuni Prezidentimiz raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari 13 iyul kuni elektropoyezdda Toshkentdan Bekobod shahriga keldi, O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etib, kombinat jamoasi, mehnat faxriylari va xorijlik hamkorlarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi. Majmuani barpo etishda ishtirok etgan quruvchi va muhandislar, texnolog va mashinistlar, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston metallurgiya kombinatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham belgilab berildi.
Bekobodga tashrifning asosiy voqealaridan biri, shubhasiz, qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘ldi. Qora metallurgiya og‘ir sanoatning temir, cho‘yan, po‘lat va ularning qotishmalarini qazib olish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan asosiy tarmog‘idir. Qurilish, mashinasozlik, avtomobilsozlik va infratuzilma kabi sohalar uchun boshlang‘ich xomashyo va tayyor mahsulotlar aynan shu tarmoq rivojiga bog‘liq.
Yig‘ilishda tarmoqda importga bog‘liqlik, tannarx va energiya sarfi yuqoriligi, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish borasidagi ishlarda kamchiliklar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz 22 iyul kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumaniga tashrif buyurib, Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi pulli muqobil avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Loyiha yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudrati va transport-logistika salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
— Bugun bu sohada tom ma’noda yangi davr boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Xalqimiz uchun taraqqiyot va farovonlik timsoli bo‘lib xizmat qiladigan ushbu yirik loyi¬haning boshlanishi barchamizga muborak bo‘lsin. Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz, — dedi davlatimiz rahbari.
Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti tasmali yo‘lning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi aholisi 2 milliondan ziyod bo‘lgan 13 ta tuman orqali o‘tib, hududlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik,
28 ta yo‘l o‘tkazgich, 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yer osti yo‘laklari va suv o‘tkazish inshootlari quriladi.
Prezidentimiz tashrif davomida A-373 va Toshkent katta halqa yo‘llari kesishmasida barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi. Bu inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent bilan Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartirishga xizmat qiladi. Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan loyihaning qiymati 240 milliard so‘mni tashkil etdi.
Mamlakatimiz yetakchisiga loyihaning texnik yechimlari, transport oqimini boshqarish imkoniyatlari hamda kelgusida Toshkent — Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar tizimini (BRT) yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida ham axborot berildi. Shuningdek, O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida bajarilgan bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi, Nurafshon shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligining yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoit¬lar bilan tanishildi, axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universiteti va “Nurafshon maxsus texnika” korxonasiga tashrif buyurildi.
Davlatimiz rahbari Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Toshkent viloyati jamoatchiligi bilan tantanali uchrashuvda ishtirok etdi. Tadbirda nuroniylar, yoshlar va faollar qatnashdi.
Prezidentimiz 27-iyul kuni Yangi Toshkent shahridagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Dastlab shaharning keng ko‘lamli maketi va raqamli xaritasi asosida qurilishlarning umumiy borishi, yirik obyektlarning o‘zaro joylashuvi hamda navbatdagi bunyodkorlik rejalari haqida axborot berildi.
Transport va muhandislik infratuzilmasini qurilishlar bilan uyg‘un rivojlantirish, yashil hududlar va jamoat makonlarini o‘zaro bog‘lash, Yangi Toshkentni poytaxtning amaldagi hududi bilan uzviylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Barcha loyihalarni yaxlit shaharsozlik konsepsiyasi asosida, yuqori sifat va me’moriy uyg‘unlikni ta’minlagan holda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining barpo etilayotgan kampusini ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda rektorat va ayrim fakultetlar binolarida yakuniy qurilish va pardozlash ishlari bajarilmoqda. Davlatimiz rahbari binolarning ichki makonlari, o‘quv va ma’muriy xonalar joylashuvi, muhandislik tarmoqlari hamda hududni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Keyin davlatimiz rahbari O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosidagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda majmuada qurilish va pardozlash ishlarining 90 foizi bajarilgan. Kutubxonani joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan to‘rt qavatli bino bir vaqtning o‘zida 1 420 kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashrifning navbatdagi manzili “Yangi O‘zbekiston” universitetining yangi kampusi bo‘ldi. Ellik gektar maydonda barpo etilayotgan majmua 10 ming talabaga mo‘ljallangan. Unda fakultetlar va rektorat binolari bilan birga kutubxona, muzey, ko‘rgazma va multimedia zallari, sport majmuasi, suzish havzasi hamda talabalar turar joylari joylashadi.
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu arenada bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan. Stadion 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslarini qabul qiladi.
Mamlakatimiz yetakchisi qurilishni belgilangan muddatda va yuqori sifat bilan yakunlash, stadionni transport tizimi hamda Yangi Toshkentning umumiy shaharsozlik muhiti bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Samimiy munosabat va yuksak e’tiroflar
Davlatimiz rahbari iyul oyidagi ilk xorijiy tashrifini Gruziyaga amalga oshirdi. Mamlakat Prezidenti Mixail Kavelashvili bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentimiz Gruziya rahbariga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti — “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlatimiz rahbariga ushbu mukofotni Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili topshirdi.
1998-yilda ta’sis etilgan “Oltin mo‘yna” ordeni mamlakatning oliy mukofotlaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.
3 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida ushbu tashrif o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, inves¬titsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Shundan so‘ng Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari 8-iyul kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Minsk shahriga keldi. Ikki mamlakat yetakchilari tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi.
O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Respub¬likasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 29 iyul kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Ostona shahrida “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. “Baris Arena” muz saroyida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev 30 iyul — 1 avgust kunlari Qirg‘iz Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi rahbarlari ishtirokida tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi ¬muzokaralar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston — Qirg‘iziston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bugungi kunda o‘zaro munosabatlar har qachongidan ham yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama sheriklikni davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqadi.
— Endi bizning asosiy vazifamiz — hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, loyiha va tashabbuslar bilan boyitish, — dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Qirg‘izistonning yuksak mukofotini davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich — ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
1996-yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.
Prezidentimiz Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining 31-iyul kuni Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Yetakchilar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari va xalqlarining barqaror rivojlanishi, iqtisodiy taraqqiyoti, xavfsizligini ta’minlash hamda farovonligini yuksaltirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.
— Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda, — dedi O‘zbekiston rahbari so‘zining avvalida.
Prezidentimiz murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro voqelikni tahlil qilar ekan, uchrashuv ishtirokchilarini qat’iyat bilan harakat qilish va o‘zaro muvofiqlashuvni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi — makromintaqaviy darajaga olib chiqayotganini, mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbari nutqining yakunida umumiy kuchimiz — birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qat’iy intilishda ekanini yana bir bor urg‘uladi.
Biror masala, soha va yo‘nalish e’tibordan chetda emas
Odatda davlatimiz rahbari huzurida bo‘lib o‘tadigan taqdimot va videoselektor yig‘ilishlari mavzu va yo‘nalish jihatidan turli-tuman bo‘ladi, ya’ni birorta ham soha va yo‘nalish e’tibordan chetda qolmaydi.
Iyul oyidagi ana shunday yig‘ilishlarning dastlabkisida transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, navbatdagi mavzu cho‘llanishga qarshi kurashish va “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish bo‘yicha takliflarga bag‘ish¬landi.
Shuningdek, Prezidentimiz neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi. 2026-2027 yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Yana bir yig‘ilishda davlat boshqaruvida yagona raqamli platformani joriy etish choralari haqida so‘z bordi.
Navbatdagi yig‘ilishda Prezidentimizga xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi. Pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan yig‘ilishda esa tizimdagi kechiktirib bo‘lmas vazifalar belgilab olindi.
Prezidentimiz 15 iyul kuni tanishgan taqdimotda Belarusga tashrif davomida hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir masala ko‘rib chiqildi. Shu kuni iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan ham taqdimot bo‘lib o‘tdi.
16 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish masalasi ko‘rildi. Davlatimiz rahbari huzurida, shuningdek, madaniyat va san’atni rivojlantirish, milliy merosimizni asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan navbatdagi loyiha va tadbirlar taqdimoti o‘tkazildi. Bundan tashqari, yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahlili, ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash, energetika tarmog‘ida boshqaruv va mas’uliyatni kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar, Nukus shahridagi issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda ham kechiktirib bo‘lmas vazifalar belgilab olindi.
Ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lida
28-iyul kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Mamlakatimiz yetakchisi Italiya, Falastin, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Kuvayt, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi, Malayziya, Pokiston Islom Respublikasi, Ozarbayjon va Qozog‘iston Res¬publikasi favqulodda va muxtor elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Mamlakatimiz yetakchisi diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini yurtimizdagi sharafli missiyasi boshlangani bilan chin qalbdan samimiy tabrikladi. Dunyoda turli geosiyosiy ziddiyatlar tobora avj olayotgan hozirgi murakkab davrda diplomatlarning mas’uliyatli faoliyati har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidladi. Har bir elchiga murojaat qilib, ular vakillik qilayotgan davlatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Marosim yakunida diplomatlar samimiy qabul va yaratilgan imkoniyatlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solishlarini ta’kidladi.
Prezidentimiz 6 iyul kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
7-iyul kuni “BlackRock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda strategik sheriklikni, avvalo, yoqilg‘i-energetika sohasida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston rahbari Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, shuningdek, Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi.
Prezidentimiz 14 iyul kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. O‘zbekiston — Italiya strategik sherikligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari
17-iyul kuni Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov, 20-iyul kuni Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich, 28-iyul kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahad bin Abdulrahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiyalarni qabul qildi.
Muxtasar aytganda, yozning harorati eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqan iyul oyi mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida ham qaynoq mavsum sifatida tarixga muhrlandi. Yoki maqola avvalida ta’kidlaganimizdek, inson manfaatlari ustuvor jamiyat sari navbatdagi dadil qadamlar pallasi bo‘ldi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri