Hujjat ijtimoiy tarmoqlar, videoplatformalar, onlayn o‘yinlar, sun’iy intellekt chatbotlari va boshqa raqamli xizmatlarda voyaga yetmaganlar xavfsizligini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Taklifga ko‘ra, 13 yoshga to‘lmagan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ocha olmaydi. 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun esa akkauntlar faqat ota-ona yoki vasiy tomonidan ochilishi va nazorat qilinishi mumkin. Bunday «mini-akkauntlar»ning funksiyalari cheklangan bo‘ladi, ulardan foydalanish vaqti esa kuniga kupi bilan bir soat etib belgilanadi.

15 yoshdan boshlab o‘smirlarga mustaqil akkaunt ochish imkoni berilishi taklif etilmoqda. 15–18 yoshdagi foydalanuvchilar uchun esa platformalar «xavfsiz dizayn» tamoyili asosida ishlashi kerak bo‘ladi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, yangi yondashuvda asosiy mas’uliyat platformalarning o‘ziga yuklanadi. Ya’ni xizmatlar bolalar uchun xavfsiz ekanini platformalarning o‘zi isbotlashi talab etiladi.

Taklifda bolalarni o‘ziga jalb qilib, ortiqcha vaqt sarflashga undaydigan «qaramlikka olib keluvchi» funksiyalarni cheklash, tavsiya algoritmlarini bolalar uchun xavfsizlashtirish, begona shaxslarning bolalar bilan aloqasini cheklash va akkauntlarni standart holatda maxfiy saqlash kabi talablar ham belgilangan.

Fon der Lyayen, shuningdek, bolalarning tobora ekstremal kontentga jalb qilinishi hamda qizlarning suratlaridan sun’iy intellekt orqali seksuallashtirilgan soxta tasvirlar yaratilishini qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Yangi tartibda foydalanuvchilarning yoshini tekshirish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, platformalar foydalanuvchining yoshini ishonchli usulda tekshirishi kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, EU KIDS Act hozircha qonunchilik taklifi hisoblanadi. Uni qabul qilish uchun keyingi qonunchilik jarayonlaridan o‘tish talab etiladi.