Maʼlum qilinishicha, universitet 2024 va 2025 yillarda 1001–1500 oʻrinlar guruhidan joy olgan boʻlsa, 2026 yilgi reytingda 801–1000 oʻrinlar oraligʻiga koʻtarildi. Bu natija oliy taʼlim muassasasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi faoliyati yuqori baholanganini koʻrsatadi.

FarDU bir qator yoʻnalishlarda ham yuqori natijalarni qayd etdi. Xususan, «Sifatli taʼlim» (BRM 4) yoʻnalishi boʻyicha dunyoda 201–300 oʻrinlar guruhidan, «Ochlikka barham berish» (BRM 2) yoʻnalishida ham 201–300 oʻrinlar guruhidan, «Tengsizliklarni qisqartirish» (BRM 10) yoʻnalishi boʻyicha esa 301–400 oʻrinlar guruhidan joy oldi.

Universitet matbuot xizmatiga koʻra, mazkur natijalar taʼlim sifatini oshirish, inklyuziv taʼlim muhitini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar orqali barqaror rivojlanishga hissa qoʻshish hamda teng imkoniyatlarni taʼminlash borasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasidir.

Qayd etilishicha, ushbu yutuq professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, talabalar, bitiruvchilar va xalqaro hamkorlarning hamjihatlikdagi mehnati natijasi boʻlib, universitet kelgusida ham taʼlim sifati, ilmiy salohiyat va barqaror rivojlanish sohalarida yangi marralarni zabt etishni maqsad qilgan.