Maʼlum qilinishicha, yashirin iqtisodiyotning oldini olish yuzasidan Fargʻona viloyati soliq boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tahlillar davomida yirik qonunbuzilish holati fosh etilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro T.Z. rahbarligida Fargʻona shahrida tashkil etilgan «E.F.F.» va «F.E.O.Z.» MCHJlari joriy yil may oyida Termiz shahrida roʻyxatdan oʻtgan «T.B.S.E.» MCHJdan goʻyoki 1,2 trillion soʻmlik un va sariyogʻ mahsulotlarini sotib olgani haqida elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirgan.

Soliq organlari tomonidan korxonalarning QQS hisobotlari tahlil qilinib, ularning yuridik manzilidagi omborlarda tovarlar mavjudligi oʻrganilgan. Natijada Fargʻonadagi korxonalarga amalda hech qanday mahsulot yetkazib berilmagani, shuningdek, mazkur tovarlar uchun biror soʻm ham pul oʻtkazilmagani maʼlum boʻlgan.

Shu tariqa, Termiz shahridagi korxona tomonidan Fargʻonadagi ikki MCHJ uchun 125,4 mlrd soʻmlik sunʼiy QQS summasini shakllantirishga urunilgani aniqlangan.

Tezkor choralar natijasida «E.F.F.» va «F.E.O.Z.» MCHJlarning QQS guvohnomalari vaqtincha toʻxtatilib, aniqlashtirilgan QQS hisobotlari qabul qilindi hamda 125,4 mlrd soʻmlik sunʼiy QQS hisobdan chiqarildi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur firibgarlik sxemasi ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta fiskal cheklarni tarqatish va ular asosida noqonuniy keshbek olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Holat yuzasidan toʻplangan materiallar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Soliq organlari fuqarolarga «Soliq» mobil ilovasida faqat oʻzlari amalga oshirgan xarid yoki olgan xizmat uchun berilgan haqiqiy fiskal cheklarni roʻyxatdan oʻtkazishni, ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa shaxslar orqali tarqatilayotgan soxta cheklerden foydalanmaslikni tavsiya qildi. Bunday harakatlar qonunga zid hisoblanadi va belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.