Maʼlum qilinishicha, tezkor tadbir davomida tuman ekologiya boʻlimi xodimining qonunga zid harakatlari fosh etilgan. Tergovga qadar tekshiruv materiallariga koʻra, u tumandagi «Arab» mahallasi hududida joylashgan 4 gektar yer maydonidagi yovvoyi daraxtlarning kesilishi va hududning qumdan tozalanishiga bir yil davomida chora koʻrmaslik evaziga fuqoradan 10 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.
Tezkor tadbirda u vositachi orqali pora mablagʻining 9,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, pora olishda vositachilik qilgan shaxs ham qoʻlga olingan.
Bundan tashqari, vositachi boshqaruvidagi avtomashina koʻzdan kechirilganda, giyohvandlik vositasiga oʻxshash moddalar aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.