Endilikda paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isi narxi 1 tonnasi uchun 13 mln so‘mdan qimmat bo‘lsa, oshgan summaning 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismini davlat subsidiya sifatida qoplaydi. Buning uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi – subsidiya proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.
Subsidiya olish uchun:
dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi;
fermerning ekin maydonlari va ekin turlari Agroportal tizimiga kiritilgan bo‘lishi;
xarid qilingan dizel yoqilg‘isi agrotexnologik xaritada belgilangan aprel–iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun ishlatilgan bo‘lishi kerak.
Subsidiya miqdori Agroportal ma’lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi. Hisoblangan mablag‘lar Agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Agar texnik nosozlik yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilish sababli fermer haqidagi ma’lumotlar Agentlikka yetib bormasa, u Agenlikka yozma ravishda yoki Agroportal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.