Fransiya hududining 85 foizi issiq havo va yog‘ingarchilikning yetarli emasligi tufayli qurg‘oqchilikdan zarar ko‘rdi, deb xabar berdi Kazinform.
Yevropa Ittifoqining (YEI) "Kopernik" Yerni kuzatish dasturi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yozda Fransiyaning katta qismida qurg‘oqchilik kuzatilgan.
Iyul oyi o‘rtalaridagi holatga ko‘ra, mamlakat hududining 85 foizida qurg‘oqchilik haqida ogohlantirish e’lon qilingan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 65 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil yozida 2 foizdan kam bo‘lgan.
"Kopernik" dasturining "Sentinel-3" sun’iy yo‘ldoshidan olingan tasvirlar mamlakatdagi qurg‘oqchilik ko‘lamini yaqqol namoyon etdi.
Fransiyaning 2024-yil 11-avgust, 2025-yil 12-avgust va 2026-yil 8-avgust kunlari olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqqoslash mamlakat bo‘ylab o‘simlik qoplamidagi o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beryapti.
Fransiyaning 2024-yildagi tasvirida mamlakatning aksariyat qismida yashil rang ustun bo‘lgan. 2025-yilda esa, ayniqsa, mamlakatning g‘arbiy qismi va Parij aglomeratsiyasi hududida och jigarrang maydonlarning kengayishi kuzatilgan.
2026-yil 8-avgustda olingan so‘nggi tasvirda Atlantika okeani sohilidan mamlakatning shimoligacha bo‘lgan keng hududda sariq va jigarranglar ustunlik qilgan.
Cheklangan yashil hududlar va landshaftdagi qurg‘oqchilik holatiga alohida e’tibor qaratilgan.