Bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish umumjahon miqyosida jinoyatchilikning oldini olishdagi eng ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Bois, uning ayanchli oqibatlari ayrim davlatlar chegarasidan chiqib, butun insoniyat genofondi uchun xavotirli tahdid tusini olmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) tomonidan 2025-yilda eʼlon qilingan xalqaro hisobot bu tahdidning koʻlamini yaqqol koʻrsatadi. Maʼlumotlarga koʻra, global giyohvand moddalar savdosining yillik aylanmasi qariyb 800 milliard AQSH dollariga baholanmoqda. Dunyo boʻylab psixofaol moddalar isteʼmol qiluvchilar soni 316 million kishiga yetgan boʻlib, bu sayyoramizning mehnatga layoqatli (15–64 yosh) aholisining taxminan 6 foizini tashkil qiladi. Bunda kannabis hanuzgacha eng keng tarqalgan vosita boʻlib qolmoqda – undan 244 millionga yaqin inson foydalanmoqda.

Global miqyosdagi bunday murakkab vaziyat, tabiiyki, hech bir davlatni chetlab oʻtmaydi. Shu bois, yurtimizda ham jamiyatimiz salomatligi va milliy genofondimizni turli yot illatlardan himoya qilish, qolaversa, jahondagi narkovaziyat oʻzgarishlariga mos ravishda giyohvandlikka qarshi kurashish tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirib borish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 19-20-aprel kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida taʼkidlaganidek: “Bugun narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib borayotgani xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, jinoiy guruhlarning shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanayotgani narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda”.

Aynan ushbu zamonaviy chaqiriqlarga munosib javob qaytarish va Prezidentimiz taʼkidlagan yangicha yondashuvlarni amaliyotga joriy etish maqsadida, soʻnggi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga barham berish borasida salmoqli hamda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Xususan, mazkur yoʻnalishda sohaning huquqiy bazasi tubdan mustahkamlanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oʻzaro hamkorligi yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda narkojinoyatlar va giyohvandlikka qarshi kurashish oddiy vazifa doirasidan chiqib, keng qamrovli umummilliy harakat darajasiga koʻtarildi hamda bu borada barcha zarur kuch va vositalar toʻlaqonli safarbar etilmoqda. Xususan, soʻnggi davrda mazkur yoʻnalishdagi profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish va davlat idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar hayotga tatbiq etildi.

Ayniqsa, 2024-yilda giyohvandlikka qarshi kurashishga oid milliy strategiyaning qabul qilinishi mazkur yoʻnalishdagi eng muhim va strategik qadamlardan biriga aylandi.  Amalga oshirilayotgan mazkur tizimli chora-tadbirlar oʻz navbatida salmoqli natijalarni bermoqda. Jumladan, oxirgi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq jinoyatlarni fosh etish va aniqlash koʻrsatkichi ikki yarim barobarga oshdi.

Biroq, shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi axborot asri har qanday sohada boʻlgani kabi, mazkur yoʻnalishda ham yangidan-yangi chaqiriqlarni keltirib chiqarmoqda. Jahon amaliyotida kuzatilayotganidek, anʼanaviy vositalar oʻrnini yanada xavfliroq boʻlgan sintetik narkotiklar egallashi, ularning aksariyat hollarda internet tarmogʻi orqali, yashirin (“kontaktsiz”) usullarda sotilishi xavotirli holatdir. Qolaversa, mahalliy sharoitda baʼzi xufiyona laboratoriyalarni tashkil etishga boʻlgan urinishlarning uchrab turgani sohadagi huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni bugungi realliklarga moslashtirishni, shuningdek, zamonaviy va taʼsirchan profilaktik yondashuvlarni ishlab chiqishni talab etmoqda.

Raqamlarga yuzlanadigan boʻlsak, Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda mamlakatimizda narkojinoyatlar sohasida 15 412 ta jinoyat qayd etilib, 3 tonna 775 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan, 15 ta narkolaboratoriya aniqlangan. Narkojinoyat sodir etgan 11 049 nafar shaxslar javobgarlikka tortilgan. Achinarlisi, jinoyatchilarning 59 nafarini maktab oʻquvchilari, 124 nafarini talabalar tashkil etganligi jamiyatimiz oldida qanchalik jiddiy vazifalar turganini koʻrsatadi. Yosh avlodning bu illat qurboniga aylanishi qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishi haqida Davlatimiz rahbari mazkur xalqaro forumda taʼkidlaganidek: “Xalqimizda “Bir bola yoʻldan chiqsa – jamiyat izdan chiqadi”, degan hikmatli gap bor. Shu maʼnoda, bir farzandning giyohvandlik tuzogʻiga tushib qolishi, bu nafaqat uning oilasi, yaqinlari, balki butun bir mahalla uchun fojia”.

Bugungi kunning eng murakkab chaqiriqlaridan biri – bu raqamli vositalardan jinoiy maqsadlarda foydalanish holatlaridir. Jumladan, soʻnggi besh yil ichida poytaxtimizda sintetik narkotiklar aylanmasining 11 baravarga oʻsganligi mutaxassislarni jiddiy tashvishga solmoqda. Xavotirli tomoni shundaki, bunday moddalarning qariyb 95 foizi internet tarmogʻi orqali tarqatilib, oʻzaro hisob-kitoblar kriptovalyuta koʻrinishida, yashirin tarzda amalga oshirilmoqda.

Bu borada Prezident oʻz murojaatida alohida toʻxtalib oʻtdi: “Bugun narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib borayotgani xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, jinoiy guruhlarning shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanayotgani narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda”

Shu nuqtayi nazardan, mazkur qonunning asosiy maqsadi aynan yuqorida qayd etilgan noxush holatlarni bartaraf etish hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha milliy qonunchiligimizni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishdan iborat.

Taʼkidlash lozimki, mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga hamda ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlganligi uchun javobgarlikni belgilovchi normalarni tizimlashtirish va takomillashtirish bilan bogʻliq, shuningdek qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirishga, boshqa qonun hujjatlari bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksining XIX bobi “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlandi, bu orqali aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan yangi xavfli qilmishlar kiritilib, tegishli jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.

Xususan, narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari inobatga olinib, gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilandi, 10 dan ortiq xavfli qilmish boʻyicha jazo choralari kuchaytirildi.

Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning bir qator moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilib, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini oz miqdorda gʻayriqonuniy ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish uchun javobgarlik kuchaytirildi, jamoat joylarida giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Qayd etish lozimki, ushbu qonun zamonaviy xalqaro hamjamiyatda yuzaga kelgan giyohvand moddalar savdosi uchun jazolarni kuchaytirish standartlariga toʻlaqonli mos keladi. Jumladan, bugungi kunda ilgʻor xalqaro va xorijiy tajribada qattiq jinoiy sanksiyalarni (shu jumladan, umrbod qamoq jazosini) belgilash koʻzda tutilgan.

Misol uchun, AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda narkojinoyatlar uchun umrbod va uzoq muddatli qamoq jazosini keng qoʻllash mumkin, Osiyo mintaqasi bir qator mamlakatlarida (Singapur, Eron, Xitoy) “nol tolerantlik” siyosati doirasida giyohvand moddalarni koʻp miqdorda ishlab chiqarish, saqlash va sotish oʻlim jazosi bilan jazolanishi mumkin.

Qonun bilan giyohvandlikka qarshi jinoiy jazolarni belgilash barobarida, mazkur jinoyatlarga qoʻl urishni oldini olishda preventiv chora sifatida yana bir muhim chora koʻzda tutiladi. Endilikda giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini qonunga xilof muomalasi, narkolaboratoriya tashkil etish bilan bogʻliq jinoyatlar, ushbu jinoyatlarga homiylik qilganlik bilan bogʻliq har qanday jinoyatni sodir etgan shaxslar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi taqiqlanadi. Bu esa, jinoyatga qoʻl urishdan oldin shaxslarni yana bir bor oʻylab koʻrish, jinoyat yoʻliga qadam bosishdan oʻzini tiyishga sabab boʻladi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi shunchaki jazo choralarini qatʼiylashtirish emas, balki butun jamiyatimizni, ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlarimizni asrab qolish yoʻlidagi kuchli va aniq yoʻnaltirilgan huquqiy qadamdir.

Uning amaliyotga joriy etilishi, eng avvalo, mamlakatimizda narkojinoyatlarga nisbatan qatʼiy murosasiz muhitni – oʻziga xos “nol tolerantlik”ni shakllantiradi. Jinoyatchilar uchun jazoni muddatidan oldin yengillashtirish imkoniyatining bekor qilinishi va sanksiyalarning ogʻirlashtirilishi jazoning muqarrarligi prinsipini amalda namoyon etadi. Bu esa oson va harom boylik orttirishni koʻzlab, jinoyat koʻchasiga kirmoqchi boʻlganlarni oʻz niyatidan qaytaruvchi kuchli psixologik va huquqiy toʻsiq vazifasini oʻtaydi.

Qolaversa, zamonaviy tahdidlar – sintetik narkotiklarning internet makoni va kriptovalyutalar orqali yashirin tarqatilishiga hamda xufiyona laboratoriyalar tashkil etilishiga qarshi keskin huquqiy mexanizmlarning ishlab chiqilgani sohadagi jinoiy tarmoqlarning ildiziga berilgan zarba boʻladi. Natijada, farzandlarimizni virtual makondagi pinhona tuzoqlardan asrash, ularning ongi va sogʻligʻini zaharlanishining oldini olishda sezilarli ijobiy burilish yasaladi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu tarixiy hujjat nafaqat jinoyatchilikka qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun oʻtkir qurol, balki millat salomatligi, jamiyat xavfsizligi va sogʻlom genofondimizni turli yot tahdidlardan himoya qiluvchi mustahkam qalqon boʻlib xizmat qiladi. Oxir-oqibat, bu oʻzgarishlar har bir oilaning xotirjamligini taʼminlab, davlatimizning xavfsiz va barqaror taraqqiyotiga zamin yaratadi.

Shuxrat Mirzayev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi  

Doniyorov Dilyor,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi