Lekin shu paytgacha ziyoratgoh bunga toʻla imkon bermas, uning atrofida ham shunga yarasha sharoit va imkoniyatlar, sayyohlar uchun qulayliklar boʻlmagan. Taʼbir joiz boʻlsa, majmua buyuk muhaddis bobomizning maʼnaviy merosi va islom olamidagi shuhratiga mos emas edi.
Davlatimiz
rahbarining alohida eʼtibori bilan dastlab bu yerda Imom Buxoriy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Soʻng majmua
hududi kengaytirilib, ziyoratchilarga har tomonlama qulaylik yaratilishi
hisobga olindi va ziyoratgohni yangidan bunyod etishga kirishildi. Keyingi 7-8
yilda bu yerda loyihalashdan tortib, qurilish, obodonlashtirish ishlarigacha
boʻlgan jarayon Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻldi. Davlatimiz rahbari
har gal Samarqandga kelganida, hatto pandemiya davrida ham, avvalo, majmuadagi
ishlar bilan tanishib, qurilishning sifatli va xalqaro talablar darajasida
bajarilishini nazorat qildi, zarur tavsiyalar berdi. Ilgari Imom Buxoriy
hazratlarining qabri maqbara ostidagi kichik bir xonada boʻlib, bu joyga
besh-olti kishigina sigʻishi mumkin edi. Koʻp hollarda nufuzli delegatsiyalar
tashrifi chogʻida ushbu holat noqulayliklar keltirib chiqarardi. Bugun esa
maqbara ostida joylashgan qabr atrofida yuzlab mehmon tilovat qilishi mumkin.
Samarqand
viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi ushbu buyuk
allomaning xotirasiga, uning ilmga bagʻishlangan umri va islom ilmlariga
qoʻshgan ulkan hissasiga chuqur ehtirom ramzi sifatida barpo etildi.
Prezidentimizning 2020-yil 2-martdagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston
Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar
strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da
amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, ushbu
yodgorlik yangi loyiha asosida qayta barpo etildi. Natijada majmua bugun
mukammal meʼmoriy yechimga ega boʻldi.
Binolar
qurilishida mamlakatimizning mohir ustalari bilan birga xorijiy davlatlardan
kelgan meʼmor va hunarmandlar ham ishtirok etdi. Majmua meʼmorchiligida milliy
va islom meʼmorchiligi anʼanalari uygʻunligi namoyon boʻlib, koshinkorlik,
naqqoshlik, handasaviy naqshlar va epigrafik bezaklar orqali yuksak badiiy
qiymat kasb etgan. Bu jihatdan Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyoratgoh, balki
noyob meʼmoriy yodgorlik sifatida ham ahamiyatlidir.
Umumiy
maydoni 63,2 gektarni tashkil etuvchi ziyoratgoh hududidagi barcha inshoot
yagona meʼmoriy va maʼnaviy gʻoya asosida barpo etilgan. Majmua tarkibiga Imom
Buxoriy maqbarasi, masjid, innovatsion muzey, maʼmuriyat binosi, keng ayvonlar
va yordamchi inshootlar kiradi. Majmua peshtoqlari va ayvon devorlariga Qurʼoni
karim oyatlari va hadislar bitilgan.
Majmuaning
asosiy meʼmoriy markazi boʻlgan masjid ulugʻvor qiyofasi va mukammal loyihaviy
yechimi bilan har bir ziyoratchini hayratga soladi. Inshootning birinchi qavati
va yer osti qismi 60×60 metr oʻlchamda barpo etilgan boʻlib, ichki hajmning
oʻrta — ustunsiz qismi 38×38 metrni tashkil etadi. Bunday muhandislik yechimi ibodatxona
ichida keng, yorugʻ va ochiq fazo yaratib, jamoaviy ibodatni bemalol ado etish
imkonini taʼminlaydi.
Masjid
gumbazining diametri 19 metr boʻlib, uni toʻrt tomondan har birining diametri 8
metrli kichik gumbazlar uygʻun tarzda toʻldirib turadi. Zalning balandligi
chetki qismlarda 11,5 metrni tashkil etsa, markaziy qismi 41,1 metrgacha
koʻtarilgan. Ana shu meʼmoriy mutanosiblik va balandlik uygʻunligi imoratga
betakror salobat va ulugʻvorlik bagʻishlaydi.
Masjid
bir vaqtning oʻzida 10 ming namozxonni sigʻdira olish quvvatiga ega. Birinchi
qavatdagi asosiy namozgoh 3440 kvadrat metr maydonni egallab, umumiy hajmi 69
ming 429 kub metrni tashkil etadi. Ayollar uchun moʻljallangan yer osti qismi
esa 20 ming 491 kub metr hajmga ega boʻlib, zamonaviy talablar asosida barcha
sharoit yaratilgan.
Ushbu
koʻlam va meʼmoriy yechimlar masjidni nafaqat ibodatgoh, balki muhtasham
meʼmoriy obida sifatida ham namoyon etadi. Anʼanaviy islomiy uslubda, zamonaviy
meʼmoriy yechim uygʻunlashgan holda barpo etilgan ushbu masjid binosi ochiqlik,
birdamlik va bagʻrikenglik ramzidir.
Ziyoratgohning
toʻrt burchagida qad rostlagan, balandligi 75 metrga yetadigan toʻrt minora
majmuaning meʼmoriy qiyofasiga oʻziga xos salobat va koʻrk bagʻishlaydi.
Ularning mutanosib balandligi va nafis shakliy yechimi inshootning
ulugʻvorligini yanada oshiradi. Uzoqdanoq koʻzga tashlanadigan ushbu minoralar
ziyoratgohning maʼnaviy nufuzi va meʼmoriy qudratini ifodalovchi timsol hamdir.
Imom
Buxoriy maqbarasi — majmuaning maʼnaviy markazi. Maqbara binosi yer ustida
14×14 metr oʻlchamda qad rostlagan. Eski maqbara qismi 9×9 metrni tashkil etar
edi. Imorat umumiy balandligi 28, gumbaz diametri 8,3 metrga teng. Maqbaraning
yer osti zali maydoni 1850 kvadrat metr boʻlib, ziyoratchilar uchun shinam
sharoit yaratilgan.
Majmuaga
kirish va chiqishni taʼminlovchi ikki ayvonning har biri 684 kvadrat metr
maydonga ega boʻlib, ularning diametri 17 metrni tashkil etadi. Yon ayvonlarda
ustun balandligi 7,8 metr, ustunlar orasidagi masofa esa 5,4×5,4 metr. Bu
oʻlchamlar ayvonlarda kenglik va nafosat uygʻunligini taʼminlagan.
Davlatimiz
rahbari har gal Samarqandga tashrifi chogʻida ushbu tabarruk ziyoratgohni
tiklash, uning tarixi va mazmunini toʻgʻri talqin qilib yetkazish boʻyicha
koʻrsatmalar berar edi. 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga
davlat tashrifi davomida Prezidentimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va
islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan yaqindan tanishdi. Shu taassurotlar asosida
2022-yil 24-avgust kuni Imom Buxoriy majmuasiga tashrif chogʻida berilgan
koʻrsatmalar asosida majmua tarkibidagi innovatsion muzeyni barpo etish ishlari
boshlab yuborildi.
Toʻqqiz
pavilyondan iborat innovatsion muzey Imom Buxoriyning hayoti va boy ilmiy
merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini namoyon etadi.
Shuningdek, muzey ekspozitsiyalarida Qurʼoni karimda ismi zikr etilgan 25
paygʻambar tarixi, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va
Madinadagi hayot yoʻllari, buyuk muhaddislar nomi va ular qoldirgan boy meros,
hadislarning jamlanishi va yozib olinish jarayoniga oid muhim maʼlumotlar oʻrin
olgan.
Ziyoratchilarning
majmua boʻylab qulay harakatlanishini taʼminlash maqsadida zamonaviy lift
tizimi oʻrnatilgan: 1000 kilo koʻtarish quvvatiga ega panoramali lift, 800
kilogacha koʻtaradigan oltita bir tomonlama eshikli lift va 400 kilo yuk
koʻtaradigan bir tomonlama eshikli lift. Bundan tashqari, ikkita eskalator ham
oʻrnatilgan.
Majmua
hududida ziyoratchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. ziyoratchilar
ekskursiya xizmati, axborot materiallari va maʼrifiy suhbatlar orqali buyuk
allomaning ibratli hayoti va merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega
boʻladi. Bu muqaddas qadamjoda avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat
koʻrsatilgan boʻlsa, hozir 65 ming mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat
koʻrsatish imkoniyati mavjud. Ziyoratgoh atrofida mehmonxonalar va savdo-servis
nuqtalari tashkil etilgan.
Imom
Buxoriy yodgorlik majmuasi bugun Oʻzbekistondagi eng muhim maʼnaviyat va
maʼrifat markazlaridan biri sifatida yangidan faoliyat boshladi. Oʻzining ilmiy
ahamiyati, maʼnaviy qudrati va meʼmoriy goʻzalligi bilan u inson qalbida
poklik, ilmga, buyuk ajdodimizga hurmat, milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat
tuygʻularini mustahkamlaydigan qutlugʻ maskandir. Bir necha ming namozxonni
sigʻdira oladigan masjid, mahobatli toʻrt minora, innovatsion muzey, zamonaviy
lift va eskalatorlar, yuqori oʻtkazuvchanlikka ega tahoratxonalar,
mehmonxonalar va servis nuqtalari — bularning barchasi majmuaning nafaqat
muqaddas maskan, balki yuksak darajadagi xizmat koʻrsata oladigan zamonaviy
obyekt ekanidan dalolat beradi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi buyuk
allomaning islom ilmlariga qoʻshgan beqiyos hissasiga munosib hurmat ifodasi
sifatida asrlar davomida avlodlarga meros boʻlib qoladi.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro
ilmiy-tadqiqot
markazi direktori oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori