Shu bois, ijro intizomini yanada mustahkamlash, bu borada qat’iy tartib o‘rnatish, temir intizomni joyiga qo‘yish, joylardagi hokimlar va hokimliklar mas’ul xodimlarining dunyoqarashini o‘zgartirish asosiy vazifa sifatida belgilab berilgan.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, eksport hajmi va geografiyasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Namangan viloyati hokimligida ham ijro intizomini yanada yaxshilashga qaratilgan tizim yaratilgan. Shu maqsadda Namangan viloyati, shahar va tumanlar hokimliklari, respublika tashkilotlarining hududiy boshqarmalarida ijro intizomiga rioya etilishi, O‘zbekiston Prezidenti, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan hokimlikka yuklatilgan topshiriqlar ijrosi qattiq nazoratga olingan.
Bu ishlar O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda. Haftaning har juma kuni hokimning ijro intizomiga mas’ul birinchi o‘rinbosari, haftaning har dushanba kuni hokim huzurida, shuningdek, haftaning har chorshanba va shanba kunlari Bosh vazir maslahatchisi huzurida muntazam tanqidiy va tahliliy muhokama jarayonida topshiriqlarning ijrosini o‘z muddatida, to‘liq va sifatli ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Namangan viloyati hokimligiga yuklatilgan topshiriqlar ijrosini sifatli ta’minlash yuzasidan har oy uchun kalendar-reja hamda “yo‘l xarita”lar ishlab chiqilib, ijro uchun barcha darajadagi hokimlar va mas’ul xodimlarga etkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali jami 358 ta qonunchilik hujjati, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 58 ta farmoni, 140 ta qarori, 4 ta farmoyishi, 69 ta bayoni, Prezident Administratsiyasi rahbarining 5 ta farmoyishi va bayoni, 35 ta rezolyutsiyasi, Vazirlar Mahkamasining 47 ta qarori kelib tushgan. Mazkur hujjatlar bilan Namangan viloyati hokimligiga yuklatilgan jami 1032 ta topshiriq ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Viloyatda har bir qarorning amaliy natijasiga alohida e’tibor qaratiladi. Asosiy mezon aholi roziligi va islohotlarning hayotdagi samarasidir.
Rahbarlardan talab etilayotgan eng muhim jihat — shaxsiy mas’uliyat va tashabbuskorlik. Bugungi kunda vaqtni boy berishga yoki vazifalarni orqaga surishga hech qanday asos yo‘q. Prezidentimiz islohotlar natijasi, avvalo, eng quyi bo‘g‘inda sezilishi kerakligini, agar tuman yoki shahar darajasida o‘zgarish bo‘lmasa, har qancha urinmaylik, u kutilgan samarani bermasligini alohida ta’kidlaydi.
Bu fikr har bir rahbar uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qilishi lozim. Chunki xalq davlat siyosatining samarasini aynan tumanida, mahallasida va o‘z hayotida his qilishi kerak.
Prezidentimiz joriy yil 23-iyun kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurib, viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, shuningdek, yirik investitsiya loyihalari bilan tanishgandi.
Tashrif davomida 175 million dollar hisobiga Namangan xalqaro aeroportida qurilayotgan yangi yo‘lovchi terminali bilan tanishdi. Bu yerda maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli terminal barpo etilib, soatiga 1,2 ming, yiliga
3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi, 550 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi, kunlik quvvati 50 tonna bo‘lgan kargo terminali ishga tushiriladi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 10 gektar maydonda tashkil etilayotgan, qiymati 35 million dollarlik Namangan qo‘ychilik klasteri faoliyati bilan ham tanishdi. Klasterda dastlab 15 ming bosh nasldor qo‘y boqilib, keyinchalik 35 ming boshga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 121 gektar maydonda tashkil etilgan “Uychi parranda” korxonasida bo‘ldi. Bu yerda 50 million dollar investitsiya hisobiga 60 ming bosh naslli tovuq parvarishlanmoqda, kuniga 60 ming dona tuxum olish va 50 ming bosh jo‘ja ochirish imkoniyati yaratilgan.
Parrandachilik komplekslarida har bir siklda 120 tonna go‘sht ishlab chiqarilmoqda. Loyihani kengaytirish natijasida viloyatdagi parrandalar soni 12 millionga yetkazilib, mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Tashrif doirasida Yangi Namangan shaharchasidagi 1,7 gektar maydonda xitoylik hamkorlar bilan 17 qavatli AT majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Majmuada ta’lim, eksport, kovorking, startap akseleratori va ofis xizmatlari joylashtirilib, 2 ming yosh yuqori daromadli ish bilan ta’minlanib, AT xizmatlar hajmi 500 milliard so‘mga, eksport hajmi esa 30 million dollarga yetkaziladi.
Shundan so‘ng Namanganning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi muhokama qilindi. So‘nggi yillarda viloyat sanoat hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgani qayd etildi.
Joriy yilda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foiz, sanoatni 9 foiz, xizmatlarni 17 foiz va qishloq xo‘jaligini 6,8 foiz oshirish vazifasi belgilab berildi.
Shuningdek, viloyatga 4,5 trillion so‘m budjet mablag‘i ajratilgan, kichik va o‘rta biznes uchun 6,5 trillion so‘m resurs yo‘naltirilmoqda. Yil yakuniga qadar 80 ming aholini ish bilan ta’minlash, 314 ming fuqaroning daromadini oshirish va 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Joriy yilda Namanganga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
223 ta obyektda 430,7 milliard so‘m evaziga 800,2 kilometr ichki yo‘lni ta’mirlash belgilangan, bugungi kunga qadar 406,2 kilometr yo‘lda ta’mirlash ishlari bajarildi.
Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasidagi keng qamrovli sa’y-harakatlar mahallalarning tashqi qiyofasi va infratuzilmasini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda 8210 ta xonadonli 139 ta ko‘p kvartirali uy qurilishi rejalashtirilgan, ayni paytga qadar 1698 ta xonadonli 28 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi.
Viloyatda umumiy maydoni qariyb 805 gektar bo‘lgan 73 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, maydoni 127 gektarni tashkil etuvchi 18 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilingan. Ulardagi 1294 ta investitsiya loyihasiga umumiy hisobda 7,4 trillion so‘mdan ziyod sarmoya jalb etilgani hudud iqtisodiyotiga ishonchning yorqin ifodasidir.
Namanganda qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, er va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sohadagi islohotlar mahsulot hajmini oshirish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
2026 yil yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlari hamda xizmatlarining umumiy hajmini 44,8 trillion so‘mga etkazish rejalashtirilgan.
Paxtachilik va g‘allachilikda yuqori natijalar qayd etilmoqda. O‘tgan mavsumda 224 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi, 560 ming tonnadan ziyod don etishtirildi. Bu yil ham 645,5 ming tonnadan ziyod don hosili olish ko‘zda tutilgan.
Maktabgacha ta’lim tizimi izchil rivojlanmoqda. Bugun viloyatda qariyb
4 mingta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 225 mingdan ortiq bola tarbiyalanmoqda.
Ta’lim sohasida viloyatimiz yoshlari respublika va xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalarga erishmoqda. Misol uchun, O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan “Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasida Kosonsoy tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi Madina Karimjonova oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 40 dan ziyod davlatidan 900 ga yaqin o‘quvchi yosh qatnashgan Osiyo — Tinch okeani mintaqasi xalqaro informatika olimpiadasida o‘zbekistonlik 4 nafar yosh dasturchi yuqori natijalarni qayd etdi. Xususan, Namangan shahridagi prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Rahmatullayev munosib ishtiroki bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilda 1,2 million kishi ommaviy sport harakatiga jalb etilgani sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasidagi ishlar samarasini namoyon etmoqda. Yil boshidan buyon o‘tkazilgan respublika musobaqalarida sportchilarimiz 666 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, jahon va Osiyo chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda 69 ta medalga ega bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni davrda viloyatda 826 ta tibbiyot muassasasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Davlat va xususiy sektor hamkorligi tufayli tibbiy xizmatlar qamrovi va sifati sezilarli darajada oshdi. Kardiologiya, travmatologiya, onkologiya, neyroxirurgiya va oftalmologiya sohalarida zamonaviy texnologiyalar joriy etildi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali Avstriyaning “AME international” xalqaro tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga asosan, umumiy qiymati 8,9 million evro bo‘lgan xorijiy investitsiya hisobiga 65 turdagi 343 dona zamonaviy tibbiy jihoz bilan ta’minlandi.
Turizm viloyat iqtisodiyotining yangi o‘sish nuqtasidir. Bugungi kunda turizm nafaqat madaniy-ma’rifiy sohaning bir qismi, balki iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. 2025-yilda viloyatga 1 million 523 mingdan ziyod xorijiy va 5 million 339 ming mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich belgilangan rejadan ancha yuqori bo‘lib, Namanganning turizm xaritasidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari va xostellar soni ortishi sayyohlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratmoqda. Ayniqsa, Kosonsoy, Pop, Chust, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida tashkil etilgan kapsula uylar, o‘tovlar, kempinglar va modulli mehmonxonalar ekologik va tog‘ turizmi jozibadorligini oshirdi. Bu hududlar bugungi kunda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun eng qiziqarli manzillardan biriga aylanmoqda.
Prezidentimizning gullar festivali haqida gapirib, “...bu bayram namanganliklar hayotiga singib, yaxshi an’anaga aylanib qolgani bejiz emas. Nega deganda, gulu rayhonni, go‘zallikni yaxshi ko‘radigan va shunday obodlikni o‘z qo‘li bilan yaratadigan odamlarning qalbi ham go‘zal bo‘ladi”, degan so‘zlari butun Namangan ahli uchun yuksak e’tirof va katta ishonch namunasi bo‘ldi. Endi xalqaro gullar festivali Namanganning tashrif qog‘oziga aylandi.
Bu festival 2018-yildan boshlab xalqaro maqomga ega bo‘ldi va bugun dunyoning turli mamlakatlaridan mehmonlarni o‘ziga jalb etayotgan yirik xalqaro tadbir sifatida tantanali ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilgi 65-xalqaro gullar festivali ochilish marosimining o‘zida 513 ming mahalliy va 6385 xorijiy mehmon ishtirok etgani tadbirning xalqaro nufuzi va islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Festival doirasida erishilgan muhim natijalardan biri sifatida Guinness World Records tashkiloti rasmiy vakili Sheyda Subasi xonim tomonidan e’lon qilingan e’tirofni alohida ta’kidlash zarur.
Sheyda Subasi xonim Ginness kitobi tomonidan belgilangan minimal talab 1 million tup guldan iborat bo‘lganini, Namangan viloyati esa bir oy mobaynida bir hududda 29 million 406 ming 384 tup gul ekilib, ushbu ko‘rsatkichni bir necha o‘n barobar ortda qoldirganini katta hayrat va hurmat bilan qayd etdi. Natijada viloyatimiz “Bir oy davomida jamoa tomonidan ekilgan eng ko‘p gullar” nominasiyasi bo‘yicha g‘olib topildi.
Bu yilgi gullar festivalini mutlaqo yangicha yondashuv asosida tashkil etdik. Ilk bor viloyatimizdagi barcha 754 ta mahalla festivalning bevosita ishtirokchisiga aylandi.
Festival doirasida xalqaro va respublika miqyosidagi 150 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Xususan, an’anaviy gullar festivali, OFF ROAD, motocross, lavanda sayli, hunarmandlar yarmarkasi va boshqa ko‘plab tadbirlar minglab tomoshabinlarni jalb etdi.
Namanganda hunarmandlikning ko‘plab yo‘nalishlari taraqqiy etgan. Xususan, yog‘ochdan xalq hunarmandligi mahsulotlari tayyorlash bilan 577 nafar, metalldan buyumlar yasash bilan 462 nafar, tikuvchilik va gul bosilgan gazlamalar ishlab chiqarish bilan 336 nafar usta shug‘ullanmoqda. Milliy liboslar, poyabzallar va mualliflik mebellari tayyorlash bo‘yicha ham o‘ziga xos maktab shakllangan.
Hunarmandlarimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati e’tiborga loyiq. Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandlik festivalida kashtachi usta Hakim Tojiboyev g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 5 ming dollar miqdoridagi mukofot bilan taqdirlandi.
Sanoatni rivojlantirish maqsadida 73 ta kichik sanoat zonasi va 2 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etildi. Bu hududlarda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratib, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Viloyat iqtisodiyoti jadal sur’atlarda o‘smoqda. Agar 2017 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 18,6 trillion so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 85,4 trillion so‘mga etdi. Bu esa iqtisodiy salohiyatimiz 4,5 barobar oshganini anglatadi.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida 813 ta yangi loyihani amalga oshirish orqali qariyb 38 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Joriy yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 100,9 trillion so‘mga etkazish, budjetga 4,8 trillion so‘m jalb qilish, 80 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishni rejalashtirganmiz.
2026 yil 13 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan maxsus videoselektor yig‘ilishida ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
“Ijro intizomini kuchaytirish — qat’iy talab” tamoyili asosida farmon va qarorlar, shuningdek, joylarda berilayotgan topshiriqlar ijrosi ustidan nazorat tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Ijro intizomining bosh mezoni oddiy fuqaroning davlat idorasidan va qabul qilingan qonunlardan roziligidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, intizom bor joyda baraka bo‘ladi, natija bo‘ladi. Ijro intizomi shunchaki xizmat vazifasi emas, balki xalq va Prezident oldidagi farzandlik va vijdon ishidir.
Prezidentimiz 2026-yil 24-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yilning dastlabki uch oyidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar sarhisob qilinib, global geosiyosiy va iqtisodiy tebranishlar sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlash choralari belgilab berildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida “Sayxunobod”, “Uychi” va “Zarbdor” tajribalari asosida xonadonbay ishlash, aholining tomorqadan daromad olishini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni rasmiy sektorga o‘tkazish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 1-chorakdagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi va yil yakunigacha bajarilishi shart bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘zimizga belgilab oldik.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida barcha shahar va tumanlarda, mahallalarda bayramga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Namangan viloyatida ham mustaqilligimizning 35 yilligi bayram tadbirlari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida munosib nishonlanadi.
Viloyatimizdagi 14 ta shahar va tuman markazi, 754 ta mahalla bayram bilan qamrab olinadi. Mustaqillik bayrami tadbirlari g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasining ma’no-mazmuni va yo‘nalishlari asosida tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Faoliyatimizdan chiqargan asosiy xulosamiz shu bo‘ldiki, ijro intizomi yangi O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlar talabi, bugungi o‘zgarishlar asosidir.
Shu bois, viloyatimizda har bir sohaga oid topshiriqlar ijrosini ta’minlashda barcha darajadagi rahbar va mutaxassislarni doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, tartib-intizomga qat’iy rioya etgan holda shaxsiy mas’uliyatini yuksaltirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shavkat ABDURAZZOQOV,
Namangan viloyati hokimi