Zamonaviy rivojlanish shiddati har bir hududdan eskicha yondashuvlardan voz kechish va yangicha iqtisodiy modelga o‘tishni talab etmoqda. Bir paytlar iqtisodiy qiyinchiliklar girdobida qolgan, davlat dotatsiyasi hisobidan kun ko‘rgan Namanganda bugun amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami shu qadar kattaki, aholi hayotidagi aniq o‘zgarishlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va yirik infratuzilma loyihalari kundan kunga yaxshilanib, kengayib, taraqqiy etib bormoqda. Hududda sanoat va eksport hajmining keskin oshishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining kengayishi hamda aholining tadbirkorlik faolligi yuqori bosqichga ko‘tarilgani viloyatni nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun mamlakat miqyosidagi yetakchi drayverlardan biriga aylantirmoqda.

Shu bilan birga, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ishlanmalarini amaliyotga tatbiq qilish, Namangan xalqaro aeroporti negizida zamonaviy terminal va kargo markazini barpo etish orqali hududning kelajakdagi raqobatbardoshligiga mustahkam poydevor qoyilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlarning markazida odamlarga munosib ish o‘rinlari va yuqori daromad manbaini yaratish, ularning turmush darajasini oshirishdek aniq va maqsadli vazifalar yotibdi.

Barcha jabhalarda yuksak salohiyati va beadoq imkoniyatlarini namoyish qilayotgan viloyatda kechayotgan ana shu islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, investitsiyaviy va innovatsion istiqbollari hamda aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor rejalarni atroflicha va xolis tahlil qilish maqsadida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan suhbat uyushtirdi.

— Shavkat Shokirjonovich, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar Namangan viloyatida qanday ¬o‘zgarishlarni yuzaga chiqardi? Viloyat rivojlanishida eng katta yutuq sifatida nimalarni qayd etgan bo‘lardingiz?

— Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar Namangan viloyati taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Eng muhimi, hududlarni rivojlantirishga oid yondashuv tubdan o‘zgardi — har bir tuman va shaharning iqtisodiy salohiyati, aholining ehtiyoji va tashabbuslari asosiy mezonga aylandi. Bu esa investitsiyalar jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda aniq natijalar bermoqda. Agar men eng katta yutuqni qayd etadigan bo‘lsam, bu — Namanganda iqtisodiy faollik va odamlarning o‘z kuchi, tashabbusi bilan daromad topish imkoniyatlari kengayganidir. So‘nggi yillarda viloyatda minglab yangi korxonalar tashkil etildi, sanoat ishlab chiqarishi bir necha barobar o‘sdi, investitsiya muhiti sezilarli darajada yaxshilandi. Bugun Namangan nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki respublikada sanoat, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi hududlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Eng asosiysi, barcha islohotlarning markazida inson manfaati turibdi. Biz uchun har bir investitsiya loyihasi, har bir qurilish yoki ishlab chiqarish obyekti, avvalo, aholi farovonligi, bandligi va hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qilishi kerak. Shu tamoyildan kelib chiqib, Namangan viloyatida boshlangan islohotlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqdamiz.

— Namangan xalqaro aeroportining yangi terminali nafaqat viloyat, balki butun Farg‘ona vodiysi uchun strategik ahamiyatga ega. Ushbu loyiha hududning investitsiyaviy jozibadorligi, turizm va eksport salohiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

— Namangan xalqaro aeroportining yangi terminali yangi O‘zbekistonning ochiq iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish siyosatida muhim strategik loyihalardan biri. Ushbu terminal Namangan viloyatining xalqaro transport va logistika imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi, Farg‘ona vodiysining tashqi dunyo bilan aloqalarini yanada mustahkamlaydi.

Qiymati 150 million dollarlik “Namangan xalqaro aeroporti negizida xalqaro terminal barpo etish” hamda qiymati 100 million dollarlik mazkur “Xalqaro aeroport negizida kargo logistika xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish” loyihalarida qurilish-obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Loyihani foydalanishga topshirish natijasida aeroport qiyofasi tubdan o‘zgarishi barobarida yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 barobar oshadi. Shuningdek, xizmatlar sifati ham jahon standartlariga mos bo‘ladi. Kuniga 50 tonna yukni qayta ishlash imkoniyati yaratilib, ushbu majmua orqali 90 ta mamlakatga eksport qilinadi va vodiyda yagona kargo tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Eng avvalo, bu loyiha viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Chunki har qanday investor hududning transport infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratadi. Zamonaviy aeroport xorijiy investorlar va biznes vakillarining hududga kelishi uchun qulay shart-sharoit yaratadi, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, turizm sohasida yangi imkoniyatlar ochiladi. Namangan boy tarixiy merosi, go‘zal tabiati, ziyoratgohlari va o‘ziga xos madaniy an’analari bilan katta turistik salohiyatga ega. Yangi terminal xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish orqali xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga, ichki turizmni rivojlantirishga va xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin bo‘ladi.

Uchinchidan, eksport imkoniyatlari ham yangi bosqichga chiqadi. Namanganda to‘qimachilik, tayyor kiyim-kechak, meva-sabzavot va boshqa raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqariladi. Zamonaviy aeroport tezkor logistika imkoniyatlarini kengaytirib, eksport qiluvchi korxonalar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yanada osonlashtiradi. Bu esa mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishda qo‘l keladi.

— Namanganda ilm-fan, startaplar va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi tashabbuslar rejalashtirilgan?

— Bugungi kunda axborot texnologiyalari, xususan, sun’iy intellekt hududlar taraqqiyotini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biriga aylandi. Biz uchun bu soha viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiquvchi, yoshlarimiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratuvchi va boshqaruv samaradorligini oshiruvchi strategik ustuvor yo‘nalishdir.

Ushbu soha mamlakatimizda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda va davlat siyosatining markaziy masalalaridan biriga aylangan. Buning yaqqol isboti — Prezidentimizning joriy yilning 23-iyul kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi hamda “Namangan aqlli shahar vaziyatlar markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishganidir. Mazkur majmua Namangan viloyati hokimligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Asakabank hamkorligida barpo etildi.

Alohida ta’kidlash joizki, laboratoriya eng so‘nggi rusumdagi sun’iy intellekt texnologiyalari — yuqori quvvatli serverlar va zamonaviy hisoblash mashinalari bilan to‘liq jihozlangan. Bu yerda katta ma’lumotlar tahlili (Big Data), raqamli egizak (Digital Twin), geoaxborot tizimlari (GIS) va intellektual qaror qabul qilish vositalaridan keng foydalaniladi. Markaz sun’iy intellekt va robototexnika, energetika, transport va logistika, arxitektura va qurilish, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va ekologiya kabi 10 dan ortiq yo‘nalishni yagona ilmiy-amaliy muhitda birlashtirdi. Biz ushbu laboratoriyaga viloyatdagi barcha innovatsion loyihalar uchun boshlang‘ich nuqta — ta’lim, ilmiy tadqiqot, texnologiyalar transferi va startaplarni rivojlantirishni o‘zida birlashtirgan zamonaviy ekotizim sifatida qaraymiz.

Tashrif davomida davlatimiz rahbariga laboratoriya negizida ishlab chiqilayotgan bir qator loyihalar taqdim etildi va ular Prezidentimiz tomonidan ma’qullanib, e’tirofga sazovor bo‘ldi. Xususan, xotin-qizlarimizni yetakchilik ko‘nikmalariga o‘qitishga qaratilgan “Digital Imkon” ijtimoiy loyihasi, sun’iy intellekt va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan “AgroAI” loyihasi hamda milliy va madaniy merosimizni asrab-avaylashga xizmat qiluvchi GameDev yo‘nalishidagi loyihalar shular jumlasidandir. Mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, ushbu loyihalarning barchasi bo‘yicha amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ahamiyatini alohida ta’kidlamoqchiman. Mazkur qarorga muvofiq har yili “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga 100 million so‘m miqdorida grant ajratiladi, “Oliygohlar — startaplar generatori” dasturi doirasida har bir loyihaga 20 ming dollargacha investitsiya kiritish imkoniyati yaratiladi, “Raqamli startaplar” dasturi ishtirokchilariga esa AT-park rezidenti maqomi beriladi. Aynan sun’iy intellekt laboratoriyasi ushbu qaror ijrosida viloyatimizdagi startaplar uchun boshlang‘ich maydoncha vazifasini bajaradi. Bu yerda iqtidorli yoshlarimiz va talabalarimiz o‘z g‘oyalarini professor-o‘qituvchilar va tajribali mutaxassislar ko‘magida amaliy loyihalarga aylantirish, zamonaviy uskunalarda sinovdan o‘tkazish hamda investorlarga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ishonchim komilki, yaratilayotgan ushbu sharoitlar tufayli Namangan viloyati yaqin kelajakda mamlakatimizning sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasidagi yetakchi hududlaridan biriga aylanadi.

— 2030-yilga nazar tashlaydigan bo‘lsak, siz viloyatni qaysi ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatning yetakchi hududlaridan biri sifatida ko‘rishni maqsad qilgansiz? Bu maqsadga erishish uchun eng asosiy omil nima?

— Biz 2030-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot ¬strategiyamizda Namangan viloyatini iqtisodiy qudrati, investitsiyaviy jozibadorligi, sanoatlashuv darajasi, eksport salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi va aholi turmush sifati bo‘yicha mamlakatning yetakchi hududlari qatorida ko‘rishni maqsad qilganmiz. Buning uchun oldimizga aniq vazifalar qo‘yilgan. Avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlarini kengaytirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratamiz. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.

Biroq mening nazarimda, eng asosiy ko‘rsatkich iqtisodiy raqamlar emas, balki inson kapitalidir. Agar aholimiz bilimli, zamonaviy kasb-hunarga ega, tadbirkorlik ruhi kuchli va o‘z kelajagiga ishonchi mustahkam bo‘lsa, boshqa barcha natijalarga ham albatta erishamiz. Shu bois, ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash, yoshlar bandligi, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va aholining daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlar bizning doimiy e’tiborimiz markazida turadi.

Eng asosiy omil esa Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni hududlarda samarali amalga oshirish, davlat idoralari, tadbirkorlar va aholining o‘zaro hamjihatligi hamda mas’uliyatidir. Chunki taraqqiyot jamiyatning barcha qatlamlari bir maqsad yo‘lida harakat qilgandagina barqaror bo‘ladi.

Ishonamanki, Namanganning mehnatkash va tashabbuskor xalqi, boy iqtisodiy salohiyati hamda keng ko‘lamli islohotlar natijasida 2030-yilga borib viloyatimiz nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham investitsiya, sanoat, eksport va innovatsion rivojlanish bo‘yicha raqobatbardosh hududlardan biriga aylanadi. Bu bizning eng katta maqsadimiz va shu yo‘lda barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.

— Bugun hududlar o‘rtasida investitsiya uchun raqobat kuchaymoqda. Investorlar aynan Namanganni tanlashi uchun qanday sharoitlar yaratilmoqda?

— Bugungi kunda investitsiya uchun raqobat juda kuchli. Endi investorni faqat imtiyozlar bilan emas, balki ishonchli muhit, zamonaviy infratuzilma, tezkor boshqaruv va kafolatlangan hamkorlik bilan jalb qilish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Namanganda investor uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganmiz.

Viloyatga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 2019-yildagi 184 million dollardan 2025-yilda 4 milliard dollarga yetkazilib, 21,7 barobarga oshdi. Faoliyat yuritayotgan qo‘shma korxonalar soni 228 tadan

415 taga ko‘payib, qariyb 2 barobar o‘sdi. Amalga oshirilgan investitsiya loyihalari doirasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni 14,5 mingdan 45 mingga yetdi.

Belgilangan vazifalarga muvofiq, 2026-yilda viloyatda xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksport ko‘rsatkichlarini esa 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha oldimizga reja qo‘yganmiz.

Shuningdek, 2026-2028-yillar davomida umumiy qiymati 12,4 milliard dollarlik 297 ta loyiha portfeli shakllantirilgan. Buning negizida:

— Xitoy Xalq Respublikasidan qiymati 6,2 milliard dollarlik 76 ta loyiha doirasida 2,9 milliard dollar;

— Turkiya va Ozarbayjondan qiymati 1,5 milliard dollarlik 21 ta loyiha doirasida 702 million dollar;

— Rossiya Federatsiyasidan qiymati 916 million dollarlik 23 ta loyiha doirasida 405 million dollar;

— Yaponiyadan qiymati 640 million dollarlik 5 ta loyiha doirasida 327 million dollar;

— Avstriyadan qiymati 96 million dollarlik 3 ta loyiha doirasida 35 million dollar o‘zlashtiriladi.

Avvalo, har bir investitsiya loyihasi bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Investorga yer ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va boshqa tashkiliy masalalarda davlat idoralari tomonidan kompleks ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bizning yondashuvimiz oddiy: investor vaqtni hujjatbozlikka emas, biznesini rivojlantirishga sarflashi kerak.

Ikkinchidan, Namanganning o‘ziga xos raqobat ustunliklari mavjud. Bu, eng avvalo, mehnatsevar va malakali kadrlar, qulay geografik joylashuv, rivojlanayotgan transport-logistika infratuzilmasi, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari, shuningdek, katta ichki va mintaqaviy bozorlarga yaqinligidir. Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va investorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yaratilgan huquqiy kafolatlar Namanganda ham to‘liq amal qilmoqda. Biz har bir investorni faqat sarmoyador emas, balki hudud taraqqiyotidagi strategik hamkor sifatida qabul qilamiz. Eng muhimi, investitsiyaning samarasi faqat jalb qilingan mablag‘ bilan emas, balki yaratilgan ish o‘rinlari, yangi texnologiyalar, eksport hajmi va aholi farovonligi bilan baholanadi. Shu bois, biz uchun har bir loyiha inson manfaatiga xizmat qilishi muhim. Namangan bugun imkoniyatlar hududiga aylanmoqda. Ishonamanki, ochiq muloqot, ishonchli hamkorlik va qulay biznes muhiti tufayli viloyatimiz yaqin ¬yillarda mamlakatimizda investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha eng jozibador hududlardan biri sifatida o‘z mavqeini yanada mustahkamlaydi.

— Keyingi yillarda sanoat tez rivojlanmoqda. Ammo bu ekologik barqarorlik bilan uyg‘un bo‘lishi ham muhim. Viloyatda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish bo‘yicha qanday ishlar qilinyapti?

— Bugungi kunda iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik bir-birini to‘ldiruvchi muhim omillar hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “yashil taraqqiyot” siyosati doirasida Namangan viloyatida ham “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Avvalo, yangi sanoat loyihalarini amalga tatbiq etishda ekologik talablarga qat’iy rioya qilish asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Zamonaviy, energiya tejovchi va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etayotgan korxonalarga ustuvorlik berilyapti. Bu esa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lami ham kengaymoqda. Quyosh energetikasi, energiyatejamkor uskunalardan foydalanish, davlat muassasalari va ishlab chiqarish obyektlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq dasturlar amalga oshirilmoqda.

Ekologik barqarorlikni ta’minlashda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatimizda millionlab daraxt va butalar ekilib, yangi yashil hududlar tashkil etilyapti. Bu nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish va aholi uchun sog‘lom yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish kabi yo‘nalishlar ham doimiy e’tiborimiz markazida turibdi. Iqtisodiy taraqqiyotning haqiqiy samarasi faqat ishlab chiqarish hajmi bilan emas, balki inson salomatligi, toza atrof-muhit va kelajak avlodlar uchun saqlab qolinadigan tabiiy boyliklar bilan o‘lchanadi. Shu bois, Namanganda har bir yangi investitsiya va har bir yangi sanoat loyihasi iqtisodiy manfaat bilan bir qatorda ekologik mas’uliyat tamoyili asosida amalga oshirilishiga qat’iy e’tibor qaratamiz.

— Siz, hokim sifatida qaysi sohada qarorlar qabul qilishda qiynalasiz? Shunday vaziyatlarda qanday tamoyilga tayanasiz?

— Hokimlik faoliyatida oson qarorning o‘zi bo‘lmaydi. Chunki har bir qaror minglab insonlarning hayoti, turmush sifati va kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun eng qiyin qarorlar, odatda, aholi manfaati bilan iqtisodiy ehtiyojlar o‘rtasida muvozanatni ta’minlash talab etiladigan masalalarda qabul qilinadi.

Masalan, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shaharsozlik va infratuzilmani rivojlantirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish yoki budjet mablag‘larini ustuvor yo‘nalishlarga taqsimlash kabi qarorlar chuqur tahlil va katta mas’uliyatni talab qiladi. Bu jarayonda bir tomonning manfaatini emas, balki butun jamiyat manfaatini hisobga olish muhim.

Men uchun qaror qabul qilishda eng asosiy tamoyil — qonuniylik, adolat va inson manfaatidir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya nafaqat davlat siyosatining, balki har bir rahbarning kundalik faoliyati uchun ham bosh mezon bo‘lishi kerak. Agar qabul qilinayotgan qaror odamlarning hayot sifatini yaxshilashga, yangi imkoniyatlar yaratishga va hududning barqaror rivojlanishiga xizmat qilsa, demak, bu to‘g‘ri qaror hisoblanadi.

Shu bilan birga, qarorlar yakka tartibda emas, balki mutaxassislar xulosasi, jamoatchilik fikri, tadbirkorlar va fuqarolarning takliflari asosida shakllantirilishiga alohida ahamiyat beramiz. Bugungi zamon rahbardan nafaqat talabchanlik, balki ochiq muloqot, xalqni eshitish va asosli qaror qabul qilish madaniyatini ham talab etadi.

Men doimo bir fikrga amal qilaman: rahbarning eng katta mezoni — xalq ishonchi. Ana shu ishonchni oqlash, har bir qarorda adolat va mas’uliyatni ustuvor qo‘yish men uchun eng muhim vazifadir. Zero, bugun qabul qilayotgan qarorlarimiz faqat bugungi kun emas, balki Namanganning ertangi taraqqiyotini ham belgilab beradi.

Eksklyuziv savollar

— Agar bugun Namangan yoshlariga bitta asosiy maslahat berish imkoniyati bo‘lsa, ularga nima degan bo‘lardingiz?

— Bilaman, juda ko‘p takrorlanadi, lekin bu haqiqat: o‘n yil oldin bugungi yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarning yarmi ham yo‘q edi. Shu bois, ularga havas qilaman, javlon urib ishlash, o‘qish uchun hamma sharoit bor. Nima derdim, o‘zingizga ishoning, bilim olishdan va yangilik yaratishdan hech qachon to‘xtamang. Katta orzu qiling, katta maqsadlar qo‘ying va ularga erishish uchun tinmay mehnat qiling. Chunki yangi O‘zbekistonning ertangi kuni, Namanganning kelajagi aynan sizlarning bilimingiz, g‘ayratingiz va fidoyiligingizga bog‘liq.

Bugungi dunyoda eng katta boylik bu — bilim, kasb-hunar va zamonaviy ko‘nikmalar. Tabiiy resurslar cheklangan bo‘lishi mumkin, ammo insonning bilimi, tafakkuri va salohiyatining chegarasi yo‘q. Shuning uchun har bir yosh chet tillarini o‘rganishga, raqamli texnologiyalarni egallashga, zamonaviy kasb-hunar sohibi bo‘lishga va doimiy o‘z ustida ishlashga intilishi kerak.

Men Namangan yoshlarida katta salohiyatni ko‘raman. Ular tashabbuskor, mehnatsevar va o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ya oladi. Bugun davlatimiz tomonidan ta’lim, tadbirkorlik, innovatsiya va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish har bir yoshning eng muhim vazifasidir.

Yana bir muhim jihat — Vatanga muhabbat. Vatanni sevish faqat ohorli jumlalar bilan emas, balki halol mehnat, yuksak mas’uliyat va o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish orqali namoyon bo‘ladi. Kim qaysi sohada faoliyat yuritmasin, agar u o‘z ishini sidqidildan bajarsa, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan bo‘ladi.

— Viloyatdagi qaysi masala sizni eng ko‘p xavotirga soladi?

— Har bir rahbar uchun eng katta mas’uliyat bu — odamlarning dardi va muammosini his qilish, ularni o‘z vaqtida hal etish. Shu ma’noda, meni eng ko‘p o‘ylantiradigan va doimiy e’tiborimda bo‘lgan masala, bu aholi, ayniqsa, yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, ularning daromadlarini oshirish va farovon hayot sharoitlarini ta’minlashdir.

Namangan aholisi mehnatsevarligi, tadbirkorligi va yaratuvchanligi bilan ajralib turadi. Bizda katta inson kapitali va ulkan salohiyat bor. Endigi vazifa — ana shu salohiyatni to‘liq ishga solish, har bir oilaga barqaror daromad manbasini yaratish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishdan iborat.

Shu bilan birga, jadal rivojlanish jarayonida sifatli ta’lim, zamonaviy tibbiy xizmatlar, ichimlik suv, yo‘l va kommunal infratuzilma kabi aholi kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladigan masalalar ham doimiy nazoratimizda. Chunki iqtisodiy o‘sishning asosiy maqsadi — statistikani emas, avvalo, insonlar hayotini yaxshilashdir.

Albatta, muammolar yo‘q emas. Lekin eng muhimi, ularni ochiq tan olish, xalq bilan birga yechim izlash va natija uchun mas’uliyatni zimmamizga yuklashdir. Biz har bir masalani “odamlar bugun qanday yashayapti, ertaga qanday yashashi kerak?” degan savol asosida baholaymiz. Chunki hokimlik faoliyatining bosh mezoni, bu aholining ishonchi va roziligidir.

— Hokim sifatida hali yechimi topilmagan qaysi muammoni o‘zingiz uchun eng katta vazifa deb bilasiz?

— Har bir hududning rivojlanish jarayonida yechimini kutayotgan masalalar bo‘ladi. Rahbar uchun eng muhimi muammoni to‘g‘ri belgilash, sabablarini chuqur o‘rganish va bosqichma-bosqich hal etish. Men o‘zim uchun eng katta vazifalardan biri sifatida aholiga munosib daromad manbalari yaratish, mehnat bozori talablariga mos yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish va insonlarning hayot sifatini yanada yaxshilash masalasini belgilagan bo‘lar edim. Chunki har qanday islohotning eng katta samarasi bu — oiladagi farovonlik, insonning o‘z mehnati bilan munosib hayot kechira olishida namoyon bo‘ladi.

Shahar va qishloqlarimizda infratuzilmani yanada yaxshilash, aholiga zarur kommunal xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim va tibbiyot sohalarida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish ham doimiy e’tiborimizda. Chunki hudud taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki insonning kundalik hayotidagi o‘zgarishlar bilan baholanadi.

Bu vazifalarni amalga oshirishda biz xalq bilan ochiq muloqotga, jamoatchilik fikriga va aniq tahlillarga tayanamiz. Har bir tuman va mahalladagi muammoning aniq manzili, mas’uli va yechimi bo‘lishi kerak degan tamoyil asosida ishlayapmiz. Namanganning eng katta boyligi — uning odamlari. Shuning uchun barcha sa’y-harakatlarimizni inson qadri va xalq farovonligiga qaratib davom ettiramiz.

— Prezidentimiz tashrifidan keyin shaxsan o‘z ish uslubingizda nimalarni o‘zgartirdingiz?

— Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan fikrlar, berilgan topshiriqlar va belgilangan ustuvor yo‘nalishlar biz uchun faoliyatimizni yanada takomillashtirishga katta turtki bo‘ldi. Shaxsan men o‘z ish uslubimda, avvalo, masalalarga yanada chuqurroq tahlil va natijadorlik nuqtayi nazaridan yondashishni kuchaytirdim. Ilgari ham xalq bilan muloqot, joylarga chiqib o‘rganish asosiy ish uslubimiz edi. Bugun esa har bir qarorning aniq natijasi, har bir loyihaning odamlar hayotiga ta’siri va har bir topshiriqning ijrosi bo‘yicha yanada qat’iy talab qo‘yyapmiz.

Shuningdek, rahbarlik uslubida jamoa bilan ishlashning ahamiyatini yanada oshirdik. Chunki bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda birgina rahbarning qarori emas, balki malakali mutaxassislar, tadbirkorlar, faol fuqarolar va jamoatchilikning fikri uyg‘unlashgan holdagina samarali natija beradi. Prezidentimiz doimo ta’kidlab kelayotganidek, rahbarning asosiy vazifasi xalqqa xizmat qilish, odamlarni rozi etish va natija ko‘rsatishdir. Shu nuqtayi nazardan, men ham o‘z faoliyatimda “qancha ish qilindi?” degan savol bilan birga “bu ish o‘zi odamlarga qanday naf berdi?” degan mezonni birinchi o‘ringa qo‘yishga harakat qilaman.

Bugungi kunda asosiy maqsadimiz, berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, Namangan viloyatini yanada taraqqiy etgan, aholisi farovon va investitsiyaviy salohiyati yuqori hududga aylantirishdir. Bu yo‘lda esa doimiy izlanish, mas’uliyat va xalq ishonchiga munosib bo‘lish biz uchun eng muhim mezon bo‘lib qoladi.

— Shavkat Shokirjonovich, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!