Xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash oʻzbek davlatchiligi tarixida shunchaki maʼmuriy jarayon emas, balki davlat boshqaruvining adolat va ishonchga asoslanganini koʻrsatuvchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Aholini tinglash, muammolarini hal qilish davlatning ham, har bir boʻgʻindagi rahbarning ham el-yurt oldidagi doimiy vazifasi va burchidir.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan asos solingan Xalq qabulxonalari tizimi oʻzbek davlatchilik maktabiga xos “Kuch — adolatda” konsepsiyasining mantiqiy davomi sifatida ishlayotgan xalqchil va hayotiy institut. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va bugun xalqimiz hayotida chuqur oʻrin olgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyilining ijtimoiy adolatni taʼminlash borasidagi oʻzbek davlatchilik maktabining yangi taraqqiyot bosqichi boʻldi, deyishga yetarlicha asos bor.

“Prezident portali”ning ibtidosi

“Sizda hal etilmagan masalalar, muam­molar, ariza, shikoyat yoki takliflar bormi? U holda murojaatingizni toʻgʻridan toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborishingiz mumkin”.

Bu yangilik 2016-yil 24-sentyabr kuni butun mamlakatimizni qamrab oldi. Oddiy muammolarini hal qila olmay davlat idoralari eshigida haftalab-oylab sargʻaygan odamlar oʻshanda Oʻzbekiston hukumati portalida ochilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasini katta najot qoʻrgʻoni sifatida qabul qildi.

Buni mazkur virtual qabulxonaga dastlabki kuniyoq yurtimizning turli joylaridan mingga yaqin ariza, shikoyat va taklif tushganidan ham bilsa boʻladi.

Oʻsha davrda “Virtual qabulxona saylovdan keyin ham ishlaydimi?” degan savol nafaqat islohotlarga shubha bilan qaragan xorijiy OAVlar maqolalari sarlavhasiga, balki oddiy insonlar xayolidagi doimiy fikrga aylangandi.

Virtual qabulxonaning 2016-yildagi ilk uch oylik faoliyati:

— mamlakatimizda murojaatlar bilan ishlash sohasi tub islohotga muhtojligini;

— murojaatlar bilan ishlash masalasiga ikkinchi darajali ish sifatida qaralganini;

— oddiy insonlar murojaatlariga hatto javob ololmagani, aksariyat holda rasmiyatchilik, byurokratizm va sansalorlik holatlariga duchor boʻlganini;

— rahbarlarda xohish va iroda boʻlsa, aksariyat muammolarni qisqa vaqtda samarali hal qilish mumkinligini keragicha isbotlab berdi.

Shu bois, Prezidentimiz Konstitu­siyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda 2017-yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilarkan, quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:

— davlat organlarining fuqarolar bilan oʻzaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta koʻrib chiqish;

— aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etish;

— aholi eng koʻp murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga oʻtish;

— barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etish;

— har bir tuman va shaharda Xalq qabulxonalarini tashkil etish va ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;

— Xalq qabulxonalarining huquqiy maqomini, ularning vakolat va majbu­riyatlarini aniq belgilab qoʻyish.

“Bizning asosiy maqsadimiz Xalq qabulxonalariga qilingan hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat. Muxtasar aytganda, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda boʻlish, ogʻirini yengil qilish aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi” deb taʼkidlagandi oʻshanda davlatimiz rahbari.

Oradan bir hafta oʻtib — 2016-yil 14-dekabrda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekis­ton Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy merosidan kelib chiqib, “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” gʻoyasini ilgari surdiki, bu fikr­gʻoya va daʼvat bugunga qadar Prezident xalq qabulxonalarining asosiy shiori, bosh vazifasi, faoliyat mezoni boʻlib kelmoqda.

10-00 qisqa raqami va pm.gov.uz platformasi esa “Prezident portali” degan xalqona nom olib, bugun xalqimiz hayotining muhim bir qismiga aylandi.

“Adolat ovozi jaranglab turishi kerak”

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Bosh vazirning virtual qabulxonasi Prezident virtual qabulxonasi, Prezident devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi sifatida qayta tashkil etildi, Qoraqalpogʻiston, viloyatlar, Toshkent shahri va barcha tuman-shaharda bir xil maqomdagi Prezident xalq qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Prezidentimiz 2017-yili Toshkent shahri, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻistondagi Xalq qabulxonalari faoliyati bilan bevosita tanishib, fao­liyatni samarali tashkil etish boʻyicha topshiriq va koʻrsatmalar berdi.

Har bir murojaat — ijtimoiy signal, indikator

Xalq qabulxonalari instituti Prezidentimiz siyosiy irodasi bilan davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish borasida oʻz vaqtida amalga oshirilgan muhim islohot va oqilona tashabbuslar­dan biri ekanini oʻtgan 10 yil davomida hayotning oʻzi isbotlab berdi.

Aholi muammolari bilan ishlashning mazkur yangi tizimi yoʻlga qoʻyilishi natijasida har bir fuqaroning Prezidentga bevosita murojaat qilishga oid kons­titutsiyaviy huquqi roʻyobga chiqarilishi uchun sharoit, murojaatlarni qonunchilikda belgilangan uch shaklda — ogʻzaki (0-800-210-00-00 yoki 10-00 qisqa raqamlari), yozma (Xalq qabulxonalari) va elektron (pm.gov.uz) tarzda yuborish uchun imkoniyat yaratildi. Davlat idoralari bilan aholi oʻrtasida muloqot tizimi mustahkamlandi. Barcha darajadagi rahbarlar odamlarni tinglay boshladi. Eng muhimi, xalq har qanday muammosi bilan hadiksiz-qoʻrquvsiz, emin-erkin murojaat qilishi mumkin boʻlgan yagona manzil paydo boʻldi.

2017-yil 11-sentyabrda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan ilk bor  “videokonferensaloqa”, “ommaviy qabul”, ­“Prezident xalq qabulxonasi”, “Virtual qabulxona” kabi yangi huquqiy istilohlar yuridik amaliyotga kiritildi.

Muammosi yechilgan inson koʻksini toʻldirib nafas oladi, uning hayotida halovat, xotirjamlik paydo boʻladi. Oʻzini yelkasidan togʻ agʻdarilgandek his qiladi. Shu maʼnoda, oʻtgan 10 yil davomida ­davlatimiz rahbari nomiga kelib tushgan 11,6 milliondan ziyod murojaat koʻrib chiqilib, uning 7,9 milliondan ortigʻi (68,2 foizi) qanoatlantirilgani zamirida million-million insonlar hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar mujassam.

Xalq bilan muloqotning yangi tizimi oddiy odamlar va rahbarlar oʻrtasidagi mavjud baland devorlarni qulatdi. Amaldorlarni hamma tomoni qalin panjaralar bilan oʻralgan binolarning salqin kabinetlaridan xalq orasiga olib chiqdi. Sayyor va ommaviy qabullar qizgʻin, jonli muloqot maydoniga aylandi, mansabdorlar murojaatchi kelishini kutib oʻtirmay, fuqarolarning oldiga borib, ularni oʻylantirayotgan masalalar haqida yuzma-yuz gaplashib olishi oddiy hol boʻlib qoldi.

Eng muhimi, murojaatlarda aks etgan eng dolzarb muammolar yechimiga oid takliflar asosida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan oʻtkir ijtimoiy-huquqiy masalalar hal etilishiga xizmat qildi.

Aytaylik, valyuta ayirboshlash (konversiya, konvertatsiya) masalasida 2016-yilning IV choragida 4826 ta, 2017-yilda 22 098 ta murojaat kelib tushgan edi. 2017-yil sentyabr-dekabr oylarida ­Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda valyuta islohotlari amalga oshirilgach, bu tizimli muammo toʻliq hal etildi.

Yoki yaqin tariximizda Oʻzbekistonda fuqarolik olish eng qiyin masalalardan biri boʻlgan. 1991-2007-yillarda qariyb 500 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2007-2016-yillarda hech kimga fuqarolik berilmagan. Bu degani minglab insonlar amalda mamlakatimizda yashab, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelayotgan boʻlsa-da, yuridik jihatdan Oʻzbekis­ton fuqarosi maqomidan mahrum boʻlib kelgandi.

Virtual qabulxonaga 2016-yil IV choragining oʻzida ushbu masalada 4 mingdan ziyod murojaat kelib tushgach, u chuqur tahlil qilindi. Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan oʻtgan davrda fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi hamda tartib-taomillar soddalashtirilishi natijasida 2016-yil dekabrdan buyon fuqaroligi boʻlmagan
25 339 shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi
, 2020-yildan 2026-yilning oʻtgan davrigacha yana 66 mingdan ziyod shaxs­ning Oʻzbekiston fuqaroligi tan olindi.

Yoki 1991-2016-yillarda mamlakatimizda 7 kishiga sudlar tomonidan oqlov hukmi chiqarilgan boʻlsa, Prezident xalq qabulxonalari va Oliy sudga murojaatlari asosida 2017-2026-yillarda 7454 ta shaxs sudlar tomonidan oqlanib, reabilitatsiya qilindi.

Bankomatdan naqd pul olish, oylik ish haqlari va pensiyalarni naqd pulda olish, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatdan oʻtish, pasport rasmiylashtirish, notarial tizimdan norozilik, xorijiy diplom nostrifikatsiyasi, afv etish va amnis­tiya, haj va umra ziyorati, internet, mobil aloqa sifati kabi oʻnlab tizimli muammolarning hal etilishida ham aynan murojaatlar tahlili asosida qilingan xulosalarning oʻrni katta boʻldi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 20-apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora­tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishiga ham Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan 5 mingdan ortiq, sayyor qabullarda qilingan 3 mingdan ziyod ­murojaat tahlili asos boʻlgan edi. Buning natijasida uy qurib, uzoq yillar davomida oʻz uyiga egalik huquqini ololmagan 621 mingdan ortiq fuqaroning muammosiga davlat rahbarining 2018-2019-yillarda eʼlon qilingan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida yechim topildi.

Prezidentimiz 2022-yil 18-noyabrdagi videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda 2,6 million aholi xonadonining kadastr hujjatlari yoʻqligi, ushbu aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga murojaatlar tushayotganini aytib, mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yoʻq xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi va “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshoot­larga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, 2024-yil 8-noyabrdan kuchga kirdi.

Bu bilan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va maʼlumotlar bazasi faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal etishning huquqiy asosi yaratildi. Ayni shu yoʻnalishda 2020-2026-yillarda 81 153 ta, jumladan, 2020-yili 5883 ta, 2021-yili 9158 ta, 2022-yili 12 126 ta, 2023-yili 13 327 ta, 2024-yili 15 665 ta, 2025-yili 13 699 ta, 2026-yilning oʻtgan davrida
11 617 ta murojaat kelib tushgan. Yillar dinamikasidagi bu koʻrsatkichlar ham mazkur masala nima uchun aynan 2022-yili koʻtarilgani hamda davlat rahbarining siyosiy irodasi bilan qabul qilingan bu qonun xalqimiz uchun qanday dolzarb, tizimli muammo yechimiga xizmat qilishini oydinlashtiradi. Xatlov jarayonida aholi va soha xodimlari oʻrtasida turli bahslar boʻlishi bois, bu yoʻnalishda murojaatlar soni oshishi tabiiy.

Murojaatlar tahlili koʻplab hayotiy loyihalarga, loyihalar dasturlarga hamda amaliy ishlarga aylanganiga koʻp bor guvoh boʻldik. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari, “Obod markaz” loyi­hasi bilan minglab qishloq-mahallalarga yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib bordi. Nogironligi boʻlgan, ogʻir ijti­moiy ahvolda qolgan 11 mingdan ortiq oila uy-joylar bilan taʼminlandi.

Bularning barchasi davlat har bir murojaatni ijtimoiy signal, xalq hayotini koʻrsatuvchi indikator sifatida qabul qilayotganiga yorqin hayotiy misol boʻla oladi.

Murojaatlar koʻrib chiqilishi ustidan nazorat kuchaytirildi

Xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish — bugunning muhim va oʻtkir talabi.

Joriy yil 13-mart kuni Prezidentimiz raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ilgari surilgan yangi tashab­buslar, berilgan topshiriqlar bilan Xalq qabulxonalari faoliyatining yangi bosqichi boshlandi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi tashkil etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlarining tegishli hududdagi Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qilishi belgilandi.

Yangi tizim asosida 2026-yil 1-maydan Prezident virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar boʻ­yicha nazorat vaqti rejimi oʻrnatildi. Bunga koʻra, belgilangan muddatdan oʻtgan murojaatlar ijro uchun avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga oʻtkazilmoqda.

Murojaatlarni qabul qilishda ularni “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Muddati kechikkan va takroriy murojaatlarni avtomatik aniqlash uchun nazorat indikatorlari va “qizil signal” tizimi ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida:

— Prezident xalq qabulxonasida alohida nazorat guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan murojaatlar koʻrib chiqilishi ustidan qatʼiy raqamli nazorat oʻrnatildi.

— Prezident xalq qabulxonasida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda fuqarolarga oʻz murojaatini nazorat qilish imkoniyatini beruvchi SMS xabarnoma yuborish xizmati ishga tushirildi.

Mamlakatimizdagi 8992 ta mahallada Prezident virtual qabulxonasi tizimida ishlash uchun alohida kabinetlar ochilib, “mahalla yettiligi” aʼzolari murojaatlar bilan ishlash jarayoniga jalb qilinishi taʼminlandi. Xususan, joriy yilning 1-mayidan boshlab 4289 ta jamoaviy murojaat aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida oʻrganildi.

Misol uchun, urgutlik F.Aliyev murojaati asosida Joʻraptepa mahallasida
3 kilometr, qiziltepalik J.Navroʻzov arizasiga koʻra, Hafqoriyon mahallasining 2 kilometr, boysunlik S.Safarova murojaati boʻyicha “Temirdarvoza” MFYdagi 1,4 kilometr, peshkulik M.Sunnatov murojaati asosida Guliston mahallasidagi 1 kilometr ichki yoʻl asfaltlandi. Asakalik M.Madaminova murojaatiga koʻra, tegishli suv yuborish inshootidagi elektr qurilmalar taʼmirlanib, chekka adirli hududda yashovchi 500 dan ortiq aholi xonadoniga sifatli ichimlik suv yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Qoraoʻzaklik P.Seytmurotov murojaati asosida Berdaq mahallasidagi kanalning 1,5 kilometr qismi qazilib, hududdagi 5 ta fermer xoʻjaligi uchun yerni sugʻorish imkoniyati yaratildi. Quvalik F.Tillaboyeva murojaati boʻyicha “Toshkent” MFYda 1 ta yangi transformator oʻrnatilib, 1,5 kilometr tarmoq tortildi.

Aslida, murojaatga yoʻllangan javob fuqaro ishtirokida oʻrganilganda, ariza-shikoyatga samarali yechim topish mumkin. Shuning uchun ham Xalq qabulxonalari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 6296 ta murojaat joyiga chiqib oʻrganildi, davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan 896 ta oʻrganish, 3919 ta tahlil oʻtkazildi.

Davlat organlari va tashkilotlariga murojaatlar bilan ishlashda yoʻl qoʻygan kamchiliklari yuzasidan taʼsir choralari koʻrish boʻyicha joriy yilning oʻzida jami 5486 ta hujjat, jumladan, 1386 ta taqdimnoma, 642 ta talabnoma, 2963 ta koʻrsatma, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari majlislariga 495 ta axborot kiritildi.

Bularning natijasida aholi muro­jaat­lari bilan talab darajasida ishlamagani uchun davlat idoralari masʼul xodimlarining 151 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 150 nafari maʼmuriy, 89 nafari oylik ish haqidan jarimaga tortildi, 833 nafariga hayfsan eʼlon qilindi, 8 nafarining lavozimi pasaytirildi, 3 nafarining maʼnaviy ziyon uchun kompensatsiya toʻlashi, 1 nafari tomonidan yetkazilgan moddiy zarar qoplanishi taʼminlandi. Bundan tashqari, yana 1335 masʼul xodim rasman ogohlantirildi.

Xalq qabulxonalari diagnostika markazlariga aylanmoqda

Davlatimiz rahbarining shu yil 13-martdagi videoselektor yigʻilishidagi topshirigʻi asosida Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki Qarshi shahri namunasi asosida hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markazga aylantirilmoqda. Bu murojaatlar bilan ishlash jarayonida “oqibatlarga qarshi kurashish”dan “sabablar bilan ishlash” bosqichiga oʻtilayotganining hayotiy isbotidir.

Mazkur topshiriq ijrosi boʻyicha joriy yilning 16-martidan Prezident xalq qabulxonalariga kelib tushgan 104 680 ta masala hal etildi. Jumladan, aliment undirish bilan bogʻliq 11 993 ta, gaz ballonni toʻldirishga doir 10 785 ta, nafaqa tayinlash, moddiy yordam ajratish va pensiyaga oid 9363 ta, davlat idoralari xodimlari xatti-harakatlaridan norozilikka doir 4123 ta, mehnatga haq toʻlash va hisoblash bilan bogʻliq 2908 ta, boshqaruv servis kompaniyalari (shirkatlar) faoliyati bilan bogʻliq 1811 ta, huquqbuzarliklar, surishtiruv va tergovga oid 1624 ta, davolanish uchun moddiy yordamga doir 1572 ta, ijro hujjatlari boʻyicha qarz undirishga oid 1434 ta masala hal etilishi taʼminlandi.

Hududlardagi Xalq qabulxonalarida Qarshi shahri namunasi asosida aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha doi­miy ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har bir hududdagi jami murojaatning kamida 90-95 foizi tegish­li boʻlgan asosiy idoralar (korxona, tashkilot, muassasalar)dan boshliq oʻrinbosari darajasida sohaviy koordinatorlar tayinlanib, doimiy ishchi guruhlarga biriktirildi.

Ular Xalq qabulxonasiga faqat zaruratga koʻra chaqirilib, oʻz sohasi boʻyicha fuqarolar qabulini oʻtkazish, murojaat­larni koʻrib chiqib, hal qilish hamda tizimli muammolar diagnostikasini belgilash boʻyicha ishlamoqda. Birgina iyul-avgust oylarida Prezident xalq qabulxonasiga kelib tushgan 158 850 ta murojaat boʻyicha qilingan tahlil asosida 494 ta tizimli muammo aniqlanib, yechimi tuman-shahar, viloyat yo respublika darajasiga tegishli boʻlgan 386 ta taklif ishlab chiqildi.

Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda oʻrinbosarlarining Xalq qabulxonalarida shaxsiy qabullar oʻtkazish sifati va samaradorligi oshirildi.

Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan oʻtkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini toʻliq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat oʻrnatish maqsadida “Virtual qabulxona” tizimida “Raqamli qabul” moduli ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.

Xulosa qilib aytganda, aholi muammolarini tezkor va manzilli hal etish Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligi yuritilayotgan xalqchil siyosatning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan

Endi oldimizda turgan muhim vazifalardan biri tizimni toʻliq raqamlashtirishdan iborat. Shu maqsadda fuqarolarning barcha turdagi murojaatlarini toʻliq nazoratga olish, vazirlik va idoralarning, mahalliy hokimiyat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyatini takomillashtirish, oʻzining xususiyatiga koʻra noyob boʻlgan “mahalla yettiligi” ins­tituti va mahalliy kengashlar soʻrovlari asosida hududlarda rahbarlar qabulini tashkil etib borish tizimlarini toʻliq raqamlashtirish kabi qator loyihalar ustida ishlanmoqda.

Asosiy maqsad davlatimiz rahbarining Prezident xalq qabulxonasi oldiga qoʻygan bosh vazifani sifatli bajarish, yaʼni xalqimizning har qanday masala boʻyicha tezkor va sodda murojaat qilishi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, fuqaro koʻtargan masala haqiqatda hal etilganini raqamli tizim orqali obyektiv nazorat qilishni taʼminlashdir.

Farrux OMONOV,

Prezident xalq qabulxonasi boshligʻi