O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik tarixiy shodiyonasida davlatimiz rahbari mamlakatimiz taraqqiyotining yangi sahifasini ochib berdi. Kelgusi o‘n yillik xalqimiz hayotida shunchaki navbatdagi reja davri emas, balki “Milliy yuksalish davri” sifatida muhrlandi. Inson qadrini ulug‘lash, uning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan 7 ta ustuvor milliy dastur e’lon qilindi.

Ushbu strategik arxitektura ichida fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalish uchinchi milliy dastur — “Yuqori texnologiyali iqtisodiyot” dasturidir. Mazkur dastur mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy tafakkuri, ishlab chiqarish madaniyati va xalqaro mehnat taqsimotidagi o‘rnini tubdan o‘zgartiruvchi tarixiy hujjatdir. Prezidentimiz nutqida ta’kidlanganidek: “Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish. Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi”.

Bu dastur nafaqat iqtisodiy, balki chuqur falsafiy mazmunga ham ega: u jamiyatning ishlab chiqarish kuchlari bilan ijtimoiy munosabatlari o‘rtasidagi dialektik bog‘liqlikni, inson va mehnat mohiyatining yangicha talqinini, shuningdek, taraqqiyot konsepsiyasi o‘zgarishini mujassam etadi.

Tarixiy-falsafiy kontekst: texnologik uklad almashinuvi muammosi

Har qanday iqtisodiy islohotning zamirida muayyan falsafiy konsepsiya yotadi. Uzoq yillar davomida rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyoti ko‘proq arzon ishchi kuchi, tabiiy boyliklar (gaz, paxta, metall) va ekstensiv (son jihatdan kengayish) omillariga tayandi. Ammo XXI asrning uchinchi o‘n yilligida bu model o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Uchinchi milliy dasturning bosh falsafasi oddiy va qat’iy: “Boylik yer ostidan emas, aql va texnologiyadan yaratiladi”. Misollarga murojaat qilaylik. 1 tonna xomashyo paxta yoki qayta ishlanmagan misni sotish emas, undan mikrochip, elektromobil butlovchilari yoki yuqori texnologiyali farmatsevtika mahsuloti tayyorlash qiymat zanjirining yuqori pog‘onasiga ko‘tarilish demakdir. Past maoshli, og‘ir jismoniy mehnatdan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi, avtomatlashgan va intellektual mehnatga o‘tish insonning ijtimoiy maqomini, hayot sifatini va daromadini karrali oshiradi.

Jahon iqtisodiy taraqqiyoti tarixiga nazar tashlasak, har bir davr o‘zining yetakchi texnologik ukladiga ega bo‘lganini ko‘ramiz. Sanoat inqiloblari — bug‘ mashinasidan tortib, to raqamli texnologiyalargacha — jamiyat tuzilishini, mehnat taqsimotini, hatto insonning o‘zligini anglash tarzini ham tubdan o‘zgartirgan. Faylasuflar bu jarayonni turlicha baholagan: kimdir ishlab chiqarish vositalarining ijtimoiy munosabatlarni belgilashini ko‘rsatgan bo‘lsa, postindustrial jamiyat nazariyotchilari (D.Bell, E.Toffler) bilim va axborotning asosiy kapitalga aylanishini ta’kidlagan.

Bugungi kunda dunyo to‘rtinchi sanoat inqilobi davrini boshdan kechirmoqda — sun’iy intellekt, robototexnika, katta ma’lumotlar (big data), raqamli platformalar iqtisodiy tizimning markaziy o‘zagiga aylanmoqda. Bu sharoitda mamlakatlarning raqobatbardoshligi endi tabiiy resurslar yoki arzon ishchi kuchi emas, balki intellektual kapital, innovatsion salohiyat va mehnat unumdorligi bilan belgilanmoqda.

Ana shu global tendensiya fonida O‘zbekistonning iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish qarori tasodifiy emas — bu tarixiy zarurat, milliy taraqqiyotning obyektiv mantiqiy davomidir. Inson qadrini yuksaltirish g‘oyasi davlat siyosatining markaziy konsepsiyasi sifatida aynan shu nuqtada iqtisodiy faoliyatning mazmuni bilan tutashadi: chunki inson qadri, avvalo, uning munosib, yuqori unumli va munosib haq to‘lanadigan mehnat bilan bandligida namoyon bo‘ladi.

Mohiyat va asosiy yo‘nalishlar

Prezidentimiz nutqida belgilangan uchinchi milliy dasturning tarkibiy qismlarini, eng avvalo, xorijiy investitsiyalarni jalb etish miqyosi nuqtayi nazaridan tavsiflash mumkin. Kelgusi o‘n yillikda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Bu raqamning ahamiyatini tushunish uchun o‘tgan davr tajribasiga murojaat qilaylik. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda”. Demak, so‘nggi yillarda yillik investitsiya oqimi 15-20 barobar oshgan. Bu tendensiyaning davom ettirilishi va yanada kuchaytirilishi natijasida belgilangan 450 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish mumkin bo‘ladi. Bu shunchaki miqdoriy ko‘rsatkich emas, balki mamlakatning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi darajasining sifat jihatidan o‘zgarishi demakdir.

Dastur quruq shiorlardan iborat emas, u aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar va hisob-kitoblarga tayanadi. Unda belgilangan asosiy ko‘rsatkichlar 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoat tarmog‘ida 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, kelgusi o‘n yillikda jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 10 ming dollardan yuqori darajaga olib chiqishdan iborat. Bu yerda e’tiborli jihat shundaki, ushbu rejalar oldingi majburiyatlarning bajarilish tajribasiga asoslanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, uch yil oldin 2030 yilga mo‘ljallangan 160 milliard dollarlik YAIM vazifasi “global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan... shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiriladi”. Demak, yangi, yanada yuksak marralar real ijro tajribasidan kelib chiqqan holda belgilanmoqda, bu esa strategik rejalashtirish ilmiy asoslanganidan dalolat beradi. Uchinchi milliy dastur iqtisodiy dvigatelni ishga tushirishda uch asosiy tayanch nuqtaga asoslanadi. Birinchisi, startap loyihalar. Endi innovatsiyalar laboratoriyalarda chang bosib yotmaydi. Yoshlarning texnologik g‘oyalarini tijoratlashtirish, inkubatsiya va akseleratsiya markazlari orqali ularni global bozorlarga chiqarish yangi milliy siyosat darajasiga ko‘tarilmoqda. Ikkinchisi, venchur sarmoya. Iqtisodiyotda yuqori texnologiyalar an’anaviy bank kreditlari bilan rivojlanmaydi — bu yerda tavakkalchilikni o‘z zimmasiga oluvchi venchur fondlar kerak. Davlat va xususiy venchur kapitali birlashib, eng ilg‘or g‘oyalarni millionlab dollarlik texnologik loyihalarga aylantiradi. Uchinchisi, sun’iy intellekt (SI) inqilobi. Bugun SI shunchaki AT soha emas, balki davlat boshqaruvi, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va og‘ir sanoatning samaradorligini belgilovchi bosh quroldir. SI tizimlarini ishlab chiqarish va kundalik xizmatlarga joriy etish mehnat unumdorligini 30-40 foiz oshirishga xizmat qiladi.

Dasturning sifat jihatidan eng muhim qirrasi “yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanishi”dir. Bu iqtisodiy taraqqiyotning manbaini qayta belgilash demakdir. Agar an’anaviy modelda taraqqiyot manbai asosan kapital va mehnat sarfi hisoblansa, yangi modelda u bilim, ijodkorlik va innovatsiya bilan almashtiriladi. Bu yerda davlatimiz rahbari tomonidan boshqa o‘rinda bildirilgan g‘oya — “AT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib... 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish” uchinchi milliy dastur bilan uzviy bog‘liqdir. Demak, ta’lim sohasidagi birinchi milliy dastur va iqtisodiy sohadagi uchinchi milliy dastur o‘rtasida ichki mantiqiy uzviylik mavjud: bilimli, malakali inson kapitali yuqori texnologik iqtisodiyotning zaruriy sharti hisoblanadi. Dasturda nazarda tutilgan yana bir muhim jihat “kichik biznes — o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yish”dir. Bu yondashuv tadbirkorlik taraqqiyotining tabiiy, organik bosqichlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, u hozirgi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar salohiyatiga tayanadi.

Zero, bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti. Dasturning nomlanishida “mehnat unumdorligi” tushunchasi alohida ta’kidlanishi bejiz emas. Klassik iqtisodiy falsafada mehnat unumdorligi birlik vaqt ichida ishlab chiqarilgan mahsulot yoki xizmat hajmining oshishi sifatida tushuniladi. Biroq bu tushunchaga faqat texnik-iqtisodiy ma’noda qarash uning chuqur ijtimoiy-falsafiy mazmunini kamsitish bo‘lur edi. Mehnat unumdorligi oshishi aslida uch o‘zaro bog‘liq jarayonni anglatadi. Birinchidan, u insonning mehnat jarayonidagi o‘rnini o‘zgartiradi — oddiy, takrorlanuvchi, past malakali mehnatdan yuqori intellektual, ijodiy mehnatga o‘tishni talab qiladi. Bu ma’noda texnologik taraqqiyot insonni “mexanik bajaruvchi”dan “ijodkor subyekt”ga aylantirish imkonini beradi. Ikkinchidan, mehnat unumdorligining oshishi ijtimoiy adolat masalasi bilan ham chambarchas bog‘liq. Yuqori unumli mehnat yuqori daromad demakdir, bu esa aholi farovonligi oshishiga, oqibatda esa kambag‘allik qisqarishiga xizmat qiladi. Prezidentimiz nutqida keltirilgan raqamlar — kambag‘allik darajasining “2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga” tushganligi — aynan shu bog‘liqlikning amaliy dalilidir.

Uchinchidan, mehnat unumdorligi masalasi milliy o‘zlikni anglash bilan ham bog‘liq. Agar mamlakat faqat xomashyo yetkazib beruvchi yoki arzon ishchi kuchi manbai sifatida qolib ketsa, uning jahon tizimidagi mavqei ikkinchi darajali bo‘lib qolaveradi. Yuqori texnologik modelga o‘tish esa millatning intellektual subyektlik maqomini tiklash, dunyo taraqqiyotiga mustaqil hissa qo‘shish imkoniyatini yaratish demakdir. Prezidentimiz ifodasida bu g‘oya aniq ko‘rsatilgan: “Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur”.

Yaqinda davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga tashrifi chog‘ida Qoraqalpog‘istonni “yashil” energetika, intellektual iqtisodiyot va jadal taraqqiyot markaziga aylantirish borasida bildirgan mulohazalari ham uchinchi milliy dasturga uyg‘un desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Mustaqillikning 35 yilligi bayrami tantanalari davom etayotgan shukuhli kunlarda Prezidentimizning Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tarixiy yig‘ilishda Orolbo‘yi eli bilan yuzma-yuz, ochiq va samimiy muloqoti so‘nggi yillarda mintaqada amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar nafaqat natija berayotganini, balki Qoraqalpog‘iston bugun butun mamlakatimizning eng tez rivojlanayotgan yetakchi iqtisodiy lokomotivlaridan biriga aylanganini ko‘rsatdi. Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy jihatdan oyoqqa turg‘azish maqsadida misli ko‘rilmagan preferensiyalar va soliq imtiyozlari berildi. Foyda, yer va mol-mulk soliqlari 2 barobar, sanoat korxonalari uchun elektr tarifi 15 foiz pasaytirildi, ijtimoiy soliq esa atigi 1 foiz etib belgilandi. Natijada o‘tgan yili hududga 1 milliard 700 million dollar investitsiya kiritildi — bu 2021 yildagiga nisbatan naqd 22 barobar ko‘pdir. Joriy yilning birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti 10,2 foiz o‘sish qayd etib, rivojlanish sur’ati bo‘yicha respublikada Toshkent shahridan keyingi faxrli ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Qoraqalpog‘istonning cheksiz sahrolari va kuchli shamol salohiyati mamlakatimizning energetika mustaqilligiga xizmat qilmoqda. Hududda so‘nggi yillarda 860 MVt. yangi quvvatlar ishga tushirilib, Beruniy va Qorao‘zakdagi shamol stansiyalari hisobiga “yashil” energiya ulushi 23 foizga yetkazildi. Elektr ishlab chiqarish 4 barobar oshib, hudud ehtiyojidan 3 barobar ortdi. Eng muhimi, umumiy qiymati 7 milliard dollar bo‘lgan 47 ta yangi loyiha qurilishiga rasman start berildi. 2030-yilga borib hududda jami 3300 MVt. shamol quvvatlari ishga tushadi va Qoraqalpog‘istonda “yashil” energiya ulushi 76 foizga yetadi. Bu esa mintaqani xalqaro darajadagi toza energiya xabiga aylantiradi.

Mintaqaning geografik izolyatsiyasini buzish va savdo yo‘llarini ochish bo‘yicha ulkan transport loyihalari amalga oshirilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 384 million dollar evaziga A-380 xalqaro avtomagistralining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri to‘liq sifatli beton qoplamaga o‘tkazildi. Endilikda To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrini qurish boshlandi. Natijada tranzit salohiyati 1,5 barobar oshadi: yuklar To‘rtko‘ldan Qozog‘iston chegarasiga 24 soat emas, atigi 10 soatda yetib boradi. Kelgusi yil mart oyidan boshlab Toshkent — Nukus tezyurar poyezdi qatnay boshlaydi va poytaxtdan Nukusgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi. To‘yamo‘yin tozalash inshooti ¬rekonstruksiya qilinib, Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqacha 100 kilometr yangi ichimlik suv quvuri tortilmoqda.

Qoraqalpog‘iston endilikda nafaqat sanoat va qishloq xo‘jaligi, balki yuqori raqamli texnologiyalar markaziga aylantirilmoqda. Qo‘ng‘irot — Qorao‘zak — Taxiatosh yo‘nalishi hududning “yashil sanoat yo‘lagi” va “intellektual iqtisodiyot uchburchagi” sifatida rivojlantiriladi. Sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar markazlari uchun tashkil etilgan maxsus zonada umumiy qiymati 8 milliard dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Kelgusi uch yil ichida Nukus, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori daromadli AT va muhandislik ish o‘rni yaratiladi. Bulutli texnologiyalar va SI sohasidagi yillik eksport hajmi 600 million dollarga yetkaziladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — islohotlarning bosh mezoni oddiy odamlarning turmush farovonligini yuksaltirishdir.

Nukusdagi tarixiy yig‘ilish ko‘rsatdiki, bir paytlar ekologik fojia va murakkab sharoitlar hududi sifatida qaralgan Qoraqalpog‘iston bugun ulkan bunyodkorlik, investitsiyaviy jozibadorlik va “yashil” texnologik taraqqiyot markaziga aylandi. Prezidentimiz belgilab bergan yangi istiqbollar va milliardlab dollarlik megaloyihalar Qoraqalpog‘iston zaminini nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning eng qudratli intellektual va industrial maskanlaridan biriga aylantirishi shubhasizdir.

Dasturning boshqa hujjatlar bilan o‘zaro bog‘liqligi

Ilmiy-falsafiy tahlil nuqtayi nazaridan muhim bo‘lgan jihat, uchinchi milliy dasturni alohida, izolyatsiyalangan hodisa sifatida emas, balki butun tizimning tarkibiy qismi sifatida ko‘rish zarurligidir. Jumladan, birinchi milliy dastur (bilim va malakani kapitalga aylantirish) yuqori texnologik iqtisodiyot uchun zarur inson kapitalini tayyorlaydi. Texnikumlarda xalqaro standartlarni joriy etish va “yuqori daromadli kasblarga o‘qitish” bevosita uchinchi dasturning kadrlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.

To‘rtinchi milliy dastur (suv va ekologiyaga munosabatni o‘zgartirish) yuqori texnologik taraqqiyot barqarorligini ta’minlaydi, chunki zamonaviy iqtisodiy o‘sish ekologik omillarni inobatga olmasdan uzoq muddatli samara bermaydi. Beshinchi milliy dastur (qonun ustuvorligi) investitsiya muhiti ishonchliligini, tadbirkorlik kafolatlari mustahkamligini ta’minlaydi, bu esa 450 milliard dollarlik investitsiya maqsadiga erishishning zaruriy shartidir. Oltinchi milliy dastur (mahalla — taraqqiyotning asosiy buyurtmachisi) iqtisodiy o‘sish samarasi jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha yetib borishini, ya’ni taraqqiyotning inklyuziv xususiyatini ta’minlaydi.

Bu o‘zaro bog‘liqlik ko‘rsatadiki, Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan 7 ta milliy dastur mexanik ro‘yxat emas, balki dialektik yaxlitlikka ega bo‘lgan strategik tizimdir, unda har bir qism boshqasini to‘ldiradi va mustahkamlaydi.

Kutilayotgan natijalar va ularning ijtimoiy ahamiyati

Dastur amalga oshirilishi jarayonida kutilayotgan asosiy natijalarni umumlashtirish mumkin. Birinchidan, iqtisodiy ko‘lamning ortishi: YAIM hajmining 300 milliard dollarga yetkazilishi mamlakatimizni mintaqada va jahon miqyosida yanada mustahkam iqtisodiy mavqega ega qiladi. Ikkinchidan, mehnat bozorining sifat jihatidan o‘zgarishi: 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi oddiy ish o‘rinlari soni ko‘payishi emas, balki ularning sifat tavsifi tubdan o‘zgarishi demakdir. Uchinchidan, aholi farovonligi yuksalishi: jon boshiga YAIMning 10 ming dollardan oshishi bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rtadan yuqori daromadli davlatlar toifasidan ancha oldinga siljishini anglatadi. To‘rtinchidan, yoshlar salohiyatining ro‘yobga chiqishi: startap va innovatsion tadbirkorlik orqali yosh avlodga o‘z bilimi va qobiliyatini amalga oshirish uchun keng maydon ochiladi. Beshinchidan, milliy o‘ziga xoslikning mustahkamlanishi: texnologik sohada mustaqil va tashabbuskor mamlakatga aylanish milliy g‘urur va o‘ziga ishonch hissini kuchaytiradi.

Qisqasi, uchinchi milliy dastur — iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish — mohiyatan O‘zbekistonning jahon taraqqiyot tarixidagi yangi bosqichga o‘tish strategiyasidir. Bu dastur orqali davlat nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashni, balki jamiyatning ishlab chiqarish munosabatlarini, insonning mehnatga munosabatini, millatning o‘zligini anglash tarzini ham tubdan yangilashni maqsad qilgan. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!”. Mana shu birdamlik g‘oyasi milliy dasturlarning barchasini, jumladan, iqtisodiy taraqqiyot dasturini ham yakka shaxs manfaati emas, balki butun jamiyat, butun millat manfaati nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Yuqori texnologiya va yuqori mehnat unumdorligi modeliga o‘tish shunchaki iqtisodiy siyosat yo‘nalishi emas, balki XXI asr sharoitida millat sifatida yashab qolish, rivojlanish va jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shish yo‘lidagi tarixiy zarurat va falsafiy tanlovdir. Bu tanlov inson qadrini iqtisodiy taraqqiyotning markaziga qo‘yuvchi davlat siyosatining tabiiy va mantiqiy davomidir.

Yanada aniqroq aytganda, O‘zbekistonning 35 yillik mustaqillik bekatida e’lon qilingan “Yuqori texnologiyali iqtisodiyot” milliy dasturi kelajak avlodlarga qoldiriladigan eng mustahkam poydevordir. Biz nafaqat yangi zavodlar qurmoqdamiz, balki jamiyatimizning tafakkur tarzini yangilamoqdamiz. Ushbu dasturning to‘laqonli amalga oshishi O‘zbekistonni global texnologik poygada shunchaki kuzatuvchi emas, balki mintaqaviy va qit’alararo innovatsion markazga, dunyoning eng raqobatbardosh sanoat makonlaridan biriga aylantirishi shubhasizdir.

Ismoil SAIFNAZAROV,

falsafa fanlari doktori, professor