Bunda mamlakatdagi yangi tizim, oʻsish va oʻzgarishlar hisobga olinadi.Bizningcha, tarixiy voqealarning koʻpligi va shiddatiga qaraganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik davrini ikki bosqichga boʻlish mumkin. Birinchisi bu – avvalgi muammolarni hal qilish va inson qadrini koʻtarish davri.

Prezidentimiz lavozimga kirishgan ilk yillarni eslaylik. Odamlarning oddiy hayot tarzi, yashashi, huquqlari bilan bogʻliq qancha muammolar yigʻilib yotgandi. Bolalar mehnati, paxta safarbarligi, iqtisodiyot yopiqligi, biznesning qiyinligi, chegara muammolari, uy-joy yetishmasligi, xorijga chiqish, fuqarolik olish va propiska cheklovlari... Va hokazo.

Bularning qadrini tushunish uchun 3 ta voqeani eslashni oʻrinli deb oʻylayman.

Birinchi voqea

2017-yil 21-sentyabr, Nyu-York shahri. BMT Bosh Assambleyasi yigʻilishiga borgan Shavkat Mirziyoyev koʻplab manfaatli uchrashuvlar oʻtkazdi.

Lekin Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashuv juda asabiy kechdi. Sababi — Oʻzbekistonda odamlarni majburiy mehnatga va bolalarni paxta terimiga jalb etish holatlari edi. Inson huquqlarini qadrlagan xalqaro tashkilotlar bu mezonga toʻgʻri kelmaydigan davlatlar bilan hamkorlikni xushlamasdi.

Paxta oʻlkamizda XX asr boshlaridan buyon keng yetishtirilayotgan boʻlsa, majburiy mehnat har doim boʻlgan. Faqat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davriga kelib, xalq kutgan qatʼiyat topildi — 100-yilda boʻlmagan islohot boʻldi.

2017-yildan boshlab dalalarda bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qoʻyildi. Byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalarni paxta terimiga chiqarish taqiqlandi. Paxtaga daxli boʻlmaganlarning qoʻli boʻshadi. Buni Xalqaro mehnat tashkiloti ham koʻrib, kuzatib bordi.

Endi voqeaning davomini eshiting. Jahon bankining prezidenti 3 oy oʻtib, 2018-yil yanvarda yurtimizga vakillarini yubordi. Davlatimiz rahbari bilan uchrashishni taklif qilib, Oʻzbekiston bilan sheriklikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Oʻsha yili may oyida Prezidentimizning Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi chogʻida ikkinchi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu safar munosabat tamomila boshqacha! Davlatimiz rahbarini Jahon banki prezidentining oʻzi ochiq yuz bilan kutib oldi. “Men Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning surʼati, miqyosi va koʻlamidan chuqur hayratdaman”, dedi u.

Bu Prezidentimizning qatʼiyati va shijoatiga tan berish edi. Ayonki, buning ortida qanday hurmat, hurmatning zamirida esa katta mehnat-mashaqqat bor!

Albatta, bu bilan paxtachilik zarar koʻrgani yoʻq. Iqtisodiyot uchun u ham kerak. Faqat bozor tamoyillari va manfaatdorlik toʻgʻri yoʻlga qoʻyildi. Endi paxtani bolalar emas, “manfaat” teryapti.

Paxta bir asr davomida elimizning asosiy tashvishi boʻlib keldi. Bu odamlarning turmush tarziga, hatto ongiga singib ketgandi. Qishloq bolalari kuzda oylab paxtaga chiqib, bir yilda 6 oy oʻqirdi. Lekin xalqimizning “kosasi oqarmadi”. Qaytaga zahmat, kasallik, isnod keltirdi.

Paxtamizning oʻzi oq, nomi qora edi. Shu tufayli ham “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga boykot eʼlon qilgandi. Yuqoridagidek ijobiy oʻzgarishlar va davlatimizga ishonch taʼsirida 2022-yilga kelib, bu “tavqi laʼnat” bekor qilindi.

Qolaversa, mamlakatimiz GSP+ imtiyozlar tizimiga aʼzo boʻldi. Bu orqali 6200 turdagi mahsulotlarni Yevropa bozorlariga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi. “ZARA”, “Collins”, “LC Waikiki”, “De Facto”, “Piere Cardin”, “Baldessarini”, “Digel”, “Carl Gross” kabi mashhur kompaniyalar bilan hamkorlikka yoʻl ochildi.

Ilgari paxtamizni xomashyo holida sotolmay yurgan boʻlsak, endi tayyor mahsulot qilib sotyapmiz. Ham odamlarga ish oʻrni, ham qoʻshilgan qiymat yaratilyapti. Mana, birgina islohotning xalq hayotidagi oʻrni!

Ikkinchi voqea

2017-yil 5-sentyabr. Shu kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qirgʻizistonga boradi. Salom-alikdan soʻng Qirgʻiziston Prezidenti birinchi boʻlib Oʻzbekistondagi vaziyatni soʻraydi.

Gap shundaki, bundan bir-ikki kun oldin davlatimiz rahbarining valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha farmoni eʼlon qilingan edi. Unga koʻra, 2017-yil 5-sentyabrdan boshlab, Oʻzbekistonda chet el valyutasini sotish va sotib olish erkinlashtirildi.

Oʻshanda koʻpchilik bu revolyutsion qadamdan xavotirga tushgani rost. Endi Oʻzbekistonda narxlar osmonga chiqib ketadi, xaos boshlanadi deb oʻylaganlar ham boʻldi.

Lekin unday boʻlmadi. Vaziyat har tomonlama tahlil qilingani, ham tadbirkorlar, ham moliyachilar fikri oʻrganilgani, xalqaro ekspertlarning maslahatlari olinib, puxta tayyorgarlik koʻrilgani natijasida konvertatsiyaga oʻtish ravon kechdi.

Hozirgi yoshlar bilmasligi mumkin. Ilgari yurtimizda xorijiy valyuta sotib olish cheklangandi. Oqibatda rasmiy va bozor kursi paydo boʻlib, orasidagi farq ikki barobar edi.

Investorlar ham anoyi emas. Bunday sharoitdagi joyga pul tikkisi kelarmidi? ­Investitsiya kiritsayam, foydasini olish ming daxmaza edi. Yoki mahsulotini eksport qilgan tadbirkor topgan xorijiy valyutasini oʻzi uchun ziyonli boʻlgan rasmiy kurs boʻyicha sotardi.

Shuning uchun investitsiya ham, eksport ham sust edi. Masalan, 2016-yilda sarmoyalar hajmi 15 milliard dollar nari-berisida boʻlgan. Oqibatda iqtisodiy rivojlanish sekinlashgan, ijtimoiy infratuzilmaga esa aytarli pul yetib bormasdi.

2017-yilda soʻmning erkin konvertatsiyasi ochilgani biznes rivojiga juda katta turtki berdi. Bu savdo, ishlab chiqarish, eksport, umuman, iqtisodiyot erkinlashdi degani. Oʻzbekistonga katta-katta kompaniyalar kela boshladi. Turli majmualar qurilib, odamlar ishli boʻldi.

Soʻnggi yillarda yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilibdi. Endi oʻylang, 15 milliard qayoqda-yu, 150 milliard qayoqda? Yaʼni 10 yilda 10 barobar oʻsish!

Biz hali faqat chet el investitsiyasini ­aytyapmiz. Hozir oʻzimizning tadbirkorlar ham katta-kichik investorlarga aylandi. Turli sohalarga yoʻnaltirilgan jami pulni qoʻshsak, 230 milliard dollardan oshib ketadi.

Bu nimadan? Iqtisodiyotga ishonchdan!

Bu nimadan? Erkinlik borligidan!

Shunday sharoitlar natijasida minglab kichik korxonalar katta shirkatlarga ­aylandi. Boshqalarni oʻz ortidan ergashtiradigan “chempion tadbirkorlar” degan ibora paydo boʻldi. Ularning hisob raqamlarida million-million dollar bor. Xohlasa soʻmda, xohlasa xorijiy valyutada biznes qilyapti. Avvalgiday taqiqlar va taʼqiblar yoʻq. Ishbilarmonlarimiz dunyoga chiqib, global qoʻshilgan qiymat zanjirida faol qatnashyapti.

Eslasangiz, oldinlari chet ellar bilan muzokaralarda Oʻzbekiston delegatsiyasida faqat davlat mulozimlari boʻlardi. Hozir koʻpi ishbilarmonlar. Prezidentimizning xorijga safarlari chogʻida har doim biznes-forumlar oʻtkazilyapti. Bu — yurtimizda tadbirkorlar sinfi yetakchi oʻringa chiqayotganidan dalolat.

Bunday oʻzgarishlar odamlar hayotida aks etmay qolmaydi, albatta. Ochilgan korxonada baribir kimdir ishlaydi. Mahsulotni birov sotadi, sotib oladi. Ularga xizmat koʻrsatishda yana qancha odam daromad topadi. Xullas, gʻildirak yurib ketdi.

Masalan, hozir xususiy sektorda oʻrtacha oylik 4-5 million soʻm. Uyiga daromad kirgan odamning kayfiyati koʻtarinki boʻladi, oʻziga, sogʻligʻiga qaraydi, farzandlarini yaxshi oʻqitadi. Butun jamiyatda shunday muhit boʻlsa, mamlakat ilgarilab boraveradi.

Uchinchi voqea

Shavkat Mirziyoyev xalq ichidan chiqqan, hayotning pastu balandini koʻrgan inson. Yoshligida koʻp qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazgan. Oila qurgach, ijarada yashagan, “propiska” degan gʻalvalarga duch kelgan.

Keyinchalik viloyat hokimi, Bosh vazir boʻlib ishlaganida ham doim pastda yurib, xalqning dardini yaxshi bilardi.

Oʻsha paytda eng katta muammo uy-joy yetishmasligi edi. Misol uchun, 1991-yilda Oʻzbekiston aholisi 20 million kishi boʻlgan, 2016-yilda esa 32 millionga yetgan. Lekin ­uylar-chi? Shunga yarasha uylar qurildimi? Shuncha aholi, yosh oilalar qayerga koʻchib chiqdi?

Vaqt oʻtgani sayin bu muammo kattalashib bordi. Bir hovlida toʻrt-besh kelin siqilib yashayotgan oilalar ham bor edi.

Aslida, farovon yashashning birlamchi sharti — uy-joy, boshpana. Shuning uchun Prezidentimiz bu masalaga birinchi navbatda eʼtibor qaratdi. Uning davlat rahbari sifatidagi ilk qarorlaridan ikkitasi qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish toʻgʻrisida boʻldi. Birinchisi 2016-yil oktyabrda, ikkinchisi noyabrda qabul qilingan edi.

“Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson oʻzining “kichik vatani”ga — uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi boʻladi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev oʻsha vaqtlarda.

Shunday boʻlyapti ham. 2017-2025-yillarda yurtimizda 620 mingdan ziyod xonadon qurilibdi. Bu yil yana 140 ming xonadonli uylar barpo etish rejalashtirilgan. Ilgari hech qachon bunday katta qurilish boʻlmagan.

Endi oʻzingiz oʻylang: oxirgi 10 yilda uy-joylar sanogʻi 800 mingtaga boryapti. Agar oilalar oʻrtacha 4-5 jon deb olsak, 4 million odamning hayoti oʻzgaryapti. Bogʻcha, maktab, poliklinika, sport maydoni, ish joyi va eng yaxshi xizmatlar yonida boʻladi. Prezidentimiz maqsad qilganidek, hayotdan rozi boʻlib yashaydi.

Bunday ishlar davom etyapti. Xususiy kompaniyalar qurayotgan turar joylardan tashqari “Yangi Oʻzbekiston” massivlari degan harakat paydo boʻldi. Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda 56 ta shunday zamonaviy mavze qad rostladi. Kelgusi besh yilda ularning soni 100 taga yetadi.

Yana bir jihati, sharoiti ogʻir oilalarga uy-joyning boshlangʻich badali davlat byudjeti hisobidan toʻlab berilyapti. Yaʼni mablagʻi yoʻq odam ham salgina harakat qilsa, yangi uy olyapti, asta-sekin oyoqqa turib ketyapti.

Inson qadri yana tenglik, emin-erkinlik ham degani. Lekin uzoq yillar yurtimizda fuqarolik va “propiska” bilan bogʻliq koʻp cheklovlar bor edi. Toshkent shahrida doimiy roʻyxatga oʻtish azob edi. Oramizda yigirma yillab yashab, bolalari ulgʻayib, lekin teng huquqli fuqaro boʻlmaganlar qancha?! Ular xuddi aybdorday, oʻz yurtida begonaday edi.

Bu ishi tushmaganlarga bilinmasligi mumkin. Ishi tushganlar hozirgi erkinlik nafasini juda teran sezadi. Bugun ularning yelkasidan togʻ agʻdarilgan. Ilgari qisilib, qimtinib yurgan boʻlsa, endi hamma bilan teng, emin-erkin yashayapti. Bemalol uylar olyapti, davlat xizmatlarida ishlayapti, saylovlarda qatnashyapti.

Axir shu emasmi, inson huquqlari! Shu emasmi, islohotlarning odamlar hayotiga taʼsiri!

* * *

Bular oxirgi yillardagi real islohotlardan ayrimlari, xolos. Bunday xayrli ishlar juda koʻp.

Maqola boshida qayd etganimizdek, ilk islohotlar muammolarni hal qilishga qaratildi, aholining birlamchi ehtiyojlarini yuzaga chiqardi, rivojlanishga zamin yaratdi.

Endi Oʻzbekiston islohotlarning ikkinchi davriga qadam qoʻydi. Bu — yaratilgan sharoitlarga tayanib, natijadorlikni oshirish, strategik rivojlanish davri.

Bizningcha, bu bosqichning ikkita muhim huquqiy asosi bor. Birinchisi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya boʻlsa, ikkinchisi, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi. Bosh qonunimizda davlatchiligimiz asoslari va taraqqiyot yoʻli, strategiyada esa kelgusi reja va maqsadlari mujassamlashgan. Xuddiki biri mustahkam poydevor boʻlsa, ikkinchisi unda quriladigan ulkan imorat.

Masalan, davlatimiz rahbarining ­“inson qadri uchun” gʻoyasidan oʻsib chiqqan “inson — jamiyat — davlat” degan yondashuv Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singgan. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ham “har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” bobi bilan boshlanadi.

Prezidentimiz faoliyatining ilk kunlaridanoq “xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan talabni qoʻygan edi. Strategiyada belgilangan “xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” vazifalari ana shu siyosiy kursning izchil davomidir.

Bunday parallellarni koʻplab keltirish mumkin. Sirasini aytganda, yurtimizdagi islohotlar bilan rejalar uzviy, bir-birini toʻldiradi. Jumladan, milliy strategiyamiz ham zamon talabi va aholi kutilmalariga asoslangan. Taʼbir joiz boʻlsa, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi xalq bilan davlat oʻrtasidagi murosa, burch va masʼuliyatdir.

Shu paytgacha qilingan ishlar marrani baland olish imkonini beryapti. Ularning roʻyobini, umuman, mamlakat kelajagini bilimli kadrlar hal qiladi. Davlatimiz rahbari asos solgan Prezident maktablari, al-Xorazmiy va al-Beruniy maktablari, zamonaviy universitetlarda ana shunday yangi avlod tarbiyalanmoqda. “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi, “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihalari yoshlarni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirmoqda.

Bilimning qadrlanishi butun mamlakatda oʻqish-oʻrganish toʻlqinini paydo qildi. Hozir rahbarlardan tortib, oddiy ishchigacha — hamma ota-ona farzandini yaxshi oʻqitish harakatida. Xudo xohlasa, yaqin yillarda bu avlod hayotga kirib kelib, jamiyatimizni koʻtaradi, Uchinchi Renessansga poydevor boʻladi.

Yana, xalqning yuksalishi uchun milliy gʻurur va koʻtarinki ruh ham kerak. Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasida ana shunday ulkan iftixor manbasini koʻramiz. Bunday ulugʻ meroslar oʻzbek xalqining salohiyatini yaqqol namoyon etadi, yosh avlodda gʻurur va oʻziga ishonch uygʻotadi.

Qaysi sohada boʻlmasin, hamma islohot va harakatlarning bir umumiy jihati bor.

Bu — xalqchillik, xalq manfaati. Barcha strategik maqsadlar aholi fikri va ehtiyojlarining ifodasi. Shunday ekan, ularning hayotga koʻchishi hammamiz uchun kerak. Bu jamiyatdan jipslik va islohotlarga daxldorlikni talab qiladi. Eng muhimi, yoʻlimiz toʻgʻri, marralar aniq, qadamlar esa dadil.

Anvar SAMADOV,

jurnalist