Shu maʼnoda, bugun mustaqilligimizning 35 yilligi haqida soʻz yuritar ekanmiz, eng avvalo, bu yillarda shakllangan yangi avlod, ularni tarbiyalayotgan ustozlar va shu ustozlarni tayyorlayotgan taʼlim tizimi haqida ham oʻylashimiz mutlaqo tabiiy, albatta. Zero, millat kelajagi, birinchi galda, taʼlim-tarbiya sifatiga bogʻliq ekani yaxshi ayon. Keyingi yillarda oʻqituvchi shaxsiga munosabat oʻzgarishi, mehnati qadr topib, kasbiy oʻsishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani esa, shubhasiz, eng muhim ijtimoiy oʻzgarishlardan biridir.

Shiddatli davr ustozlardan faqat dars berishni emas, izlanish, yangilik yaratish, xorijiy tillarni oʻrganish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish va kasbiy mahoratini muntazam oshirishni talab etmoqda. Eng muhimi, bu talablarni bajarish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Mavjud imkoniyatlarning eng qimmatli samarasi esa oʻz fikriga, maqsadiga va yuksak salohiyatga ega avlod shakllanayotganidir.

Mazkur jarayonda oliy taʼlim, ayniqsa, pedagogik taʼlim muassasalarining oʻrni alohida. Negaki pedagogikaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarining asosiy vazifasi millat bolalarining fundamental bilimlarni egallashida bosh rolni bajaruvchi maktab oʻqituvchilarini tayyorlashdan iborat. Demak, ularning faoliyati butun mamlakat taʼlim darajasi, sifatida ham oʻz aksini topadi.

Aynan shu tamoyil asosida umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida Termiz davlat pedagogika institutining 20 ta kafedrasi filiallari tashkil etilgan. Bu oliy taʼlimni maktabdan uzoqlashtirmaslik, boʻlajak pedagogni real taʼlim muhiti bilan bogʻlash, professor-oʻqituvchi ilmiy izlanishini amaliyotdagi muammolar bilan uygʻunlashtirish imkoniyatidir. Endilikda boʻlajak pedagog maktabdagi haqiqiy dars jarayonini, oʻquvchi bilan ishlashni, pedagogik muammolarni amaliy muhitda koʻrmoqda. Professor-oʻqituvchi esa ilmiy izlanishlarini real taʼlim ehtiyojlari bilan bogʻlay oladi.

Bugungi pedagogni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu sababli ins­titutda taʼlim jarayonini raqamlashtirishga tizimli yondashilmoqda. Jumladan,

25 ta bakalavriat yoʻnalishidagi 622 ta fan boʻyicha elektron oʻquv kontentlari bazasi shakllantirilgan. Magistraturaning 22 ta mutaxassisligi boʻyicha 95 ta fan kesimida oʻquv-uslubiy materiallar elektron shaklda tayyorlangan. Talabaning mus­taqil taʼlimini nazorat qiluvchi ­

mustaqil.terdpi.uz, professor-oʻqituvchi yuklamasini boshqaruvchi yuklama.terdpi.uz hamda taʼlim jarayonini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi monitoring.terdpi.uz kabi platformalar joriy etilishi taʼlim boshqaruvida raqamli yondashuv kuchayib borayotganidan darak.

42 ming adabiyot va 48 ta kompyuter bilan taʼminlangan, kunlik 560 talaba qamroviga ega axborot-resurs markazi taʼlim sifatini oshirishda qoʻl kelyapti. Bunday tizimning eng muhim jihati talaba bilim olish jarayonining passiv ishtirokchisidan mustaqil izlanadigan subyekt­ga aylanishida, deyish mumkin. Bu esa ertangi maktab oʻqituvchisi uchun gʻoyat muhim sifatdir.

Albatta, zamonaviy pedagogni tayyorlash uchun xuddi shunday ilmiy muhit zarur. Institutimizda yuksak ilmiy-pedagogik mahorat, zamonaviy innovatsion tafakkur va yangicha dunyoqarashga ega professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritib, yangi avlodni zamon talablari asosida tarbiyalash va ularda ilmiy-ijodiy salohiyatni shakllantirishga munosib hissa qoʻshayotir. Bu yerda ilmiy salohiyat soʻnggi uch yilda 17 foizdan 38,1 foizga oshdi. Fan doktorlari soni 2 nafardan 11 nafarga, PhD darajasiga ega mutaxassislar soni esa

10 nafardan 104 nafarga yetdi.

2025-yilda Scopus bazasida institutimiz sahifasi ochilgan boʻlib, bugunga qadar professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan Scopus va Web of Science bazalarida 116 ta maqola chop etildi. Oliygohda soʻnggi yillar davomida xalqaro va respublika miqyosidagi 42 ta anjuman tashkil etilgani esa ilmiy salohiyat bilan uygʻun ravishda hamkorlik muhiti tobora yaxshilanib borayotganidan dalolat.

Bu yerda pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzilgan. Hozir 9 ta ixtisoslik boʻyicha 40 tayanch doktorant, 11 fan doktori va 265 mustaqil izlanuvchi pedagogikaning dolzarb muammolari ustida ilmiy izlanish qilmoqda. Tadqiqotchilarning ilmiy nashrlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida OAK tasarrufiga kirgan “TerDPI ilmiy xabarnomasi” jurnali ochilgan va uni xorijning nufuzli elektron bazalariga indeksatsiyalash ustida ishlayapmiz.

Institutda “Logopediya”, “Eksperimental psixologiya”, “Inkubatsiya markazi”, “Kimyo va atrof-muhit muhofazasi” kabi ilmiy-amaliy laboratoriyalar tashkil qilindi va bugungi kunda  ularda “spin off” ochilmoqda. Bu pedagogika institutining oddiy taʼlim muassasasidan ilmiy-pedagogik markazga aylanib borayotganini koʻrsatuvchi muhim belgidir.

Professor-oʻqituvchilarimiz davlat grantlari va xalqaro dasturlar doirasidagi loyihalarda faol qatnashmoqda. Talabalarning ham mazkur dastur va loyihalardagi ishtiroki ularning kasbiy, ilmiy va shaxsiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Institutda xalqaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilyapti. Erasmus+, PRESETT-Accelerating English Language Learning in Central Asia, SES kabi dasturlar doirasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan 41 nafar professor-oʻqituvchilar oʻquv jarayoniga jalb etilgan. Institutning 50 professori va 30 talabasi xorijiy OTMlarga malaka oshirish va stajirovkalarga yuborilgan.

AQSH va Rossiya bilan hamkorlikda TOEFL IBT va iTEP, Turkiya bilan TRKI xalqaro til markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani boʻlajak pedagoglarning xalqaro taʼlim maydoniga chiqishi uchun muhim imkoniyatdir. Xalqaro sertifikatga ega professor-oʻqituvchilar ulushi 45 foiz, talabalar ulushi esa 25 yetgani mazkur saʼy-harakatlarning amaliy natijasi. Shuningdek, AQSHning SAT tashkiloti bilan hamkorlikda ingliz tilidan xalqaro imtihonlarni tashkil etish yoʻlga qoʻyilib, institut talabalari va hududdagi yoshlarning xalqaro sertifikat olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Muassasa hududida zamonaviy talablarga javob beradigan nemis tili oʻquv markazi tashkil etilib, uning moddiy-texnik bazasi shakllantirildi.

Ayni vaqtda Termiz davlat pedagogika ins­tituti 60 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim muas­sasasi va xalqaro tashkilot bilan amaldagi memorandum va hamkorlik kelishuvlariga ega. Jumladan, Qozon federal universiteti bilan ikki diplomli 1+1 qoʻshma dastur ­asosida talabalar qabul qilinayotgani, Fransiyaning Yevropa xalqaro universiteti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani institut taʼlimining xalqaro yoʻnalishi tobora kuchayib borayotganini koʻrsatadi. Rossiyaning Volgograd davlat ijtimoiy pedagogika universiteti bilan ham memorandum imzolanib, Volgograd shahrida Termiz davlat pedagogika institutining til markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Institutda xorijlik talabalarni jalb etish va xalqaro taʼlim xizmatlarini targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu xorijiy hamkorlar geografiyasini kengaytirish hamda xalqaro taʼlim va ilmiy hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitishga xizmat qilmoqda.

“Study in Uzbekistan” taʼlim dasturi doirasida Misr, Qirgʻiziston va Xitoy kabi davlatlarga xizmat safarlari tashkil etilib, xorijiy oliy taʼlim muassasalari, tashkilotlar hamda taʼlim sohasi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Buning natijasida institutga xorijlik talabalarni jalb qilish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilib, kelgusida ular sonini yanada oshirish boʻyicha amaliy choralar koʻrilyapti.

Bugungi kunda yoshlar siyosatini faqat taʼlim berish bilan chegaralab boʻlmaydi. Ularning qanday muhitda yashashi, qanday qadriyatlar asosida tarbiyalanishi, boʻsh vaqtini nimalarga sarflashi, oʻz isteʼdodini qayerda va qanday namoyon etishi ham katta ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, Termiz davlat pedagogika institutida yoshlar bilan ishlashga kompleks yondashilmoqda. Taʼlim, maʼnaviyat, ijod, sport, ilm-fan va ijtimoiy faollik — barchasiga yaxlit umumiylikda barkamol pedagog shaxsini shakllantiruvchi yagona tizim sifatida qaralmoqda.

Institutda talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlar ana shu yondashuvning amaliy tasdigʻidir. Joriy yilda 1500 oʻrinli ikkita zamonaviy oʻquv binosi — jami 3000 oʻrinli oʻquv majmuasi hamda har biri 400 oʻrinli boʻlgan ikkita yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Yotoqxonalarda zamonaviy oshxona va maishiy xonalar, kutubxona, tikuvchilik xonasi, shaxmat va shashka xonalari, maʼnaviyat xonasi, fitness zali ham tashkil etildi. Bu talabalarning oʻz isteʼdodini rivojlantirishiga moʻljallangan yaxlit muhitdir.

Oliygohda maʼnaviy-maʼrifiy, intellek­tual, ijodiy va sport yoʻnalishlarida tashkil etilayotgan loyihalar ham natijadorligi bilan eʼtiborga loyiq. “Zakovat”, “Maʼrifat maydoni”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi tanlovlarning institut bosqichlari “Rektor kubogi” doirasida oʻtkazilib, talabalarning bilim va tafakkurini charxlash, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, sahna madaniyati, jamoaviy ishlash va liderlik koʻnikmalarini rivoj­lantirishga xizmat qilmoqda.

Albatta, intellektual salohiyat yuqoriligi oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, 2 talabamiz Prezident stipendiyasi sohibi, 7 nafari esa Navoiy nomli davlat stipendianti boʻlishga erishgan. Boshqa qator nomdor davlat stipendiyasi sohiblari ham talay. Soʻnggi yillarda talabalarimiz tomonidan xalqaro fan olimpiadalarida 19 ta medal qoʻlga kiritildi. Shulardan 1 tasi oltin, 3 tasi kumush va 15 tasi esa bronza.

Muxtasar aytganda, biz allaqachon taʼlim millatning ertangi qiyofasini belgilovchi strategik kuch ekanini anglab yetdik. Ayniqsa, soʻng­gi oʻn yillikda bu qarash amaliy mazmun kasb etib, ustozning maqomi, yoshlarning bilim olish imkoniyatlari, ilm-fan va oliy taʼlimning jamiyatdagi oʻrni yangi bosqichga koʻtarildi. Bu jarayonning eng muhim natijasi, ehtimol, bunyod etilgan binolar yoki joriy etilgan tizimlardan ham koʻra chuqurroq, yaʼni taʼlimning eng muhim strategik qudrat ekaniga boʻlgan ishonchning mus­tahkamlanganidir.

Endi oldimizda shunchaki mavjud natijalarni saqlab qolish emas, ularni yangi bosqichga olib chiqish, dunyo miqyosidagi bilim va tajribani milliy taraqqiyot ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish vazifasi turibdi. Ushbu ulugʻvor vazifa pedagogika oliygohlari zimmasiga yanada ulkan masʼuliyat yuklaydi. Termiz davlat pedagogika instituti uchun ham bugungi yutuqlar muayyan marraning yakuni emas, aksincha, kelgusi ­izlanishlar uchun boshlangʻich nuqtadir.

Azizbek HASANOV,

Termiz davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor

Hamkorlik materiali