Mahalla o‘zgarsa, hayot o‘zgaradi. Mahalla obod bo‘lsa, yurt obod bo‘ladi. Mahallada insonning dardi eshitilsa, uning muammosi hal etilsa, davlatga ishonch mustahkamlanadi.
Bu oddiy iboralar emas. Bugun O‘zbekistonda mahallaga munosabat davlat siyosatidagi tub o‘zgarishlardan birini ifoda etmoqda. Ya’ni mahalla endi faqat aholi bilan ishlaydigan quyi bo‘g‘in emas, balki hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilashda ishtirok etadigan, ehtiyoj va tashabbuslarini davlat dasturlariga olib kiradigan faol institutga aylanmoqda.
Prezidentimizning davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida aytilgan bir g‘oya ana shu jarayonning yangi bosqichini juda aniq ifodaladi: “Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi”.
Bu g‘oyaning davomi yanada muhim: tuman budjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi, fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi eng asosiy mezonga aylanadi.
Mahalla institutini yangi bosqichga ko‘tarish amalda bir kunda paydo bo‘lgan g‘oya emas. Bu g‘oya 2017-yildan boshlangan, ¬bosqichma-bosqich huquqiy, tashkiliy, moliya-viy va ijtimoiy mexanizmlar bilan bo¬yitib borilgan katta islohotlarning mantiqiy davomidir.
Aslida, 2017-yil mahalla islohotlarining yangi bosqichi boshlangandi. 2017-yil 3-fevralda Prezidentimizning “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, uni aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bu hujjatning ahamiyati shunda ediki, mahalla faqat milliy ijtimoiy institut emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi amaliy muloqot maydoni sifatida ko‘rila boshlandi. Odamlar ongida mana shunday an’anani shakllantirishga e’tibor qaratildi.
2017-yildayoq mahallaning vazifalari kengaytirildi: aholi bandligi, yoshlar tarbiyasi, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, jamoat tartibi va huquq-buzarliklarning oldini olish kabi yo‘nalishlarda uning ishtiroki kuchaytirildi. Shu tariqa yangi yondashuv shakllandi: muammo — avvalo mahallada aniqlanadi; yechim — odamlar bilan birga izlanadi; natija — mahallada ko‘rinadi.
Mahalla haqida gapirganda uning faqat boshqaruvdagi roli emas, odamlarning kundalik hayotidagi o‘zgarishlar ham muhim. 2018-yildan “Obod qishloq”, keyinchalik “Obod mahalla” dasturlari orqali yo‘llar, ichimlik suv, elektr tarmoqlari, gaz, transport, uy-joy va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga kompleks yondashuv shakllandi.
Jumladan, 2018-yilgi “Obod qishloq” dasturida 174 tumandagi 368 dan ortiq mahalla hududi kompleks yangilandi. Dastur asosida uy-joylarni ta’mirlash, 1535 kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmoqlarini yaxshilash, 2083 kilometrdan ko‘p yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash kabi vazifalar amalga oshirildi.
2022-2026-yillarga mo‘ljallangan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” das¬turlari esa bu ishlarni tizimli davom ettirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dasturlarning avvalgi uch yilida 1500 dan ortiq qishloq va mahallada yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida qurilish hamda obodonlashtirish ishlari bajarilgan.
Eng muhimi, keyingi yondashuvda ehtiyoj va muammoga qarab manzilli ishlashga o‘tishga kirishildi. Ya’ni mahalla ishi raqamda emas, inson hayotida baholanadigan mezonga aylandi. Shu davrda “mahalla — jamiyatning oynasi” degan qarashdan “mahalla — bosh mezon” tamoyiliga o‘tila boshladi.
2020-yilda Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida mahalladagi holatni davlat organlari fao¬liyatini baholashning muhim mezoni sifatida belgilash zarurligini ta’kidladi. Unda “Bundan buyon mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon bo‘ladi”, degan yondashuv ilgari surildi. Shuningdek, tuman budjeti qo‘shimcha manbalarining bir qismini mahalladagi muammolarni hal etishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi mexanizmlar belgilandi.
Bu yerda juda muhim bir siyosiy mantiq paydo bo‘ldi: davlat idorasi “qancha ish qildim?” deb emas, mahalla “qanday o‘zgardi?” deb baholanishi kerak. Bu amalda natijaga yo‘naltirilgan boshqaruvning eng muhim belgilaridan biri edi.
Mahalla haqiqiy buyurtmachiga aylanishi uchun uning o‘z moliyaviy imkoniyati ham bo‘lishi kerak. Shu maqsadda keyingi bosqichda “Mahalla budjeti” tizimi shakllantirildi. Bu bilan mahallaga mablag‘ emas, mas’uliyat ham berildi. 2023-yildan barcha tuman va shaharlarda “Mahalla budjeti” tizimini amaliyotga joriy etish belgilandi. Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun muayyan soliq tushumlarining bir qismi yo‘naltirila boshlandi. Bu juda muhim o‘zgarish edi. Chunki avvallari mahalla muammoni aytgan, davlat idorasi esa mablag‘ ajratgan. Yangi tizimda esa mahalla muammoni aniqlaydi, ustuvorlikni belgilaydi, mablag‘dan foydalanish mexanizmiga ega bo‘ladi, natija uchun mas’uliyat ham ortadi.
2026-yilgi o‘zgarishlar bilan ushbu moliyaviy baza yanada kengaytirilmoqda. Xususan, 2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk va yer solig‘i tushumlarining mahallaga yo‘naltiriladigan ulushi 15 foiz etib belgilangan. 2026-yil 1-iyuldan esa mahalla hududidagi sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi kabi yangi manbalar ham nazarda tutilgan. Demak, mahalla asta-sekin “mablag‘ kutib o‘tiradigan hudud”dan “mablag‘ni shakllantirish va yo‘naltirishda ishtirok etadigan hudud”ga aylanmoqda.
Mahallaning buyurtmachi sifatidagi roli shakllanishida “Tashabbusli budjet” mexanizmining ahamiyatini ham ta’kidlash lozim. Mazkur tizim orqali fuqarolar o‘z hududida qaysi loyihalarni amalga oshirish zarurligini belgilash jarayonida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. “Tashabbusli budjet” orqali xalq ovozi mablag‘ taqsimotiga kirib keldi. Bu jarayonning yana bir muhim bosqichi “Tashabbusli budjet” va “Ochiq budjet” mexanizmlari rivojlanishi bo‘ldi.
Bir mahalla uchun ichki yo‘l muhim. Boshqasi uchun bolalar maydonchasi. Yana biri uchun elektr yoki gaz. Ayrimlari uchun ichimlik suv yoki obodonlashtirish. Demak, taraqqiyotning yagona qolipi emas, mahallaning real ehtiyoji ustuvorlik kasb eta boshladi.
2023-yildan esa “mahalla yettiligi” orqali muammoni bir joyda hal qilishga qadam qo‘yildi. Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrda qabul qilingan farmoni mahalla institutining jamiyat va aholi muammolarini hal etishdagi birinchi bo‘g‘in sifatidagi rolini yanada kuchaytirishga qaratildi. Shu hujjat asosida mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat “mahalla yettiligi” shakllantirildi.
Aslida, bu tizimning mohiyati oddiy: aholi muammosini bir idoradan ikkinchisiga yuborish emas, mahallaning o‘zida turli sohalar vakillarini birlashtirib, kompleks hal qilish. Kambag‘allik, ishsizlik, ijtimoiy himoya, yoshlar masalasi, xotin-qizlar muammosi, huquqbuzarlik profilaktikasi va soliq masalalari bir-biridan uzilgan holda emas, bir hudud — bir oila — bir inson taqdiri nuqtayi nazaridan ko‘rila boshladi. Bu esa mahallaning ijtimoiy manzildan boshqaruvning real markaziga aylanish jarayonini tezlashtirdi.
2024-yil mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Prezidentimizga qilingan taqdimotda 10 mingga yaqin mahalla borligi, ularning katta qismida obodonlashtirish ishlari bajarilayotgani qayd etilar ekan, “Mahalla servis kompaniyasi” tizimini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu kompaniyalar mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi qarori asosida tanlanib, obodonlashtirish ishlarini mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshirishi belgilandi. Shu bilan “buyurtmachi mahalla” g‘oyasi infratuzilma va obodonlashtirishning amaliy mexanizmiga ham kirib bordi. Bu yerda yangi falsafa namoyon bo‘ldi: mahalla uchun ishlash emas, mahalla bilan birga ishlash.
Kuzatish va tatbiq etishning kompleks rivojlanib borishi 2026-yildagi maqsadlarda mahallani “taraqqiyot buyurtmachisi”ga aylantirish g‘oyasini yuzaga chiqardi. Shu asosda joriy yilga kelib, mahalla islohotlari yana bir yangi bosqichga chiqmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan farmoni mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni belgiladi. Hujjatda “mahalla yettiligi” tarkibi va boshqaruv mexanizmlari takomillashtirildi, “Mahalla budjeti”ning moliyaviy bazasi kengaytirildi. Shu yil 5-fevralda qabul qilingan qarorda esa mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, har bir mahallada kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘rtacha 10 tadan, jami 90 mingta mikroloyihani amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” faoliyatiga oid axborot bazalarini integratsiya qilish nazarda tutildi.
Demak, mahalla endi faqat ijtimoiy muammolarni hal qilish joyi emas. U tadbirkorlik hududi, bandlik hududi, investitsiya hududi, infratuzilma hududi, ijtimoiy himoya hududi, jamoatchilik nazorati hududi va eng muhimi, taraqqiyotni rejalashtirish hududi. Yangi bosqich — “davlat dasturi”dan “mahalla buyurtmasi”ga g‘oyasi ostida aslida mana shu maqsadlar yotadi.
2026-yil 28-avgustda mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish” g‘oyasi mana shunday ko‘p yillik yo‘lni bosib o‘tgan islohotlarning mantiqiy natijasidir. Endilikda yondashuvning mohiyati yanada aniq: tuman budjeti va investitsiya dasturi mahalla ehtiyojidan kelib chiqishi, infratuzilma loyihasi mahalla buyurtmasi asosida -shakllanishi kerak.
Ularning tartibga solinishi aholini ish va rivojlanish imkoniyatlari bilan ta’minlashi lozim. Bu imkoniyatlar esa, o‘z navbatida, farovon yashashga asos bo‘lishi zarur. Bu davlat boshqaruvini “yuqoridan pastga” rejalashtirishni “pastdan yuqoriga” shakllantirish elementlari bilan boyitish demakdir. Ya’ni mahalla → tuman → viloyat → respublika zanjirida ehtiyoj va tashabbus yuqoriga ko‘tariladi.
Bu o‘zgarish endi oddiy boshqaruv islohoti emas. Mahallaning asosiy buyurtmachiga aylanishi faqat budjet yoki yo‘l masalasi emas. Bu, avvalo, davlat idorasi va fuqaro o‘rtasidagi munosabat madaniyatining o‘zgarishi, yaqinlashuvidir. Agar avval fuqaro “davlat men uchun nima qiladi?”, deb kutgan bo‘lsa, yangi modelda “mening mahallam uchun nima kerak va buni qanday amalga oshirish mumkin?”, degan savol ham o‘rtaga chiqadi. Shu ma’noda, mahalla fuqaroning davlat boshqaruvidagi eng yaqin nuqtasiga aylanadi.
Bu yerda davlat va jamiyat yaxlitligining eng oddiy, ammo eng ta’sirchan ko‘rinishi paydo bo‘ladi: odamning ovozi mahalla rejasiga — mahalla rejasi tuman dasturiga — tuman dasturi hududiy investitsiya rejasiga — natija esa odamning kundalik hayotiga aylanishi kerak.
Bir savol paydo bo‘ladi. Mahalla buyurtma bersa, natijani kim nazorat qiladi?
Yangi modelning muvaffaqiyati muhim bir shartga bog‘liq: buyurtma berish bilan birga jamoatchilik nazorati ham kuchayishi kerak. Chunki mahalla buyurtmachi bo‘lsa, u quyidagi savollarga javob bera olishi lozim: nima uchun aynan shu loyiha tanlandi? U qanchaga tushadi? Qachon amalga oshiriladi? Kim bajaradi? Natija qanday bo‘ladi? Aholi rozimi? Mablag‘ samarali sarflandimi?
Shundagina “mahalla buyurtmasi” oddiy qog‘ozdagi topshiriq emas, jamoatchilik asosida shakllanadigan boshqaruv mexanizmiga aylanadi. Ana shu tarzda g‘oya istiqbolda “aqlli mahalla”dan “taraqqiyot laboratoriyasi”ga aylanishni ko‘zda tutadi.
Mazkur g‘oyani amalga tatbiq etishning kelgusi bosqichlarida mahalla institutini yanada rivojlantirish uchun bir necha yo‘nalish alohida ahamiyat kasb etadi.
Birinchidan, har bir mahallaning “taraqqiyot qaydnomasi” bo‘lishi kerak. Unda aholi soni, daromadlar, ishsizlik, kambag‘allik, infratuzilma, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, ekologik holat va boshqa ko‘rsatkichlar real vaqtga yaqin shaklda aks etishi maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, “mahalla buyurtmasi” raqamlashtirilishi kerak. Fuqaro mahallasidagi muammoni elektron shaklda kiritadi. Mahalla uni ustuvorlik darajasi bo‘yicha saralaydi. Tuman budjeti va investitsiya dasturida ushbu buyurtmaning taqdiri ochiq ko‘rinadi.
Uchinchidan, natija uchun shaxsiy va jamoaviy mas’uliyat kuchaytirilishi kerak. Mahalla buyurtma bersa, mahalla rahbariyati va mas’ullar natija haqida hisob berishi lozim.
To‘rtinchidan, mahalla tadbirkorlik va investitsiyaning eng quyi, ammo eng muhim nuqtasiga aylanishi mumkin. Chunki investor uchun ham eng muhim savollardan biri bu hududda nimaga talab borligi. Buni esa eng yaxshi biladigan joy mahalladir.
Beshinchidan, “mahalla — inson kapitali markazi” tamoyilini kuchaytirish zarur. Har bir mahallada kimning qanday kasbi bor, kim tadbirkor, kim ishsiz, kimda qanday salohiyat bor — bu ma’lumotlar iqtisodiy rejalashtirishning muhim resursiga aylanishi mumkin.
Aslida, eng katta o‘zgarish tafakkurda sodir bo‘ladi. Mahalla islohotlari natijasini faqat qurilgan yo‘llar, ta’mirlangan binolar yoki ajratilgan mablag‘ bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Eng katta natija — mahallaning davlat va jamiyat hayotidagi roli haqidagi tasavvurning o‘zgarayotganida.
2017-yilda asosiy vazifa mahalla institutini mustahkamlash edi. Keyingi bosqichda uning vakolatlarini kengaytirish, “Obod mahalla” orqali hududni yaxshilash, “mahalla budjeti” orqali moliyaviy imkoniyat berish, “mahalla yettiligi” orqali turli sohalarni birlashtirish, “Tashabbusli budjet” vositasida aholi ovozini mablag‘ taqsimotiga olib kirish ishlari bajarildi. 2026-yilda esa yangi vazifa qo‘yilmoqda — mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish.
Mazkur zanjirning mantiqiy davomi budir: mahalla muammoni aniqlaydi, ehtiyojni belgilaydi, tashabbus va buyurtma beradi hamda natijani baholaydi. Shunda davlat dasturlari qog‘ozda emas, mahalla hayotida namoyon bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda 2017-yildan keyin mahalla institutiga munosabat asta-sekin “ijtimoiy yordamning quyi bo‘g‘ini”dan jamiyat taraqqiyotini tashkil etishning muhim institutiga qarab o‘zgarib bormoqda. Bu yo‘l hali tugagani yo‘q. Aksincha, Prezidentimizning 2026-yil 28-avgustdagi nutqida ilgari surilgan yangi maqsad uning yanada yuqori bosqichini belgilab beradi. G‘oya mahalla davlat dasturlarining ijrochisi emas, ularni shakllantirishdagi asosiy buyurtmachi bo‘lishi kerak. Bu g‘oya¬ning haqiqiy qiymati shundaki, u davlat taraqqiyotining markaziga yana bir bor insonni qo‘yadi. Chunki mamlakat taraqqiyotining eng aniq ko‘rsatkichi yalpi ichki mahsulotning raqami yoki qurilgan binolar sonigina emas. Insonning uyidan chiqib, o‘z ko‘chasiga qaraganda nimani ko‘rayotgani, farzandi qanday maktabda o‘qiyotgani, oilasida daromad manbai bor-yo‘qligi, ko‘chasida suv, elektr, gaz, yo‘l va internet qay darajada ekani, yoshlarning ishi bor-yo‘qligi, keksasining o‘zini qadrlangan his qilishi taraqqiyotning eng haqiqiy o‘lchovidir.
Shuning uchun mahalla haqiqatan jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylansa, bu faqat mahalla tizimidagi o‘zgarish bo‘lmaydi. Bu davlat boshqaruvi falsafasi o‘zgarishi, ya’ni taraqqiyotning manzili endi umumiy statistika emas, aniq mahalla, aniq ko‘cha va aniq inson bo‘ladi.
Mahalla obod bo‘lsa, inson rozi. Inson rozi bo‘lsa, jamiyat barqaror. Jamiyat barqaror bo‘lsa, davlat farovon. Davlat farovon bo‘lsa, uni aholi asraydi, himoya qiladi, qadrlaydi, parvarish¬laydi. Shu ma’noda, bugungi “mahalla — taraqqiyot buyurtmachisi” g‘oyasi yalpi ravishda anglansa, ertangi “mahalla — yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanch nuqtasi” tamoyiliga aylanishi mumkin.
Fazliddin RAVSHANOV,
siyosiy fanlar doktori, professor