Kimdir uy-joy masalasida, kimdir ishga oid muammosi sababli, yana kimdir yer, kommunal xizmat, nafaqa, huquq buzilishi yoki boshqa masalani hal qilish uchun tegishli idoraga ariza, shikoyat yoki taklif bilan chiqadi. Biroq ayrim hollarda fuqarolarni muammoning o‘zi emas, balki murojaat qilganidan keyingi jarayon ko‘proq qiynaydi.

“Murojaatingiz bizning vakolatimizga kirmaydi”, “boshqa tashkilotga boring”, “biz bu masalani hal qilmaymiz”, “yana falon idoraga yozing” kabi javoblar fuqarolarga tanish. Ba’zan esa murojaat umuman javobsiz qoladi. Natijada fuqaro bir idoradan ikkinchisiga yuborilib, vaqtini, mablag‘ini va asabini sarflaydi. Eng achinarlisi, ayrim hollarda muammo hal qilinmaydi, faqat murojaatning o‘zi “bir tashkilotdan boshqasiga” ko‘chib yuradi.

Murojaat — shunchaki xat emas. Avvalo, bir narsani unutmaslik kerak, fuqaroning davlat organiga murojaat qilishi uning konstitutsiyaviy huquqlaridan biridir. Murojaat orqali inson o‘zining buzilgan huquqini tiklashni, qonuniy manfaatini himoya qilishni yoki muayyan muammo yuzasidan davlat organining e’tiborini jalb qilishni so‘rashi mumkin.

Shu sababli murojaatni qabul qilish va uni qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish davlat organi yoki tegishli tashkilot uchun shunchaki “yaxshi xizmat ko‘rsatish” emas. Bu — qonun bilan belgilangan majburiyat.

Albatta, har qanday murojaat bo‘yicha murojaatchining talabini qanoatlantirish shart emas. Qonuniy asos bo‘lmasa, fuqaroning talabi rad etilishi mumkin. Lekin rad etish bilan murojaatni umuman ko‘rib chiqmaslik o‘rtasida katta farq bor. Fuqaro murojaat qilganda, eng kamida uning masalasi qonuniy tartibda o‘rganilishi va unga asoslantirilgan javob berilishi kerak. “Bu bizning ishimiz emas” deyish bilan masala tugamaydi.

Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri — murojaatni boshqa tashkilotga yo‘naltirib, masalani o‘zidan soqit qilishga urinishdir.

Albatta, ayrim masalalarni boshqa davlat organi yoki tashkilot ko‘rib chiqishi tabiiy. Bunday holatda murojaatni vakolatli organga yuborish qonuniy va to‘g‘ri yo‘l bo‘lishi mumkin. Ammo bu jarayon fuqaroni sarson qilish vositasiga aylanmasligi kerak.

Fuqaro qaysi tashkilot vakolatli ekanini bilmasligi mumkin. Aynan shuning uchun ham davlat organlari va mansabdor shaxslarning vazifalaridan biri fuqaroga tegishli tartibni tushuntirish va uning murojaatini qonuniy tartibda ko‘rib chiqishni ta’minlashdan iborat.

Bir fuqaroning murojaati besh-olti idoraga yuborilib, oxir-oqibat hech qanday amaliy natija bo‘lmasa, bunday tizimda fuqaroning davlatga bo‘lgan ishonchi pasayishi tabiiy.

Davlat organining samaradorligi faqat qancha murojaat qabul qilgani bilan emas, fuqaro murojaat qilgandan keyin uning muammosiga qanday munosabat bildirilgani bilan ham o‘lchanadi.

Javob bermaslik ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin

Ko‘pchilik fuqarolar buni bilmasligi mumkin, ammo murojaatni qonunga xilof ravishda qabul qilmaslik yoki ko‘rib chiqmaslik, belgilangan muddatlarni uzrsiz buzish, yozma yoki elektron shaklda javob yubormaslik qonunchilikda javobgarlikka sabab bo‘ladigan harakatlar sifatida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 43-moddasiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ko‘rib chiqish muddatlarini uzrsiz buzish, yozma yoki elektron shaklda javob yubormaslik, qonunchilikka zid qaror qabul qilish, buzilgan huquqlar tiklanishini yoki murojaat yuzasidan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaslik mansabdor shaxsga ma’muriy javobgarlik keltirib chiqarishi mumkin.

Ayrim holatlarda masala jinoyatgacha yetib boradi

Murojaatlar bilan bog‘liq qonunbuzarlik har doim ham ma’muriy javobgarlik bilan tugamaydi. Qonunda belgilangan shartlar mavjud bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ham yuzaga kelishi mumkin.

Jinoyat kodeksining 144-moddasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish uchun javobgarlik belgilangan.

Agar murojaatni qonunga xilof ravishda rad etish, uni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish, javob bermaslik, qonunchilikka zid qaror qabul qilish yoki murojaatchining buzilgan huquqlarini tiklashni ta’minlamaslik jismoniy yoki yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, jinoiy javobgarlik masalasi yuzaga kelishi mumkin.

Bundan ham muhim jihati bor. Fuqaroni davlat organiga murojaat qilgani, o‘z fikrini bildirgani yoki tanqid qilgani uchun mansabdor shaxs tomonidan ta’qib etish ham alohida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bunday qilmish uchun Jinoyat kodeksining 144-moddasida yanada og‘irroq jazolar, jumladan, ayrim hollarda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari ham nazarda tutilgan.

Bu norma juda muhim bir tamoyilni ifodalaydi, fuqaro davlat organiga murojaat qilgani uchun jazolanmasligi, bosimga uchramasligi yoki ta’qib qilinmasligi kerak.

Gazibekov Xurshid,
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,
kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi o‘qituvchisi