Tasavvurimda 35 yosh shunchaki oddiy bir raqam emas, balki insoniy yetuklik, hayot sinovlariga bardosh bera oladigan chidamlilik va muayyan tajriba to‘plab, yuqori natijalarga erishiladigan kamolot marrasi edi.
Taqdir menga xuddi shunday mazmunli hayotni tuhfa etdi.
35 yoshimni qarshilaganimda, men nafaqat katta bir oilaning boshlig‘i, balki o‘zim tanlagan kasb va sohada o‘n yildan ortiq vaqt mehnat qilgan, kelajakdagi natijalar uchun mustahkam poydevor yarata olgan mutaxassis sifatida shakllandim deb hisoblayman.
Bu davr menga mas’uliyatni his qilishni va har bir qadamni chuqur o‘ylab bosishni o‘rgatdi.
Vatan bilan hamnafas
Bugun esa qalbimda butkul bo‘lakcha, ta’riflashga ojiz faxr va baxt tuyg‘usi jo‘sh urmoqda. Sababi men o‘z Vatanim bilan yana bir marta 35 yoshga to‘lyapman!
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35 yillik to‘yini nishonlayotgan ushbu tarixiy davrda men kuch-quvvatga to‘lgan va xalqaro maydonda o‘z so‘ziga, salmoqli mavqeiga ega buyuk bir davlatning farzandi ekanimdan cheksiz faxrlanaman.
Inson hayotidagi 35 yosh bilan davlat tarixidagi 35 yil bir-biriga naqadar uyg‘un va mushtarak ekanini har qadamda his qilish mumkin.
Davlatning 35 yillik dovoni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimlar to‘liq shakllanib, dunyo hamjamiyatida o‘z mustaqil yo‘lini qat’iy belgilab, munosib o‘rniga erishib ulgurgan yetuklik davridir.
Hayot saboqlari va so‘nggi o‘n yillikning tarixiy dovonlari
Hayotim va bosib o‘tgan yo‘limga nazar tashlar ekanman, bir muhim haqiqatni anglab yetaman: 35 yoshimda erishgan asosiy yutuqlarim va hayotiy muvaffaqiyatlarim poydevori aslida 25 yoshimdan keyin, ya’ni universitet tahsilini yakunlab, katta hayotga dadil qadam qo‘yganimdan so‘ng yaratilgan.
O‘zbekistonimizning ham mustaqillik yillaridagi rivojlanish bosqichlariga nazar tashlasak, so‘nggi 10 yil davomida zabt etilgan dovonlar jonajon yurtimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochganini ko‘ramiz.
Mamlakatimizning so‘nggi o‘n yillik rivojlanish dinamikasi tarix sahifalariga alohida zarhal harflar bilan bitilmoqda. Bu davr mobaynida davlat boshqaruvidan tortib, oddiy fuqarolar hayotigacha barcha sohalarda tub burilishlar zamoni bo‘ldi.
Vatanimiz “25 yoshi”dan keyin xuddi ikkinchi bor nafas olganday, yangi sur’at va kuch bilan oldinga intildi.
Ulkan o‘zgarishlar va tizimli islohotlar to‘lqini
O‘zbekiston tarixida ro‘y berayotgan izchil va tizimli islohotlar bugun mevasini bermoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi yangilanishlar jarayoni xalq manfaatlarini ustuvor biluvchi chuqur transformatsiya ko‘rinishini kasb etdi.
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda har bir yurtdoshimiz bevosita qatnashayotgan, samarali natijalarini kunlik hayotida his qilayotgan voqeliklarga yana bir bor e’tibor qaratishni istardim.
Ularning mazmun-mohiyati va ulkan ahamiyati bugun nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.
Iqtisodiy erkinlik va liberallashtirish jarayoni ushbu yangilanish jarayonida alohida salmoqli o‘ringa ega. Milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi, soliq tizimi soddalashtirilishi, tadbirkorlikka keng yo‘l ochilishi va boshqa inqilobiy o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotini tubdan jonlantirdi.
Ijtimoiy himoya va inson qadri tushunchalari chuqur va amaliy mazmun kasb etdi. Ehtiyoj¬mand qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini zamon talablari darajasida isloh qilish davlat siyosati markaziga ko‘tarildi.
Obod mahalla va qishloqlar, zamonaviy shaharsozlik loyihalari, ulkan sanoat korxonalari va “yashil” energiya manbalari ishga tushirilishi mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirdi.
Xorijlik qalam ahli vakillarining e’tirofi
Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari xodimlari mezbon davlatning O‘zbekistondagi yangilanish va izchil islohotlar jarayoni haqida turkum materiallar tayyorlashga qiziqish bildirgan taniqli jurnalistlari va blogerlari uchun qator press-turlar tashkil etish jarayonida bevosita ishtirok etadi.
Tashkiliy ishlar va safar oldidan o‘tkaziladigan muloqotlar chog‘ida qalam ahli vakillariga odatda bunday maslahat beriladi: “Sizlardan hech qanday alohida munosabat yoki maqtovlardan iborat maxsus maqolalarni kutmaymiz. Mamlakatimizga borib, o‘zgarishlar ko‘lami bilan yaqindan tanishib, oddiy insonlar, tadbirkorlar va turli soha vakillari bilan ochiq suhbatlar o‘tkazib, o‘zingizning xolis fikringizni yetkazsangiz, biz uchun shuning o‘zi yetarli”.
Ijodkorlarning bu samimiy yondashuvdan ruhlanib, katta ishtiyoq bilan yo‘lga chiqqanlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. O‘zbekiston safaridan qaytgach, muayyan muddat o‘tib muxbirlarning aksaridan “Men mamlakatingizni sevib qoldim! Hozir oila a’zolarim, yaqinlarim va barcha tanishlarimga O‘zbekistonga albatta sayohat qilishni tavsiya etyapman”, degan iliq so‘zlarni eshitganimizda, boshimiz osmonga yetardi.
Quyida Hindistonning eng yoshi ulug‘, omma¬bop va yetakchi “The Hindu” gazetasining taniqli xalqaro sharhlovchisi Stenli Jonining so‘zlarini e’tiboringizga havola qilyapmiz. U O‘zbekistonga ijodiy safari va undan olgan unutilmas taassurotlari haqida to‘lqinlanib yozib, jumladan, quyidagi fikrlarni bildirgan:
“O‘zbekistonda temir yo‘l qatnovi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Buxoro Toshkentdan taxminan 570 kilometr uzoqda joylashgan. Yuqori tezlikdagi poyezdda bu masofa to‘rt soatdan kamroq vaqt ichida bosib o‘tiladi.
Men Toshkentda bir tanish diplomatning o‘g‘liga bu masofa ish joyim bilan onam yashaydigan uy o‘rtasidagi masofa bilan teng ekanini, biroq onamning huzuriga yetib olishim uchun tungi poyezdda 10 soat vaqt sarflashimni aytdim.
U buni eshitib hayron bo‘lganini bildirdi, chunki uning tasavvuridagi Hindiston dunyo iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida boshqacharoq edi.
“Mening ham O‘zbekiston haqidagi tasavvurim bu yerga kelgunimga qadar butunlay boshqacha edi”, deb qo‘ydim o‘zimga o‘zim”.
Bir qarashda xorijlik jurnalistning bu so‘zlari oddiy yo‘l taassurotidek tuyulishi mumkin. Ammo ushbu fikrlar zamirida davlatimizning iqtisodiy qudrati, infratuzilma sohasidagi islohotlarning xalqaro e’tirofi mujassam.
Tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya tili bilan aytganda, o‘zbekistonliklar va yurtimiz mehmonlari uchun oddiy hol bo‘lib ulgurgan zamonaviy qulayliklar, rivojlangan va xavfsiz transport tizimi, tezkor logistika har qanday xorijlik investor va sayyoh uchun mamlakatning jozibadorligini belgilovchi eng bosh omillardan biridir. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xivadek tarixiy shaharlarni bog‘lagan yuqori tezlikdagi temir yo‘llar bugungi yangilanayotgan O‘zbekistonning shiddati va taraqqiyot sur’ati timsolidir.
Bu kabi maqolalar xorij jamiyatida yurtimiz haqida xolis fikr shakllantirib, iqtisodiy hamkorlikka, yangi investitsiyalar oqimiga va turizm rivojiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochadi. Eng muhimi, masofalarni yaqin qilgan, ko‘ngillarni birlashtirgan bunday ijobiy o‘zgarishlar nafaqat yurtdoshlarimiz kundalik hayotiga qulaylik olib kirmoqda, balki Vatanimiz mustaqilligining iqtisodiy poydevorini yanada mus¬tahkamlashga xizmat qilmoqda.
Pragmatik tashqi siyosat va xalqaro mavqe
O‘zbekiston mintaqaviy va global siyosatning faol subyektlaridan biriga aylandi. Mamlakatimiz pragmatik tashqi siyosati orqali Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratdi.
Ko‘p yillar davomida to‘planib qolgan chegara, suv-energetika va transport-kommunikatsiya muammolari konstruktiv muloqot yo‘li bilan hal etildi. Mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari tizimli tus oldi.
BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH va boshqa yirik xalqaro tuzilmalar doi¬rasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar dunyo hamjamiyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innova¬siyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish, xalqaro transport yo‘laklarini rivoj¬lantirish, yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global konvensiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan va boshqa salmoqli tashabbuslar shular jumlasidandir.
2025 yilda so‘nggi qirq yil ichida birinchi marta YUNЕSKO Parijdagi bosh qarorgohidan tashqariga chiqib, tarixiy sessiya uchun Samarqand shahrini tanlagani ham chuqur ramziy ma’noga ega.
Ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, madaniy merosni asrashdagi tashabbuslari va xalqaro maydonda mustahkamlanib borayotgan geosiyosiy pozitsiyasining mantiqiy natijasi bo‘ldi. Samarqand anjumani G‘arb va Sharq, o‘tmish va kelajakni birlashtirgan, butun dunyo nigohini mamlakatimizning madaniy renessansiga qaratgan yirik diplomatik g‘alaba sifatida tarix sahifalaridan joy oldi.
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh maqsadlaridan biri — mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni olib kirish va milliy mahsulotlar eksportini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, bu boradagi faoliyat tizimli tarzda kuchaytirilmoqda.
Bugun davr o‘zgardi, talab o‘zgardi. Tashqi siyosatda paydo bo‘lgan yangicha pragmatizm va ochiqlik muhiti diplomatiyaning tub mohiyatini yangilamoqda. Endilikda xorijdagi har bir diplomat faoliyati uning iqtisodiy diplomatiya rivojiga qo‘shayotgan hissasi bilan ham baholanmoqda.
Dunyo tan olgan til va davlat himoyasidagi vatandoshlar
Bugun O‘zbekistonning xal¬qaro maydondagi ovozi har qachongidan-da baland va jarangdor eshitilmoqda.
Ayniqsa, dunyoning eng nufuzli minbari — BMT Bosh Assambleyasida ona tilimiz — o‘zbek tilining ilk bor yangragani nafaqat davlatchiligimiz tarixidagi buyuk voqea, balki dunyo bo‘ylab yashayotgan millionlab vatandoshlarimiz qalbini cheksiz faxr va iftixorga to‘ldirgan tarixiy adolat tantanasi bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi eng ustuvor va samimiy tamoyillardan biri, dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, o‘z fuqarosining qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini oliy qadriyat deb bilishdir.
Endilikda xorijdagi vatandoshlarimiz o‘zini yolg‘iz his etayotgani yo‘q, chunki ularning ortida har bir fuqarosi uchun qayg‘uradigan, ularni o‘z himoyasiga olishga qodir bo‘lgan qud¬ratli davlat va Vatan turganini amalda his qilmoqda.
Dunyo bo‘ylab ko‘rsatilayotgan konsullik-huquqiy yordam tizimining tubdan takomillashtirilgani, elchixona va konsulliklar vatandoshlarimiz uchun chin ma’noda ko‘mak va umid maskaniga aylangani bugungi haqiqat. Musofirchilikda yurgan yurtdoshlarimiz muam¬molariga yechim topish, ularga huquqiy va ma’naviy dalda bo‘lish borasidagi sa’y-harakatlar davlatimizning insonparvarlik siyosati naqadar hayotiy ekanidan dalolat beradi.
Xorijdagi yurtdoshlarimizning salohiyatini qadrlash, huquqlarini himoya qilish bilan birga ularni Vatan taraqqiyotiga daxldor etish borasida yangi davr boshlandi.
Kelajakka ishonch verdikti
Insonning 35 yoshi kuch-quvvatning ayni jo‘sh urgan, tajriba va shijoat birlashgan go‘zal davridir. Xuddi shunday, mustaqil O‘zbekiston ham bugun o‘z taraqqiyotining ayni kuchga to‘lgan, kelajakka katta ishonch va aniq strategiya bilan qadam tashlayotgan yetuklik pallasida turibdi.
Diplomatiya va xalqaro jurnalistika maydonida Vatanimizning yutuqlarini yoritish, uning dunyo tamaddunidagi o‘rnini ko‘rsatish biz, jurnalistlar uchun nafaqat kasbiy burch, balki yuksak sharafdir.
Tizimli islohotlar, pragmatik siyosat, eng muhimi, o‘z Vatani taqdiriga befarq bo‘lmagan fidoyi xalqimiz bor ekan, yangi O‘zbekistonning ertangi dovonlari bundan-da yuksak va nurafshon bo‘laveradi.
Sadriddin SUYAROV,
Jurnalist