Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.Yo. 938 dona “REGAPEN” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro O.N.ga 7 700 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, undan yana 1848 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.Yo. kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tanishi M.S. (muqaddam sudlangan) bilan Farg‘ona shahridan sotib olganliklari shuningdek, M.Y. dorini olib kelgandan so‘ng uning vazifasi lokatsiya bo‘yicha dorilarni joylab ularni saqlanishini ta’minlash hamda M.S.ning vazifasi mijoz topib dorilarni sotishdan iborat ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Baliqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.O.ning “Navro‘z” MFY hududidagi xonadoni ko‘zdan kechirilganida 308 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotish maqsadida saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-6-moddasi (giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.