Tuman viloyat markazidan taxminan 100-110 kilometr uzoqlikda joylashgan. Transport infratuzilmasi nisbatan rivojlangan, hududdan xalqaro va ichki ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari oʻtadi. Bu esa iqtisodiy va logistika aloqalarini rivojlantirish borasida katta imkoniyatlar mavjudligidan dalolat. Hududning iqtisodiy tuzilmasi soʻnggi yillarda diversifikatsiyalashib, sanoat, xizmatlar va qishloq xoʻjaligi bir-birini toʻldiruvchi yoʻnalishlarga aylanmoqda.
Joriy yil 18-mart kuni davlatimiz
rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Narpay tumanida boʻlib,
hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yangi
loyihalar hamda aholi kayfiyati, shuningdek, kelgusi rejalar taqdimoti bilan
tanishgan edi. Shu yerning oʻzida Prezidentimiz raisligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtgan va unda
Samarqand ishsizlik, kambagʻallik, investitsiya va eksport kabi barcha
yoʻnalishda namunaviy viloyat boʻlishi shartligi qayd etilgandi.
Xususan, buning uchun viloyat mahallalari infratuzilmasini
yaxshilashga 100 million dollar, umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11
trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit resurslari uchun yana 18
trillion soʻm berilayotgani taʼkidlandi. Ushbu mablagʻ, eng avvalo, tumanlarda
ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, pirovardida hudud iqtisodiyotini
yuksaltirishga xizmat qilishi darkor.
Yigʻilishda tumanlarning sanoat, servis va qishloq xoʻjaligi
koʻrsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resurslari, aholining
biznes va kasbiy koʻnikmalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish,
mahallalar imkoniyatlaridan kelib chiqib, har bir tumanning ichki rivojlanish
modelini yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Mazkur tahlillar asosida tuman
hokimlari, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari resurslarni eng koʻp ish
oʻrni ochadigan va byudjet tushumlarini oshiradigan loyihalarga yoʻnaltirishi
lozim. Ushbu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida joriy qilinib,
butun respublika uchun namuna sifatida tatbiq etilishi belgilandi. Ayniqsa,
Narpay tumani misolida sanoat va servisni rivojlantirish, hududlarga yangicha
qiyofa olib kirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Shuningdek, mutasaddilarga daromadni koʻpaytirish boʻyicha
Narpay tajribasini yaratish topshirildi. Tumandagi 100 gektar maydonda yuqori qoʻshilgan
qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil
etilishi eʼlon qilindi. Qayd etilishicha, bu yerda joriy yilning oʻzida 500
million dollarlik loyihalar boshlanadi. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt
yordamida har bir mahalla imkoniyatini diagnostika qilish, oʻsish nuqtalarini
aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni koʻpaytirish
boʻyicha Narpay tajribasini yaratish masalalari xususida soʻz bordi.
Demak, bugun Narpay haqida gap ketganda, masala odatdagidek
faqat yer, suv yoki ekin-tikin bilan bogʻliq cheklangan agrar tushunchalar
atrofida kechmaydi. Bu yerda zamonaviy fikrlash tarzi, yangicha qarashlar
sinovdan oʻtmoqda. Bu jarayon qanday qilib rivojlanamiz, bunda asosan nimalarga
tayanish lozim, nimalarni qay yoʻsin oʻzgartirishimiz kerak degan muhim
savollarga javob izlashdan boshlanadi. Oʻz navbatida, tumandagi yashirin
imkoniyatlarni ochish, toʻgʻri hisob-kitob qilish, muhimi, real hayotga
koʻchirishdan iborat.
Tumanda keyingi yillarda ayrim koʻrsatkichlar asta-sekin
yuqorilay boshladi. Xususan, xizmat koʻrsatish sohasida oʻsish tezlashgan —
119,8 foizlik koʻrsatkich shundan dalolat beradi. Eksport hajmining 125,7 foiz
oʻsishi ham tasodif emas. Demak, tashqi bozorga chiqish yoʻllari asta-sekin
ochilmoqda. Eng muhimi, kambagʻallik darajasini qisqartirish boʻyicha katta
siljish kuzatilmoqda. Bu esa iqtisodiy oʻzgarishlar oddiy raqam bilan tugamay,
odamlar hayotiga taʼsir qila boshlaganidan darak.
Shu bilan birga, hali toʻliq ishga solinmagan imkoniyatlar
ham bisyor. Ana shu vaziyatda asosiy burilish fikrlash darajasida yuz berdi.
Hududni umumiy koʻrsatkichlar orqali baholash yetarli emasligi ayon boʻldi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, har bir mahalla alohida oʻrganilmasa, uning
oʻziga xos kuchli jihatlari ochilmay qoladi. Misol uchun, qayerdadir
sabzavotchilik yaxshi rivojlangan, boshqa joyda issiqxona uchun sharoit bor,
yana bir hudud xizmat koʻrsatish yoki kichik sanoatga ixtisoslashgan.
“Narpay tajribasi” degan tushuncha aynan shu nuqtada bor
mohiyati bilan namoyon boʻladi. Bu alohida loyiha nomi emas, balki qarashlar
oʻzgarishi. Yaʼni har bir hududni oʻz imkoniyatidan kelib chiqib
rivojlantirish, resurslarni puxta tahlil orqali yoʻnaltirish, qarorlarni aniq
hisob-kitobga tayangan holda qabul qilish demakdir.
Uch ustun va ichki muvozanat
Narpay infratuzilma imkoniyatlariga koʻra oʻta ekstraordinar,
yaʼni oʻziga xos hudud, yurtimizning boshqa tumanlarida deyarli uchramaydigan
noyob oʻsish nuqtalari uygʻunligiga ega. Tumanni rivojlantirish borasida ishlab
chiqilayotgan strategiyada uning iqtisodiyoti uch asosiy ustunga tayanishi qayd
etilgan.
Birinchisi — qishloq xoʻjaligi. Bu yoʻnalish hudud
uchun nafaqat daromad manbai, balki turmush tarzining bir qismi hamdir. Hudud
azaldan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan, hosildor yer moʻl, aholida
agromadaniyat, dehqonchilik xarakteri shakllangan. Bir soʻz bilan aytganda,
dalada suyagi qotgan mehnatkash qatlam — katta salohiyatga ega ishchi kuchi
mavjud. Shu bois, umumiy iqtisodiy koʻrsatkichlarda ham aynan shu soha eng
katta ulushni egallab turibdi. 2025-yil yakunlariga koʻra, qariyb 2 milliard
950 million soʻmlik mahsulot yetishtirilgan boʻlsa, bu yil 105 foiz oʻsish
surʼati bilan 3 milliard 440 millionlik marraga yetish maqsad qilingan.
Ikkinchi ustun — sanoat. Ushbu yoʻnalishda
ham hali toʻliq ochilmagan imkoniyatlar talay. Holbuki, tumanning maʼmuriy
markazi — Oqtosh shahri bir vaqtlar eng yaxshi sanoatlashgan hududlardan biri
boʻlgan. Oʻnlab zavod va fabrikalar, juda katta infratuzilma ishlagan. Deyarli
har bir obyektga alohida temir yoʻl yotqizilgan. Bu esa juda katta salohiyat
deganidir.
Ammo ayni kunga kelib, ularning aksariyati maʼnan eskirgan,
yaʼni zamon talablariga toʻliq javob bermaydi. Sanoatning tuman
iqtisodiyotidagi hozirgi hajmi 2025-yil maʼlumotlari boʻyicha 1 milliard 280
million soʻm. Prognozlarga koʻra, 2026-yil yakunida mazkur koʻrsatkich salkam
1 milliard 600 million soʻmni tashkil etishi kutilyapti. Bu ishlab chiqarish
sektori asta-sekin rivoj topayotganini anglatadi. Misol uchun, yaqindagina
ushbu yerda paxta tolasidan chigitini ajratib beradigan zavod qurilib,
foydalanishga topshirildi.
Uchinchi ustun — xizmat koʻrsatish. Narpay hududiy
jihatdan Oʻzbekistonning qoq markazida joylashgan. Masalan, gazni
mamlakatimizning u chekkasidan bu chekkasiga — Nukusdan to Fargʻonagacha purkab
haydab beradigan markaziy gaz quvurlari tarmogʻi aynan shu yerda bunyod
etilgani bejiz emas. Bundan tashqari, hududdan temir yoʻl va M-37 xalqaro
magistrali oʻtgan. Eʼtiborlisi, temir yoʻl bilan magistral orasidagi masofa
bor-yoʻgʻi besh-olti kilometr va ularga yaqin joyda kattagina bozor mavjud.
Bozor infratuzilmasini yaxshilash orqali katta miqdorda
qoʻshimcha qiymat olib kelish, juda koʻp odamni ish bilan taʼminlash mumkin.
Ushbu hududda hozir logistika markazi barpo qilinyapti. Ilgari bozor toʻliq
davlat nazoratida boʻlgan, chiroq deyarli har kuni oʻchar, katta miqdorda
qarzga kirib qolgan edi. Tartib, sanitariya va xavfsizlik masalalari ham talab
darajasida emasdi. Masalan, oʻtgan yili bozor hududida 30 ta jinoyat sodir
boʻlgan va “qizil” toifadagi hududlar sirasiga kirardi.
Hozir ushbu bozor respublikadagi eng namunali, raqamlashgan,
sunʼiy intellekt boʻyicha ishlaydigan, xavfsiz kompleksga aylantirilyapti.
Arzon va xavfsiz, sifatli bozor modelini yaratish maqsadida hududda dastlab
sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan 250 ga yaqin kamera oʻrnatildi. Natijada
bozor qisqa muddatda “qizil”dan “yashil” toifaga oʻtdi. Bundan tashqari,
raqamli bozor tizimiga oʻtish ishlari ketmoqda. Har bir rasta shartnoma asosida
berilishi tufayli davlatga tushum ancha oshdi. Xususan, ilgari 85-90 million
patta puli yigʻilgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich oʻrta hisobda 500 million
soʻmni tashkil qilyapti.
Bu yerni Toshkentdagi Abu Saxiy bozori kabi keng tarmoqli,
ulgurji savdo maydoniga aylantirish rejalashtirilyapti. Shu maqsadda Xitoydan
toʻgʻridan toʻgʻri kiyim olib kelish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Buning uchun
bozor yonidagi 3,5 gektar yerda kargo xizmati yoʻlga qoʻyilyapti. Pirovardida
bozorni rivojlantirib, tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, shu orqali aholi
farovonligiga xizmat qilish koʻzlangan. Hozir hududda 3500 dan ziyod tadbirkor
faoliyat yuritadi. Yangi loyiha boʻyicha bozor qayta rekonstruksiya qilingach,
9800 dan ortiq ishbilarmon faoliyati uchun sharoit hozirlanadi.
Demak, tuzilma mavjud. Uch asosiy tarmoqning har biri
hozircha alohida yoʻnalishda rivojlanmoqda. Endi masala shu harakatni bir
oʻzanga solishda. Qayerda ishlab chiqarish taraqqiy etsa, oʻsha yerda qayta
ishlash paydo boʻlishi, undan keyin xizmat koʻrsatish tizimiga ulanib ketishi
kerak. Ushbu zanjir toʻliq ishlasa, taraqqiyot surʼati ham shunga yarasha
boʻlishi shubhasiz. Shu oʻrinda yana bir muhim jihatni — ichki tuzilmani tashqi
imkoniyatlar bilan bogʻlash zaruratini eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozim. Bu
esa, oʻz navbatida, investitsiya, eksport va yangi loyihalar bilan bogʻliq.
Imkoniyat yoʻnalishlari
Tuman ichki imkoniyatlari hisobiga asta-sekin olgʻa
siljiyapti. Shu bilan birga, katta oʻsish faqat ichki imkoniyat hisobiga yuz
bermasligini ham unutmaslik lozim. Bunda tashqaridan kirib keladigan moliyaviy
oqim, investitsiyalar ham alohida ahamiyatga ega. Narpayda bugun ana shu
jarayonning yangi nafasi sezila boshlagan. Jumladan, keyingi davrda tumanga
yoʻnaltirilgan investitsiya hajmi 155 million dollarga yetdi. Shundan 88
millioni toʻgʻridan toʻgʻri investitsiya. Bu esa hududning eksport salohiyatiga
ham ijobiy taʼsir oʻtkazyapti. Tuman boʻyicha eksport hajmi 16,2 million
dollarga yetgan, oʻsish surʼati 123 foizni tashkil etadi.
Eksport tarkibiga qaraganda, asosiy ulush hali ham qishloq
xoʻjaligi mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keladi — 11,1 million dollar. Sanoat
mahsulotlariniki esa 5 million dollar atrofida. Bu mahsulotlarning katta qismi
xom yoki yarim tayyor holatda eksportga chiqarilayotganini anglatadi. Shu
oʻrinda muammo ham, imkoniyat ham bir nuqtada kesishishini kuzatish mumkin.
Yaʼni investitsiyani mahalliy mahsulotlarni shu yerning oʻzida qayta ishlab,
tayyor holatda eksportga chiqarish bilan bogʻliq loyihalarga jalb qilish
galdagi vazifalardan. Shunda daromad hajmi bir necha barobar ortadi.
Bu oʻrinda yana bir nozik savol yuzaga chiqadi: bu mablagʻ va
imkoniyatlar qaysi nuqtalarga yoʻnaltirilsa, katta natija beradi?
Aytganimizdek, Narpay tajribasi aynan mana shu savol negizida tarkib topmoqda.
Zero, har bir hududning oʻziga xos kuchli jihati bor. Ana shuni topib, tayanib
harakat qilish oʻsish nuqtalarini aniqlashda muhim omildir. Asosiy mezon esa
ichki iqtisodiy aylanishning shakllanishi. Shu jarayon bilan birga investitsiya
loyihalari ham tabiiy ravishda paydo boʻladi. Yangi ishlab chiqarish, xizmat
koʻrsatish nuqtalari va qayta ishlash yoʻnalishlari iqtisodiy boʻshliqlarni
toʻldirib boradi. Har bir loyiha umumiy tizimning uzviy qismi sifatida
ishlaydi.
Shunday ekan, Narpay tajribasining eng muhim qatlamlaridan
biri hududda yillar davomida koʻzga tashlanmay kelgan imkoniyatlarni ochish,
loyihadan aniq natijaga aylantirish jarayonidir. Tahlillar tuman
iqtisodiyotining keyingi sakrashi mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishdan
koʻra koʻproq ishga solinmagan resurslar hisobiga yuz berishini koʻrsatadi.
Yer, suv, infratuzilma, bozor va mehnat salohiyati bir tizimga bogʻlanganda
Narpayda yangi iqtisodiy harakat yoʻnalishlari vujudga keladi.
Eng avvalo, tuman uchun yirik investitsiya
portfeli shakllantirilgan. Umumiy qiymati 276,1 million dollar boʻlgan 54 ta
loyiha sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi kesimida joylashtirilgan.
Bu yoʻnalish oddiy loyihalar yigʻindisi emas, balki ishlab chiqarish zanjirini
toʻliq yopish gʻoyasiga tayangan yaxlit tizimdir. Xomashyo hududning oʻzida
qayta ishlanadi, xizmat koʻrsatish esa shu jarayonni toʻldiruvchi boʻgʻinga
aylanadi. Natijada joriy yilning oʻzida 1540 ta yangi ish oʻrni ochilishi, 16,2
million dollarlik eksport salohiyati yuzaga chiqishi, sanoat va xizmat
koʻrsatish hajmida sezilarli oʻsish kutilmoqda.
Ikkinchi yoʻnalish yer resurslaridan samarali foydalanishga
qaratilgan. Suv taʼminoti murakkab, hosildorligi past 1080 gektar maydon qayta
koʻrib chiqilib, unda anʼanaviy paxta va gʻalla ekinlaridan voz kechgan holda
yuqori daromadli yoʻnalishlarga oʻtish taklif etilgan. Bu hududlarda
chorvachilik, intensiv bogʻdorchilik va eksportbop ekinlar yetishtirish asosiy
yoʻnalishga aylanadi. Mazkur model orqali 20,7 million dollarlik investitsiya
jalb qilinishi, 250 ta yangi ish oʻrni ochilishi, yerning iqtisodiy
samaradorligi keskin oshishi koʻzda tutilgan.
Uchinchi yoʻnalish infratuzilma bilan bogʻliq. Tuman
markaziga olib boruvchi 36 kilometr yoʻl tarmogʻi 11 ta mahalla va 45 ming
kishining iqtisodiy hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Uzoq yillar taʼmir
koʻrmagan ushbu yoʻllarni yangilash orqali hududning ichki harakatchanligi
oshadi, logistika xarajati kamayadi, biznes faolligi esa kuchayadi. Shu
jarayonda 11 ta yangi loyiha shakllanishi, 50 ta ish oʻrni ochilishi, transport
oqimi tartibga tushishi kutilmoqda. Bu yoʻnalish iqtisodiy faollikning hudud
ichida erkin aylanishiga xizmat qiladi.
Toʻrtinchisi — yer va xizmat
koʻrsatish bozorini jonlantirish. Tuman hududida sanoat va xizmat koʻrsatish
uchun ajratilgan 9,9 gektar maydon, M-37 yoʻli boʻyidagi 1,6 gektar hudud hamda
Narpay kanali boʻyidagi 1,6 gektar yer auksion orqali tadbirkorlik
subyektlariga ajratilishi rejalashtirilgan. Bu jarayon tufayli 37,3 million
dollarlik investitsiya jalb qilinadi, 488 ta yangi ish oʻrni ochiladi, 24,4
milliard soʻmlik qoʻshimcha soliq bazasi yuzaga keladi. Shu bilan birga,
sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmida ham
sezilarli oʻsish kuzatilishi prognoz qilingan.
Beshinchi yoʻnalish zamonaviy agrar texnologiyalar bilan
bogʻliq. Gidroponika usulida tashkil etiladigan issiqxona klasteri 60 gektar
maydonni qamrab oladi. Suv taʼminoti cheklangan hududlar uchun bu modelga eng
maqbul yechim sifatida qaralmoqda. 20 va 40 gektarli hududlarda amalga
oshiriladigan loyihalar natijasida 12 million dollarlik investitsiya jalb
qilinadi, 305 ta yangi ish oʻrni ochiladi. Eng muhim jihati, yil davomida
barqaror mahsulot yetishtirish imkoniyati mavjud. Ushbu yoʻnalish bugun Narpay agrar
tizimining eng innovatsion tarmogʻi sifatida mashhur boʻlib ulgurdi.
Oltinchi yoʻnalishga koʻra, energetika va savdo-logistika
tizimi modernizatsiya qilinmoqda. “Tinchlik” podstansiyasining quvvatini
oshirish orqali 45 ming kishiga, sanoat zonalariga va yirik savdo majmualariga
uzluksiz elektr yetkazib beriladi. Shu bilan birga, “Mirbozor” bozori va
logistika markazi rekonstruksiya qilinib, 76,4 million dollarlik va 4,7 million
dollarlik loyihalar ishga tushiriladi. Bu tizim iqtisodiy jarayonlarning uzluksiz
ishlashini taʼminlaydi, bozor faoliyatini barqarorlashtiradi.
Yettinchi yoʻnalish yer osti resurslarini aniqlash va
geologik salohiyatni ochish imkoniyatlarini koʻzda tutadi. Hududning geologik
tuzilmasi toʻliq oʻrganilmagani sababli yangi qidiruv ishlari boshlangan. Hozir
mavjud salohiyatdan maksimal foydalanish choralari koʻrilmoqda. Aytilganidek,
granit toshlarini qayta ishlashga moʻljallangan yangi zavod qurilishi
allaqachon boshlab yuborilgan.
Sakkizinchi yoʻnalish sifatida esa foydalanilmayotgan bino va
yer maydonlarini iqtisodiy aylanishga qaytarish masalasi belgilangan. Bunda
boʻsh turgan obyektlar aniqlanib, yangi investitsiya loyihalariga jalb
qilinadi. Yaʼni hududdagi harakatsiz kapitalni iqtisodiy faoliyatga
yoʻnaltirish orqali sanoat va xizmat koʻrsatish tarmoqlarini kengaytirish
maqsad qilingan. Bu esa oʻz-oʻzidan byudjetga tushumning oshishiga xizmat
qiladi.
Umuman olganda, Narpayda shakllanayotgan investitsiya modeli
alohida loyihalar yigʻindisi emas. Bu hududning barcha resursini yaxlit
zanjirga bogʻlaydigan tizimdir. Yer, suv, yoʻl, energiya, bozor va inson
resurslari bir markazda birlashsa, iqtisodiy harakat yangi bosqichga chiqadi.
Shu nuqtayi nazardan, Narpay tajribasi hududiy rivojlanishning yangi modeli
sifatida oʻziga xos yoʻldan bormoqda.
Iqtisodiy tizim bilan bogʻliq kategoriya
Oʻzgarishlar oddiy odamlar turmushida aks etmaguncha hech
qanday amaliy qiymatga ham, aytgulik ahamiyatga ham ega boʻlmasligi ayon. Shu
maʼnoda, Narpayni kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish masalasi ustida
jiddiy va izchil ishlar bajarilmoqda.
Tuman boʻyicha iqtisodiy faol aholi soni 102 mingdan oshadi.
Shundan 97 mingdan ortigʻi band. Ishsizlar soni 5000 atrofida. Mazkur
koʻrsatkichni yil yakuniga qadar 3700 gacha tushirish rejalashtirilgan. Foiz hisobida
qaralsa, ishsizlik darajasi 4,9 foizdan 3,3 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Shuningdek, tuman boʻyicha kambagʻallik darajasi 5 foiz atrofida. Bu 2800 dan
ortiq oila degani. Yil yakuniga borib, ushbu raqamni 1400 taga tushirish koʻzda
tutilgan. Ayni maqsadda “Bandlik dasturi” doirasida 38 mingdan ortiq fuqaro
qamrab olingan boʻlib, bu oldingi davrdagi holat bilan solishtirganda qariyb
ikki baravar oʻsish demakdir.
Bu oʻrinda masala faqat ish oʻrni ochishda emas, balki qanday
ish oʻrni ekani ham muhim. Oddiy mantiqqa koʻra, past daromadli, mavsumiy
ishlar uzoq istiqbolda kambagʻallikni kamaytirmaydi. Bu bilan hayot sifatini
tamoman oʻzgartirib yuborish imkonsiz. Shu jarayonda eng muhim oʻzgarish
kambagʻallikning ijtimoiy holat emas, iqtisodiy tizim bilan bogʻliq kategoriya
sifatida qayta talqin qilinishidir. Sodda qilib tushuntirganda, agar ishchi
kuchi yuqori samarador sohalarga yoʻnaltirilsa, natija tez seziladi. Aks holda,
mavjud holat uzoq vaqt oʻzgarmay qolishi ehtimoli yuqori.
Demak, har bir hududda daromadni tez oshiradigan, koʻp ish
oʻrni ochadigan yoʻnalishlarni aniqlash zarurati tugʻiladi. Ana shu yondashuv
“oʻsish nuqtalari” degan tushunchani yuzaga chiqardi. Narpay tajribasining eng
muhim jihati ham shunda — boshqaruvning maʼlumot, tahlil va sunʼiy intellekt
asosida idora qilish tizimiga oʻtilishida. Bu yerda gap shunchaki
raqamlashtirish haqida emas, balki qaror qabul qilish madaniyatining
oʻzgarishi, resurslarni boshqarish va taqsimlashning yangi uslubi haqida
ketmoqda.
Shu asosda har bir hudud uchun ichki rivojlanish modeli
yaratiladi. Unda qaysi mahallaning qanday yoʻnalish boʻyicha salohiyati yuqori
ekani sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida aniqlanadi. Ilgari umumiy
yondashuv ustun boʻlgan boʻlsa, endi har bir mahalla oʻz xarakteri, taʼbir joiz
boʻlsa, iqtisodiy DNKsi bilan ajralib turadi. Sunʼiy intellekt asosidagi tahlil
tizimi hududdagi oʻzgarishlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.
Shu tariqa Narpay
modeli pilot loyiha sifatida shakllanmoqda. Avval tuman darajasida sinovdan
oʻtadigan bu tizim keyinchalik boshqa hududlarga ham tatbiq etilishi
rejalashtirilgan. Shu maʼnoda, Narpay tajribasi oddiy rivojlanish loyihasi
boʻlibgina qolmay, yangi boshqaruv modeliga, oʻziga xos “yoʻl xaritasi”ga
aylanishi kutilmoqda. Prezidentimiz tashrifidan soʻng bu boradagi ishlar yangi
toʻlqinda, yanada yuqori surʼatda avj oldi. Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi
mahallalardan ikkitasi ayni shu hududda bunyod etilayotgani ham bejiz emas.
Zero, Narpay bugun oʻz taraqqiyotining keyingi bosqichiga oʻtishi barobarida
yangi iqtisodiy fikrlash maydoni oʻlaroq, Uchinchi Uygʻonish nafasining eng
chekka hududlargacha yetib borib, kerak boʻlsa, uni rivojlanish drayverlaridan
biriga aylantirish mumkinligini koʻrsatadi.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri