Ularning barchasini kuzatib, xabardor boʻlib, natijasini tahlil etish ancha mehnat talab qiladi. Prezidentimizning baʼzi sohalar boʻyicha chiqargan qator farmon va qarorlari hamda tashabbusi bilan tub islohotlar, yangilanishlar amalga oshirildi, samarador mexanizmlar hayotga tatbiq etildi. Bu tarmoqlar, sohalar bilan birga yurtdoshlarimizning munosabati, dunyoqarashini ham oʻzgartirib yubordi.

Dunyoqarash oʻzgarmasa, dunyo oʻzgarmaydi, deyishadi. Islohotlar ham Oʻzbekis­tondagi ijtimoiy hayot oʻzanini butkul yangi yoʻnalishga burib yubordi. Atoqli yozuvchi Jorj Bernard Shou “Oʻzgarishsiz taraqqiyot mumkin emas va oʻz fik­rini oʻzgartira olmaganlar hech narsani oʻzgartira olmaydi”, deb aytgan edi. Davlatimiz rahbari ham islohotlarni, avvalo, yurtdoshlarimizning fikrini oʻzgartirish, dunyoqarashini kengaytirishdan boshladi.

Birgina misol, xalqimizning taʼlim sohasi, ilm-maʼrifatga bugungi ­munosabati bundan oʻn-yigirma yil oldingidan butkul farq qiladi. Joriy yil 24-fevral kuni Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng yuqori surʼatda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani maʼlum qilindi. Yoshlarning bunday eʼtirofga sazovor boʻlishi keyingi yillarda taʼlim sohasi, xususan, Oʻzbekistonning salkam 6,5 million oʻgʻil-qizi oʻqiydigan maktab taʼlimidagi yangilanishlar hosilasidir.

Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpia­dalarida 66 oltin, 147 kumush, 221 bronza medalni qoʻlga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli universitetlarda tahsil olayotgan yoshlarimiz 500 dan, nufuzli OTMlar 100 taligidagi oliygohlarda oʻqiyotgan yigit-qizlarimiz 3500 dan ortdi. Ushbu raqamlar Oʻzbekiston bejiz eʼtirof etilmaganining isbotidir. Keling, ushbu natijalarga zamin hozirlagan taʼlim sohasidagi ortga qaytmas, yurtdoshlarimiz dunyoqarashida evrilish yuz berishiga sabab boʻlgan islohotlarni birma-bir yodga olamiz.

Ilm-maʼrifat — kelajak kafolati

Taʼlim sohasiga qarash bundan oʻn-oʻn besh yil oldin butkul boshqacha edi. Ilgari yurtdoshlarimiz farzandlariga “Oʻqib olim boʻlasanmi, shu toʻrtta qoʻyni boqqaning maʼqul” yoki “savdongni qilaver”, deya tanbeh berardi. Bugun esa bilim olishga farovon hayotning kafolati, kelajak poydevori sifatida qaralmoqda. Oʻzbekiston ilm-fan mamlakatiga aylanib bormoqda.

Esingizdami, ilgari hududlarda toʻyxona qurish eng maqbul tadbirkorlik yoʻnalishiga aylangandi. Faqat markaziy shaharlarda emas, balki olis qishloq va ovullarda ham bir-ikkita toʻyxona boʻlardi. Taʼlimdagi yangilanishlar, universitet va institutlarga oʻqishga kirish boʻyicha davlat imtihonlari shaffoflashgach, yoshlar uchun oliy taʼlim muassasalari eshigini ochadigan “oltin kalit” faqat ilm ekani oydinlashib qoldi. Natijada shaharu qishloqlarda oʻquv markazlari tashkil etila boshladi. Ilm berish, imtihonga oʻquvchilarni tayyorlash tadbirkorlikning eng samarali yoʻnalishi boʻlib qoldi. Hatto toʻyxonalarning ayrimlari qayta jihozlanib, oʻquv markazlariga aylantirildi.

Albatta, oʻquv markazlarining keng ommalashuvida yaratilgan qulay shart-sharoit, imtiyoz va ragʻbatlarning yil sayin ortib borishi ham puxta zamin hozirladi. Xususan, oʻquv markazi ochgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit, chekka hududlarda esa 120 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy oʻquv markazlarida xorijiy tillarni oʻrganadigan yoshlar toʻlovining “2+6” oy shaklida qoplab berilishi tarmoqning yanada gurkirab yashnashiga xizmat qildi.

Natijada xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha sertifikatga ega yoshlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi samara berib, sertifikatli yigit-qizlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllandi. Xususiy oʻquv markazlari soni 3 karra koʻpayib, 38 mingdan oshdi.

Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqotida qayd etilishicha, endi Xususiy oʻquv markazlari uyushmasi tuzilib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Bunday markazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni tarmoq yagona katta kuchga aylanib, ish samaradorligi karrasiga ortishi koʻzlanmoqda. Shuningdek, “Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv markazlari faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijti­moiy soliqni 1 foiz, oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi.

Oʻgʻil-qizlarning asosiy vaqti maktabda oʻtadi. Demak, yoshlarga ilm berishda maktab asosiy maskandir. Oʻquv markazlari esa ularning eng yaqin koʻmakchisi boʻladi. Shu bois, keyingi yillarda bu tizim butkul yangicha qiyofa kasb etdi. Maʼrifat maydoniga Prezident maktablari kirib keldi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu maktablar hududlar boʻylab keng miqyosda tashkil etildi. Turli sinovlar bilan iqtidorli yoshlar saralab olingan ushbu maktab bitiruvchilari nafaqat mahalliy, balki xorijiy taʼlim muassasalarida ham oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi.

Keyinchalik Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tashkil etilib, umumiy oʻrta taʼlim maktablari orasida ixtisoslashgan yangi muassasalar — Prezident hamda ijod va turli fanlarga ixtisos­lashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ulardagi oʻqitish sifatini yuzlab bitiruvchilarining mahalliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalariga muddatidan oldin oʻqishga qabul qilinayotganida ham koʻrish mumkin. Birgina misol: 2024-yili Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Abdulaziz Sobirov dunyo reytingida yetakchi 5 talikka kiruvchi Garvard universitetiga grant asosida oʻqishga qabul qilingan. Shuningdek, oʻtgan yillarda Asilbek Ashurov, Goʻzal Haydarova, Sayfullo Saidov nufuzli 10 ta OTM qatoridagi universitetlarga grant asosida oʻqishga kirdi.

Prezident maktablari muvaffaqiyatli tuzilma sifatida ham Oʻzbekiston ilm mashʼalini jahon sahniga olib chiqmoqda. Jumladan, 2025-yil yanvarda Toshkent shahridagi Prezident maktabi Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofotning “Global oʻrta maktablar” nominatsiyasida gʻolib deb topildi. Dunyoda ekologik masalalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Toshkentdagi Prezident maktabi oʻquvchilari oʻqituvchisi bilan birga aynan ana oʻsha global muammoga yechim boʻladigan loyihasi bilan tanlovda tengsiz deb topildi.

Boshqa turdagi davlat maktablari faoliya­ti ham tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqilib, isloh etilmoqda. Jumladan, ularda aniq fanlar, axborot texnologiyalari, chet tili boʻyicha maxsus (ixtisoslashtirilgan) sinf­lar ochildi. Ushbu oʻzgarishlar koʻlamida xususiy sektorning ham oʻz oʻrni ahamiyati bor. Tarmoqdagi keng koʻlamli islohotlardan soʻng ommalashgan faqat bir funksiyali katta-kichik oʻquv markazlari raqobatbardosh­ligi susaydi. Endi ular ham moddiy-texnik bazasini yangilab, xususiy maktablar koʻrinishiga oʻta boshladi. Asosiy omil raqobatbardoshlikni oshirish, davlat tomonidan tarmoqqa berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan keng foydalanish hamda yanada jozibadorlikni oshirish boʻldi. Oʻtgan besh yilda qurilgan davlat maktablaridan xususiy maktablar soni koʻp. Biznesning oltin qoidasi bu — talab bor joyda taklif paydo boʻladi. Ushbu fakt ham taʼlim tizimidagi islohotlar nafaqat sohani, balki yurtdosh­larimizning ilm-fan, maʼrifatga intilishi, qiziqishini yuksaltirgani, dunyoqarashini oʻzgartirganini bildiradi. Ammo bu bilan islohotlar bir zum boʻlsa ham toʻxtab qolgani yoʻq. Aksincha yangi loyiha va tashab­buslar yanada shiddat bilan davom etmoqda. Jumladan, oʻtgan yili tizimda katta oʻzgarish va yangilanishlar boʻldi.

Davlatimiz rahbarining pirovard maqsadi faqat ixtisoslashgan maktablar yoki xususiy taʼlim muassasalarida oʻqitish sifatini oshirishgina emas, balki mamlakatdagi barcha maktablarda taʼlimning yuqori sifatini taʼminlash orqali xalqning savodxonlik darajasini koʻtarish va Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishdan iborat. Prezidentimiz boshchiligida 2025-yil 9-sentyabrda boʻlib oʻtgan maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sohadagi oʻzgarish va yangilanishlar belgilab berildi. Xususan, xalqaro standartlarga moslashtirilgan taʼlim tizimiga oʻtilishi qayd etildi. Bu oʻzbek yoshlarining nufuzli xalqaro universitetlarga hujjat topshirishidagi ayrim toʻsiqlarni bartaraf etadi.

Shuningdek, yangi islohotlarga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab yagona davlat imtihonlari joriy etiladi. Yaʼni maktab ­davrida oʻquvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish uchun 9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari oʻtkaziladi. Bunda bitiruvchilar toʻplagan ballariga koʻra, oʻqishni oliy taʼlim muassasasi yoki texnikumda davom ettiradi.

Endi Oʻzbekistonda maktablar faqat bilim beruvchi maskan emas, ularga oʻquvchilarni kasbga oʻrgatib, texnikumlarga yoʻnaltiruvchi tuzilma sifatida ham qaralmoqda. Bu esa yoshlarning bandligini taʼminlash, ertangi hayotini yoʻlga qoʻyishi uchun yana bir imkoniyat degani. Maktablar baliq tutib bermaydi. Oʻquvchilarning qoʻliga qarmoq tutqazadigan, ularning kelajagiga poydevori qoʻyiladigan maskanga aylanib bormoqda.

Bu ham maktabdagi oʻqitish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, ota-onalar avval farzandining maktabda ololmagan bilimidagi boʻshliqni qoʻshimcha manbalar bilan toʻldirgan boʻlsa, endi ular maktabning oʻzidan taʼlim sifatini talab qila boshlaydi. Chunki maktabdagi bilimi va baholari oʻquvchilarning kelajagini belgilab beradi.

Inson qadrini ulugʻlash oʻqituvchilar maqomini yuksaltirishdan boshlandi

Davlatimiz rahbari boshqaruvining ilk yillaridanoq maktabdagi taʼlim tizimini tub isloh qilish, buning uchun, birinchi navbatda, maqomini oshirish orqali oʻqituvchilarni maktabga qaytarish, ayniqsa, ular orasida erkak oʻqituvchilar sonini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chunki Prezidentimiz kuchli davlat, yuksak jamiyat qurishni, avvalo, maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishdan boshlash kerak ekanini teran anglardi. Oʻqituvchilar esa bu tizimning asl egalari edi.

Bir paytlar Yaponiya bosh vaziridan davlatning urushdan keyingi muvaffaqiyati siri nima ekani haqida soʻraladi. Shunda bosh vazir “Biz oʻqituvchilarga ­imperatorning hurmatini, elchining daxlsizligini va vazirning maoshini berdik”, deya javob beradi. Toʻgʻri, oʻxshatish bir oz nooʻrin boʻlishi mumkin. Lekin Oʻzbekiston koʻp yillik ijtimoiy-­iqtisodiy oʻsishda turgʻunlik davrini boshdan kechirayotgan edi. Bundan esa, birinchi navbatda, umumiy oʻrta taʼlim tizimi jabr chekayotgandi. Boisi, oʻsha yillarda oʻqituvchilar bolalarga taʼlim-tarbiya beruvchi muhtaram ustoz emas edi. Hokimiyat vakillari uchun majlislarni toʻldiradigan kishilar, yo boʻlmasa, turli hasharlarga jalb qilinadigan byudjet vakillari edi. Soliqchilar uchun soliq yigʻuvchi, mahalla faollari uchun uyma-uy yurib, oilalarni yarashtiruvchi, oilaviy nizolarni bartaraf etuvchi kishilar edi. Bir soʻz bilan aytganda, ularning maktabdan boshqa hamma joyda ishlayotganini koʻrish mumkin edi. Davlat idoralari vakillarining bunday munosabati yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar ongida ulugʻ kasb egalariga nisbatan notoʻgʻri dunyoqarashni shakllantirib qoʻygandi. Koʻp bor ota-onalarning maktab oʻqituvchisi bilan janjal qilishi, hatto oʻquvchilarning oʻz ustoziga qoʻl koʻtarishi holatlari guvohi boʻldik oʻsha kezlarda.

Prezidentimiz oʻqituvchi va murabbiylarning mehnati yangi Oʻzbekiston poydevori ekanini taʼkidlab, birinchi navbatda, ­ularni maktablarga qaytardi. Bu sohadagi majburiy mehnatga keskin va murosasiz yondashdi. Oʻqituvchi va murabbiylarning xizmatidan moddiy manfaatdorligini orttirib, “oʻqituvchilar ming dollar oylik oladi”, deya soʻz berdi. Minbardan soʻzlangan bu gaplarga koʻpchilik ishonqiramadi. Sababi oʻsha davrlarda pedagoglar bunday oylikni hatto orzu ham qilmas edi. Ammo bugunga kelib, sohadagi yangi tashabbus va loyihalar natijasida oʻqituvchilar bundan ham koʻp oylik maosh olishiga puxta imkoniyat hozirlandi.

Albatta, bunday imkoniyat faqatgina ilm yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan kasb egalariga nasib etmoqda. Sababi guruch kurmaksiz boʻlmaganidek oʻz ustida ishlamaydigan, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashmaydiganlar bilan muallimlik nomiga sharaf keltirayotganlar bir xil ragʻbatlantirilishi notoʻgʻri boʻlardi, albatta. Shu bois, turli sertifikat, malakani belgilovchi imtihonlar joriy etildi. Oʻqituvchilarning doimiy oʻz ustida ishlashi katta daromad topishiga asos boʻlmoqda.

Oxirgi yillardagi islohotlar natijasida ilmga, ilm egalariga qaratilgan eʼti­bor ustozlar qadrini misli koʻrilmagan choʻqqiga olib chiqdi. Ularni masʼullarning zugʻumidan qutqarib, moddiy taʼminotini yaxshiladi, jamiyatning eng hurmatli insonlariga aylantirdi. Islohotlar oʻzbek oʻgʻil-qizlarining mazkur sohaga qiziqishini oshirdi. Bugun oʻquvchilar oʻqituvchi boʻlishni orzu qilyapti. Ota-onalar farzandlarining pedagog boʻlish istagini ragʻbatlantiryapti. Xalqimizning dunyoqarashi butkul oʻzgarib, kasb fidoyilarining qad­riga yetadigan boʻldi. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz bu borada jamiyatga, xalqqa eng katta oʻrnak koʻrsatdi.

Ortga qaytmas islohotlar natijasida yangi Oʻzbekiston ilm-maʼrifat davlatiga aylanib bormoqda. Shu bois, Uchinchi Renessans poydevori aynan maktablarda qoʻyilishi shubhasiz.

Sanjar ESHMURODOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri