Bu haqida «Dunyo» AA xabar berdi.

Davlat departamenti ma'lumotlariga ko'ra, vizalarni bekor qilishning aksariyat holatlari xorijliklarning jinoyiy faoliyati bilan bog'liq. Shuningdek, viza talablarini buzish, firibgarlik, zo'ravonlikka chaqiriqlar va milliy xavfsizlikka tahdid sifatida baholangan boshqa harakatlar ham vizalarni bekor qilishga asos bo'lgan.

Vizalarni bekor qilish ko'lamining kengayishi Donald Trampning o'tgan yili Oq uyga qaytganidan keyin boshlangan keng qamrovli immigratsiya siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda AQShdan ko'plab migrantlar, jumladan, amaldagi vizasi bo'lgan ayrim shaxslar ham deportatsiya qilingan.

Davlat departamenti vizalarni bekor qilish xorijliklarni muntazam tekshirish jarayonining bir qismi ekanini bildirdi. Idoraga ko'ra, bunday tekshiruvlar viza egalirining belgilangan talablarga rioya qilishini va AQSh fuqarolari uchun xavf tug'dirmasligini ta'minlashga qaratilgan.

Vizalarni bekor qilishning eng ko'p uchraydigan sabablari orasida tan jarohati yetkazish, mast holda avtomobil boshqarish, o'g'rilik va giyohvand moddalar bilan bog'liq jinoyatlar bo'yicha ayblovlar qayd etilgan.

Davlat departamenti, shuningdek, nomusga tegish va jinsiy zo'ravonlik, odam o'g'irlash va odam savdosi, bolalarga nisbatan jinsiy zo'ravonlik materiallarini saqlash kabi og'ir jinoyatlarda ayblangan xorijliklarga oid o'ndan ortiq holatni misol sifatida keltirgan.

Idora AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkin deb baholangan xorij fuqarolari bilan bog'liq holatlarni aniqlash va tekshirish ishlari davom ettirilishini ma'lum qildi.

«Amerika vizasi — bu imtiyoz, huquq emas», — deya ta'kidlagan Davlat departamenti vizadan suiiste'mol qilgan shaxslarning hujjatlarini bekor qilish uchun mavjud vakolatlardan foydalanish davom ettirilishini bildirgan.

Qayd etilishicha, yanvar oyida Davlat departamenti 100 mingdan ortiq viza bekor qilinganini ma'lum qilgan va bu o'sha vaqtda rekord ko'rsatkich bo'lgan. Shu bilan birga, AQSh ma'muriyati viza berish jarayonida ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish ko'lamini kengaytirib, saralash tartiblarini kuchaytirgan.