Davlat boshqaruvi markazida esa mamlakat taraqqiyotini taʼminlovchi strategik mexanizm sifatida davlat xizmati instituti turadi.

Zamonaviy davlatchilik sharoitida fuqarolarning davlatga ishonchi koʻp jihatdan davlat xizmatchilarining kasbiy mahorati, masʼuliyati, halolligi va xalq manfaatlariga xizmat qilish darajasi bilan belgilanadi. Chunki aholi davlatning mohiyati va imkoniyatlarini koʻproq qonunlar yoki rasmiy bayonotlar asosida emas, balki davlat xizmatchilari faoliyati orqali his etadi. Davlat xizmatchisi tomonidan koʻrsatilgan har bir xizmat, qabul qilingan har bir qaror va muloqot shakli davlatning jamiyat oldidagi nufuzini shakllantiradi.

Shu nuqtayi nazardan, davlat xizmati faqat maʼmuriy boshqaruv vositasi emas, davlatning strategik resursidir. Malakali, tashabbuskor va zamonaviy bilimlarga ega davlat xizmatchilari mavjud mamlakatlarda islohotlar tizimli kechadi, davlat institutlari samaradorligi ortadi hamda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik mustahkamlanadi.

XXI asrda davlat xizmati institutini takomillashtirish, ochiqligi, professionalligi va samaradorligini oshirishga har qanday mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Zero, kuchli davlat xizmati samarali davlat boshqaruvi, barqaror taraqqiyot va aholi farovonligining eng muhim kafolatlaridan biridir.

Xalq ishonchi ulkan masʼuliyat

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda davlat boshqaruvi falsafasida tub sifat oʻzgarishlari yuz berdi. Davlat va jamiyat munosabatlariga boʻlgan yondashuv qayta koʻrib chiqilib, boshqaruvning anʼanaviy

“davlat — jamiyat — inson” modeli oʻrniga inson manfaatlarini ustuvor qoʻyadigan “inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosidagi yangi paradigma shakllana boshladi.

Ilgari davlat asosiy subyekt sifatida qaralib, fuqarolar koʻproq davlat siyosati ­amalga oshiriladigan obyekt sifatida tasavvur etilgan boʻlsa, bugungi kunda inson, uning huquq va erkinliklari, munosib hayot kechirishga intilishi davlat siyosatining markaziy mezoniga aylandi. Yaʼni davlatning maqsadi faqat boshqarish emas, balki inson uchun qulay shart-sharoit yaratish, uning salohiyatini roʻyobga chiqarish va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan samarali institutlarni shakllantirishdan iborat ekani eʼtirof etildi.

Bunday yangi yondashuv, avvalo, davlat xizmati tizimi oldiga yangi talablarni qoʻydi. Chunki inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan davlat siyosati uni amalga oshiradigan davlat xizmatchilari dunyoqarashi, kasbiy tay­yorgarligi, axloqiy masʼuliyati va xizmat madaniyati bilan bevosita bogʻliqdir. Endi davlat xizmatchisi maʼmuriy vakolat egasi emas, balki fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlovchi, jamiyat ishonchini oqlovchi professional boshqaruvchi sifatida namoyon boʻlishi talab etilmoqda.

Oʻzbekistonda kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini modernizatsiyalash davlat boshqaruvi islohotlarining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Davlat organlariga zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, strategik fikrlaydigan, tashabbuskor, masʼuliyatli hamda xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan yangi avlod kadrlarini jalb etish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Bugun hayotning oʻzi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yoʻl ochish boʻyicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etmoqda”.

Mazkur strategik vazifalardan kelib chiqib, davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini oshirish, natijaga ­yoʻnaltirilgan boshqaruv tamoyillarini joriy etish va inson resurslarini rivojlantirish boʻyicha institutsional islohotlar amalga oshirildi. Xususan, davlat organlarida boshqaruv sifatini yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda mavjud imkoniyatlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanish, davlat tashkilotlarida inson kapitalini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi.

Agentlik zimmasiga davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish, inson resurslarini rivojlantirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish vazifasi yuklatildi. Bu esa davlat xizmati tizimida inson omilining strategik ahamiyati ortib borayotgani, zamonaviy davlat boshqaruvi esa, avvalo, malakali va professional kadrlarga tayanishini anglatadi.

Shunday qilib, davlat xizmati tizimi transformatsiyasi faqat tashkiliy yoki maʼmuriy islohot emas, balki davlatning jamiyat oldidagi vazifalari va masʼuliyatiga boʻlgan yondashuvning chuqur oʻzgarishidir. Bu jarayonda davlat xizmatchisi yangi davlatchilik modelida islohotlarning ijrochisi emas, uning faol yaratuvchisi va harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.

Taraqqiyotning strategik resursi

Har yili 23-iyun kuni dunyo hamjamiyati BMT tomonidan belgilangan Davlat xizmati kunini nishonlaydi. Mazkur sana davlat xizmati institutining jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatini yana bir bor anglash, davlat boshqaruvida samaradorlik, ochiqlik va masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolar manfaatlariga xizmat qilayotgan davlat xizmatchilari mehnatini eʼtirof etishga qaratilgan.

Bugungi kunda ushbu sana nafaqat davlat xizmatchilarining kasbiy bayrami, balki davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning asosiy mezoni — xalqqa ­samarali xizmat qilish tamoyilini yanada chuqur anglash uchun muhim imkoniyatdir. Zero, zamonaviy davlat boshqaruvida davlat xizmatining haqiqiy qiymati inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolar ishonchini mustahkamlash va mamlakat taraqqiyotiga qoʻshayotgan amaliy hissasi bilan belgilanadi.

Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat xizmatiga munosabat tubdan oʻzgardi. Unga endi faqat davlat qarorlarini amalga oshiruvchi tizim emas, balki mamlakatni modernizatsiyalash, inson qadrini taʼminlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladigan ­strategik institut sifatida qaralmoqda.

Bugungi global oʻzgarishlar — raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanishi, iqtisodiy jarayonlar murakkablashuvi, iqlim oʻzgarishi va yangi geosiyosiy voqeliklar davlat boshqaruvi oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qoʻymoqda. Bunday sharoitda davlat xizmatchisi faqatgina belgilangan vazifalarni bajaruvchi ijrochi boʻlishi yaramaydi. U keng strategik tafakkurga ega, muammolarni oldindan koʻra oladigan, innovatsion yondashuvlarni qoʻllaydigan va jamiyat ehtiyojlariga tez moslasha oladigan professional boshqaruvchi boʻlishi talab etilmoqda.

Zamonaviy davlat xizmatida asosiy mezon faqat jarayon emas, natija hisoblanadi. Davlat xizmatchisining faoliyati aholi hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlayotgani, fuqarolarning muammolarini qay darajada hal etayotgani va davlat siyosati maqsadlariga qanchalik samarali hissa qoʻshayotgani bilan baholanmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish, uni ochiq, samarali va inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan tizimga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili yangi boshqaruv falsafasining asosiy gʻoyalaridan biriga aylandi.

Ushbu tamoyil davlat xizmatining mazmun-mohiyatini oʻzgartirdi: davlat lavozimi endi imtiyoz yoki maqom emas, katta masʼuliyat va jamiyat oldidagi xizmat vazifasi sifatida talqin etilmoqda. Davlat xizmatchisining qadri xalq ishonchini qozona olishi, muammolarga yechim topishi va amaliy natijalar yarata olishi bilan belgilanmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, boshqaruv sohasida aholi uchun samarali tizim yaratmasdan turib, hech bir yoʻnalishda kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi. Chunki fuqarolar davlat faoliyatini qabul qilingan qaror yoki dasturlar orqali emas, balki oʻz hayotida sezayotgan real oʻzgarishlar orqali baholaydi. Shu bois, har bir davlat xizmatchisi oʻz faoliyatining asosiy mezoni sifatida inson manfaati, xalq roziligi va aniq natijani ustuvor vazifa sifatida belgilashi zarur.

Yangi davr davlat xizmatchisi islohotlarning bevosita ishtirokchisi, davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonch koʻprigi hamda mamlakat taraqqiyotini taʼminlovchi strategik resursdir.

Ochiq raqobat va adolat tamoyillari

Yangi Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi falsafasi oʻzgarishi, avvalo, davlat xizmati tizimida chuqur institutsional islohotlarni amalga oshirish zaruratini yuzaga keltirdi. Chunki inson manfaatlarini ustuvor qoʻyadigan, fuqarolarga xizmat qilishni bosh maqsad deb belgilaydigan davlat modeli, eng avvalo, yangi talablarga javob bera oladigan professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishni taqozo etadi.

Shu nuqtayi nazardan, davlat fuqarolik xizmati huquqiy, institutsional, tashkiliy va sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Davlat xizmati sohasida yagona huquqiy asoslarni shakllantirish, ochiqlik va adolat tamoyillarini taʼminlash, kadrlarni tanlashda meritokratiya, yaʼni bilim, qobiliyat va kasbiy salohiyatga asoslangan yondashuvni joriy etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrildi.

Jumladan, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi davlat xizmatining huquqiy maqomini belgilash, xizmatchilarning huquq va majburiyatlarini aniqlash, faoliyatini baholash hamda professional rivojlantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish uchun muhim huquqiy poydevor yaratdi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolarning davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega ekani mustahkamlanib, davlat xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar faqat qonun asosida belgilanishi kafolatlandi.

Bu oʻzgarishlar davlat xizmatiga qabul qilishda avvalgi maʼmuriy yondashuvlardan voz kechib, ochiq raqobat va adolat tamoyillariga asoslangan yangi tizimni shakllantirdi. Bugun davlat xizmatiga kirish mezoni nomzodning bilim darajasi, kasbiy tayyorgarligi, intellektual salohiyati va boshqaruv qobiliyati bilan belgilanmoqda.

Vakant lavozimlarning yagona ochiq portali orqali oʻtkazilayotgan tanlovlar davlat xizmati eshiklarini keng jamoatchilik uchun ochdi. Natijada minglab fuqarolar, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va malakali mutaxassislar oʻz imkoniyatini namoyon etish, davlat boshqaruvi tizimida oʻz oʻrnini topish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu esa davlat xizmatini jamiyatning salohiyatli va munosib vakillari uchun ochiq, raqobatbardosh kasbiy maydonga aylantirmoqda.

Misol uchun, birgina 2026-yilning yanvar-may oylarida vacancy.gov.uz platformasi orqali 8598 malakali xodim ishga qabul qilindi, shundan 2865 nafari xotin-qiz, 5733 nafari erkak, 3456 nafarini yoshlar tashkil qildi. Tanlov gʻoliblarining 283 nafari davlat fuqarolik xizmatiga birinchi marta ishga qabul qilingan.

Zamonaviy davlat boshqaruvi uchun nafaqat kadrlarni tanlash, balki ularni maqsadli rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda davlat xizmatchilari malakasini oshirish, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, “Rahbar ayollar maktabi”, “Hokimlikka tayyorlash maktabi” kabi loyihalar orqali yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, davlat xizmatchilari malakasini oshirish, bilim va kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida agentlik tomonidan 2026-yilda turli sohalarga oid jami 45 ta anʼanaviy malaka oshirish kursi, 9 ta onlayn kurs  va 6 ta stajirovka tashkil etildi.

Aholi uchun qulaylik – bugunning asosiy talabi

Davlat xizmati tizimidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri boshqaruv faoliyatini natija asosida baholash tizimi joriy etilishi boʻldi. Ilgari davlat idoralari faoliyati koʻproq bajarilgan vazifa va tayyorlangan hisobotlar orqali baholangan boʻlsa, bugungi yondashuvda asosiy eʼtibor real natija, aholi uchun yaratilgan qulaylik va xizmatlar sifatiga qaratilmoqda.

Bu tamoyil “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar misolida yaqqol namoyon boʻldi. Mazkur dastur doirasida respublika miqyosidagi davlat organlari faoliyati xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar tomonidan kompleks baholandi. Bunda boshqaruv samaradorligi, raqamlashtirish darajasi, davlat xizmatlari sifati, resurslardan oqilona foydalanish va fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyatlar asosiy mezon sifatida belgilandi.

Ushbu yondashuvning mohiyati shundaki, davlat organi va mansabdor shaxs faoliyati uning qancha qaror qabul qilgani yoki qancha yigʻilish oʻtkazgani bilan emas, odamlar hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlagani bilan baholanishi kerak.

Inson kapitali va kompetensiyalar

Davlat xizmati samaradorligi, avvalo, unda faoliyat yuritayotgan kadrlarning bilim va salohiyatiga bogʻliq. Shu sababli davlat xizmatchilarini oʻqitish, malakasini oshirish va professional rivojlanishini taʼminlash davlat siyosati darajasiga ­koʻtarildi.

Soʻnggi yillarda davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida yuzlab malaka oshirish kurslari, amaliy seminarlar, ekspress-treninglar va xorijiy stajirovkalar tashkil etildi. Bu jarayon davlat xizmatchilarini yangi bilimlar, zamonaviy boshqaruv usullari va xalqaro tajribalar bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Davlat xizmatchilari kompetensiyalarini obyektiv baholash maqsadida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi  davlat xizmatchilarining bilim, koʻnikma va boshqaruv qobiliyatlarini zamonaviy baholash usullari asosida aniqlash, rivojlanish ehtiyojlarini belgilash va shaxsiy kasbiy oʻsish trayektoriyalarini shakllantirishdan iborat.

Bugungi kun holatiga 1143 nomzod baholash jarayonlaridan oʻtkazilgan hamda 744 nafarining portfoliolari tayyorlanib, kompetensiyalarini rivojlantirish rejalari ishlab chiqildi.

Xalqaro amaliyotda keng qoʻllaniladigan assessment tizimi davlat xizmatida kadrlarni tanlash va rivojlantirishning muhim vositalaridan biridir. Ushbu usul orqali xodimning kuchli jihatlari, rivojlanish nuqtalari va muayyan lavozimga mosligi obyektiv mezonlar asosida baholanadi. Natijada kadrlar bilan ishlashda subyektiv yondashuvlar kamayib, professionallik va adolat tamoyillari kuchayadi.

Bugun davlat xizmati tizimida kompetensiyalar modeli asosida kadrlarni baholash, ularning portfoliosini shakllantirish va individual rivojlanish rejalarini ishlab chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Bu esa davlat xizmatini tasodifiy emas, aniq mezon va strategik rejalashtirish asosida rivojlantirish imkonini bermoqda.

KPI — baholashda samaradorlikni taʼminlaydi

Zamonaviy davlat boshqaruvida eng muhim yondashuvlardan biri xodimlar faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI — Key Performance Indicators) asosida baholashdir.

KPI tizimi davlat xizmatchisi faoliyatini “qancha ish qilindi?” degan savoldan “qanday natijaga erishildi?” degan yondashuvga oʻtkazadi. Bu mexanizm orqali har bir xodimning tashkilot maqsadlariga qoʻshayotgan hissasi aniqlanadi, masʼuliyat va shaxsiy javobgarlik kuchayadi.

Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturi hamda ­“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini ­amalga oshirishga oid davlat dasturida ham davlat organlari faoliyatida natijadorlikni taʼminlash maqsadida aniq koʻrsatkichlar asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilandi.

Shu asosda davlat xizmatchilari faoliyatini elektron baholash imkonini beruvchi samaradorlik.uz platformasi ishga tushirildi. Ushbu tizim davlat xizmatida shaffoflikni oshirish, natijalarni raqamli asosda baholash va boshqaruv qarorlarini aniq maʼlumotlarga tayangan holda qabul qilish imkonini bermoqda.

Bugungi kunda davlat xizmatchisi faoliyatining haqiqiy mezoni xalqqa qanchalik foyda keltirayotgani, fuqarolar hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlar yaratayotganidadir.

2026-yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, 111 ta respublika ijro organi va xoʻjalik birlashmasidagi 410 rahbar va ularning oʻrinbosarlari 3 mingga yaqin samaradorlik koʻrsatkichi asosida, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan hudud darajasida 102 nafar hamda tuman (shahar) darajasida 1140 nafar hokim oʻrinbosari faoliyati 12 mingdan ortiq samaradorlik koʻrsatkichi asosida onlayn platforma orqali baholandi.

Davlat xizmati tizimida shakllanayotgan yangi yondashuvning asosiy mazmuni professionalizm, meritokratiya, natijadorlik va xalqqa xizmat qilish tamoyillariga tayangan zamonaviy davlat xizmatini barpo etishdan iborat.

Albatta, islohotlarga qaramay, davlat xizmati tizimi oldida hali muhim vazifalar mavjud. Jumladan, byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish, korrupsiyaning oldini olish, hududlarda malakali kadrlar zaxirasini kengaytirish, davlat xizmati jozibadorligini oshirish va boshqaruvga yangi texnologiyalarni chuqur joriy etish dolzarb masalalar boʻlib qolmoqda.

Aynan shu vazifalarni hal etish maqsadida davlat fuqarolik xizmatini uzoq muddatli rivojlantirishga qaratilgan Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Mazkur strategiya davlat xizmatini yanada professional, ochiq va samarali tizimga aylantirishning uzoq muddatli yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Hozirgi davr davlat xizmatchilaridan muttasil oʻqish va oʻz ustida ishlashni talab qilmoqda. Sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar tahlili, raqamli boshqaruv, loyihaviy menejment va strategik rejalashtirish kabi koʻnikmalar endi davlat boshqaruvining ajralmas qismiga aylanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, davlat xizmatchisi doimiy rivojlanish yoʻlini tanlashi lozim. Chunki zamon oʻzgarmoqda, jamiyat ehtiyojlari yangilanmoqda, fuqarolarning davlatdan kutayotgan talabi ortib bormoqda.

Shu maʼnoda, bugungi davlat xizmatchisi:

— xalq bilan ochiq muloqot qila oladigan;

— raqamli texnologiyalardan samarali foydalanadigan;

— tezkor va adolatli qaror qabul qiladigan;

— korrupsiyaga mutlaqo murosasiz boʻlgan;

— natija uchun shaxsan javob beradigan shaxs boʻlishi shart.

Chunki davlat xizmati imtiyoz emas, nafaqat bugungi kun, balki davlatning kelajagi uchun ham yuksak masʼuliyatdir.

Bugungi kunda davlat xizmati mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim strategik institut sifatida namoyon boʻlmoqda. Sababi, davlat siyosati va islohotlarning haqiqiy natijasi, avvalo, ularni hayotga tatbiq etayotgan davlat xizmatchilarining bilimi, salohiyati, masʼuliyati va fidoyiligiga bogʻliq.

Yangi Oʻzbekistondagi davlat boshqaruvi islohotlarining bosh maqsadi xalqqa xizmat qiladigan, ochiq, samarali va professional davlat xizmatini shakllantirishdan iborat. Bu jarayonda davlat xizmatchisining roli ham tubdan oʻzgarmoqda: u endi faqat maʼmuriy vazifalarni bajaruvchi xodim emas, balki inson qadrini taʼminlash, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash va islohotlarning amaliy natijasini taʼminlashga masʼul boʻlgan muhim ijtimoiy institut vakiliga aylanmoqda.

Shuni anglash zarurki, davlat xizmatining asosiy mezoni aholiga yaqinlik, inson manfaatlariga sadoqat va aniq natijadir. Davlat idoralari faoliyatida “jarayon uchun emas, natija uchun” ishlash tamoyili qaror topishi boshqaruv samaradorligini oshirish, byurokratik yondashuvlarni kamaytirish va davlatga ishonchni mustahkamlashning muhim omili hisoblanadi.

Kelgusida ham davlat xizmati tizimini takomillashtirish, uni zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, innovatsion fikrlaydigan, halol va tashabbuskor kadrlar bilan boyitish mamlakat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi. Zero, kuchli davlat xizmati kuchli boshqaruv, barqaror taraqqiyot va xalq farovonligining mustahkam kafolatidir.

Sevara ZOKIROVA,

yuridik fanlar boʻyicha

falsafa doktori