Hujjatga ko‘ra, akademik M. Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti muassisligida Samarqand viloyatining Ishtixon tumani tajribasi asosida uzumning yangi «Kishmish So‘g‘diyona», «Qora kishmish» va «Avatar» navlarini «in vitro» sharoitida yetishtirish va keng tarqatish maqsadida tajriba stansiyasi tashkil etiladi.
Tajriba stansiyasi hamda Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligining Selektsiya ilmiy-tadqiqot markaziga yer uchastkalari ro‘yxat asosida ijaraga beriladi.
Tajriba stansiyasiga ajratilgan yer maydonlarida tokzorlar barpo etiladi. Shuningdek, uzum hosildorligini oshirish, ilmiy-amaliy natijalar, resurs tejamkor tajribalar, zamonaviy texnologiya va usullarni sinovdan o‘tkazish hamda ularni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy etish nazarda tutilgan.
Selektsiya ilmiy-tadqiqot markaziga ajratilgan yer maydonlaridan esa quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
- nasldor chorva mollari, jumladan, sigirlar, otlar, zotdor va sport otlari zotlarini yaxshilash;
- zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy asosda selektsiya ishlarini takomillashtirish;
- yuqori genofondga ega nasldor hayvonlarni genetik jihatdan yaxshilash;
- ozuqa bazasini mustahkamlash.
Qaror Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2026 yil 18 sentyabrdan kuchga kirgan.