So‘nggi yillarda hududni rivojlantirish uchun katta mablag‘lar ajratilib, alohida imtiyoz va sharoitlar yaratildi. Foyda, yer va mol-mulk soliqlari 2 karra, sanoat korxonalari uchun elektr tarifi 15 foizga pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. O‘tgan yili 1 milliard 700 million dollar investitsiya kiritildi. Bu 2021-yildagidan 22 karra ko‘p. Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot 10,2 foiz o‘sib, Qoraqalpog‘iston Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Bu o‘zgarishlarda barqaror energiya ta’minoti muhim o‘rin tutmoqda. So‘nggi yillarda 860 megavattli yangi quvvatlar ishga tushirildi. Beruniy va Qorao‘zakda shamol stansiyalari qurilishi hisobiga “yashil” energiya ulushi 23 foizga yetdi. Elektr ishlab chiqarish 4 karra oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu aholi va korxonalarning yillik talabidan qariyb 3 barobar ko‘p.

Tashrif davomida 7 milliard dollarlik 47 ta loyiha qurilishiga start berildi. Jumladan, Qo‘ng‘irotda 2 milliard 600 million dollarlik, quvvati 1,5 ming megavattli shamol stansiyasi barpo etiladi. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 500 kilovoltli 3 ta podstansiya quriladi. 2030-yilgacha jami 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalarini ishga tushirish, “yashil” energiya ulushini 76 foizga yetkazish va 400 megavattli energiya saqlash quvvatini yaratish rejalashtirilgan.

Transport va ijtimoiy infratuzilmada ham katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Bo‘zatovda sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona, Amudaryo va To‘rtko‘lda amfiteatrlar, Nukus shahrida gimnastika markazi hamda Konservatoriya filiali foydalanishga topshirildi.

A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri 384 million dollar hisobiga beton qoplamaga o‘tkazildi. Yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrida 233 million dollarlik qurilish boshlandi. Natijada tranzit 1,5 karra oshib, yuklar To‘rtko‘ldan Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib boradi. Kelasi yil mart oyidan Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 16 soatdan 7 soatga qisqaradi. “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 100 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish boshlanadi.

Yig‘ilishda mavjud yer, mineral va energetika resurslarini yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. “Resursdan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratiladi. “Qo‘ng‘irot – Qorao‘zak – Taxiatosh” yo‘nalishi “yashil sanoat yo‘lagi” – “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylanadi.

Sun’iy intellekt va data markazlar uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Besh yillik dastur ishlab chiqib, investorlar uchun 1 gigavattli barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Uch yilda Nukus shahri, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida yillik eksportni 600 million dollarga yetkazish belgilandi.

“Yashil” energiyani “karbon kredit”ga aylantirish orqali yiliga 50-100 million dollar daromad olish imkoniyati qayd etildi. Bir oyda ushbu mexanizmni yo‘lga qo‘yish va yirik importyor davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Eksportdan tushadigan mablag‘lar infratuzilmaga ajratilayotgan resurslarga qo‘shimcha bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning o‘zida qoladi. Yil yakunigacha Orolning 50 ming gektarida “o‘rmon karbon krediti” dasturi boshlanadi.

Hududning atigi 20 foizida geologiya ishlari o‘tkazilgani, investorlar uchun xomashyo zaxiralari haqidagi ma’lumotlar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Bir oyda 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqib, konlar zaxiralarini qayta baholash topshirildi.

Tumanlar kesimida to‘qimachilik va charm sanoatida kamida 150 million, elektrotexnikada 200 million, energiya tejamkor qurilish materiallarida 100 million, avtomobil ehtiyot qismlarida 120 million va farmatsevtikada 50 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Italiyaning “Bonifika Ferrarizi” kompaniyasi bilan Taxtako‘pirda 50 million dollarlik loyiha boshlanmoqda. Unda 2 ming gektarda pomidor va g‘alla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi hamda Yevropaga eksport qilinadi.

Har bir tuman bo‘yicha investitsiya taqdimotlari o‘tkazish, viloyat hokimlari ishtirokida 2-3 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni boshlash topshirildi. Kelasi yil Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Aholi bandligi va daromadlarini oshirishda tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaytiriladi.

Banklarning ishonchli mijozlari uchun 16 foizli 300 milliard so‘mlik kredit liniyasi ochilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizlik qismini qoplashi hisobiga tadbirkor uchun stavka 12 foizga tushadi.

Oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi. Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, “drayver” loyihalarga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish belgilandi.

Tumanlarda iqtisodiy o‘sish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha uchun 100 milliard so‘m ajratilib, 10 ming odamning daromad manbai yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalanish, avvalo, suv yo‘qotishlarini kamaytirishga bog‘liq ekani qayd etildi.

Hududdagi 417 ming gektarni sug‘orishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yo‘qotishlar 38 foizni – 2 milliard 100 million kub metrni tashkil etmoqda.

To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” va Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanallarini betonlash, suv inshootlari va artezian quduqlar qurishga 135 milliard so‘m ajratiladi. Ikki kanalni 1-martgacha betonlash, kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Suv obyektlarini modernizatsiyalash uchun jalb qilinadigan grantlar 100 million dollarga yetkaziladi. 1-aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta, boshqa viloyatlardagi 200 ta suv nasosi yangilanadi.

Chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash uchun foydalanilmayotgan yaylov va yerlar o‘zlashtiriladi.

Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda 2 ming gektar yer tiklanmoqda, kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bo‘zatovda 7,5 ming gektarni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard so‘m ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi.

Yirik chorva komplekslari uchun kredit miqdorini 50 milliard so‘mgacha oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million so‘mgacha subsidiya qilinadi. Bir oyda kamida 100 ming boshli kompleks loyihalarini shakllantirish topshirildi.

Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish tashkil etilib, xorijdan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Yil yakunigacha 10-15 ming gektarda loyihalarni shakllantirib, bir yilda 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish belgilandi. “Kegeyli naslli parranda” korxonasi quvvatini 2-3 karra oshirib, xoldingga aylantirish, texnikumda parrandachilik kurslari ochish topshirildi.

Bog‘dorchilikda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi. 10 ming gektarda ishlar shu yil boshlanadi. Viloyatlarga yer ajratilib, kafolatli suv ta’minoti yaratiladi, iqlimga mos ko‘chat va texnologiyalar yetkaziladi. Usta dehqon va agronomlar jalb qilinib, qayta ishlash quvvatlari barpo etiladi. Natijada 20 ming odamni ishli qilish va uch yilda meva eksportini kamida 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Kelgusi bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektarda qovun yetishtirish boshlanadi. Ispaniya, AQSh, Niderlandiya va Xitoydan eng yaxshi navlar va mutaxassislar jalb etilib, qayta ishlash hamda eksport bilan shug‘ullanadigan xolding tashkil qilinadi. Tumandagi texnikum laboratoriya va sinov poligoni bilan ta’minlanib, qovunchilik bo‘yicha tajriba almashish metodik markaziga aylantiriladi.

Yig‘ilishda aholi uchun qulay shahar va mahalla muhitini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Nukusning “Ashshiko‘l” hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan “Nukus siti” qurilishi boshlandi. 270 gektarda energiya tejamkor binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi.

Nukusdagi Nur va Elobod mahallalari Qichqiriq mahallasi namunasida obod qilinadi. Kegeylida 3,5 kilometr zovurni yopib, 100 ta servis obyekti va 320 ta ish o‘rni yaratish ishlari boshlangan. Viloyat hokimlariga Navro‘z bayramigacha biriktirilgan tumanlarda bittadan mahalla va markaziy ko‘chada shunday loyihalarni amalga oshirish topshirildi.

Yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratildi. Bir yilda 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash belgilandi. Olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini o‘rgatish uchun kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni jalb etib, loyihalar boshlash topshirildi.

Nukus shahridagi 1-son texnikumda “Pearson BTEC” xalqaro dasturi joriy etilgan, bitiruvchilarga 70 ta davlat tan oladigan kasb sertifikati beriladi. Bu yerda 37 turdagi kichik uskuna ishlab chiqarilib, yoshlar uskunasozlikka o‘rgatilmoqda. Yangi yildan Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irotdagi bittadan texnikumda ushbu tajriba yo‘lga qo‘yiladi. 1-oktabrdan asbob-uskuna uchun ssuda 20 milliondan 50 million so‘mga oshiriladi, “usta-shogird” asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplashda yosh chegarasi 30 yoshdan 40 yoshga ko‘tariladi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 84 foizga yetgani, biroq yettita tumanda bu ko‘rsatkich pastligi qayd etildi.

Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi.

Tibbiyotda yuqori texnologik xizmatlar kengaymoqda. Nukusda jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda, Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik xizmat ko‘rsatilmoqda. Joriy yil murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta operatsiya o‘tkazildi. Tibbiy sug‘urta joriy etilib, muassasalarga 10 million dollarlik jihozlar olib berildi.

Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi va yangi ko‘p tarmoqli shifoxona birlashtirilib, Universitet tibbiy klasteri tashkil qilinadi. Mo‘ynoqqa kelib ishlayotgan shifokorlarga berilayotgan 200 foizgacha oylik ustama 1-yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.

Davlatimiz rahbari har bir shahar va ovulda qulay turmush sharoitini yaratishda ko‘cha va mahalla biylari, nuroniylarning tajribasi, yoshlarning g‘ayrati va aholi tashabbuskorligini birlashtirish muhimligini ta’kidladi. Rahbarlar ishini hududlarni aylanish va aholi bilan muloqotdan boshlashi, tozalik va obodlik kundalik madaniyatga aylanishi zarurligi qayd etildi.

Kelasi yili qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash taklifi bildirildi. Davlatimiz rahbari shoirning “Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun” degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidladi. Shoirning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, raqamlashtirish, asrab-avaylash va yoshlarga yetkazishni qamrab olgan dasturni bir oyda ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilish yakunida hudud va tarmoqlar rahbarlarining axborotlari tinglandi, Qoraqalpog‘iston faollari bilan muloqot qilindi.

Shu bilan Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.