Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining “2026-2027 yillarda hududlardagi ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligi loyihalari ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

1. Binolarni "Nol energiya sarfli binolar" tamoyillari asosida modernizatsiya qilish, qayta taʼmirlash va qurish kontseptsiyasi.

Kontseptsiyaga ko‘ra, quyidagilar binolarga “Nol energiya sarfli binolar” (ZEB – zero-energy building) tizimlarini joriy etish bosqichlari hisoblanadi:

  • qisqa muddatli – 2026-2027 yillarda “ZEB” obyekti va normativlarini qabul qilish;

  • o‘rta muddatli – 2028-2030 yillarda davlat binolarida “ZEB Ready” toifasini majburiy joriy etish;
  • uzoq muddatli – 2031-2040 yillarda yangi binolar uchun ZEB/NZEB toifasini majburiy qoidalar sifatida joriy etish.

2026 yilda 33 ta tuman (shahar)da bittadan ijtimoiy muassasa binolarini “ZEB” tamoyillariga asoslangan holda modernizatsiya qilish boshlanadi. Buning natijasida binolarning energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari 30-35 foizga oshiriladi, tabiiy gaz sarfini 100 foizgacha tejash imkoniyati va qurilish sohasida “ZEB” tizimini joriy etish ko‘nikmasi yaratiladi, shuningdek energiya samaradorligi yo‘nalishida 50 nafardan ortiq “ZEB” mutaxassislari tayyorlanadi;

2. Markazlashgan mablag‘lar hisobidan davlat tashkilotlari, shu jumladan, ijtimoiy soha muassasalari binolarini qurish, rekonstruktsiya (modernizatsiya) qilish va mukammal taʼmirlashda energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablar.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat tashkilotlari obyektlarini rekonstruktsiya (modernizatsiya) qilish va mukammal taʼmirlashda energiya samaradorligini oshirish bilan bog‘liq quyidagi talablar joriy qilinadi:

  • obyektlar loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va shaharsizlik ekspertizasisidan o‘tkazish, ularni qurish, rekonstruktsiya (modernizatsiya) qilish hamda mukammal taʼmirlash jarayonida energiya samaradorligini oshirish bilan bog‘liq tadbirlar va ish hajmlarining maqbullashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • obyektlarning loyiha hujjatlari energiya auditi hisobotlari asosida ishlab chiqiladi (yangi quriladigan obyektlar bundan mustasno);
  • markazlashgan mablag‘lar hisobidan barcha davlat tashkilotlari binolarini qurish, rekonstruktsiya (modernizatsiya) qilish va mukammal taʼmirlashda energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablar qo‘llanadi;
  • obyektlarning loyiha hujjatlari ular foydalanishga topshirilgandan so‘ng energiya samaradorligi ko‘rsatkichi "C" toifasidan kam bo‘lmasligini nazarда tutgan holda ishlab chiqiladi.

 Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 04.06.2026 yildan kuchga kirdi