Samarqand viloyatining Payariq tumanida faoliyat yurituvchi aviakassa rahbari «Umra» ziyoratiga yuborish huquqiga ega bo‘lmaganiga qaramay, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish evaziga 1150 AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlangan.

Shunga o‘xshash holat Sirdaryo viloyatida ham aniqlangan. Guliston tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan shaxs 3 nafar fuqaro­ni go‘yoki «Umra» ziyoratini tashkil etish vakolatiga ega bo‘lgan Toshkent shahridagi turistik firma orqali Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga jami 3150 AQSh dollari talab qilgan.

Ushbu shaxs so‘ralgan mablag‘ hisobidan oldindan 3,5 mln so‘m olgan vaqtida DXX, IjQҚD va IIB xodimlari tomonidan ashyoiy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.