Davlat rahbari haqida yozishga jazm etish katta va jiddiy tayyorgarlikni taqozo etadi. Rahbarning hayot yo‘li, faoliyati, shaxs sifatida shakllanishi, dunyoqarashi, tafakkur tarzi, zehniyati, yangidan-yangi muammolarga shayligi... to bir-biridan murakkab va chorasiz vaziyatlarda chora topa olishigacha bo‘lgan mahorati... Ochig‘i, bu sanoqdan tashqarida qolgan mavzular oz emas. Miqyosni bu qadar katta va keng olishning esa har kim uddasidan chiqavermaydi. Shijoati pand beradi. Yana hayotiy tajriba, sinchkovlik, kenglik, fikrlash va yozish layoqatidan-da muhimroq ma’naviy haq-huquq masalasi ko‘ndalang bo‘ladi.

Buyuk olmon shoiri Gyote shoir kishi dunyoni estetik qadriyatlar mezonlarida idrok etishga o‘zini ma’nan haqli deb hisoblamog‘i muhimligini alohida ta’kidlagan edi. Davlat rahbari haqida fikrlash, yozish, mulohaza yuritish va xulosalar chiqarish mezonlariga o‘zini — o‘zligini loyiq va munosib ko‘rish, o‘zini ana shunday qutlug‘ mis¬siyaga ma’nan haqli deb bilish... “Millat Shavkati” kitobini o‘qish asnosida shu boradagi o‘y-xayollar tark etmaydi kitobxonni.

Mamlakatimizda davom etayotgan tarixiy o‘n yillik yangilanish jarayonlari alohida ijodiy salohiyat maqomlaridagina qamrab olinishi mumkinligi taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov asarlari misoli va timsolida ko‘zga tashlanmoqda.

Muallif kitobga jo bo‘lgan 12 ta maqolaning har bir mavzusiga asosan uch yo‘nalishda yondashadi. Bular:

— Vatanimizda keyingi 10 yil mobaynida amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlar silsilasi;

— islohotlarning bosh me’mori, tashabbuskori va rahnamosi bo‘lmish muhtaram Prezidentimiz timsoli;

— amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, sa’y-harakatlardan ko‘zlangan bosh maqsad-muddao — xalqimiz qalbidagi rozilik va shukronalik tuyg‘usi tarannumi.

Qudratilla Rafiqovning o‘ziga xos bayon uslubi kitobxonlarga yaxshi tanish: oson, ravon, tushunarli va samimiy yozadi. Fikr-mulohazalarini ommabop tilda izhor etadi. O‘quvchi qalbi-shuuriga yo‘l topadi. Lekin shuni tan olib ta’kidlash zarurki, hech qachon va hech bir mavzuda oson yozish shunchaki oson kechmaydi. Zero, oson yozish mahorati qattiq izlanish va izchil ijodiy zahmatlar evaziga qo‘lga kiritiladi.

* * *

Birinchi maqolada Toshkent markazida barpo etilgan Tashkent City haqida so‘z yuritiladi. Bor-yo‘g‘i 6-7 yilda qurib bitkazilgan ushbu maskandagi bunyodkorlik ishlarini istagancha ta’riflash mumkin. Zamonaviy shaharsozlik, me’morchilik nuqtayi nazaridan yurtimiz uchun beqiyosligi ma’nosida maqtanishga arzirli voqea desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu o‘rinda “maqtanishga” degan so‘z bejiz tilga olingani yo‘q. Maqola muallifi Tashkent City qurilishi bahonasida tafakkur o‘zgarishidan so‘z ochmoqda. Sarlavhaga e’tibor beraylik: “Bunyodkorlikdan tafakkur o‘zgarishi sari” deganda nima nazarda tutilmoqda?

Mamlakatimizda davom etayotgan bunyodkorlik ishlaridan istagancha faxrlanish, istagancha hayratlanishga haqlimiz, ammo ko‘z o‘ngimizda yuz berayotgan ana shu yangilanishlarning tafakkurimizni o‘zgartirayotgani borasida qancha so‘z ochsak, shuncha oz.

Maqolada tasvirlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Tashkent Cityga tashrif buyurar ekan, “Bu yerga dam olish, tomosha qilish yoki sayru sayohat uchun kelgan odamlarning kayfiyatidan, ruhiyatidan qalbi quvonib ketdi”.

Ta’kidlashdan qochmaylik, davlatimiz rahbari markazdagi hashamatli osmono‘par binolar qad rostlaganidan faxrlanish bilan bir vaqtda ular tufayli odamlarimiz chehrasida charaqlagan quvonchdan quvonmoqda! Axir barcha-barcha islohotlaru tinib-tinchimasliklar, izlanishlaru behalovatliklar zamirida ko‘zda tutilgan maqsad-muddao ham shu emasmi?! Davlatimiz rahbarining qalbi tubida uzoq yillar voyaga yetgan ezgu niyatlar ijobati timsoli emasmi?!

Maqolada qardosh Turkiya tarixidan qiziq bir misol juda o‘rnida keltirilgan. Mustafo Kamol Otaturk xalqqa shlyapa kiyishni majbur qilganida kiyimni emas, ruhiyatni o‘zgartirishni maqsad qilgan ekan. O‘zbekiston Prezidenti esa keng omma ruhiyatini o‘zgartirmoq, ya’ni tafakkurni yangilamoq umidida yo‘l, ko‘p¬rik qurmoqda, suv chiqarmoqda, sanoat korxonalariga asos solmoqda, bog‘-rog‘ barpo etmoqda, shahar-¬qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda, aholiga yangidan-yangi Citylarni taqdim etmoqda. Umumlashtirib ayt¬ganda, mus¬tabidlik zamonlarida o‘zgarishi ancha-muncha qiyinlashib qolgan zehniyatlar dunyo¬siga sarrin shabadalar olib kirishni islohotlarning poydevori deb bilmoqda.

Biroq hayotning bo‘ysunmas maromi qiziq ekan-da, eng ezgu orzu-niyatlar, shodumonliklar orasida g‘arazli ko‘lmakdan suv ichgan “Ammo... Lekin... Biroq...”lar biqinib-pusib jon saqlaydi-da, payt poylab, tevarak-atrofni dud-bo‘ronga burkaydi. Maqolada bunday holatlarga tegishli munosabat bildirilgan. Ya’ni “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shuncha ishlar ustiga parda tortib, faqat illat va kamchilik qidiradigan bir qavm ham keyingi yillarda bizda shakllandi.

Faqat yomon deyish, inkor qilish, nolish bunday odamlarning asosiy vazifasiga aylanib qolganday go‘yo”.

Bunday mulohazalar ranjitmay qo‘ymaydi odamni, albatta, ayni vaqtda yana bir o‘zgarmas hayot haqiqati dilga nekbinlik baxsh etadi. Ya’ni hech qachon va hech yerda qo‘lansa dud-bo‘ron toza esgan shamolga bas kelgan emas, kelmaydi ham!..

Masalaning boshqa bir jihati shundaki, o‘ylab ko‘rilsa, ma’murchilik, to‘qchilik kabi hayot quvonchlarida ham davr ruhi aks etmay iloji yo‘q ekan. Vaqti kelganda, oylikdan oylikkacha kun sanab, farzandimizga bitta qo‘g‘irchoq yoki bitta mashinacha sotib olish oilalarimizda olamshumul shodiyonaga aylangan. Endi-chi?.. Olam charxpalagi shu qadar tinim bilmay aylanmoqdaki, hozirda darvozangiz bo‘sag‘asiga samolyot haydab kelsangiz ham uncha-muncha odam pinagini buzmaydi. Go‘yo tabiiydek! Ajablanarli joyi yo‘qdek! Qo‘yib bersangiz, “Bitta samolyot nima bo‘ladi?!” deb aftini burishdan ham toymaydi.

Mashhur farang faylasufi Jan Bod¬riyyar yashab turgan asrimizni iste’molchilar asri sifatida tahlil qiladi, zamondoshlarimizni jig‘ildon o‘pqonidan asrash choralarini izlaydi. Uning fikricha, iste’mol bandilarini na to‘ydirib bo‘ladi, na hayratlantirib! Taassuflar bo‘lsinkim, bu baloi azim girdob bizning vatandosh-millatdoshlarimizni ham omon qoldirmoqchi emas. Nahotki, najot bo‘lmasa?! Najot bor, u o‘z qo‘limizda — o‘zbekona oriyat, istihola, insof-diyonat, qanoat singari boqiy milliy-e’tiqodiy qadriyatlarimizni har qachongidan ko‘proq va samaraliroq safarbar eta bilmog‘imizda! Bu bilan men odamlarimiz kam yesin, kam kiysin, ma’murchilikka berilmasin demoqchi emasman. Zero, o‘zbeklar ham dunyo¬dagi eng boy-badavlat xalqlardan kam yashamaslikka haqli, shunday bo‘lsa-da, iste’molparastlik ortidan hozir sanab o‘tilgan go‘zaldan-go‘zal qadriyatlarimizni boy berib qo‘ymasligimiz darkorligini nazarda tutmoqdaman.

* * *

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning rasmiy nutq-ma’ruzalari qanchalar diqqat bilan tinglansa, u kishiga xos bo‘lgan, shoi¬rona lutf bilan aytganda, “lirik chekinish¬lari” keng ommaning qalbiga yanada o‘zgacharoq, yanada haroratliroq yetib boradi.

“Shavkat Mirziyoyev “Men umrimni shu xalqqa tikkanman!” sarlavhali maqola xuddi shunday “nutqdan tashqariga chiqib aytilgan” quyidagi mulohazalar bilan boshlangan: “Xudo menga sog‘liq berib, umr bersa, bizda kambag‘allik va ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin deb ishga keldim...”.

Bundan 3 yil burun Jizzaxda viloyat faol¬lari bilan uchrashuvdagi ma’ruzada izhor etilgan bu so‘zlar bir jihatdan davlat rahbarining tiynatidagi rasmiy va samimiy tuyg‘ular qanchalar chatishib ketganini ko‘rsatsa, boshqa bir jihatdan O‘zbekiston Prezidenti mohiyatan xalq uchun mehribon padar, mehribon bobodek yaqin, dilkash Inson ekanligidan dalolat bermoqda.

Gap davlat rahbarining keng omma bilan munosabat, muloqot o‘rnatish uslubi, madaniyati haqida bormoqda.

Hozirgi dunyo munosabatlar changalzorida hayot kechirmoqda. Munosabatlar nafaqat oddiy odamlar, balki davlat rahbarlari, jamiyatlaru tuzumlar, mayda-yirik davlatlar taqdirini hal qilmoqda. Mashhurdan-mashhur siyosatbonlar hatto tamad-dunlar bir-biri bilan qir-pichoq bo‘lishi umumhalokatga olib borishini bashorat qilgandi. O‘zbekiston rahbari bu kabi bashoratlaru farazlarni o‘zi yo‘lga qo‘yayotgan o‘zbekona munosabat-muvozanat siyosati bilan butkul o‘zgacha maqomlarga olib chiqmoqda. Mintaqa doirasida ham, global kengliklarda ham, Jizzaxda bo‘lganidek, mahalliy qatlamda ham... O‘zining bunday muloqot-munosabat uchun hamisha hoziru nozir ekanini ham rasmiy, ham samimiy tarzda izhor etmoqda. So‘z yuritilayotgan maqola va kitob muallifi esa jamiyatdagi “eng buyuk o‘zgarishlar ana shundan keyin boshlanadi” deya ta’kidlamoqda.

Jamiyatdagi, odamlardagi, qarashlardagi o‘zgarishlar silsilasidan so‘z aytilsa, “Alpomish”u “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini kuylagan baxshilarimiz nafasini qo‘msaymiz...

Misol ko‘p, misol behisob. Bittasini ayta qolaylik.

Kuni kecha emasmidi, oddiy bir fuqaro zarurati tug‘ilib qolgan arzimagan valyuta dardida bozorma-bozor sang‘igani? Kuni kecha emasmidi, tadbirkorlarimiz xorij bilan muloqotga kirisholmay, shartnoma rasmiylashtira olmay, sinib-netganlari? Kuni kecha emasmidi, banklar bo‘sag‘asini “ishg‘ol” etgan “qora” bozorchilarning do‘q-po‘pisasi dunyoni buzgani, cho‘talini tutqazganimizdan so‘nggina 500 dollar amallab bergan tanish-bilishimizga qulluq qilib ketganlarimiz?!

Jamiyatni boshqarishdagi uquvsizlik, g‘irromlik, ko‘zbo‘yamachilik, korrupsiya (“eng korrupsiyalashgan soha edi” deb yozadi maqola muallifi) tufayli o‘z odamlarimiz o‘z odamlarimiz tomonidan necha yillar davomida xo‘rlanib-tahqirlanib keldi-ya?!

Shavkat Mirziyoyev iqtidorga keldi va ko‘p o‘tmay hammasi joy-joyiga tushdi.

Bo‘lar ekan-ku!

Yana savolga tutaylik o‘zimizni: shunday muammo osongina hal bo‘ldi-qo‘ydimi?

Shuni unutmaslik kerak, jamiyat miqyosida birorta islohot bir kunda, bir nafasda amalga oshib qolmaydi. Xususan, O‘zbekistondek katta davlat, nufusi katta mamlakatda kechagi kunni bugunga, eski jamiyatni yangisiga almashtirish xamirdan qil sug‘urgandek oson kechadi deb o‘ylasak va shunday o‘zgarishlarning qadr-qimmatiga yetmasak, katta soddalik yo go‘llik qilgan bo‘lamiz. Shu bois, baralla aytishdan tortinmaylik, har bir islohot, har bir o‘zgarish ortida davlat rahbarining, Prezidentimizning irodasi, qat’iyati turishi oddiy va o‘zgarmas haqiqatdir!

Valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq moliya¬viy munosabatlardagi qulayliklar o‘z yo‘liga, shaxsan men buni inson qadr-qimmati, izzat-nafsi, g‘ururi timsoli degan, jamiyatimizning yangilanish, sog‘lomlashish borasida qo‘ygan katta qadami deb hisoblagan hamda kitob muallifining “Afsuski, bularni sharhlab beradigan olimlarimiz, mutaxassislarimiz sanoqli” degan ta’nasini to‘la qo‘llab-quvvatlagan bo‘lur edim.

* * *

Jamiyat miqyosidagi yangilanishlar zehniyat, zehniyatning yashovchanligi, o‘zgaruvchanligi, ta’sirchanligi, nozikligi, qaltisligiga bevosita bog‘lanib ketishiga urg‘u berayotgan edim.

Yoshi biz qatori hamshahar-vatandoshlarimiz orasida Tashkent City o‘rnidagi qadim O‘qchi, Egarchi, Olmazor mahallalarining jin ko‘chalarida qoqilib-suqulib yurganlari oz emas. Bir zumga bo‘lsa-da, yodga olaylik. Alisher Navoiy ko‘chasiga yonma-yon qamishzor, chivinzor va g‘ira-shirada yolg‘iz yurishga yurak betlamaydigan oraliq manzaralar ham poytaxtning qoq markazi — yuragi hisoblangan. O‘sha zamonlarni qo‘ya turaylik, bundan 10-15 yil burun shu joylarda 30-40 qavatli binolar quriladi desa, ishonarmidik? Ko‘z oldimizga keltira olarmidik? Endi-chi? Qiyosga so‘z bormi? Ta’rifga tashbeh bormi? Go‘dakligimizdan, bolaligimizdan meros beg‘ubor tuyg‘ularimizni uyg‘otgan, qo‘msagan holda maqtanamiz-da! Kim nima desa, desin, maqtanishni ham bilaylik, maqtanchoqliklarimiz milliy g‘urur timsolida madaniy tus olsin! Butun mamlakatimiz ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botirligi ko‘rsatib qo‘yilayotgan, isbot ¬etilayotgan bepoyon diyorga aylanib bormoqda-ku!

Boshqa bir o‘rinda “Nega ziyolilarimiz bu o‘zgarishlar haqida gapirmaydi yoki mulohazalari o‘zaro gurunglardan yuqoriga ko‘tarilmaydi?!” deb yozg‘iradi kitob muallifi.

Yuqoriroqda tilga olingan “bir qavm” iborasi, unga qo‘shimcha o‘laroq ziyoli munosabat va munosabatdagi saviya muammosi, nazarimda, ushbu uch taklifda bugungi kunimizning eng dolzarb istagi, mavzusi mujassam bo‘lgandek. Har bir xolis vatandoshimiz, xususan, ziyolilarimiz zimmasidagi vazifa — missiyani jonkuyarlik bilan eslatmoqda maqola muallifi. Jamoatchiligimiz faollaridan qoniqmayotganidan haqli ravishda noroziligini ifoda etmoqda.

* * *

Kitobga kiritilgan “Yo‘qolgan qalbni izlab” suhbati va “Yevroosiyo qo‘shma shtatlarining paydo bo‘lishi muqarrarmi?” maqolasi tahlilning chuqurligi, g‘oyatda nozik masalalarning o‘rtaga tashlangani bilan diqqatga sazovor.

Kitob mutolaasi jarayonida bir mulohazaga e’tibor qaratish istagi tug‘ildi: xo‘p, mamlakatimizda olib borilayotgan tahsinga sazovor voqealar, o‘zgarish va yangilanishlar haqida istagancha to‘lqinlanib gap aytishimiz mumkin. Savol tug‘iladi: bularning bari osongina yuz bermoqdami?.. Mahalliy, mintaqaviy, global miqyosdagi eng zalvorli muammolarni bor murakkabligi bilan tasavvur qila olyapmizmi?..

Iqtibos keltiramiz: “Ko‘pchilik tahlilchilar O‘zbekistonda o‘tish davri amalga oshgan 2016-yil so‘ngida “Mirziyoyevga og‘ir siyosiy va iqtisodiy meros qoldi” degan fikrga kelganlarida, mutlaqo haq edilar...”.

“Og‘ir siyosiy va iqtisodiy meros” deganda, to‘g‘ri, vatanimiz mustaqilligining dastlabki choragi nazarda tutilishi tabiiy. Ammo mantiqan olib ko‘rilsa, “og‘ir meros” tushunchasi juda-juda chuqur. Masalan, bundan 7 asr muqaddam O‘zbekxon tug‘ishgan singlisini rus knyazi Ivan Kalitaning akasiga ikki qo‘llab tortiq qilib yuborgani “og‘ir meros” emasmi? Qudratli Amir Temur bobomizning sulton Boyazid ustidan qozongan g‘alabasidan, To‘xtamishning tor-mor etilishidan boshlanmaganmi hozirgi “og‘ir meros”? “Sovet rahbariyati irodasi bilan region siyo¬siy xaritasida beshta alohida milliy res¬publika paydo” bo‘lgani ayni paytdagi davlatimiz rahbari zimmasidagi yukni og‘irlashtirgandan og‘irlashtirmayaptimi?!

Siyosiy tahlilning, publitsistning, publitsistikaning noyob kashfiyoti degan bo‘lur edim mazkur tarixiy misollar majmuasini! O‘tmish xatolarini to‘g‘rilash davlatimiz rahbarining zimmasiga tushayotganini, ¬bunday yuk zalvorini birinchi navbatda jamiyatimizning ziyoli qatlami vakillari qalban his qilmoqliklari darkorligi haqida yetarli darajada qayg‘urmayotganimizni bugun ochiq tan olsak, adolatdan bo‘lur edi. Qudratilla Rafiqov topib yozganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev qaytarib bo‘lmas o‘tmish saboqlarini siyosat yo‘li bilan epaqaga keltirmoqda. Boshqa iloji yo‘q. “Chunki haliyam muvozanatni yo‘qotish ehtimoli yo‘q emas, turfa xatarlar esa chindan ham mavjud”. Qolaversa, “bugun mintaqadagi besh davlatda tarix fanining besh xil, ba’zi o‘rinlarda bir-biriga mutlaqo teskari versiyalarda o‘qitilayotgani” vaziyatning naqadar qaltisligidan dalolat bermoqda.

O‘zbekiston rahbari mana shunday g‘oyatda og‘ir va qaltis vaziyatda ham mintaqaviy, ham global miqyoslardagi munosabatlarning markaziy figurasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Katta siyosat maydonida muvozanatni saqlash va asrash qalovini topmoqda.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Cho‘lponotadagi yig‘ilishda “Hozirgi kunda Markaziy Osiyo o‘zining eng muvaffaqiyatli kunlarini boshdan kechirmoqda” degan bo‘lsa, bunda O‘zbekiston rahbarining ulkan ulushi borligini hech kim inkor etolmaydi. Zero, ushbu “muvaffaqiyatli kunlar” yukini ham O‘zbekiston rahbari o‘z zimmasiga olmoqda.

* * *

Bu ko‘hna dunyoni epaqaga keltirish chorasi bormi? Dunyoni qay yo‘l bilan zabt etish mumkin? Qay tariqa sog‘lom, osuda hayot tarzi qaror topadi?

“Kutib ol, dunyo...” maqolasi quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi: “Mendan Shavkat Mirziyoyevning bugungacha el-yurtimiz oldidagi eng buyuk xizmati nimadan iborat deb so‘rashsa, hech ikkilanmay, O‘zbekiston va xalqimiz sha’nini, obro‘sini qayta joyiga qo‘yganida deb ayta olaman”.

Vatan va xalq sha’ni, obro‘sini yuksaltirish o‘z-o‘zidan amalga oshib qolmaydi. Prezidentimiz ish boshlagan ilk kunlardanoq millatning qadrini joyiga qo‘yish, uning kimligini dunyoga ko‘rsatish qarorini diliga tukkan edi. Va bu ulug‘ niyat ijobatiga erishmoqlikning eng yaqin va eng to‘g‘ri yo‘lini topdi. Shavkat Mirziyoyev bu yo‘l, birinchi navbatda, o‘zini — o‘zligini topishdan, o‘zini ko‘rsata olishdan boshlanadi deb bildi!

Shaxsan biz — yoshligi “Qishloq shaharni quvib o‘tadi!” degan shiorlar zamonida o‘tgan avlod vakillarimiz. Otashin shiorlarni bearmon o‘qidigu, olqishladigu, qishloqlarimiz Alloh taolo yaratgan so‘limligicha qoldi, shahar tomon “siljimadi”.

Misol uchun, Xorazm desa, eng ko‘hna insoniyat tamaddunining zarvaraqlari harakatga tushadi, xorazmlik buyuk allomalar desa, ro‘yxatlarimizga baraka kiradi, yengilmas sarkardalar nomi tilga olinsa...

Shu o‘rinda xotira ko‘z ochdi.

Shavkat Miromonovich Samarqand viloyatiga hokim sifatida yo‘l olayotgan kunlar bir guruh deputatlar Jizzax safarida bo‘ldik. Ajoyib uchrashuvlar, tanishuvlar, taassurotlarga boy o‘tdi safarimiz.

Hamid Olimjon haykali poyiga bordik (Hamid Olimjon va Zulfiyaning farzandi Omon Olimjonov safimizda edi).

— Shoirimiz haykalining bir nechta xomaki chizmasi bilan tanishdim, — hikoya qildilar Shavkat Miromonovich, — sira ko‘nglim to‘lmadi. Menga Toshkentda Pushkinga qo‘yilgan haykal ko‘proq yoqadi. U haykalda san’at, nafosat bor. O‘ylay-o‘ylay, Leningraddan Pushkin haykalining muallifini chaqirtirdik...

So‘zim uzilgan joydan davom ettirsak, Urganchda Jaloliddin Manguberdi xotirasiga o‘rnatilgan haykal bor edi. Mayli, u asar haqida mulohazalarni cho‘zib o‘tirmaymiz-da, 2022-yilda qayta bunyod etilgan haykalga e’tibor qarataylik. Men haykaltaroshlik borasida mutaxassis emasman, ammo yangi haykalda toshga muhrlangan mahobat, shiddat, hayrat, nazokat, san’at, badiiy pafos... panorama hech kimni befarq qoldirmaydi deb o‘ylayman. Xulosa chiqyaptiki, demak, mahobatli yodgorliklar tarxi uslubida davlat rahbarining irodasi, qat’iyatidan tashqari, uning badiiy tafakkur ko‘lami, estetik didi, intellektual saviyasi ham muhrlanib qolar ekan!..

Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelgan 7 yil ichida Xorazm viloyatiga 12 marta tashrif buyuribdi! Bu tashriflarning har biri viloyat va viloyat ahli hayotida qanchadan-qancha yangi sahifalar ochgani hech kimga sir emas. Aytmoqchimanki, mamlakati viloyatlaridagi hayotni, aholi turmush tarzini epaqaga keltira olmagan davlat rahbari qanday qilib dunyoga chiqadi?! Qay yuz bilan jahonning mana man degan arboblariga yuzlanadi?!

Hamon o‘zlik — o‘zini tanish ekan, bu egamenlik tabiati dastavval mamlakat jug‘rofiyasida, uning qiyofasida, aholi turmushi manzaralarida aks topmog‘i kerak. Oddiy shaxs “men”i xalq “men”ida, xalq “men”i mamlakat “men”ida shakllana-shakllana davlat va davlat rahbari “men”ida jamlanadi, voyaga yetadi, yuksaladi. Sodda qilib aytganda, xalq va vatan sha’ni Prezident sha’ni, Prezidentning obro‘-e’tibori xalq va davlatning obro‘-e’tibori ko‘zgusiga aylanadi. Xalq va Rahbar birligi va jipsligi qaror topgan taqdirdagina mamlakatimiz ham, xalqimiz ham mintaqa va global dunyoda obyekt emas, subyekt maqomiga yetishgan hisoblanadi.

* * *

Bir o‘rinda (“Alamim bor...” maqolasida) kitob muallifi Prezidentning bundan o‘ttiz yil burungi gaplarini xotirlar ekan, “Va aniq bilamanki, o‘tgan davrlar mobaynida bu ichki dard — millat qayg‘usi uni ruhan millatparvar, vatanparvar va o‘z xalqining yovqur bir farzandi sifatida ulg‘aytirdi, tarbiyaladi” deb yozar ekan, bir haqiqatni oshkor etadi. Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, olg‘a surgan g‘oyalari, boshlagan islohotlarining hech biri to‘satdan yoxud tasodifiy emas, balki ularning bari uzoq yillar mobaynida to‘planib kelgan, ehtimol, yon daftar sahifalarini to‘ldirgan orzular, maqsadlar, maslaklar... ko‘ngil qatlaridan, daftar varaqlaridan amaliyotga ko‘chayotgan adoqsiz armonlar, ezgu orzular ijobatidir. Zotan, “u kishining shaxsiyati o‘z-o‘zidan osmondan tushgandek paydo bo‘lib qolgani yo‘q”, balki xalqning bag‘ridan so‘qmoqlar osha, pog‘onama-pog‘ona, qadam-baqadam, ulkan yo‘lning jamiki zahmat-zaqqumlarini boshidan kechirgan holda, chidam va sabot bilan, “ne-ne balo-qazolardan omon chiqqan” holda rahnamolik martabasiga erishdi va nurli, shukuhli, sharafli xotiralarga boy Millat Shavkati maqomiga muyassar bo‘ldi.

Xurshid DO‘STMUHAMMAD,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, professor