Farmonga ko‘ra, odam savdosidan jabrlangan erkaklar, chet el fuqarolari va maxsus dasturlar asosida O‘zbekistonga olib kelingan repatriantlar faqat Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markaziga (ixtisoslashgan markaz) qabul qilinadi.
Ixtisoslashgan hududiy markazlarning odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati ixtisoslashgan markaz tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslar – 1 oy davomida, odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxslar esa ko‘pi bilan 6 oy davomida ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar xizmatidan foydalanadi. Bunda:
shaxslar ularga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi berilgan kundan e’tiboran 1 oy ichida, odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi berilgan kundan e’tiboran esa bir yil ichida ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar xizmatlaridan foydalanish yuzasidan murojaat qilishi mumkin;
ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar xizmatlaridan foydalangan bir shaxs dastlabki identifikatsiya qilinganligi holati bo‘yicha takroran ushbu markazlarga joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarning ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlarga kelib-ketishi bilan bog‘liq transport xarajatlari tegishli markazning tavsiyasiga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:
ixtisoslashgan markazga kelib-ketish uchun – BHMning 1 baravari miqdorida;
ixtisoslashgan hududiy markazlarga kelib-ketish uchun – BHMning yarim baravari miqdorida.