Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-fevralgacha salohiyatli kichik va mikro GES loyihalarini aniqlash, amalga oshirish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish va monitoring qilish maqsadida raqamli platforma ishlab chiqiladi.
Kichik va mikro GESlarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda atrof-muhitga oid va ijtimoiy talablar majburiy tartibda inobatga olinishi belgilandi.
Quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan kichik va mikro GESlarni qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlarini aniqlash maqsadida Energetika vazirligi buyurtmasi asosida “E-auksion” elektron savdo maydonchasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish tarifini pasaytirib borish yuzasidan o‘tkaziladigan elektron auksionda boshlang‘ich narx bilan birgalikda eng quyi narxni ham belgilash tartibi joriy etiladi.
Bunda narxlar II guruh iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan quyidagicha o‘rnatiladi:
quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikro GESlarga – boshlang‘ich narxi 150 foiz, eng quyi narxi 50 foiz miqdorida;
quvvati 500 kVtdan 2 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlarga – boshlang‘ich narxi 120 foiz, eng quyi narxi 40 foiz miqdorida;
quvvati 2 MVtdan 5 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlarga – boshlang‘ich narxi 100 foiz, eng quyi narxi 30 foiz miqdorida.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab kichik quvvatli yashil energiya yo‘nalishlari, jumladan, kichik gidroenergetika uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim tizimi asosida joriy etiladi.