Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy voqea Qozog‘iston siyosiy tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va parlament rolini sezilarli darajada kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi.
Saylovlarda fuqarolarning faol ishtiroki Qasim-Jomart Toqayev rahbarligida amalga oshirilayotgan, Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin tasdig‘i ekani qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bilan bog‘langan qardosh qozoq xalqi zaminida bugun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarning yuksak natijalaridan samimiy mamnun ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ruhida yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishiga ishonch bildirildi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog‘iston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.