Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida kodeks yangi 178²-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki almashtirilgani haqida xaridorni xabardor qilmaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik belgilamoqda.

Senatorlar taʼkidlashicha, mazkur norma isteʼmolchilarning tovar haqida haqqoniy va to‘liq maʼlumot olish huquqini taʼminlashga xizmat qiladi hamda ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qo‘yadi.

Qonunning yana bir muhim yo‘nalishi — voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi. Endi voyaga yetmaganlar ishtirokidagi maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtiroki majburiy etib belgilamoqda.

Bu bolaning ruhiy holatini inobatga olish, unga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olish hamda xalqaro standartlarga muvofiq huquqiy himoyasini taʼminlashga qaratilgani qayd etildi.

Shuningdek, qonun bilan maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda «rad qilish» va «o‘zini o‘zi rad etish» instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu esa sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini taʼminlashga xizmat qilishi aytildi.

Bundan tashqari, transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Endi bu masala faqat sud tomonidan belgilangan aniq shartlar asosida ko‘rib chiqiladi.

Qonunga ko‘ra, agar shaxs avval ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan mazkur yengillik qo‘llanilmaydi.

Senatorlar fikricha, qonunning qabul qilinishi maʼmuriy javobgarlik tizimini insonparvarlik va adolat tamoyillari asosida isloh qilishga xizmat qiladi.