Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy
markazi, yeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Ichki
ishlar vazirligining qo‘shma loyihasi hamda 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan
yeXHT loyihalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan
«Yo‘l xaritasi» doirasida hamda Buyuk Britaniyaning Metropolitan politsiyasi
idorasi ko‘magida tashkil etilgan.
Mazkur trening Metropolitan politsiyasi vakillarining faol
qo‘llab-quvvatlashi va bevosita ishtirokida bo‘lib o‘tyapti. Metropolitan politsiyasi
— Buyuk Britaniyaning Katta London hududidagi politsiya xizmati bo‘lib,
mamlakatdagi eng yirik politsiya bo‘linmasi hisoblanadi va Londonda
huquq-tartibotni saqlash uchun mas'uldir.
Metropolitan politsiyasi bosh qarorgohi Londondagi Nyu-Skotlend-Yardda
joylashgan. Metropolitan politsiyasi 1829 yilda ser Robert Pil tomonidan
tashkil etilgan va uning tarkibida 40 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi.
Ushbu xizmat Londonda jamoat tartibini saqlash bilan bir qatorda, terrorizmga
qarshi kurash va qirol oilasi a'zolarini qo‘riqlash kabi bir qator umummilliy
vazifalarni ham bajaradi.
Inson huquqlari uyida boshlangan treningda asosiy e'tibor tergov
hibsxonalarida faoliyat yuritayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar
xodimlarining qiynoqlar oldini olish va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro
standartlarga rioya etish sohasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Tadbirda qiynoqlar va shafqatsiz munosabatni taqiqlash inson huquqlari
bo‘yicha xalqaro shartnomalarda hamda milliy qonunchilikda e'tirof etilgan asosiy
huquq ekanligini qayd etildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasida qiynoq har qanday sharoitda va istisnosiz taqiqlanganligi
ta'kidlandi.
Mazkur treningni bevosita amaliyotda faoliyat yuritayotgan huquqni
muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun o‘tkazilishining dolzarbligi alohida
e'tirof etildi.
Treningning birinchi kuni qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlarini
himoya qilishning xalqaro standartlari va kafolatlariga bag‘ishlandi.
Ishtirokchilar qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olishning
xalqaro-huquqiy va milliy normativ asoslari — BMTning Qiynoqlarga qarshi
konvensiyasi, unga Fakultativ protokol va qamoqda saqlanayotgan shaxslarni
himoya qilishning asosiy kafolatlari bilan tanishdilar.
Ushbu masalalarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov
hamda qamoqxona islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi,
Xalqaro penitensiar jamg‘arma vakili Azamat Shambilov yoritib berdi.
Buyuk Britaniyaning Metropolitan politsiyasi vakillari Filip Maykl
Endryus va Jon Norton Danturn qamoqda saqlash va vaqtinchalik ushlab
turish joylariga oid inson huquqlari standartlarini, ushlab turilgan paytdan
boshlab amal qiladigan asosiy himoya choralari — advokatdan foydalanish, tibbiy
yordam, qarindoshlarni xabardor qilish, ro‘yxatga olish va hujjatlashtirishni,
shuningdek qamoqda saqlash sharoitlarini boshqarish va hisobdorlik
mexanizmlarini taqdim etdi.
Kun yakunida qiynoqlar va shafqatsiz muomala qo‘llanilishining xavf
omillari bo‘yicha interaktiv muhokama o‘tkazilib, amaliy keyslar tahlil
qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy
markazi matbuot xizmati.