Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Toshkent tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 3 nafar fuqarolar oʻzaro kelishgan holda 1 tonna xlorid kislotasini 14,5 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Shundan soʻng, tadbir davom ettirilib, mazkur shaxslardan birining Toshkent tumanida ijaraga olingan ombori koʻzdan kechirliganida, bu yerda yana 4,9 tonna shu turdagi kislota saqlanayotgani aniqlandi. Surishtiruvlar davomida maʼlum boʻlishicha, ushbu shaxslarda prekursor moddalarni saqlash, tashish va realizatsiya qilish huquqini beruvchi bironta ham hujjatlar mavjud boʻlmagan. 

Eslatib oʻtamiz, xlorid kislotasi xalqaro va milliy qonunchilikda ham muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kiritilgan. Chunki, mazkur kimyoviy moddadan geroin, kokain kabi anʼanaviy hamda turli xil sintetik narkotik moddalarni tayyorlashda foydalaniladi.

Bir qarashda omborda turgan ushbu modda shunchaki kimyoviy suyuqlikdek tuyulishi mumkin. Ammo, aslida mazkur moddalar koʻmagida tayyorlangan narkotiklar yuzlab yoshlarning taqdirini izdan chiqarishi, oilalarni parokanda qilishi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi muqarrar edi.

Hozirda mazkur 5 900 kg kimyoviy moddalarning ilk manbasini aniqlashga qaratilgan surishtiruvlar davom etmoqda.