Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining davlat mehnat huquq inspektori A.H. (muqaddam sudlangan) fuqaro N.H.ni o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filialiga orastabon lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan.
Tekshiruv materiallariga ko‘ra, u mazkur xizmat evaziga 800 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan. Shuningdek, ushbu mablag‘lar hisobidan 200 AQSh dollari va 3,3 million so‘m qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.