Bu tamoyilning eng muhim yoʻnalishlaridan biri xotin-qizlar qadr-qimmatini yuksaltirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy

faolligini oshirishdir.

Bu borada mamlakatimizda mustahkam huquqiy va siyosiy asoslar yaratildi. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi, shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va gender tenglikni taʼminlash masalasini davlat siyosati darajasiga olib chiqdi. Shu asosda vazirliklar, idoralar, hududlar, taʼlim va ishlab chiqarish tizimlarida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ularni rahbarlikka tayyorlash, bandlik, tadbirkorlik, taʼlim va ijtimoiy himoya masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, parlament, mahalliy kengashlar, vazirliklar, idoralar, taʼlim, ilm-fan, tadbirkorlik va ishlab chiqarish sohalaridagi oʻrnini mustahkamlash boʻyicha ulkan ishlar qilindi. Bu jarayon yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim tamoyillaridan biriga aylandi. Chunki haqiqiy taraqqiyot faqat infratuzilma, zavod, eksport yoki raqamli texnologiya bilan emas, balki inson imkoniyati qanchalik ochilgani bilan oʻlchanadi. Shu maʼnoda, qishloq xoʻjaligi sohasi ham ushbu umummilliy islohotlardan chetda turishi mumkin emas edi. Aksincha, agrar soha bu yoʻnalishda eng oldingi safda boʻlishi kerak. Chunki mamlakat aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlash, oilalar daromadini oshirish, yer va suv resurslarini asrash, iqlim oʻzgarishiga moslashish, bandlikni taʼminlash, qayta ishlash va eksport zanjirini kuchaytirish kabi vazifalarda xotin-qizlar mehnati, bilimi, masʼuliyati va hayotiy tajribasi beqiyos ahamiyatga ega.

Agrar soha taraqqiyotini xotin-qizlar ishtirokisiz toʻliq tasavvur qilib boʻlmaydi. Ayol faqat oila bekasi emas, u agrar sohada fermer, dehqon, agronom, veterinar, seleksioner, biotexnolog, tadbirkor, olima, oʻqituvchi, talaba, vazirlik xodimi, laboratoriya mutaxassisi, oziq-ovqat texnologi, qayta ishlash korxonasi ishchisi, omborxona, logistika, savdo va eksport zanjirining masʼul ishtirokchisi boʻlishi mumkin. Ayol oila institutidan tortib, taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish, biznes, tadbirkorlik va rahbarlikkacha boʻlgan barcha jab­hada katta oʻringa ega. U qayerda boʻlmasin, tejamkorlik, mahsulot sifati, tartib-intizom, hisob-kitob, mehnat madaniyati va masʼuliyatni taʼminlashga hissa qoʻshadi. Shuning uchun agrar sohada gender tenglik haqida gapirish — butun agrooziq-ovqat tizimi xususida soʻzlash demak: dala, ferma, tomorqa, ilmiy institut, universitet, laboratoriya, omborxona, qayta ishlash korxonasi, bozor, eksport, vazirlik va qaror qabul qilish jarayonini yaxlit tizim sifatida koʻrishdir.

Avvallari gender tenglikni baʼzan notoʻgʻri tushungan holatlar ham boʻlgan. Goʻyo bu erkak va ayolni bir-biriga qarama-qarshi qoʻ­yishdek tuyu­lardi. Aslida, uning maʼnosi juda sodda: kim mehnat qilsa, uning mehnati koʻrinsin; kim qobiliyatli boʻlsa, unga imko­niyat berilsin; kim bilim olishni istasa, yoʻli ochilsin; kim fermer, agronom, veterinar, tadbirkor, olim, muhandis, texnolog yoki rahbarlikka layoqatli boʻlsa, uning oldida sunʼiy toʻsiqlar boʻlmasin. Oddiy qilib aytganda, gender teng­lik — oilani zaiflashtirish emas, oilani kuchaytirish. Bu erkakni chetga surish emas, xotin-qizlar salohiyatini ham mamlakat taraqqiyotiga toʻliq qoʻshish. Bu raqobat emas, hamkorlik. Bu imtiyoz emas, adolat.

Mazkur masala nima uchun muhim?

Ushbu savolga javob oddiy va mantiqli: qishloq xoʻjaligi faqat yer, suv, urugʻ, texnika va oʻgʻitdan iborat emas. Qishloq xoʻjaligi — odamlar sohasi. Bu sohada har bir gektar ortida inson mehnati, har bir tonna mahsulot ortida oila daromadi, har bir texnologiya ortida bilim va ishonch, har bir eksport shartnomasi ortida mehnat zanjiri, har bir qayta ishlangan mahsulot ortida sifat va masʼuliyat turadi. Prezidentimiz belgilab bergan “inson qadri uchun” tamoyilidan kelib chiqqan holda agrar tizimni zamonaviy, aqlli, raqobatbardosh va insonparvar sohaga aylantirmoqchi boʻlsak, xotin-qizlar ishtirokini chetdagi masala emas, islohotning markaziy yoʻnalishi sifatida koʻrishimiz shart.

Keling, endi masalaning yana bir juda nozik va hayotiy jihatiga toʻxtalaylik: ayol va oziq-ovqat xavfsizligi. Ayol oziq-ovqatni koʻpincha faqat mahsulot sifatida emas, dasturxon, bola salomatligi, oila barakasi va isrof boʻlmasligi kerak boʻlgan neʼmat sifatida koʻradi. Ona mehri — Yaratgan ato etgan goʻzal fazilat. Ona bolalarni ajratmaydi. Dasturxonda oziq-ovqat kam boʻlsa ham uni hammaga yetkazishga harakat qiladi. Bola och qolmasin, keksa inson eʼtiborsiz qolmasin, mehmonning koʻngli sinmasin, ortiqcha mahsulot isrof boʻlmasin, qishga zaxira boʻlsin bu — faqat roʻzgʻor taj­ribasi emas, balki oziq-ovqat madaniyatidir. Bu fazilatga faqat uy ichidagi oddiy odat deb qaramaslik kerak. Aslida, unda agrar siyosat uchun katta saboq bor.

Birinchisi — adolatli taqsimot. Oziq-ovqat xavfsizligi faqat koʻp mahsulot yetishtirish emas. U yetishtirilgan mahsulotning kimga, qanday, qancha va qay tarzda yetib borishi hamdir. Ayollarning oila, jamoa, maktab, bogʻcha, mahalla, bozor va ishlab chiqarish tizimidagi tajribasi qaror qabul qilishda ishtirok etsa, dasturlar faqat tonna va gektar bilan emas, inson ehtiyoji bilan ham oʻlchanadi.

Ikkinchisi — isrofni kamaytirish. Ayollar koʻpincha mahsulotni qadrlash, qayta ishlash, saqlash, tejash va isrof qilmaslik madaniyatini oila va ish jarayonida saqlab keladi. Oziq-ovqat isrofini kamaytirish esa bugun global qishloq xoʻjaligidagi eng muhim vazifalardan. Dalada yetishtirilgan mahsulot dasturxongacha yetib kelmasa, suv, yer, mehnat, oʻgʻit, energiya va vaqt ham isrof boʻladi.

Uchinchisi — oziq-ovqat xavfsizligi bilan birga oziq-ovqat sifati. Ona bolasiga yomon mahsulot bermaydi. Sifatsiz, buzilgan, zararli yoki ishonchsiz mahsulotni dasturxondan olib tashlashga intiladi. Bu oddiy roʻzgʻor odobi emas, oziq-ovqat xavfsizligi madaniyatining tabiiy asosidir. Qishloq xoʻjaligida sifat nazorati, sanitariya, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va bozorga chiqarish jarayonida xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish shuning uchun ham muhim.

Toʻrtinchisi — kelajak avlod haqida oʻylash. Ayol koʻp hollarda yer, suv, oziq-ovqat va salomatlikka faqat bugungi foyda nuqtayi nazaridan qaramaydi, balki bola, oila va ertangi kunni oʻylaydi. Agrar siyosatda ham aynan shunday uzoqni koʻradigan, hayotga yaqin, barqaror qarorlar kerak.

Albatta, bu fazilatlar faqat ayollarga xos, erkaklarda yoʻq, degani emas. Agrar taraqqiyot erkak va ayolning hamkorligi bilan boʻladi. Biroq hayot shuni koʻrsatadiki, xotin-qizlarning oila, bola, oziq-ovqat, tejamkorlik, parvarish va jamoa barqarorligidagi tajribasi qishloq xoʻjaligiga oid qarorlarning yanada hayotiy, insoniy va uzoq muddatliligini taʼminlaydi. Shuning uchun ayollar siyosatda, boshqaruvda, fermerlikda, ilmda, taʼlimda, korxonada va agrobiznesda qancha koʻp ishtirok etsa, qarorlar ham shuncha toʻliq, adolatli va barqaror boʻladi.

Koʻzgu va amaliy javob

Shuning uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti — FAO bilan yaqin hamkorlikda muhim qadam qoʻydi: 2025-2030-yillarga moʻljallangan qishloq xoʻjaligida gender tenglik strategiyasi qabul qilindi.

Bu strategiya oddiy hujjat emas, balki Prezidentimiz belgilab bergan inson qadri, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ­ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot siyosatining agrar sohadagi amaliy ifodasidir. Qolaversa, ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imko­niyatlarni taʼminlashga qaratilgan yangi boshqaruv madaniyati. Bu gender masalasini “alohida ijtimoiy mavzu” emas, balki agrar sohaning samaradorligi, raqobatbardoshligi, oziq-ovqat xavfsizligi va insonparvar taraqqiyoti bilan bogʻliq strategik vazifa sifatida koʻrishdir.

FAO bilan tayyorlangan milliy gender profili bu jarayon uchun muhim ilmiy-amaliy asos boʻldi. Bu nashr biz uchun oddiy xalqaro hisobot emas, balki koʻzgu. U agrar tizimga yana bir koʻz bilan qarashga undaydi: xotin-qizlar qaysi resurslarga ega? Ularning mehnati qay darajada koʻrinadi? Ular yer, suv, moliya, agrar maslahat, taʼlim, texnologiya, ilmiy izlanish, qayta ishlash, bozor va rahbarlikka qanday kiryapti? Qaror qabul qilish jarayonida ularning ovozi eshitilyaptimi?

Koʻzgu insonni ayblamaydi. U bor holatni koʻrsatadi. Agar yuzda chang boʻlsa, oyna aybdor emas. U faqat “mana shu yerga eʼtibor bering”, deydi. FAOning milliy gender profili ham shunday: u agrar sohadagi kuchli tomonlarni ham, yechim kutayotgan masalalarni ham ­koʻrsatadi. Eng muhimi, bu koʻzguga qarab turib qolmaslik kerak. Tashxisdan keyin davo, maʼlumotdan keyin siyosat, strategiyadan keyin amal kerak.

Qishloq xoʻjaligi vazirligining gender strategiyasi ana shu koʻzguga amaliy javobdir.

Tenglik faqat bir kunlik yigʻilish boʻlsa, tez unutiladi

Birinchidan, u qishloq xoʻjaligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan. Bu degani — sohada mehnat qilayotgan har bir inson jinsidan qatʼi nazar, bilim, resurs, malaka oshirish, rahbarlik, tadbirkorlik va ilmiy-amaliy imkoniyatlardan adolatli foydalanishi kerak.

Ikkinchidan, strategiya ayollarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirishni koʻzda tutadi. Chunki qarorlar stolida ayol ovozi boʻlmasa, oila ehtiyoji, bola ovqatlanishi, mahsulot isrofi, mahalliy bozor, tomorqa, kichik chorvachilik, uy sharoitida qayta ishlash, omborga joylash, saqlash va oziq-ovqat sifati haqidagi hayotiy tajriba har doim ham toʻliq aks etmaydi.

Uchinchidan, strategiya resurslardan teng foydalanish masalasini ilgari suradi. Yer, suv, moliya, kredit, subsidiya, agrar maslahat, urugʻ, texnologiya, raqamli platforma, qayta ishlash va bozorga kirish imkoniyatidan xotin-qizlar ham toʻla foydalana olishi kerak.

Toʻrtinchidan, strategiya sohadagi lavozimlarda xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazishni muhim maqsad sifatida koʻzda tutadi. Bu raqam oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas. Bu — boshqaruvda ayollar ishtirokini kengaytirish, qaror qabul qilishda ularning ovozini kuchaytirish, ilmiy taʼlim muassasalari, tadqiqot institutlari, hududiy tizimlar va agrar bosh­qaruvda yangi avlod ayol mutaxassislarini tayyorlash zaruratidan kelib chiqqan maqsad.

Beshinchidan, strategiya genderga sezgir byudjetlashtirish, ayollar uchun ustoz-shogirdlik va mentorlik dasturlari, gender statistikasini yaxshilash, ayollar kooperatsiyasi, oʻquvlar, jamoat tadbirlari va xotin-qizlarning agrooziq-ovqat tizimidagi ijobiy qiyofasini keng targʻib qilish kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Shu oʻrinda strategiya qabul qilinishi munosabati bilan Toshkent shahrida “Qishloq xoʻjaligida gender tenglik — qishloqni barqaror rivojlantirish asosi” mavzusida yuqori darajadagi milliy muloqot oʻtkazilganini alohida taʼkidlash kerak. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, nodavlat tashkilotlar, fermer ayollar, tadbirkorlar va agrar soha vakillari ishtirok etdi. Bu muloqotning ahamiyati shundaki, gender tenglik masalasi kabinetdagi hujjat emas, jamoatchilik, xalqaro hamkorlar, olimlar va amaliyot­chilar birgalikda muhokama qiladigan ochiq islohot maydoniga aylandi.

Strategiyani amalga oshirish uchun FAO, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi va boshqa hamkorlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. 2026-2030-yillarga moʻljallangan amaliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda. ­Vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat kengashlari tashkil etildi.

Bu yerda gap faqat tadbir oʻtkazish haqida emas, balki institut yaratish haqida. Chunki har qanday islohotning taqdiri uning instituti bor-yoʻqligiga bogʻliq. Agar gender tenglik faqat bir kunlik yigʻilish boʻlsa, tez unutiladi. Agar u strategiyaga, harakatlar rejasiga, maslahat kengashlariga, statistikaga, malaka oshirishga, byudjetlashtirishga va rahbarlik masʼuliyatiga aylansa, hayotga kirib boradi.

Raqamlar ortidagi taqdirlar

Strategiyadan kelib chiqib, 2025-yilda vazirlik tizimida bu borada qator amaliy ishlar bajarildi. Vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot ins­titutlari va oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat kengashlari tashkil etildi. FAO ishtirokida “Qishloq xoʻjaligida gender tenglik — qish­loqni barqaror rivojlantirishning asosi” mavzusida milliy muloqot oʻtkazildi. Tadbir doirasida vazirlik, FAO, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Agrar soha taraqqiyotida olima ayollar oʻrni” mavzusida davra suhbatlari, “Uch avlod uchrashuvlari” tashkil etildi. Sohada koʻp yillar samarali mehnat qilib kelayotgan faol xotin-qizlar, fermer ayollar va olima ayollar eʼtirof etildi. Ayollarni fermerlik, tomorqa xoʻjaligi va agrobiznesga keng jalb etish, ularning kasbiy bilim va amaliy ­koʻnikmalarini oshirish maqsadida oʻquv kurs­lari, seminar-treninglar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Bu ishlar bir kunda paydo boʻlgani yoʻq. 2024-yilda ham agrar sektorda band boʻlgan xotin-qizlar va erkaklarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-seminarlar tashkil etildi. Unda soha xodimlari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etgan. Har bir seminar, har bir muloqot, har bir trening aslida katta oʻzgarishning kichik, lekin zarur qadamidir.

Vazirlik tizimidagi raqamlar ham bizga ikki xil xulosa beradi. Bir tomondan, xotin-qizlar sohada faol ishlayapti, bilim olyapti, malaka oshiryapti, fermerlikka kir­yapti. Ikkinchi tomondan, boshqaruv va rahbarlikda ularning ishtirokini yanada kengaytirish zarur. Bugun vazirlik tizimida 22 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ularning 1500 dan ortigʻi xotin-qizlar. Markaziy apparatda ham, boshqaruv tizimida ham xotin-qizlar bor, lekin ular ulushini oshirish — oldimizdagi muhim vazifa.

Shu maqsadda strategiya doirasida sohadagi lavozimlarda ayollar ulushini 30 foizga yetkazish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan. Mazkur raqam quruq statistika emas. Bu — qishloq xoʻjaligi boshqaruvida yangi nigoh, yangi tajriba va yangi masʼuliyat paydo boʻlishi degani. Ayol rahbarlarning koʻpayishi faqat lavozim masalasi emas. Bu qaror qabul qilish jarayonida oila, qishloq, taʼlim, salomatlik va insonparvarlik nuqtayi nazarining kucha­yishi hamdir.

Amaliy natijalar ham bor. 2022-2025-yillarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 27,1 ming xotin-qizga 12,1 ming gektar yer ajratildi. Bugun respublikamizdagi 91 ming 712 ta fermer xoʻjaligidan 3145 tasini ayol-qizlar boshqarib kelmoqda. 2025-yilda ushbu fermer xoʻjaliklariga 1 trillion 556 milliard soʻmlik imtiyozli kredit va 21,8 milliard soʻmlik subsidiya ajratildi.

Bu raqamlar ortida oddiy inson taqdiri bor. Yer olgan ayol uchun bu faqat gektar emas, ishonch. Kredit olgan ayolga bu faqat mablagʻ emas, imkoniyat. Subsidiya olgan ayolga bu faqat yordam emas, oʻz mehnatini kengaytirish yoʻli. Fermer xoʻjaligini boshqarayotgan ayolga bu faqat lavozim emas, qishloqdagi boshqa qizlarga “men ham qila olaman” degan ishonch manbasidir.

Shu maʼnoda, Qishloq xoʻjaligi vazirligining milliy darajada “gender chempioni” sifatida eʼtirof etilishi tasodif emas. Bu eʼtirof ortida davlatimiz belgilab bergan siyosiy irodaga amaliy javob, xalqaro hamkorlik, strategiya, tizimli ish, ayollarni qoʻllab-quvvatlash va agrar sohada yangi boshqaruv madaniyatini shakllantirishga qaratilgan harakat bor. Lekin har qanday mukofotning eng katta maʼnosi — keyingi masʼuliyat. Chempion boʻlish finishga yetish emas. Chempion boʻlish — yoʻl koʻrsatish, natijani chuqurlashtirish va uni har bir hudud, har bir muassasa, har bir fermer xoʻjaligi, har bir korxona va har bir ayol hayotida koʻrsatish, demakdir.

Oldimizdagi vazifalar

Bugun dunyoda qishloq xoʻjaligi yangi bosqichga kirmoqda. Suv tanqisligi kuchaymoqda. Iqlim oʻzgarmoqda. Tuproqqa bosim ortyapti. Bozor talabchan boʻlyapti. Oziq-ovqat xavfsizligi har bir davlat uchun strategik ­masalaga aylanmoqda. Bunday sharoitda qish­loq xoʻjaligini faqat texnika va investitsiya bilan emas, inson kapitali bilan ham kuchaytirish kerak.

Inson kapitali deganda esa faqat dip­lomli kadrlar emas, balki bilimli dehqon, ­masʼ­uliyatli fermer, ilgʻor agronom, tadbirkor ayol, ilmga intilgan qiz, raqamli texnologiya­ni tushunadigan yosh mutaxassis, oziq-ovqat texnologi, logistika mutaxassisi, bozorni ­tushunadigan tadbirkor va jamoatda fikri eshitiladigan ayol ham tushuniladi.

Hozir aqlli qishloq xoʻjaligi haqida koʻp gapiryapmiz. Dronlar dalani kuzatadi. Sensorlar tuproq namligini oʻlchaydi. Raqamli platformalar fermerga maʼlumot beradi. Suv tejovchi texnologiyalar resursni asraydi. Biotexnologiya, urugʻchilik va genomika hosildorlikni oshiradi. Lekin haqiqiy aqlli qishloq xoʻjaligi faqat texnologiyadan iborat emas. U insonni ham koʻradigan tizim boʻlishi kerak.

Agar dron daladagi kasallikni koʻrsayu, boshqaruv tizimi xotin-qizlarning koʻrinmas mehnatini koʻrmasa, bu hali toʻliq aqlli tizim emas. Agar sensor tuproq namligini oʻlchasayu, siyosat ayollarning resursga yetish imkoniyatini baholamasa, bu hali toʻliq adolatli boshqaruv emas. Agar eksport raqamlari oʻssayu, ayollar qiymat zanjirida faqat arzon mehnatchi boʻlib qolsa, bu hali toʻliq insonparvar taraqqiyot emas.

Endi oldimizda quyidagi muhim vazifalar turibdi:

Birinchidan, gender strategiyasi har bir hududda tushunarli tilda tushuntirilishi kerak. Ushbu hujjat faqat vazirlik kabineti yoki xalqaro konferensiya materiallarida qolib ketmasligi lozim. Viloyat, tuman, fermer xoʻjaligi, agrar universitet, kollej, mahalla, kooperatsiya, korxona, omborxona, qayta ishlash va savdo tizimi darajasida ham uning maʼnosi tushunilishi zarur.

Ikkinchidan, gender statistikasi kuchaytirilishi zarur. Qancha ayol oʻqidi? Qancha ayol kredit oldi? Qancha ayol fermerlik qilyapti? Qancha ayol rahbarlikka koʻtarildi? Qancha ayol qayta ishlash, logistika, eksport va agrobiznesda faol? Qaysi hududda toʻsiq koʻproq? Qaysi das­tur haqiqiy natija berdi? Bunday savollarga aniq javob boʻlmasa, tizim ham moʻljalni aniq ololmaydi.

Uchinchidan, ayollar uchun bilim va moliyaviy yordam birga berilishi kerak. Agar mablagʻ boʻlmasa, faqat oʻqitish yetarli emas. Basharti agronomik, huquqiy, buxgalteriya, raqamli savodxonlik va bozor bilimi boʻlmasa, kreditning oʻzi kifoya qilmaydi. Bilimsiz moliya xavfli; moliyasiz bilim samarasiz. Ikkalasi birga boʻlsa, tadbirkorlik oʻsadi.

Toʻrtinchidan, ayollar rahbarligiga tayyorlov tizimi kerak. Yetakchilik tasodifan paydo boʻlmaydi. Ustoz-shogirdlik, malaka oshirish, amaliyot, jamoat oldida soʻzlash, raqamli koʻnikma, huquqiy savodxonlik, loyiha boshqaruvi — bular ayol mutaxassislarning oʻsishi uchun zarur.

Beshinchidan, gender tenglik qishloq xoʻjaligining barcha yangi yoʻnalishiga — raqamli agroplatformalar, suv tejovchi texnologiyalar, iqlimga moslashuv dasturlari, oziq-ovqat xavfsizligi, kooperatsiya, urugʻchilik, veterinariya, agrobiznes, eksport, qayta ishlash va ilmiy tadqiqotlarga kirib borishi kerak.

Demak, qilinadigan ishlar talaygina. Oson boʻlmasligi ham aniq, lekin yoʻlimiz toʻgʻri.

Kelajakda Oʻzbekiston agrar tarmogʻi qanday boʻladi?

U paytda dalada dron uchadi, ammo inson qadri unutilmaydi. Suv tejovchi texnologiya ishlaydi, ammo oila va jamiyat ehtiyoji hisobga olinadi. Genomika va biotexnologiya rivojlanadi, biroq oddiy fermerga tushunarli tilda maslahat beriladi. Eksport ortadi, ammo ayol mehnati arzon va koʻrinmas boʻlib qolmaydi. Bozor faol boʻladi, lekin insondan ustun turmaydi.

Bugun qishloq xoʻjaligiga yangi qarash kerak. Yer faqat resurs emas, balki hayot manbai. Suv faqat ishlab chiqarish vositasi emas, aksincha, avlodlar omonati. Ilm faqat maqola yoki patent emas, xalq hayotiga xizmat qilish. Ayol faqat yordamchi emas, taraqqiyotning toʻlaqonli ishtirokchisi.

Shuning uchun FAOning milliy gender profili bizga koʻzgu tutdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2025-2030-yillarga moʻljallangan gender strategiyasi esa shu koʻzguga qarab, amaliy yoʻl tanladi. Endi eng muhim vazifa mazkur strategiyani hayotga chuqur joriy etish. Har bir raqam ortida inson, har bir dastur ortida oila, har bir imkoniyat ortida kelajak avlod borligini unutmaslikdir.

Islohotning haqiqiy mezoni hujjat qabul qilingani emas, u inson hayotida qanday oʻzgarish yasaganidir. Gender strategiyasining ham eng katta maqsadi shu: xotin-qizlarni koʻrish, eshitish, qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston agrar taraqqiyotining teng huquqli bunyodkoriga aylantirish. Ayol qadri koʻringan dalada baraka, ayol ovozi eshitilgan sohada adolat boʻladi. Yangi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ham aynan shunday boʻlishi kerak: zamonaviy, aqlli, raqobatbardosh, ilmga tayangan, bozorga ochiq, ammo, eng avvalo, inson qadrini yuksak qoʻyadigan soha.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik