Yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida farzandlarining og‘ir kasallikdan aziyat chekayotgani sababli yordam so‘rab murojaat qilgan ota-onalar haqidagi videolar ham jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Mazkur holat ortidan qizamiq, uning asoratlari va eng muhimi, vaksinatsiyaning ahamiyati haqida ko‘plab savollar paydo bo‘ldi. Qizamiq qanchalik yuqumli? Emlanmagan bola nafaqat o‘zini, balki atrofdagilarni ham xavf ostida qoldirishi mumkinmi? Qizamiqdan keyin qanday og‘ir asoratlar kuzatilishi mumkin? Emlashni kechiktirish qanday oqibatlarga olib keladi? Gripp, meningit va odam papilloma virusiga qarshi vaksinatsiyaning ahamiyati nimada?
Shu va shu kabi savollarga javob olish maqsadida Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Xursanoy Jamolova bilan suhbatlashdik.
— Qizamiq COVID-19 ga qaraganda ham tez yuqadimi? Bitta bemor butun sinfdagi emlanmagan bolalarga kasallik yuqtirishi mumkinmi?
— Qizamiq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan yuqumli kasallik hisoblanadi. Uning yuqish darajasi nihoyatda yuqori. Agar bir sinfda bitta bolada qizamiq aniqlansa, u bilan muloqotda bo‘lgan emlanmagan bolalarning kasallik yuqtirib olish xavfi juda yuqori darajada bo‘ladi.
Qizamiqning yana bir xavfli jihati shundaki, bemorda kasallik belgilari yaqqol namoyon bo‘lishidan oldin yashirin davrda virus boshqalarga yuqishi mumkin. Shuning uchun bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarur profilaktik choralarni ko‘rish muhim.
Bugungi kunda odamlarning bir davlatdan boshqasiga erkin harakatlanishi, turizm va mehnat migratsiyasining kengayishi ham infeksiyalarning turli hududlarga kirib kelish ehtimolini oshirmoqda. Shu bois emlash nafaqat bolaning o‘zini, balki uning atrofidagi insonlarni ham himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
— Emlanmagan bola nafaqat o‘zini, balki boshqalarni ham xavf ostida qoldirishi mumkinmi?
— Albatta. Emlanmagan bola qizamiq bemori bilan muloqotda bo‘lganida kasallanish xavfi yuqori bo‘ladi. Agar u kasallansa, virusni boshqa bolalarga ham yuqtirishi mumkin.
Ayniqsa, hali emlash yoshiga yetmagan chaqaloqlar, ayrim tibbiy sabablarga ko‘ra vaksinani olmagan bolalar yoki immuniteti zaif insonlar uchun bu xavfli. Shuning uchun vaksinatsiya yuqumli kasalliklardan himoyalashda yagona vosita xisoblanadi.
Jamoada emlanganlar soni qancha yuqori bo‘lsa, infeksiyaning tarqalish imkoniyati shuncha kamayadi. Emlanmagan bola esa nafaqat o‘zi kasallanishi, balki boshqalarga infeksiya manbai bo‘lishi mumkin.
— Qizamiqdan keyin qanday og‘ir asoratlar kuzatilishi mumkin? Ota-onalar nimalarni bilishi kerak?
— Qizamiqni oddiy va tez o‘tib ketadigan kasallik deb qabul qilish mumkin emas. Uning o‘nga yaqin og‘ir asoratlari mavjud bo‘lib, ular orasida pnevmoniya, ensefalit, quloq infeksiyalari, eshitish qobiliyatining pasayishi yoki yo‘qolishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Ayrim hollarda virusli kasalliklardan keyingi kuzatiladigan asoratlardan biri sklerozlashgan panensefalitdir. U kam uchraydi, ammo og‘ir kechadi. Shu bilan birga, har qanday panensefalitni avtomatik ravishda qizamiq bilan bog‘lash ham to‘g‘ri emas. Bunday holatlarda bolaning kasallik tarixi, avval qanday infeksiyalar bilan kasallangani, emlash holati va laboratoriya tekshiruvlari o‘rganilishi zarur. Aniq xulosani faqat mutaxassislar tekshiruvidan keyin berish mumkin.
— Emlanmagan bolalarda qizamiq nega og‘irroq kechadi? Vaksina bolani bu kasallikdan qay darajada himoya qiladi?
— Vaksina organizmda infeksiyaga qarshi immun javobni shakllantirishga yordam beradi. Shu sababli emlangan inson kasallik yuqtirgan taqdirda ham uning og‘ir kechish ehtimoli kamayadi.
Emlanmagan bolalarda esa qizamiq og‘ir kechishi va turli asoratlar rivojlanishi xavfi yuqori bo‘ladi. Pnevmoniya, ensefalit, quloq infeksiyalari kabi asoratlar jiddiy davolashni talab qilishi mumkin.
Shuning uchun ota-onalar vaksinadan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan yengil reaksiyalardan qo‘rqib, farzandini emlatmaslikka qaror qilmasligi kerak. Emlashdan oldin bolani shifokor ko‘radi va uning salomatlik holatini baholaydi.
— Emlashni kechiktirish qanday xavflarni keltirib chiqaradi va bolani qachon emlatish eng to‘g‘ri?
— Bolani milliy emlash taqvimida belgilangan muddatlarda emlatish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Chunki har bir vaksina muayyan yoshda qilinishi bolaning infeksiyaga qarshi himoyasini o‘z vaqtida shakllantirishga qaratilgan.
Emlashni asossiz kechiktirish bolaning infeksiyaga qarshi himoyasiz qoladigan davrini uzaytiradi. Ayniqsa, bola bog‘cha, maktab va boshqa jamoalarda bo‘lsa, infeksiya bilan uchrashish ehtimoli mavjud.
Agar qandaydir sababga ko‘ra emlash o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, ota-ona o‘zi qaror qabul qilmasligi kerak. Yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat qilinib, bolaning emlash tarixi o‘rganiladi va shifokor keyingi emlashlar bo‘yicha tavsiya beradi.
— Qizamiqqa qarshi vaksina bepulmi? Ota-onalar emlash bo‘yicha qayerga murojaat qilishi mumkin?
— Milliy emlash taqvimida belgilangan bolalar vaksinatsiyasi davlat dasturi doirasida bepul amalga oshiriladi. Ota-ona farzandining emlash holatini yashash manzilidagi poliklinika orqali aniqlashi mumkin. Emlashdan oldin bola shifokor ko‘rigidan o‘tkaziladi. Agar tibbiy qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa, vaksinatsiya belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shuning uchun farzandining qaysi vaksinalarni olgani yoki qaysilari o‘tkazib yuborilgani borasida shubhasi bor ota-onalar poliklinikaga murojaat qilishi kerak. Emlash haqidagi ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan xabarlardan emas, mutaxassislardan olish lozim.
— Gripp va meningit kabi mavsumiy infeksiyalarga qarshi ham vaksina olish kerakmi? Kimlarga ayniqsa tavsiya etiladi?
— Gripp mavsumiy ravishda keng tarqaladigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, ayrim hollarda jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun xavf guruhidagi aholiga alohida e’tibor qaratiladi.
Keksa yoshdagilar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari va aholi bilan ko‘p muloqot qiladigan boshqa kasb egalari grippga qarshi profilaktik emlashga e’tibor qaratishi kerak. Bolalar orasida ham belgilangan tartibda profilaktik emlash choralar amalga oshiriladi.
Meningokokk infeksiyasiga qarshi vaksinatsiya esa epidemiologik ko‘rsatmalar va xavf omillariga qarab tavsiya etiladi. Ayniqsa, xorijiy davlatlarga safar qilayotgan fuqarolar boriladigan mamlakatda qaysi infeksiyalarga qarshi vaksinatsiya tavsiya etilishini oldindan aniqlashi va emlanishi kerak.
— Odam papilloma virusiga qarshi vaksinatsiya haqida ham ko‘p gapirilmoqda. Nega bu vaksina muhim va endi o‘g‘il bolalar ham emlanadimi?
— Odam papilloma virusiga, ya’ni OPVga qarshi vaksinatsiya ham profilaktikaning muhim yo‘nalishlaridan biri. Ushbu vaksina virus bilan bog‘liq ayrim kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.
OPV infeksiyasi faqat qizlarga tegishli masala emas. Shuning uchun vaksinatsiya dasturida o‘g‘il bolalarni ham qamrab olish ko‘zda tutilmoqda. Vaksinatsiyaning maqsadi — virus tarqalishini kamaytirish va kelajakda virus bilan bog‘liq kasalliklar xavfini pasaytirish.
Ota-onalar farzandining yoshiga mos profilaktik choralar haqida shifokor bilan maslahatlashishi va vaksinatsiya bo‘yicha ishonchli tibbiy ma’lumotlarga tayanishi zarur.
— Koronavirus hozir ham dolzarbmi? Yangi variantlar bilan bog‘liq xavf bormi va qayta emlanish masalasi qanday?
— COVID-19 pandemiyasi tugagan. Biroq koronaviruslar mavjud bo‘lib, virusning yangi variantlari paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli epidemiologik vaziyatni kuzatib borish muhim. Vaksinatsiya qilish masalasi esa amaldagi milliy tavsiyalar, epidemiologik vaziyatga qarab belgilanadi. Xozir respublikada vaziyat barqaror.
Umuman, respirator infeksiyalar tarqalishining oldini olishda shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, odam gavjum joylarda ehtiyot choralarini ko‘rish, kasallik belgilari kuzatilganda shifokorga murojaat qilish muhim.
— Suhbatimiz yakunida emlashni kechiktirayotgan yoki undan voz kechayotgan ota-onalarga qanday murojaat qilgan bo‘lardingiz?
— Farzand salomatligi — katta mas’uliyat. Shuning uchun ota-onalar bolasining emlash taqvimiga amal qilishi, vaksinalarni belgilangan muddatlarda olishi va emlashdan oldin shifokor ko‘rigidan o‘tishi muhim.
Vaksina haqidagi har qanday ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan xabarlardan emas, rasmiy va ishonchli tibbiy manbalardan olish kerak.
Agar bolada kasallik belgilari bo‘lsa yoki uning salomatligi bo‘yicha savol tug‘ilsa, o‘zboshimchalik bilan dori berish o‘rniga shifokorga murojaat qilish lozim.
Emlashni asossiz ravishda kechiktirish bolani infeksiyadan himoyasiz qoldirishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar farzandining emlash holatini tekshirib, zarur bo‘lsa, yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat qilishi va milliy jadval asosida emlashtishi kerak.
Mutaxassis so‘zlaridan ham shuni anglash mumkinki, haqiqatdan ham vaksinatsiya yuqumli kasalliklarning oldini olishda muhim profilaktik vositalardan biridir. Ayniqsa, qizamiq kabi yuqumliligi yuqori bo‘lgan kasalliklarda emlashning ahamiyati yanada ortadi. Chunki kasallikning o‘zi bilan bir qatorda, uning og‘ir asoratlari ham inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, emlanmagan bola infeksiya yuqtirib olish bilan birga, uni boshqa insonlarga ham tarqatishi mumkin. Shu sababli emlash masalasi shaxsiy salomatlik bilan bir qatorda jamoat salomatligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda yuqumli kasalliklarning oldini olishda profilaktika choralari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Aholining bir davlatdan boshqasiga ko‘p harakatlanishi, turizm va migratsiyaning ortishi infeksiyalarning turli hududlarga kirib kelish ehtimolini ham oshiradi. Qizamiq esa yuqumliligi yuqori bo‘lgan infeksiyalardan biri. Kasallik bola organizmida og‘ir kechib, pnevmoniya, ensefalit, eshitish qobiliyatining yo‘qolishi kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun uning oldini olish kasallikni davolashdan ko‘ra muhimroq profilaktik vazifalardan biridir.
Vaksinatsiya masalasida ham bir muhim jihatni unutmaslik kerak: emlashdan keyingi har qanday reaksiyani og‘ir asoratlar bilan tenglashtirish to‘g‘ri emas. Bolani emlashdan oldin shifokor ko‘rigi, emlashdan keyin esa tibbiy kuzatuv ta’minlanadi. Demak, farzandni o‘z vaqtida emlatish — ota-onaning bola salomatligiga mas’uliyatli munosabatining muhim qismidir desak haq gapni aytgan bo‘lamiz. Milliy emlash taqvimida belgilangan vaksinalarni o‘z vaqtida olish orqali qizamiq va boshqa qator xavfli yuqumli kasalliklardan himoyalanish imkoniyati oshadi.
Ayniqsa, emlanmagan bolalar nafaqat o‘zlari infeksiya yuqtirish xavfiga duch keladi, balki kasallikni atrofidagi boshqa insonlarga ham yuqtirishi mumkin. Shu bois emlash masalasida shaxsiy mas’uliyat bilan birga jamoat salomatligi manfaatini ham hisobga olish zarur. Eng muhimi, vaksina haqidagi ma’lumotni ishonchli manbalardan olish, emlashni asossiz kechiktirmaslik va farzand salomatligi bilan bog‘liq har qanday savol bo‘yicha shifokorga murojaat qilish kerak.
Zulxumor Akbarova