Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida oʻtkazilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli Qoraqalpogʻiston ham oʻzining yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻymoqda.

Prezidentimiz Orolboʻyi hududini barqaror rivojlantirish, u yerda yashayotgan aholining hayot sifati va turmush darajasini muttasil oshirib borish masalalariga doimiy eʼtibor qaratmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, 2017-yildan hozirga qadar Qoraqalpogʻistonni ravnaq toptirish, obod va farovon hududga aylantirishga qaratilgan 80 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinganini taʼkidlash lozim. Mazkur hujjatlar asosida yaratib berilgan keng imkoniyatlar tufayli barcha sohada yangilanish va jadal oʻsish roʻy bermoqda.

Misol uchun, Qoraqalpogʻistonning yalpi hududiy mahsuloti 2017-yilda 13 trillion 500 milliard soʻm yoki 1 milliard 600 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan davrda bu koʻrsatkich 4 barobar oʻsib, joriy yil boshida 54 trillion soʻm yoki 4 milliard 500 million dollardan oshdi. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yildagi 7,5 million soʻmdan 26,5 million soʻmga yetdi.

Qisqa muddatda biznes va investitsiyalar uchun qulay muhit, tadbirkorlarga daromad topishi uchun yangidan yangi imkoniyatlar yaratilgani natijasida hozir ushbu hududda zamonaviy sanoat va kuchli tadbirkorlar qatlami shakllandi. Buni oʻtgan davrda korxonalar soni ikki barobar koʻpayib, 26 mingtaga, sanoat mahsulotlari hajmi esa 4,2 barobar oʻsib, 29 trillion soʻmga yetgani misolida ham koʻrish mumkin. 2017-yilda 6 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich qariyb 500 barobar oʻsib, 2025-yilda 2 milliard 500 million dollarni tashkil qilgani diqqatga sazovor. Eksport hajmi esa 2017-yildagiga nisbatan 13,5 barobar oshib, 2025-yilda 435 million dollarga yetdi.

Aholi va tadbirkorlar uchun berilgan alohida imtiyozlar haqida aytsak, tadbirkorlar uchun foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soligʻi stavkalari 2 karra kamaytirildi. Ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. Natijada 2023-2025-yillarda 17 mingdan ortiq tadbirkor ixtiyorida 567 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ qoldi.

Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston uchun loyihalarni amalga oshirish markazi, Tadbirkorlikka koʻmaklashish direksiyasi, Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyat yuritmoqda. Hududda 7 yil muddatga 14 foizli, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar berilishi yoʻlga qoʻyildi. Sanoat korxonalari uchun elektr energiyasidan 15 foizli imtiyoz berilishi natijasida 2500 dan ortiq ­korxonaning har oyda oʻrtacha 4-5 milliard soʻm mablagʻi tejalmoqda.

Bunday imkoniyatlar tufayli kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2020-yildagi 62,5 foizdan 2025-yilda 65,5 foizga koʻtarildi. Sanoatdagi ulushi esa mos ravishda 24,7 foizdan 41,3 foizga, xizmat koʻrsatishda 52,2 foizdan 74 foizga, eksportda 21,6 foizdan 43,7 foizga yetdi.

Aholining yashash sharoitini yaxshilash va uy-joyga talabini qondirish maqsadida ­qilinayotgan ishlar tufayli soʻnggi toʻrt yilda Orolboʻyida 8749 xonadonli 224 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. 1734 fuqaroga 53 milliard 400 million soʻmlik subsidiya ajratilib, boshlangʻich toʻlovi qoplab berildi. Joriy yilda esa yana 4206 xonadonli 103 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda.

Davlatimiz rahbarining alohida topshirigʻi asosida hukumatning tegishli qarori qabul qilinib, nochor holatdagi qariyb 18 ming 500 ta xonadon yangidan qurildi va taʼmirlandi. Shu tariqa ogʻir sharoitda yashayotgan 70 mingga yaqin kishining uy-joy sharoiti tubdan yaxshilandi. Prezident ­Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xoʻjayli tumanidagi Sarishingil, Jana Jap va Kun nuri mahallalarida termitdan zarar koʻrgan 147 ta uyda yashayotgan odamlar bilan shaxsan uchrashib, muloqot qildi. Shundan keyin bu oilalarni boshqa joyga koʻchirish uchun byudjetdan 33 milliard soʻm ajratildi.

Taxiatosh tumanida oʻtgan asrning 50-yillarida yogʻochdan vaqtinchalik yotoqxona sifatida qurilgan 5 ta barak tipidagi uyda yashovchi toʻqsondan ortiq oila ham talabga javob beradigan uylarga koʻchirildi. Qoʻngʻirot tumanining Boʻston va Jasliq aholi punktlarida avariya holatidagi koʻp qavatli turar joylarda yashovchi fuqarolarga yangi qurilgan koʻp qavatli uy-joylar bepul topshirildi.

Albatta, Qoraqalpogʻistonning chekka tuman va ovullaridagi bunday ulkan bunyodkorlik ishlari hududning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini tubdan oʻzgartirmoqda. Shu oʻrinda yana bir misolni keltirib oʻtmoqchimiz. Nukus shahridan 440 kilometr, Qoʻngʻirot tumani markazidan 340 kilometr ­olisda joylashgan Qoraqalpogʻiston posyolkasi ­mamlakatimizning shimoliy darvozasidir. Ustyurtning qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan bepoyon tekisliklari bagʻrida joylashgan ushbu ovul hayotida Prezidentimizning 2018-yilda bergan topshirigʻidan keyin tub oʻzgarishlar roʻy berdi.

Xususan, 25 ta koʻp qavatli uy, ichki yoʻl va yoʻlaklar taʼmirlandi. Koʻchalarga yoritqichlar oʻrnatildi. Yosh oilalar, kam taʼminlangan hamda nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun 24 ta arzon uy-joy, bojxona xizmati xodimlari va chegarachilar uchun xizmat uylari barpo etildi.

Hududdagi 41 kilometrli ichimlik suv tarmogʻi yaxshilandi, 16 kilometr ichki yoʻllar, 21 ta transformator, 3 kilometr gaz tarmogʻi va 16 ta gaz taqsimlash nuqtasi, meteostansiya, temir yoʻl vokzalida taʼmirlash ishlari bajarildi, 2 ta bekat qurildi.

Sakkizta ijtimoiy obyekt, jumladan, ikkita umumtaʼlim maktabi, ikkita maktabgacha taʼlim tashkiloti, oʻsmirlar sport maktabi, kollej, oilaviy poliklinika binosi mukammal taʼmirlandi. Oʻtgan asrning 90-yillaridan buyon qarovsiz qolib ketgan klub zamonaviy madaniyat saroyiga aylantirildi. Mahallada futbol va bolalar maydonchasi barpo etildi. Tikuv sexi ishga tushirilib, 80 xotin-qiz doimiy daromad manbai bilan taʼminlandi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu olis chegara hududda qilingan ishlar davlatimiz xalqparvar siyosatining yana bir amaliy ifodasi boʻldi.

Hududda yoʻllarni obod qilishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Qoraqalpogʻistonda keyingi 5 yilda 6579 kilometr uzunlikdagi yoʻllarda qurilish-rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari bajarildi. Jumladan, 2533 kilometr asfalt va beton yoʻllarda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarilgan boʻlsa, 4046 kilometr yoʻlga shagʻal yotqizildi.

“Qoʻngʻirot — Beynov” avtomobil yoʻlining 240 kilometr qismiga sement-beton qoplamasi yotqizilgani nafaqat Orolboʻyi hududi, balki mamlakatimiz hayotidagi ulkan voqealardan biri boʻldi. Amudaryo ustida temir yoʻl va avtomobil yoʻlidan iborat yirik qoʻshma koʻprik qurilib, foydalanishga topshirilishi bilan qoraqalpogʻistonlik va xorazmliklarning asriy orzusi ushaldi.

Keyingi 9-10 yilda ijtimoiy sohada ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, davlat qaramogʻidagi 264 ta bolalar bogʻchasida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilib, qamrov 2016-yildagi 25 foizdan 84 foizga yetkazildi va Qoraqalpogʻiston bu borada eng ilgʻor hududlardan biriga aylandi.

Shuningdek, 224 ta maktab qurilgani va mukammal taʼmirlangani hisobiga minglab yangi oʻquvchi oʻrni ochildi, uch smenali oʻqish toʻliq tugatildi.

Islohotlar boshlanganidan buyon hududdagi oliygohlar soni 6 tadan 11 taga yetkazildi. Oliy taʼlim muassasalariga qabul koʻrsatkichi 2016-yildagi 9 foizdan 55 foizga koʻtarildi. Bularning barchasida qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun ajratilayotgan qoʻshimcha kvotalar muhim asos boʻlmoqda. Hududda ishlab chiqarish koʻlami kengayishi natijasida kadrlarga talab oshdi. Shu tufayli Prezidentimizning farmoniga asosan 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab hozirga qadar qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun qoʻshimcha 30 ming 700 oʻrin ajratib berildi.

Orolboʻyida 2023-2025-yillarda 253 milliard 395 million soʻm hisobidan 67 ta sogʻliqni saqlash obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Tibbiyot rivojiga qaratilayotgan eʼtibor natijasida aholi oʻrtasida kasalliklarni erta aniqlash va oʻlim darajasini bir necha marta kamaytirishga erishildi. Nafas olish tizimi kasalliklari kamayishi kuzatilmoqda. Jumladan, birlamchi kasallanish 2022-yilda har 100 ming aholiga nisbatan 42 ming 449 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 33 ming 294 nafarga tushdi. Nafas olish tizimi boʻyicha umumiy kasallanish esa 100 ming aholiga 14 ming 798 nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozir 10 ming 50 nafarga tushdi. Eʼtiborlisi, bunday ijobiy oʻzgarish muttasil saqlanib turibdi.

Davlatimiz rahbarining “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi” degan, ezgu tashabbusi asosida tumanda roʻy berayotgan oʻzgarishlar kishini quvontiradi. Ilgari umidsiz va istiqbolsiz bir hudud sifatida qaralgan Moʻynoq bugun yangi imkoniyatlar va taraqqiyot hududiga aylandi. Qisqa muddatda tumanning meʼmoriy qiyofasi yangilandi, infratuzilma sezilarli darajada yaxshilandi, koʻplab ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.

Boʻzatov qayta tashkil etilgan paytda tuman markazi tashlandiq holga kelib qolgandi. Bu yerdagi bunyodkorlik ishlari natijasida bugun hudud Orolboʻyidagi eng soʻlim va obod maskanlardan biriga aylandi.

Prezidentimiz faoliyatining ilk davrlaridan Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Davlatimiz rahbari 2018-yil noyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida olim va mutaxassislar bilan uchrashib, qurigan dengizning salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha atroflicha fikr almashgan edi. Pirovardida dengiz oʻrnida yashil qoplama — himoya oʻrmonlari barpo etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar bergandi.

Oʻsha yilning dekabridan eʼtiboran yurtimiz boʻylab yangi harakat boshlandi. Mamlakatimizning barcha hududi vakillari, Favqulodda vaziyatlar va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari tizimi xodimlari, oʻrmonchilar ayni qish chillasida, 25-30 darajali sovuqqa qaramay, amaliy ishlarga kirishdi.

Birinchi mavsumning oʻzida 1 million 125 ming gektar maydonda qumni ushlab qolish va namlikni saqlab turish uchun yer tayyorlash ishlari bajarildi. 461 ming gektar yerga sahro sharoitiga mos saksovul, cherkez, qandim, qorabaroq kabi oʻsimliklar ekildi.

Shu oʻrinda taqqoslash uchun bitta misol keltiramiz. 1984-2018-yillarda, yaʼni 34 yil davomida Orolboʻyi hududidagi 350 ming gektar maydonda oʻrmon barpo etilgan boʻlsa, 3-4 oydayoq ushbu maydondan 111 ming gektar koʻp yashil qoplama tashkil qilindi. Bu tom maʼnodagi tarixiy voqea, Orolboʻyida yangi davrning boshlanishi edi. Prezidentimiz rahbarligida kelajak avlodlarga toza havo, musaffo osmon, goʻzal tabiat, obod va farovon Vatan qoldirish maqsadidagi ulugʻ ishlarning debochasi edi.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan oʻshandan buyon har yili Orol dengizining qurigan tubida qish va bahor oylarida yashil qoplamalar barpo etish boʻyicha hukumatimizning alohida qarori qabul qilinmoqda. Ushbu hujjatlarda ­bajariladigan ­barcha ishlarning koʻlami va moliyaviy manbasi aniq belgilab berilayotgani muhim amaliy ahamiyatga ega.

Oʻtgan yillarda Orolga yangi hayot baxsh etishga qaratilgan ishlar umumxalq harakatiga aylandi. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, qishloq xoʻjaligi xodimlari va oʻrmonchilar bilan birga yoshlar, nuroniylar, ziyolilar, sanʼatkorlar, deputatlar, bir soʻz bilan aytganda, butun xalqimiz faol ishtirok etmoqda. Qurigan dengiz tubi koʻp millatli xalqimizning mardlik va ­matonat, hamjihatlik va mehr-oqibat maktabiga aylandi.

Kuzatuv va hisob-kitoblarga koʻra, 2018-2025-yillarda ekilgan oʻsimliklarning oʻrtacha koʻkaruvchanligi 55-60 foizni tashkil etmoqda. 2019-2020-yillarda barpo etilgan oʻrmonlarda saksovulning boʻyi oʻrtacha 2-3 metrga yetgan. Hozir oʻsimliklarning urugʻ tugib, yon-atrofga sochilish — tabiiy tiklanish jarayoni kuzatilmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi Qoraqalpogʻistonga har bir tashrifida Orol dengizida qilinayotgan ishlar bilan tanishishga alohida vaqt ajratadi. Dengiz tubidagi ishlar davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori va nazoratida. Qanday uchrashuv, muloqot boʻlmasin, doim ishlar qanday ketayotgani toʻgʻrisida soʻraydi.

Prezidentimiz 2022-yil fevralda Orol dengizi tubida qilinayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi, “yetmishinchi kilometr” deb shartli belgilab olingan hududni borib koʻrdi. Aytish mumkinki, barq urib koʻkarayotgan saksovullar bilan “gaplashdi” va “dillashdi”. Bamisoli farzandining kamolini koʻrgan ota kabi xursand boʻldi. Atrof-muhit muhofazasi, Orolboʻyida yashayotgan aholining salomatligi, turmush sharoiti bilan bogʻliq ushbu ishlarni bir muddat ham toʻxtatmaslik, zarur mablagʻ va vositalarni ajratish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatma va topshiriqlar berdi.

Ana shunday eʼtibor tufayli Orolda bajarilayotgan ishlarning ijobiy natijalari allaqachon namoyon boʻla boshlagan. Hozirgacha 2 million 97 ming gektar maydonda choʻl oʻrmoni paydo boʻldi. Buning uchun 8500 tonnaga yaqin choʻl oʻsimliklari urugʻi ekildi. Natijada hududda ilgari tez-tez kuzatiladigan qum-chang boʻroni keskin kamaydi, havo tarkibidagi mayda qum zarralari miqdori esa 70-75 foiz pasaygan. Yogʻingarchilik miqdori oshishi kuzatilmoqda. Joriy yil fevralda Moʻynoqda yogʻin miqdori oʻrtacha meʼyorga nisbatan 196 foiz koʻp boʻldi. Orol tubiga mart oyida ham qor yogʻdi.

Orolning qurigan tubida qilinayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilmoqda. Xususan, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Choʻllanishga qarshi konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau 2023-yilda ushbu hududda boʻlib, koʻrganlaridan hayratini yashira olmadi. Ibrohim Tiau Oʻzbekistonning yashil olamni qayta tiklash borasidagi tashabbuslari va erishayotgan yutuqlari jiddiy ekanini taʼkidlab, mamlakatimiz yer degradatsiyasining oldini olish, yerlarni qayta tiklash boʻyicha yetakchi davlatlar qatoriga kirgani, amaliy harakatlari bilan barchaga namuna boʻla olishini aytdi.

Oʻzbekistondagi qirqdan ortiq xorijiy davlat elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham 2023-yili Moʻynoq shahri va Orol tubida boʻlib, oʻzgarishlarga yuksak baho berdi. Yaqinda BMTning Oʻrmon forumi raisi Ismail Belen va Oʻrmon forumi kotibiyati direktori Julette Biao ham dengiz tubidagi keng koʻlamli ishlar bilan yaqindan tanishib, Oʻzbekistonning Orol hududida yangi ekologik tizim yaratish borasidagi tajribasini yuksak eʼtirof etgani bejiz emas, albatta.

Bu noyob tajriba qoʻshni mamlakatlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Misol uchun, 2020 va 2024-yillarda qozogʻistonlik olim va mutaxassislardan iborat ilmiy guruh oʻzaro tajriba almashish uchun ushbu hududda boʻldi. Koʻkalamzorlashtirish boʻyicha loyiha natijalari ularni hayratga soldi. Samolyot yordamida sepilgan urugʻlarning yuqori unuvchanligi ular uchun muhim yangilik boʻlganini alohida qayd etdi.

Qozogʻiston delegatsiyasi yurtimizda toʻplangan tajribani yaqindan oʻrganib, choʻllanish muammosini hal qilishda yangi bilim va imkoniyatlarga ega boʻldi. Kelgusida ular oʻz mamlakatining janubiy qismidagi choʻl hududlarda qumning harakatlanishiga toʻsqinlik qiladigan “yashil kamar”ni yaratish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Oʻtgan yili Orolda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligining ilmiy-tadqiqot stansiyasi ish boshladi. U yerda olim va mutaxassislar shoʻrlangan tuproq unumdorligini tiklash, shoʻrga chidamli oʻsimliklar rivojlanishi va changlanishini kuzatish, tuproq, qum koʻchishi, suv va iqlim oʻzgarishlari kabi jarayonlarni tahlil qilish bilan shugʻullanadi.

Mutaxassislarning aytishicha, stansiya Orolboʻyi hududida ekotizimni tiklashga qaratilgan yangi ilmiy yondashuvlarni sinovdan oʻtkazish, olingan natijalarni tizimli tahlil qilish va ularni amaliyotga joriy etish imkonini beradi. Bu esa mintaqaning uzoq muddatli ekologik barqarorligini taʼminlashda muhim ilmiy platforma boʻlib xizmat qiladi.

2026-yilda 215 ming gektar maydonda yashil qoplama barpo etish belgilangan boʻlsa, undan koʻproq — 231 ming 530 gektar maydonga 690 tonna saksovul va boshqa oʻsimliklar ekildi. Ushbu tadbirlarga oʻrmon xoʻjaligining 622 ishchisi, 730 ta maxsus texnika va agregat, 2 ta samolyot jalb etildi.

Xullas, hozir Orol dengizi ochiq osmon ostidagi ilmiy laboratoriyaga, yangi ilmiy-amaliy gʻoya va ishlanmalar yaratiladigan innovatsion hududga aylanib bormoqda.

Ahamiyatlisi, bu yerda boʻy choʻzayotgan yangi oʻrmonlar bagʻrida xalqaro ilmiy anjumanlar, doʻstlik va sayyohlik festivallari, yoshlar ishtirokida turli-tuman tadbirlar, uch avlod uchrashuvlarini oʻtkazish anʼana tusiga kirmoqda.

Yaqinda Qozogʻistonning Ostona shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi prezidenti etib saylandi. Kengash majlisida davlatimiz rahbari tomonidan iqlim oʻzgarishi va suv taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda jamgʻarma faoliyati samaradorligini oshirish va uning rolini kuchaytirishga qaratilgan qator amaliy tashabbuslar ilgari surildi. Bu Orol dengizi havzasida ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish boʻyicha qilinayotgan ishlar nafaqat mamlakatimizda, qolaversa, mintaqamizda ham tizimli davom etishini anglatadi.

Umuman, Qoraqalpogʻiston nufuzli xalqaro forumlar, rang-barang madaniy tadbirlar tez-tez oʻtkaziladigan madaniyat va sanʼat markaziga aylanib bormoqda. Misol uchun, Boʻzatov tumanida 2021-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan “Yoshlar ovozi” festivali koʻp millatli mamlakatimiz yoshlarini birlashtirayotgani bilan gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

Oʻtgan yil aprelda yana bir yirik tadbir — Orol madaniyat sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ushbu anʼanaviy forum Orolboʻyi hududida qulay tabiiy muhit yaratish, hududning noyob madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash hamda keng ommalashtirish, ushbu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va muloqotni kengaytirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024-yili Nukus shahrida dunyoda eng katta qoraqalpoq oʻtovi qad rostladi va “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritildi. Oʻtgan yili esa qoraqalpoq xalqining milliy cholgʻu asbobi — qoʻbiz, jirovchilik sanʼati hamda qora uyning YUNESKO madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani qoraqalpoq madaniyati va anʼanalariga koʻrsatilayotgan eʼtibor ifodasidir.

Oʻtgan yili Nukus shahridan 130 kilometr uzoqlikdagi ulugʻvor Burjitov etagida bunyod etilgan oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, bir soʻz bilan aytganda, turkiy xalqlarning qadimiy madaniyati va turmush tarzini oʻzida ifoda etgan etnoovul majmuasi sayyohlar eng koʻp keladigan maskanlardan biriga aylandi.

Shuningdek, Ellikqalʼa tumanidagi “Aqchakoʻl” sayyohlik rekreatsion zonasi, Taxtakoʻpir tumanidagi Qorateren dam olish majmuasida ulkan bunyodkorlik ishlari bajarildi va sayyohlar uchun barcha sharoitga ega yangi turizm obyektlari paydo boʻldi.

Bunday yirik loyihalar natijasida hududning sayyohlik salohiyati izchil oshib bormoqda. Xususan, 2021-yilda Qoraqalpogʻistonda 61 ta mehmonxona faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun qariyb 2 barobar koʻpayib,

109 taga yetdi. 2021-yilda xorijlik sayyohlar soni 20 ming nafarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yili 400 ming nafardan oshdi.

Bugun iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan bunday ishlar boshqa sohalarda ham bajarilmoqda. Xususan, Qoraoʻzak tumanidagi “Tebinbuloq” koni negizida yiliga 58 million tonna temir rudasini qazib olish quvvatiga ega zavod qurilishi qizgʻin davom etmoqda.

Aholi, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga talabini taʼminlash maqsadida Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Beruniy tumanlarida dunyoga mashhur “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 7200 megavattli yirik shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarida neft-gaz sohasida umumiy qiymati 200 million dollarlik 4 ta loyiha amalga oshirilyapti.

Jahon banki investitsiyasi hisobidan Nukus shahrida kanalizatsiya tarmoqlari va obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari boshlandi. Xuddi shunday ishlar Taxiatosh va Xoʻjayli tumanlarida ham bajariladi.

Amudaryo, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarida Osiyo taraqqiyot banki mablagʻi hisobidan ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgan katta hajmdagi ishlar jadal ketmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Qoraqalpogʻistonni har tomonlama rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholi uchun qulay sharoitlar barpo etish yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlidagi islohotlarning bosh maqsadlaridan biriga aylangan. Barcha yangi tashabbus va saʼy-harakatlar ushbu hudud aholisi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori va gʻamxoʻrligini his etib yashayotgan Qoraqalpogʻiston ahli yuksak marralar sari ishonch bilan bormoqda. Bu esa ushbu diyorni ekologik muammolar girdobida qolgan hududdan yangilanish, bunyodkorlik, yangi imkoniyatlar maskaniga aylantirmoqda.

Tursinxan XUDAYBERGENOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi