Hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan raqamli texnologiyalar kundalik turmush tarzimizni tubdan oʻzgartirib yubordi.

Bu esa har bir insondan zamon bilan hamnafas boʻlishni, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirishni talab etmoqda. Raqamli savodxonlik deganda faqat kompyuter yoki mobil qurilmalardan foydalanishni bilish tushunilmaydi. U axborotni izlash va saralash, ishonchliligini baholash, elektron xizmatlardan unumli foydalanish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish hamda internet makonida xavfsiz harakatlanish kabi koʻnikmalarni ham qamrab oladi.

Mutaxassislar taʼkidicha, XXI asrda oʻqish, yozish va hisoblash qatorida raqamli savodxonlik ham insonning asosiy kompetensiyalaridan biriga aylanmoqda. Chunki bugungi globallashuv va texnologik taraqqiyot sharoitida muvaffaqiyatga erishish, munosib ish topish hamda raqobatbardosh boʻlish koʻp jihatdan insonning raqamli koʻnikmalariga bogʻliq. Shu maʼnoda, raqamli savodxonlik endi shaxsiy rivojlanish vositasi boʻlish bilan birga jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim omillaridan.

Ilgʻor jamiyat sari

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda raqamlashtirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlari koʻlamini kengaytirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda aholining raqamli koʻnikmalarini oshirish boʻ­yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur strategiya nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, balki davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va fuqarolar uchun qulay xizmatlar muhitini yaratishga xizmat qilyapti. Jumladan, davlat xizmatlarining katta qismi elektron shaklda koʻrsatilmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2026-yil boshida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni 12,5 milliondan oshgan. Portalning mobil ilovasida 600 dan ziyod elektron xizmat mavjud boʻlib, mobil foydalanuvchilar soni 7,5 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Joriy yilda raqamli davlat xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida ularning sonini 900 taga yetkazish, 50 dan ortiq xizmatda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, biznesni roʻyxatdan oʻtkazish, bank kartalari va SIM kartalarni rasmiylashtirish kabi jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi natijalar ham eʼtiborga molik. Bugun AT parki rezidentlari soni 2800 dan oshgan. Ularning 750 dan ortigʻi xorijiy kompaniyalardir. Axborot texnologiyalari sohasida 40 mingga yaqin yosh faoliyat yuritmoqda, AT xizmatlari eksporti qiymati esa soʻnggi besh yilda qariyb bir milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkichlar fuqarolarning raqamli xizmatlarga ehtiyoji va ishonchi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, raqamlashtirish natijasida koʻplab hujjatlar, maʼlumotnomalar, toʻlovlar va murojaat­lar bir necha daqiqada elektron tarzda ­bajarilmoqda. Natijada vaqt tejalib, byurokratik toʻsiqlar qisqarmoqda, davlat xizmatlarining ochiqligi va shaffofligi esa yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Internet — imkoniyatlar maydoni

Raqamli savodxonlik rivojlanishida internet muhim oʻrin tutadi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda internet qamrovi va undan foydalanuvchilar soni barqaror oʻsib bormoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, 2026-yilga kelib, yurtimizda global tarmoq foydalanuvchilari soni 33 milliondan oshdi. Bu aholining qariyb 89-94 foizi degani. Mobil aloqa ulanishlari soni esa 34 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkichlar internetning jamiyat hayotiga tobora chuqur kirib borayotganidan dalolat. Bugun oʻquvchilar va talabalar onlayn taʼlim platformalaridan foydalanmoqda, tadbirkorlar elektron tijorat orqali yangi bozorlarga chiqmoqda, olimlar va mutaxassislar xalqaro axborot resurslari bilan ishlamoqda, fuqarolar esa koʻplab davlat xizmatlarini masofadan turib olmoqda. Yaʼni zamonaviy hayotning deyarli barcha jab­hasi raqamli muhit bilan uzviy bogʻliq.

Ammo internetdan foydalanish imkoniyati mavjudligi har doim ham undan samarali va xavfsiz foydalanish koʻnikmasi shakllanganini anglatmaydi. Bugun axborotni saralash, ishonchliligini baholash, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish hamda kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mutaxassislar taʼkidlaganidek, raqamli infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda jamiyatda raqamli madaniyat va mediasavodxonlikni yuksaltirish ham ustuvor vazifalardan. Internet imkoniyatlar maydoni boʻlishi bilan birga undan oqilona foydalanishni ham talab etadi. Shu bois, raqamli savodxonlik bugun nafaqat texnologiyalarni bilish, balki axborot bilan ishlash madaniyatini shakllantirish masalasidir.

Soxta axborotlar davrida tanqidiy fikrlash zarurati

Raqamli texnologiyalar — katta imkoniyat. Biroq axborot oqimining keskin ortishi bilan bogʻliq yangi xavf-xatarlar ham mavjud. Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalari ommalashuvi natijasida soxta axborotlar, manipulyativ materiallar va yolgʻon mahsulotlar tobora koʻpaymoqda. Endi oddiy rasm, audio yoki videoning haqiqiyligini aniqlash ham ancha murakkab. Xalqaro tadqiqotlarda kiberfiribgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash va sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan soxta kontent global miqyosdagi eng jiddiy raqamli tahdidlardan biri sifatida baholanayotgani bejiz emas. Mutaxassislar fikricha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan tekshirilmagan maʼlumotlar jamoatchilik fikriga, ijtimoiy barqarorlikka va hatto iqtisodiy jarayonlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bunday sharoitda raqamli savodxonlik faqat texnik koʻnikmalar bilan cheklanib qolmaydi. U, avvalo, axborotni tanqidiy tahlil qilish, manbalarni solishtirish, maʼlumot ishonchliligini tekshirish va yolgʻon xabarlardan himoyalanishni ham qamrab oladi. Har bir fuqaro internetda uchraydigan har qanday maʼlumotni darhol qabul qilmay, uning manbasi, maqsadi va haqqoniyligini baholash koʻnikmasiga ega boʻlishi zarur.

Shuningdek, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, kuchli parollardan foydalanish, ikki bosqichli autentifikatsiyani qoʻllash va kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish bugunning muhim talablaridan. Chunki raqamli makondagi beparvolik nafaqat shaxsiy maʼlumotlarning yoʻqolishiga, balki moliyaviy zarar va boshqa salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Mutaxassislar taʼkidlaganidek, kelajakda axborot bilan ishlash madaniyati va tanqidiy fikrlash koʻnikmalari oʻqish va yozish kabi muhim kompetensiyalardan biriga aylanadi. Zero, raqamli davrda eng qimmat resurs axborot boʻlsa, uni toʻgʻri tahlil qilish va undan oqilona foydalanish muvaffaqiyatning muhim omilidir.

Kelajak kasblarining kaliti

Bugun mehnat bozorida raqamli koʻnikmalarga ega mutaxassislarga talab jadal surʼatda ortib bormoqda. Dasturlash, ­maʼlumotlar tahlili (Data Analytics), kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, robototexnika, bulutli texnologiyalar, raqamli marketing va elektron tijorat kabi yoʻnalish­lar eng istiqbolli kasblar qatoridan joy olmoqda. 2030-yilgacha sunʼiy intellekt va raqamlashtirish natijasida millionlab yangi ish oʻrinlari ochiladi. Ayni paytda ayrim anʼanaviy kasblar mazmunan oʻzgaradi yoki avtomatlashtiriladi. Oʻzbekistonda ham AT sohasi iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Soʻnggi yillarda axborot texnologiyalari sohasida ochilayotgan yangi ish oʻrinlari soni ham izchil ortgan. Yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida AT parklaridan tashqari “Bir million oʻzbek dasturchisi”, “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihalari, oʻquv markazlari hamda oliy taʼlim muassasalarida axborot texnologiyalariga oid taʼlim das­turlari keng joriy etilmoqda. Natijada minglab yoshlar xalqaro AT kompaniyalari va xorijlik buyurtmachilar bilan masofadan turib ishlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Yaqin yillarda sunʼiy intellekt ayrim takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirishi mumkin. Biroq bu jarayon yangi texnologiyalarni boshqaradigan, maʼlumotlar bilan ishlaydigan, kreativ va tanqidiy fikrlay oladigan mutaxassislarga ehtiyojni yanada oshiradi. Shu bois, bugungi yoshlar uchun raqamli koʻnikmalarni egallash nafaqat sifatli taʼlim olish, balki kelgusida munosib ish topish va mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlishning muhim shartiga aylanmoqda. Kelajak kasblarining kaliti raqamli texnologiyalarni puxta egallash va amaliyotda samarali qoʻllay olishda namoyon boʻladi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun ham aynan zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, innovatsion fikrlaydigan yosh kadrlar eng muhim strategik resurs.

Taʼlim tizimi oldidagi muhim vazifa

Raqamli savodxonlikni shakllantirish taʼlim tizimidan boshlanadi. Soʻnggi yillarda maktablar yuqori tezlikdagi ­internet bilan taʼminlanib, elektron taʼlim platformalari, raqamli kutubxonalar va masofaviy taʼlim vositalaridan foydalanish imkoniyati kengaygan. Ayniqsa, taʼlim islohotlari natijasida axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Umumtaʼlim maktablarida informatika fanining mazmuni yangilanib, dasturlash, robototexnika va sunʼiy intellekt asoslarini oʻrgatishga qaratilgan zamonaviy oʻquv dasturlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Joriy yilga kelib mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrov darajasi 50 foizdan oshdi, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar soni esa bir necha barobar koʻpaydi. Oliy taʼlim muassasalarida sunʼiy intellekt, maʼlumotlar tahlili, kiberxavfsizlik va dasturiy injiniring kabi yoʻnalishlar boʻyicha yangi taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Bu esa raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadr­lar tayyorlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni taʼlim jarayoniga olib kirishning oʻzi yetarli emas. Muhimi, oʻquvchilarda axborot bilan ishlash madaniyati, mustaqil izlanish koʻnikmalari, mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlash kompetensiyalarini shakllantirishdir. Chunki kelajakda muvaffaqiyatga erishadigan yoshlar nafaqat texnologiyalardan foydalana oladigan, balki axborotni tahlil qiladigan, muammolarga innovatsion yechim topadigan va yangilik yaratishga qodir mutaxassislar boʻladi. Xalqaro ekspertlar ham inson kapitali va raqamli koʻnikmalarni zamonaviy taraqqiyotning asosiy omili sifatida eʼtirof etmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda taʼlim sohasidagi keng qamrovli islohotlar mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardosh­ligini taʼminlashga xizmat qilyapti. Demak, bugunning eng muhim vazifasi nafaqat internet tarmoqlari va zamonaviy texnologiyalarni kengaytirish, balki ulardan samarali foydalana oladigan, raqamli madaniyatga ega, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalashdir. Zero, yangi Oʻzbekis­tonning ertangi taraqqiyoti aynan bugun taʼlim olayotgan yoshlarning bilimi va salohiyatiga bevosita bogʻliq.

Taraqqiyot poydevori

Raqamlashtirish aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlari shaffofligini taʼminlash va inson omili bilan bogʻliq ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirayotgani rost. Bu esa davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi. Biroq har qanday texnologik yutuq markazida inson omili turadi. Eng zamonaviy serverlar, yuqori tezlikdagi internet tarmoqlari yoki sunʼiy intellekt tizimlari qanchalik rivoj­langan boʻlmasin, ulardan oqilona va samarali foydalana oladigan fuqarolar boʻlmasa, kutilgan natijaga erishish mushkul. Shu bois, endi raqamli savodxonlik bilan birga raqamli madaniyatni shakllantirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Raqamli madaniyat, avvalo, internet va axborot resurs­laridan masʼuliyat bilan foydalanish, axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya­lash, mualliflik huquqini hurmat qilish hamda virtual makonda muloqot etikasiga rioya etishni anglatadi. Ayniqsa, sunʼiy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar davrida axborotni tanqidiy baholash, yolgʻon xabarlarni ajrata olish va ishonchli manbalarga tayanish har bir fuqaro uchun muhim koʻnikmaga aylanmoqda. Raqamli iqtisodiyotning muvaffaqiyati nafaqat texnologik infratuzilma, balki jamiyatning raqamli madaniyati darajasi bilan ham belgilanadi. Shuning uchun ham bugun maktabdan tortib, oliy taʼlimgacha, davlat tashkilotlaridan xususiy sektorgacha boʻlgan barcha boʻgʻinda raqamli madaniyatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Dunyo yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bu sharoitda raqamli savodxonlik qoʻshimcha afzallik emas, balki zamonaviy hayotning ajralmas talabi va muvaffaqiyat garoviga aylanayotir. Shu bois, raqamli koʻnikmalarga investitsiya kiritish kelajakka investitsiya kiritish demak. Bugungi davr qahramonlari zamonaviy bilimlarga ega, texnologiyalarni puxta egallagan, tanqidiy fikrlaydigan va innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq eta oladigan yoshlardir. Yangi Oʻzbekistonning ertangi kuni ham aynan ana shunday intellektual salohiyatli, raqamli madaniyatga ega avlod qoʻlida bunyod etiladi. Zero, raqamli savodxonlik nafaqat bugunning talabi, balki ertangi taraqqiyotning ishonchli poydevori.

Akbar SAFAROV,

Oliy taʼlimni rivojlantirish va

global hamkorlik markazi

boshqarma boshligʻi