Bu haqida mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Rossiyaga kirgan chet el fuqarolari 30 kalendar kuni ichida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘ladi. Avval mazkur muddat 90 kunni tashkil etar edi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortish yoki bo‘yin tovlash 25 mingdan 50 ming rublgacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, mazkur talablariga rioya qilmaslik maʼmuriy tartibda Rossiyadan chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin. Jarima belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda uning miqdori ikki baravarga oshiriladi va shaxs mamlakatdan majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, xavfli kasalliklar mavjud emasligi haqidagi soxta tibbiy maʼlumotnomalarni tayyorlash va tarqatish uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi.
Yuqoridagi yangi qoidalardan kelib chiqib, elchixona diplomatlari Rossiyada bo‘lib turgan vatandoshlaridan amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishni so‘ramoqda.